¡çáåê O'zbek Ðóññêèé English
Vebusta:
faruh_a@yahoo.com
farruhota@gmail.com
Muallif: Rahimjon Otaev (Otauli)


Mundarija



Ruhiy asos talqini...........................................................................................3
Ruhoniyat va ruhshunoslik.......................................................................13
Ruhiy holat tahlili..........................................................................................24
Ruhiy qadriyat...............................................................................................38
Milliy ruh..........................................................................................................65
Ilova. Tarjimai hol yohud ruhiyatning yana bir ehromi........................94


       Bundan qariyb o'ttiz yil muqaddam e'lon qilingan "Sirli olam" va "Ruhiyatlar birligi" deb nomlangan ilk maqolalarim ruhiyat dunyosi xususida edi. "Turmush, xulq-atvor va mehnat estetikasi" nomli ilk risolam ("O'qituvchi" nashriyoti, 1982), "Osmon to'la yulduzlar (Tuyg'ular haqida suhbat)"  ilk falsafiy badiam (G'afur G'ulom nomidagi nashriyot, 1983) ham inson ma'naviy dunyosiga xos sir-sinoatlarni anglash yo'lidagi dastlabki qadamlar edi. Keyingi yigirma uch yil mobaynida yozgan hikoya, qissa va nasriy dostonlarimda qahramonlar ruhiyatini atroflicha tahlil qilishga alohida e'tibor qaratdim. Ayni chog'da hayrat, muhabbat, hurmat, shafqat, himmat, jur'at, jasorat va boshqa tuyg'ular -  ma'naviy-ruhiy ganjinalarimiz xususida hozirgi jahon adabiyotida katta o'rin tutuvchi esse janrida ancha-muncha asarlar yozdim...
       Xullas, ruhiyat xususidagi qariyb o'ttiz yil mobaynida muttasil pishitilgan va boyitilgan fikrlarimning o'ziga xos qaymog'ini sidirib, qo'lingizdagi kitobchani tayyorladim. Mazkur turkum, muxtasar beshlik-hamsa, olamga mashhur osmono'par ehromlardek o'zaro bog'liq bu muayyan inshootlar majmuasi Sizga manzur bo'ladi degan umiddaman. Ming-minglab qullar birgalikda jon olib - jon berib bunyod etgan Misr ehromlaridan farqli ravishda yolg'iz o'zim o'ttiz yil mobaynida astoydil ishlay-ishlay, baholi qudrat tiklaganim mazkur ehromlar shoyadki  ma'naviy olamingizni boyitib, dilingizni ravshan torttirib, ruhingizni eng oliy yuksakliklarga ko'tara olsa...

Ruhiy asos talqini
      
       "Olamdagi hamma narsa vaqtdan qo'rqadi, vaqt esa, ehromlardan qo'rqadi". O'ylab qarasangiz, bu maqolni arab xalqigina yaratishi mumkin. Beshafqat vaqt o'z hukmini o'tkaza olmaydigan umriboqiy qurilmani yo'qdan bor qila olgan bunyodkor va donishmand xalqning o'ziga yarasha gapi-da bu! Hamisha odil hakam - vaqtni yuksak qadrlash hissi, o'zining vaqt emirolmaydigan mustahkam va muhtasham inshootni tiklay olganidan faxr-iftixor tuyg'ulari, boshqa ne bir kechinmalaru fikrlar singdirilgan bu bir qarashda oddiygina gap zamiriga! Maqol buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlarining "Agar qudratimizga shak keltirsangiz, biz qurgan imoratlarni ko'ring" degan purhikmat gapiga mohiyatan juda-juda o'xshab ketadi.
       Bu o'rinda gap ajdodlarimiz bunyod etgan va hozirda bunyod etilayotgan umriboqiy inshootlar xususida emas, har bir inson qalbida o'ziga xos tarzda qad rostlovchi ma'naviyat qasri, ruhiyat ehromi xususidadir. Har bir inson ruhiyati ham shunday bir ehromki, unga qiyoslaganda Misr ehromlari qalovini. topib terilgan shunchaki xarsanglar xirmonigina, xolos. Zero toshdek qattiq emas, guldek nozik inja ko'ngil mulki, qalb gavhari, dil javhari, ma'naviyat qasri, xullas, eng umumlashma so'z birikmasi bilan aytganda, ruhiyat ehromining qirralari uchta-to'rttagina emas, baayni olmos qirralaridek behisob, rang-barang, serjilva, maftunkor... Bir qirrasi - andisha, bir qirrasi - tavfiq, bir qirrasi - iymon, bir qirrasi - vijdon, bir qirrasi - diyonat... Tag'in shunisi ham borki, andishani - fah m-farosatsiz, tavfiqni - halollik-pokliksiz, iymonni - ruhiy sog'lomlik va butunliksiz, diyonatni dinsiz va ruhoniyatsiz tushunib bo'lmaydi. Bularni tushunishda esa, baayni shimoldan o'z ka'basi - janubga tomon talpingan uchar qushlardek ruhiyat iqlimlarida erkin parvoz qiluvchi adabiyot va san'at bizga beminnat yordam qo'lini cho'zadi. Chunonchi, "O'tkan kunlar" romanini o'qib andishalilik va andishasizlikning nimaligini dil-dildan teran his qila olamiz. "Kecha va kunduz" romanini mutolaa qilganimizda betavfiqlar iskanjasidagi tavfiq sohibasining ona sutidek halol, paxtadek oppoq, bokira va inja ko'ngli bizni o'ziga maftun-mahliyo etadi. "Diyonat" romani esa, o'z nomi bilan diyonatdir. Bu asar xudosiz Sho'ro tuzumi sharoitida, aytish mumkinki, Xudoni, Xudoning qudratini ko'zlarga ayon ko'rsatib, butun qalbi diyonatga to'la, ruhan barkamol, avliyosifat, pokdomon, xullas, tom ma'nodagi ziyoli-ruhoniy zotning jonli qiyofasini ko'z oldimizda qoyilmaqom badiiy gavdalantirib bergani bilan qadrlidir.
       Sirasini aytganda, yangi o'zbek nasrida ziyoli-ruhoniy zotlarning jonli qiyofalarini aniq-tiniq chizib ko'rsatish bobida "Diyonat"ga qadar ham muayyan tajribalar to'plangan edi: Yusufbek hoji, Solih mahdum, Qori Ishkamba, Razzoq so'fi... Lekin ular, xuddi "Eshonim deb eshagimdan ayrildim", "To'y to'y bo'lmadi, xo'ja bilan shayx egallab oldi" qabilidagi istehzoli maqollarga jonli misoldek o'taketgan ziqna, ichi tor, ma'naviy qashshoq kimsalarki, bu, albatta, ruhoniy zotlarni har bob bilan yomonotliq qilib olabo'ji ko'rsatishga ustasi farang Sho'ro tuzumi mafkurasining siyosiy talabi edi. Yuqoridagi  dindorlar ro'yxatida birgina Yusufbek hoji ma'lum darajada istisno, lekin u ham "ma'lum darajada", xolos. Dini islomning beshala farzini bekami ko'st ado etgan, hojilik sharafiga ham noil bo'lgan, o'zi aytganidek, butun umrini el-yurt qayg'usida o'tkazgan bu ruhoniy zotni ham tom ma'nodagi komil inson, o'ziga va o'z ishiga pishiq-puxta deyishimiz qiyin. Aks holda u dumbultabiat xotinining qutqusi bilan allaqanday "ota-ona orzusi"ni deb yolg'iz o'g'lining baxtiga zomin bo'lmas edi, ma'naviy barkamol donishmand ota sifatida o'g'lining ahvol-ruhiyasini o'z vaqtida teran his qilib, unga hamdard-hamnafas bo'lib, o'z oilasidagi baxtsizliklarga o'rin qoldirmas edi.
       O'zbek romanida Normurod Shomurodovdan avval va Yusufbek hojidan keyin yaratilgan tom ma'nodagi ruhoniy zotlardan yana biri "Qutlug' qon" romanidagi Yo'lchidir. Bu qahramon, ko'p yillar mobaynida buzib talqin etilganidek, "inqilobchi" emas, o'z nomi bilan yo'lchidir. Baayni Hizr alayhissalomdek abadiy yo'lchi, Najmiddin Kubrodek el-yurtni deb jondan kechgan fidoyi zot, ixlos qo'yib ko'z tikishimiz mumkin bo'lgan yo'lchi yulduzlarimizdan biri... To'g'ri, bu qahramon Normurod Shomurodov bilan Yusufbek hojidek olim va yo dindor emas, g'irt savodsiz, omi bir mardikor. Lekin u ruhiy komillikda ancha-muncha ziyoli-dindorlardan baland turadi. Chunki u xo'ja, o'z nasl-nasabiga ko'ra baayni Xo'jai Hizr, Xo'ja Nasriddin afandi, Xo'ja Xofiz, Xo'ja Ahrori Valiylardek tom ma'nodagi ruhoniy zotlardan biri. Axir u Xo'ja Ahrori Valiy tug'ilib o'sgan Bog'iston yaqinidagi Xo'jakent qishlog'idan bo'ladi-da! Yo'lchiki xo'jakentlik ekan, tog'asi Mirzakarimboy ham xo'jakentlik, albatta. Lekin Mirzakarimboy "Xo'jalar tushdan keyin ayniydi" degan pichingli maqolda aytilganidek tushdan keyin qorni ochib nafsi hakkalak otganida fe'li aynigan xo'ja, Yo'lchi esa, hali yosh, asl, aynimagan xo'ja. Shuning uchun ham bu tog'a-jiyan xo'jalardan biri boylik orttirish yo'lida har qanday pastkashlik va ablaxlikdan qaytmaydi, ikkinchisi oddiy bir qovunchi dehqondan to o'z tog'asidek yurt egalariga qadar har bir xalq vakilining fe'l-atvori, dardi-dunyosi, ahvol-ruhiyasi xususida jiddiy o'ylarga cho'madi. Mirzakarimboy faqat o'zini - o'z nafsini deb yashaydi, Yo'lchi xalqqa qayishib, elim deb, yurtim deb yonib-kuyib yashaydi.
       Bu qadimiy zamindagi oddiy bir mardikorki, Yo'lchidek elsuyar, haqgo'y, diyonatli..., xullas, ruhiy barkamol ruhoniy zot ekan, haqiqiy ziyolilarni, ayniqsa, qalam ahlini ruhoniyatsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Shu boisdan ham, deylik, Ahmad Yassaviydan to Abdulhamid Cho'lponga qadar jamiki ulug' mutafakkirlarimiz oddiygina shoir emas, ayni chog'da xoja, nasriddin, nizomiddin, farididdin, sirojiddin, sadriddin, so'fizoda, xo'ja, qori, shayxzoda..., xullas, ruhoniy hamdir. Adabiyotimiz tarixida biron-bir shoir va yo nosir yo'qki, u odam bolasining fe'l-atvori, ko'ngil mulki, dil dardi, qalb kechinmalari, xususan, o'z zamondoshlari ruhiyatida ro'y berayotgan evrilishlar, ma'naviy qashshoqlashuvlar va tubanlashuvlar xususida iztirob-hayajon bilan yozmagan bo'lsin. Ahmad Yassaviy bundan qariyb to'qqiz yuz yil avval bitgan quyidagi hikmatli satrlar shu qadar zamonaviy jaranglaydiki, oradan to'qqiz asr emas, to'qqiz kun ham o'tmagandek:
               Na onoda mehr qoldi, na otoda,
               Og'a-ini bir-birig'a mojaroda,
               Musulmonlig' da'vo qilur, ichur boda,
               Mastlig' bilan qarindoshdin tondi, ko'ring!
       Jiddiyroq o'ylab qarang, mazkur satrlar bitilgan chog'larda, deylik, "abort", "tirik etim", "etimxona", "qariyalar uyi" kabi tushunchalar, hattoki bular xususidagi tasavvurlar ham yo'q edi! O'tgan to'qqiz asr mobaynida odam bolasining qalbidagi mehr-muhabbat hissi kuchaydimi-susaydimi, Xudo biladi, lekin o'z zamondoshlari qalbidagi bemehrlikdan afsus-nadomatlar chekib ozmuncha shoh satrlar va shoh asarlar bitilmagan. "Mehr ko'p ko'rguzdim, ammo mehribone topmadim" deb yozgan edi Alisher Navoiy. "Boshimni silashga bir mehribon qo'l, bir og'iz shirin so'z nondek arzanda, Men odam edim-ku, inson farzandi" deya bo'zlagan edi G'afur G'ulom... Shoh satrlardan shoh asarlarga o'tsak, yana G'afur G'ulomning mashhur "Shum bola" asari, Oybekning "Bolalik" va Abdulla Qahhorning "O'tmishdan ertaklar" qissalari ota-ona, qavm-qarindoshdagina emas, umuman, el-ulus va tuzum-jamiyatda bemehrlik-beshafqatlik kuchaygani, etimlik va ruhiy qashshoqlik fojialari ta'sirchan qalamga olingan. Xudoga shukur, mustaqilligimizning sharofati bilan asriy orzu-armonlarimiz ushalib, deylik, etimxonalar "mehribonlik uylari" deya shunchaki xo'ja ko'rsinga chiroyli nomlanayotgani yo'q, aslida ham shunday mohiyat kasb etib, chinakam mehr-muruvvat maskaniga aylanib bormoqda. Sho'ro tuzumi davrida odam bolasining bir-biriga qahr-g'azab va nafrat ko'zi bilan qarashi atayin avj oldirilgan bo'lsa, endilikda, aksincha, har bir maktab, oila, mahalla, qo'ying-chi, butun jamiyatimizda mehr-muruvvat, mehr-shafqat, mehr-oqibat va mehr-muhabbat o'zaro insoniy munosabatlarning etakchi tamoyili tusini olmoqda. O'z bolaligini mustaqillik sharoitida kechirayotgan hozirgi avlodga har qancha havas qilsak arziydi. Bu avlod ham aqlan, ham jismonan, ham ruhan - har jihatdan, darhaqiqat, sog'lom avlod, ota-ona mehri, ustoz-murabbiy mehri, el-yurt mehri, umuman, mehrga qonib ulg'ayayotgan barkamol avlod. Bizdek o'z bolaligini etimlikda yo'lida uchragan har bir nokasdan shafqat so'rab kechirgan ko'ngli siniq va shikastadil avlod emas bu!
       Bundan yigirma uch yil avval yozilgan "Shafqat" nomli ma'joziy hikoyam oradan etti yil o'tgach, 1989 yilda "O'zAS"da e'lon qilingan edi. Unda, jumladan, shalpang va ding quloqlarga er qa'ridan elas-elas eshitilayotgan qadimiy va hazin qo'shiq sifatida quyidagi satrlar keltirilgan edi:
               Nokas, hasis, bediyonat qullar hokim,
               Moumanlik haddan oshib bo'ldi zolim,
               El ichida xor bo'ldilar darvish, olim,
               Himoyati xalqning kofir bo'ldi, ko'ring,
               Fe'limizdan bizga jafo soldi, ko'ring!    
       Ushbu hikmatli satrlarning mag'zini chaqqaningiz sayin badiiy jihatdan barkamol asarning o'lmasligiga yana bir karra amin bo'laverasiz. O'zingizdan qolar gap yo'q, ayniqsa, Sho'ro tuzumi odam bolasining fe'lidagi nokaslik, xasislik, diyonatsizlik, manmanlik, shuhratparastlik, mansabparastlik, pastkashlik, munofiqlik, laganbardorlik va boshqa shular kabi ruhiy illatlarni tarixda misli ko'rilmagan darajada gullatib-yashnatib yubordi. Va, aksincha, diyonat, sahovat, mehr, shafqat, sha'n-shavkat, milliy g'urur singari asriy qadriyatlarimizni o'z qalblarida asrab-avaylagan ne bir komil insonlarni har bob bilan toptab-tahqirlab, quvg'in, surgun va qatl qildi. Qodiriy, Cho'lpon, Fitratdek istiqlolimiz fidoyilarini "xalq dushmani" sifatida qatli om qilib, go'yo xalqni bu "dushmanlar"dan himoya qilgan kimsalar o'taketgan xudosiz-kofir kimsalar emasmidi, axir. Jiddiyroq o'ylab qarasangiz, Sho'ro tuzumi davrida halq boshiga yog'ilgan jamiki fojialar odam bolasining fe'l-atvori va ruhiyatida avj oldirilgan illatlarning qonuniy hosilalari edi. Baxt ham, baxtsizlik ham fe'lga yarasha bo'ladi-da! Endi mustaqillik sharoitida komil inson va fozil xalq sifatida obod-farovon va baxtiyor yashashni astoydil istar ekanmiz, avvalo fe'limizni shunga yarasha yaxshi qilishimiz, Sho'ro tuzumi davrida chuqur ildiz ottirilgan ruhiy illatlardan tobora forig' bo'la bormog'imiz kerak bo'ladiki, ruhimizdagi Arastu "katarsis", Cho'lpon "tozalanish" deb atagan bu jarayonda ham adabiyot va san'at bizga beminnat ko'makchidir.
       Qariyb ming yillik tarixga ega nasrimiz xususida gap ketar ekan, aytish kerakki, o'zbek mumtoz nasrining barkamol namunalari bo'lmish uch asar - "Qisasi Rabg'uziy", "Mahbub-ul-qulub", "Vaqoe"ni qayta-qayta varaqlab, odam bolasining turfa fe'l-atvoriyu ruhiy olami, shunga yarasha insoniy qismati xususidagi qimmatli fikrlarni ko'plab uchratasiz. Ularda mehr, shafqat, muhabbat, oqibat, diyonat, sadoqat, vijdon, iymon, tavfiq, andisha, subut, lafz va boshqa ruhiy bisotlarimiz baayni sep qilib yozilgan, deyishimiz mumkin
       Agar bu Misr ehromlaridek o'lmas asarlarimizda tarannum etilgan ruhiy qadriyatlar ruhiyat ehromining ko'zga bir qarashdayoq yaqqol tashlanuvchi yorqin qirralari bo'lsa, mazkur ehromning mustahkam asos-poydevori, tagzamini insofdir.
       Insof nima? Insof odam bolasining olamga tom ma'noda insoniy qarash mezoni, o'z-o'ziga va boshqalarga insoniy munosabat yo'sini, ko'ngil ko'zi, qalb darchasi, ruhiy tayanchi... "Pichoqni o'zingga ur, Og'rimasa o'zgaga ur" deganlaridek, boshqalarni ham xuddi o'zidek his qilish, hamdardlik, ruscha aytganda, "sochuvstvie". Deylik, "Men yashab turgan dunyoda falonchiga nima bor" deya toriqib, boshqalarga g'ashlik va g'ayirlik bilan qarash mutlaqo insofdan emasdir, zero Alloh Taolo bu olamdagi barcha bandalarini va barcha xalqlarini teng huquqli qilib kenglik va insof bilan yaratgan. Shuning uchun ham Haq Taolo-da u! Insof odam bolasining o'zini muayyan jamiyat a'zosi, mamlakat fuqarosi va xalq vakili sifatida his qilib, o'z hatti-harakatlarini ana o'sha jamiyat, mamlakat va xalqning manfaati, ehtiyoj va talablari asosida sodir etishga undovchi ruhiy kuchdir. Binobarin, o'zi mustaqil O'zbekiston davlatining fuqarosi bo'la turib, pasportida "millati o'zbek" deya qayd etilgani holda o'zbekning egnidagi to'niyu boshidagi do'ppisiga istehzo va nafrat ko'zi bilan qarab, zimdan va yo oshkora tarzda bu xalqning tinch-osuda hayotiga rahna solib, tub manfaatlariga zid hatti-harakatlar qilish tuzini ichib tuzlig'iga tupurishdek ko'rnamaklik - bu endi har qanday insof doirasi va insof chegarasini nazar-pisand qilmaslik qadar haddidan oshishdir. Bashariyat tarixidagi har bir mutafakkir o'z faoliyatida avvalo mana shunday haddidan oshishlarga qarshi o'z ruhiy quvvatini qalqon va balogardon qilib, muayyan xalq vakillari, mamlakat ahli va jamiyat a'zolarini insofga, insof yo'lini tutishga, insof asosida ish ko'rishga chaqirganlar. Hech qachon hech qaerda noinsoflikka, demakki, nohaqlikka yo'l qo'ymaslikka harakat qilganlar. Har bir odam va har bir halqning qanchalik donishmandligi, ayniqsa, insofga munosabatda qatradagi quyoshdek ayon ko'rinadi. Xususan, donishmandlikda benazir o'zbek xalqining hikmatli gaplarida uqtiriladiki, "O'g'ri bo'l, g'ar bo'l, insof bilan bo'l", "Insof sari baraka"... Qarang-a! Noinsoflik o'g'rilik bilan g'arlikdan besh battarroq ruhiy illat ekani ta'kidlanmoqda! Agar insof yo'lini tutgan bo'lsa, o'g'ri bilan g'arni ham kechirish mumkin, lekin haddidan oshib noinsoflik qilgan nokasni kechirib bo'lmaydi! "Ey o'g'il, haddingda tur otang seni sotganda ham" deyiladi o'zbek xalq qo'shig'ida. Qay bir ota o'z o'g'lini bozordagi quldek sotishni istaydi deysiz! Basharti shunday qilgan taqdirda ham farzandning haddidan oshib, padari buzrukvoriga andishasizlik, dilozorlik, oqpadarlik va padarkushlik qilishi mutlaqo insofdan emasdir. Ana o'sha o'g'il turishi lozim bo'lgan had - insof chegarasidir, yani, insoniylik chegarasidir. Zotan, otaning uli o'g'il bo'lganidek insoniylikning uli insofdir.
       "Insof sari baraka" maqolini qanday tushunish mumkin? Deylikki, siz boy-badavlatsiz, shu bois holingizga yarasha dang'illama to'y qildingiz-da, el-yurtga qozon-qozon osh berdingiz, ortib qolgan noz-ne'matlarni molga berdingiz, axlatga tashladingiz, lekin kambag'al-muhtoj, bevaar-bechora qo'shningizga "Bu kuningdan battar bo'l!" degandek qayrilib ham qaramadingiz. Basharti qarasangiz, ayni shu ma'noda nopisandlik bilan qaradingiz. Xudoning qudrati va falakning gardishi bilan oradan ko'p o'tmay sizning qo'l kiridek mol-dunyongiz elga sovurilib, aksincha, o'sha qo'shningiz boyib ketdi. Boyib ketdi-da sizning qilmishingizni ortig'i bilan takrorladi... Bunday ahvolda isrof bor, uvol bor, xudbinlik, ziqnalik, ichi torlik va hakozo illatlar bor, lekin baraka qayoqdan bo'lsin! Insof yo'q joyda baraka nima qilsin!.. Shunday bir aniq-tiniq manzarani tasavvur qiling: qozon boshida qaqqayib turib olib, "Qozonchida ixtiyor - qaydan quloq chiqarsa. Davring keldi, sur, begim!" deya bilgan noma'qulchiligini qilayotgan nokasni "Bu qanaqasi?! Qozon meniki, ichidagi masalliq meniki, tagidagi o't bilan pishirilgan osh ham meniki, bitta cho'michingga ishonib nimalar qilyapsan o'zi?" deya insofga chaqirgan bechoraning boshini cho'mich bilan urib yorish...o'taketgan noinsoflikning suvratiyu maxraji mana shudir! Bunday tragikomik holatda ikki o'rtada baraka nima qilsin, axir, insof sari baraka-da!..
       Bundan yigirma yilcha avval toshhovuzlik yozuvchi Rayimboy Sobirovning "Insof" qissasi qo'lyozmasiga quvona-quvona taqriz yozar ekanman, o'zimcha orzu qilgan edim: qissa-ku, o'z yo'liga, lekin... qani endi "Diyonat" romanining yonida tura oladigan "Insof" degan yana bir roman bo'lsa-da, unda "insof" tushunchasining butun mohiyati tag-tugi bilan keng ko'lamda ochib ko'rsatilsa!... Oradan besh-olti yil o'tib, o'zbek badiiy publitsistikasida o'ziga xos maktab yaratgan otaxon adibimiz Ibrohim Rahimning "Qaylardasan, jannatiy insof?" maqolasini ishtiyoq bilan mutolaa qilganimda o'sha bir orzuim o'z-o'zidan qat'iy istakka aylandi. Bundan o'n ikki yil muqaddam matbuot va axborot agentligi yozuvchilar, noshirlar va olimlar ishtirokida "Yangi davr, yangi qahramon" mavzuida davra suhbati tashkil etganida mazkur istagim muayyan taklif sifatida tilga ham ko'chdi: "Qani endi bugungi kunda vijdon erkinligi qo'lga kiritilgan ekan, yozuvchilarimizdan biri, masalan, "Shayxulisloim" degan roman yozib bersa-da, unda ko'p yillar mobaynida quvg'in va yomonotliq qilingan ruhoniy zotlarimizdan birining ruhiy olami ham, dini islomning tub insonparvar va tinchliksevar mohiyati ham ochib ko'rsatilsa!.." Shundan buyon o'tgan o'n ikki yil mobaynida " "Tilsim (Turkiston dostoni)", "Elchi (Afandi o'lmaydigan bo'ldi)", "Ulus (Forobiyning do'sti)" va "Zamona zayli" nasriy dostonlarini yozish asnosida ko'nglimdagi o'sha ko'p yillik orzuim ham tobora aniq-tiniq qiyofa kasb eta bordi: deylik, shayxulislom Burhoniddin Marg'inoniy hayoti va faoliyati haqida shunday bir tarixiy roman yozilsaki, unda islom huquqshunosligi - fiqx ilmining mohiyati bilan bir qatorda tom ma'nodagi ruhoniy zotning ruhiy olami atroflicha yoritib berilsa!.. Mufti Mahmudxo'ja Behbudiyning "Ma'naviyat" nashriyotida bir necha bor chop etilgan saylanmasi va, umuman, Behbudiy merosi bilan atroflicha tanishar ekanman, yangi o'zbek adabiyotining karvonboshisi xisoblanuvchi bu ruhoniy zot xususida ham tarixiy roman yozilsa ekan, deb o'yladim... To'g'ri, keyingi yillarda ulug' ruhoniy pirlarimiz haqida bir qator tarxiy asarlar yaratildi. Sa'dulla Siyoevning "Yassaviyning so'nggi safari", Xayriddin Begmatning "Devona Mashrab" tarixiy romanlari, Naim Karimovning "Cho'lpon" ma'rifiy romani shular jumlasidan. Bu asarlar barchamiz uchun o'zicha qadrli, albatta. Lekin ruhoniyat olami, ruhiyat ehromi, uning "insof" deb atalmish tagzamini, aniqsa, bugungi kunda odam bolasining ruhi ravonida ro'y berayotgan g'oyat murakkab jarayonlar, xususan, islom dunyosi va diniy ekstremizm o'rtasidagi munosabatlarga doir olamshumul chigalliklar va muammolar... qani endi biron-bir yirik epik asarda o'zining betakror badiiy echimini topsa! Bu asar balki "Shayxulislom" deb atalar, balki "Ruhi ravonim", balki "Insof doirasi", balki boshqacharoq... Muhimi u bugungi kunda er yuzida yashab turgan olti milliard odam bolasini - butun bashariyatni insofga chaqirib, behisob nizo-nifoq va urush-janjallarga barham berish ishiga ko'maklasha oladigan, har bir inson qalbi va butun bashariyat ruhidagi o'ziga hos ehromni yana-da sarbaland va purviqor qila oladigan, avval-boshda tilga olingan arab halq maqolida nozik ishora qilinganidek, "vaqtni ham qo'rqitadigan" umriboqiy asar bo'lsa!
       Iloyo shunday bir asarni yaratish o'zlarini "kishi ruhining injenerlari", ruhshunos, ruhiy olam bilimdoni deb hisoblovchi adabiyot va san'at ahliga tez orada muyassar bo'lg'ay! Agar kimdir shu o'ta muhim va mushkul ishga qo'l urishga jur'at qilsa, bashariyat ma'naviy dunyosi ravnaqiga beqiyos hissa qo'shgan buyuk ajdodlarimiz - biri biridan ulug'roq ruhoniy zotlarimizning o'lmas ruhi poklari o'sha jur'at sohibiga madadkor bo'lg'ay!

Ruhoniyat va ruhshunoslik
      
       Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning bundan qariyb qirq yil avval yozilgan sara she'rlaridan biri "Ruhim", yodingizda bo'lsa, shunday yakunlangan edi:
               Sen misli kamalak, yuksak va so'lmas,
               Kamalakni esa, parchalab bo'lmas.
Darhaqiqat, kamalakni parchalab bo'lmaganidek, inson ruhini ham mayda bo'laklarga, tarkibiy qismlarga ajratib bo'lmaydi. Agar ajratib ko'rsatilsa, bu xuddi "yulduzlar olami", "nabotot dunyosi", "tiriklik olami" singari, bir butun ruhiy olamning murakkab tabiatini nisbatan soddaroq shakllarda tushuntirishning o'ta shartli vositasigina, xolos. Insonning muayyan ruhiy holati, ahvol-ruhiyasi, kayfiyatini his qilishga ko'maklashuvchi "ruhi siniq", "tushkun ruh", "ko'tarinki ruh", "ruhi shikasta", "ruhiy hasta" singari ko'pgina so'z birikmalari ham, aslida, xuddi shunday shartli vositalardir. Zotan, ruhni (hoh u Oliy Ruh, ya'ni, Alloh Taolo bo'lsin, hoh Alloh Taoloning o'ziga xos tajalliysi sanaluvchi inson ruhi, ya'ni, ko'ngil, dil, qalb, yurak...) anglab etishga nisbatan his qilish osonroq. Chunki ruh aqliy bilishga nisbatan hissiy bilish sohasiga ko'proq taalluqli hilqatdir. Shu boisdan ruhning mohiyatiga mutafakkir olimga nisbatan yaratuvchi san'atkorning chuqurroq kirib borishi nisbatan osonroq va qulayroq. Natijada, deylik, ilhom, intuitsiya, ya'ni, savqi tabiiy singari ruhiy hodisalar mutafakkir olimga nibatan ijodkor san'atkorga ko'proq xosdir. Boshqacha aytganda, mutafakkir asosan aql bilan, san'atkor esa, asosan kayfiyat, tuyg'u bilan ish ko'radi.
       So'z san'atkori va kishi ruhining injeneri sifatida ruhning tub mohiyatiga chuqur kirib borish, inson ruhiy olamini biron-bir badiiy asarda teran ruhiy tahlil asosida jonli aks ettirish va, ayniqsa, asar qahramonlari timsolida ular mansub bo'lgan xalq ruhini yorqin bo'yoqlarda ko'rsatib berish oson ish emas. Ruhoniy shaxsning ruhiy dunyosi, deylik, biron payg'ambar, avliyo, shayx, mufti, mahdum, qori, imom, eshon, maxsum va boshqa ruhoniyat peshvolarining ruhiy olamlari xususida roman yozishda esa, tabiiyki, ish kamida ikki-uch barobar mushkullashadi. Chunki bu o'rinda avvalo hissiy va aqliy bilish, mutafakkirlik va san'atkorlik, adabiyot va ilm-fan o'ziga xos tarzda uyg'unlashib ketishi, o'zaro zid qutblarning birlashtirilishi taqozo etiladi.
       Mening nazarimda, bu o'ta mushkul ishni ko'ngildagidek uddalashda o'zbek yozuvchisiga monelik qiluvchi yana bir jihat ham bor. Gap shundaki, garchi bizda bir paytlar kalom ilmi, tasavvuf ilmi, falsafa, mantiq va boshqa fanlar rivojlangan, yangi davr nasrida esa, ayniqsa, Odil Yoqubov romanlarida qahramonning ichki dunyosini teran ruhiy tahlil etishning boy tajribasi to'plangan bo'lsa-da, ruhshunoslik, ya'ni, psixologiya fani, ayniqsa, uning muayyan xalqning millat sifatidagi ruhiy olami, milliy tabiati bilan bog'liq sohasi bo'lmish ijtimoiy ruhshunoslik, ya'ni, sotsial psixologiya rivojlanmagan. Aniqrog'i, Sho'ro tuzumi davrida bu soha atayin rivojlantrilmagan. Xolbuki jahon romanchiligidagi, deylik, Stendal va Floberdan to Dostoevskiy va Joys asarlariga qadar ruhiy tahlil bobida to'plangan boy tajribalar, xususan, ong oqimi va ongosti (podsoznanie)ga xos jarayonlarni tahlil etish mahorati ruhshunoslik fani yutuqlari, masalan, Zigmund Freydning ruhiy tahlil tajribalari, Nitsshe, Spenser, Shopengauer va boshqa ko'pgina ruhshunoslarning ilmiy tadqiqotlari zaminiga asoslangandir. Keyingi bir asr mobaynida bizga ruhan yaqinroq bo'lib qolgan rus adabiyotini olib qarasak, bu adabiyotning ikki olamshumul cho'qqisi - Lev Tolstoy va Fedor Dostoevskiy asarlaridagi teran ruhiy tahlil san'ati ham bo'shliqda birdaniga paydo bo'lib qolmagan, albatta. Ular Gogol va Pushkindan boshlab to mazkur adiblarning o'zlariga qadar ko'pgina yozuvchilarning rus xarakteri, rus xalqiga xos milliy xususiyatlarga doir falsafiy mushohadalari, ro'y-rost aytilgan oshkora fikr-mulohazalari, fanda esa, Pavlov, Sechenev, Mechnikov kabi buyuk rus fiziologlarining ruhshunoslikka doir teran ilmiy tadqiqotlari iqlimida vujudga kelgandir. Masalan, Ilya Mechnikovning "Inson tabiati haqida lavhalar" va "Ko'tarinkilik lavhalari" ilmiy tadqiqotlari odam bolasining ichki tabiati va rus xalqining milliy xarakterini teranroq tushunishda nafaqat o'quvchilar, balki yozuvchilar uchun ham beqiyos ahamiyatga ega ko'makchi bo'ldi va hali-xanuz bu boradagi beqiyos ahamiyatini to'la-to'kis saqlab turibdi.
       O'z adabiyotimizni olib qaraydigan bo'lsak, deylik, akademik Bertelsning "O'tkan kunlar" romani taqir joyda baayni Pomir tog'idek qo'qqisdan paydo bo'lgani xususidagi fikrida muallif dahosiga qoyil qolishga nisbatan, nazarimda, "Qayoqdan paydo bo'ldi bu?" qabilida ajablanish, hayratga nisbatan taajjub hissi kuchliroq edi. Shunday har jihatdan barkamol romanning tegishli ilmiy asos, ijtimoiy ong darajasi, fan taraqqiyoti, xullas, mustamlaka sharoiti va mustabidlik zamonida tegishli tagzamini bo'lmagani holda dabdurustdan - kutilmaganda paydo bo'lib qolishi, ayniqsa, mustamlakachilar uchun, darhaqiqat, taajjublanarli edi.Xolbuki o'zbek adabiyotining oltin asri bo'lmish temuriylar davrida ham dastavval Mirzo Ulug'bekning osmon ilmi va boshqa ilmlar, ana undan keyingina Alisher Navoiyning so'z san'atimizni osmoni-falakka yuksaltirgan beqiyos she'riyati dunyoga kelgan edi-da! Demoqchimanki, odatda har bir ishda, ayniqsa, badiiy ijodda yutuqning qanchalik olamshumulligi ilmiy asos - tagzaminning nechog'li mustahkamligiga bevosita bog'liqdir. Afsuski, bizda o'zbek xalqining milliy mentalitetiga xos musbat va manfiy jihatlar, xususan, "oltinchi barmoq"qa bog'liq illatlar, umuman olganda, o'zbek xarakteri, o'zbekchilik, o'zbeklik, o'zlik haqidagi oshkora mushohadalar, falsafiy asarlar, ilmiy tadqiqotlar, deylik, rus, nemis va ingliz xalqlarida bo'lganidek ko'p emasdir. Bu ham "Bosh yorilsa - bo'rk ichida, ilik sinsa - eng ichida" deya sir boy bermay sipoyilik saqlab yashashga moyil o'zbekning milliy tabiati bilan izohlansa ajabmas. Xolbuki "Og'riqni yashirsang isitmasi oshkor qilar" deganlaridek,butun ichki sir-asror va ruhiy dunyoning aniq-ravshan ifodasini xalqning o'z ijodidan istaganingizcha topishingiz mumkin. Masalan, "Bor bo'lsang - ko'rolmaydi, yo'q bo'lsang - berolmaydi" degan hikmatli gap faqatgina o'zbek xalqi yarata oladigan, o'zbekning o'z ichidan chiqqan balolar - baxil va ziqna kimsalardan yonib-o'rtanib, oh-faryod chekib yaratgan tom ma'nodagi miliy maqolidir. Yoxud, "O'zingniki o'zagingni o'yadi" maqolini olib, uning mag'zini chaqib, falsafiy-ruhiy salmog'ini o'zingizcha chamalab ko'ring! Naqadar o'zbekona maqol bu! Uchtagina bo'lakdan tarkib topgan shu sodda yig'iq gapni ilk bora tilga olgan o'zbek uni, xuddi Mirtemir domlaning "Majnuntol tagiga o'tqazing meni, Men uchun yig'lasin, men yig'lab bo'ldim" satrlari kabi, dil-dildan bo'zlab, qon qaqshab, ikki qo'li bilan boshini changallab aytgan bo'lsa ajab emas!..
       Ha, "Kuygandan kulli balo chiqadi" deganlari rost! Kuygan yuraklardan "Munojot"dek kuy, "Cho'li Iroq"dek beqiyos navo, tosh yuraklarni ham zir titratguvchi girya, yo'qlov, iltijo va hakozo mo''jizalar chiqishi tabiiydir, ayniqsa, o'zingniki har qadamda o'zagingni o'yib turgan bir paytda va xalqingni ko'ngli yarim, shikastadil, ruhi siniq, nomukammal, o'zingni esa, nochor-notavon his qilib, Alisher Navoiy chizgan "Zanjirband sher"dek najot istab, chora qidirib ojizona to'lg'onganingda... Goho shunaqangi shoh asarlar dunyoga keladiki, muallifning o'zi ham "Voajab, shu menmi?!" deya hayratdan yoqa ushlaydi. Badiiy tafakkurni jahoniy yuksakliklarga ko'targanini o'zi ham bilmay qoladi.
       O'zbek xalq qahramonlik eposi - "Alpomish" dostonini olib, unda o'zbek xalqining milliy tabiatiga xos fazilat va illatlar nechog'li yorqin bo'yoqlarda aks etganiga diqqat qiling. Asardagi ziddiyatning keskinlashib boshlashiga qarang. Arzimas bir bahonai sabab - zakot tufayli bir qorindan talashib tushgan aka-ukalar Boybo'ri va Boysarining bir-biri bilan arazlashib, yuz ko'rishmas bo'lib ketishi... bu qanaqasi?! Aytish mumkinki, jahonda o'zbekdan boshqa hech bir xalq bunday holatni aqligayam sig'dirolmaydi. "Voajab, qondosh-jondosh aka-ukalar dunyoning molini talashyaptimi, nimani bo'lisholmayapti? Zakot sifatida beriladigan bir tirraqi echkiga ota go'ri qozixona bo'ldimi endi? Shunga shunchami?!" deya ajablanishi aniq. Bu holatni faqatgina o'zbek to'g'ri tushunib, teran his qila oladi. Zotan, jahonning eng qadimiy xalqlaridan biri bo'lmish o'zbekning ko'ngli shu qadar nozikki, unga eng yaqin jigarbandi tomonidan sodir etilgan salgina nopisandlik ham malol keladi-da, u bilan ulkan bir mamlakatga ham sig'ishib o'zaro murosa-madora qilolmay, har biri o'zi xon, o'zi bek, o'zi o'ziga xon, ko'lankasi maydon bo'ladi-qo'yadi. Fazilatmi-illatmi, xudo biladi, har qalay, o'zbek xalqiga "qo'ndoqda tekkan kasallik", ya'ni, avval-boshda "o'zbek" nomiga asos bo'lib xizmat qilgan eng birlamchi ruhiy sifat-da bu! YOhud, doston voqealari yana-da keskinlashgan chog'dagi bir vaziyatga e'tibor qiling! Mana, Yortiboy oqsoqol singari o'taketgan xudbin va kaltabin kimsalarning qutqusi bilan Boysari o'n ming uyli qo'ng'irot elini boshlab yurtni tark etdi-da, qalmoqlar yurtida sig'indi sifatida qo'nim topdi. Qalmoqlar yurtidagi to'qson alp yoppasiga Barchinga zug'um o'tkazib, "Yo birimizga, yo barimizga tegasan" deya qistalang qilganida yana o'sha Yortiboy oqsoqoldek kimsalarning "dono maslahatlari" bilan Barchinning yolg'iz o'zi ovloq bir joyga badarg'a qilinadi, hamma "Alplar bilan qizning o'zi muomala qilaversin, bizning boshimizni g'alvaga qo'ymasin" degan antiqa to'xtamga keladi.
       Bu o'rinda kiroyi xalqqa emas, olomonga xos xususiyat - "o'zim", "o'z tinchim" deya o'z boshi va qornining qayg'usi bilan yashash illati san'atkorona ifodalangandir. O'zbekning o'rnida boshqa biron-bir xalq vakili "Ie, bu qanaqasi?! Avval-boshda qiz bechorani qalmoqlar yurtiga qo'lidan sudragandek majburan olib kelganlaridan keyin nega uni o'z himoyalariga olib, balogardon bo'lishning o'rniga oralaridan haydab chiqarib, yolg'iz o'zini baloga yuzma-yuz qoldirishyapti? Bu qanaqa xalq o'zi?!" deya ajablanishi shubhasiz. Butun boshli qavm - o'n ming uyli qo'ng'irot ahli shunday o'taketgan noinsoflik va nohaqlik qilayotgan bo'lsa-da, hech kim ularga e'tiroz bildirib, insofga chaqirmasa! Go'yo aynan shunday bo'lishi kerakdek. Go'yo musofir yurtidagi tang ahvollariga o'zlari emas, begunohdan begunoh Barchinoy aybdordek! Bunday ruhiy holatlar tasvirida xalq tabiatidagi eng afsuslanarli illatlardan birini ro'y-rost ko'rsatish, shu asosda xalqning o'zini o'zi olomonga xos illatlardan xalos etib, har bir qorako'z o'zbekka joni qayishib, joni achib, jonkuyarlik va jonfidolik bilan qarashga da'vat ham san'atkorona ifodalanganki, "Alpomish" dostonining shoh asarligi avvalo mana shunday ruhiy holatlarning qoyilmaqom tasviridadir.
       Zamonaviy o'zbek nasrining ikki shoh asari - "O'tkan kunlar" bilan "Kecha va kunduz" romanlarini olib qarasak, bu asarlarda ham o'zbek xalqining milliy xarakteriga xos musbat va manfiy jihatlar - o'zbekona ruh, o'zbek ruhi, xuddi "Alpomish" dostonidagi kabi, san'atkorona ifodalanganini ayon ko'ramiz.
       E'tibor bering, Otabek Kumush bilan, yuzaki qaraganda, tahorat, ya'ni, halollik-poklik sabab ro'y bergan bir baxtli tasodifning sharofati, aslida esa, Xudoning qudrati bilan sevib-sevilib turmush qurishdi. Hoh kutilmagan bo'lsin, hoh kutilgan, har qalay, bir insoniy baxt-saodat shunchalik bo'ladi-da!
       Ana endi jiddiyroq o'ylab qarang! Jahondagi har bir ota-onaning eng birlamchi orzusi o'z o'g'il-qizlarini sevib-sevilib turmush qurgan, olamdagi eng oliy insoniy baxt-saodatga erishgan holda ko'rish emasmi? Ruhi komil va aqli butun ota-onaning bundan-da ulug'roq qanday orzusi bo'lishi mumkin?!
       Romanni o'qigan o'zbekdan boshqa xalqlar vakillari ko'nglida bu singari savollar o'z-o'zidan uyg'onadi. Lekin o'zbek o'quvchisi bunga mutlaqo ajablanmaydi, chunki u yaxshigina biladi va dil-dildan chuqur his qiladiki, har bir o'zbekning ota-ona sifatidagi orzusi o'z zuryodini baxtiyor ko'rish bilangina ushala qolmaydi, balki bundan ham ko'proq boshqalarga namoyish qilish, hattoki ichidan qirindi o'tib yotgan bo'lsa-da, atrof-javonibdagi do'st-dushmanlariga o'zlarini bu olamdagi eng baxtiyor, bekami ko'st insonlar sifatida ko'rsatish, o'z baxtini ko'z-ko'zlash, kerak bo'lsa, ko'zlarni kuydirib yashash, xullas, oiladek eng shaxsiy masalalarda ham o'zlarini emas, boshqalarni deb yashash ishtiyoqi hamisha kuchliroqdir.
       Ota-onadan o'g'ilning ruhiy holatiga o'tsak, yana-da antiqaroq manzarani ko'ramiz. Otabekning o'rnida, masalan, biron rus yigiti bo'lganida Zaynabga majburan uylanishning o'rniga "Papasha, bu mening shaxsiy hayotim, yashaydigan men, tak chto shaxsiy hayotimga mutlaqo aralashma!" deya orani ochiq qilib qo'ya qolishi shubhasiz edi. Lekin Otabek bunday demaydi, deyolmaydi, chunki u o'zbek, o'zbekning butun fazilat va illatlarini o'zida mujassamlashtirgan, jumladan, o'zbekona andisha sohibi. Shu boisdan, masalan, "aqlli kishilarning o'z o'g'illari ustidan qilgan ishlari nojo'ya bo'lmas" qabilidagi nazokatli ishoralar, lutflar, nari borsa, iltimoslar va o'tinchlar qiladi, lekin zinhor ota-onasining yuziga oyoq qo'yib, ular bilan haq-huquq talashmaydi, ularning ham yuksak ichki madaniyatiga, o'zbekona farosatiga umid bog'laydi. Faqatgina andishaning otini qo'rqoq qo'yib, haddidan oshishlar avj olganida yuvoshdan yo'g'on chiqib, qo'y og'zidan cho'p olmagan beozor jon ham avval biryo'la uch kishining qotiliga, so'ngra xotini Zaynabni "jalab" deya haqoratlaydigan og'zi shaloq so'kong'ichga va, nihoyat, shahidga aylanadi.
       Umuman, "O'tkan kunlar" romanida, xususan, Otabek siymosida yozuvchi shaxs erki masalasini jiddiy qilib qo'yadi. Shaxs o'zining shaxsiy hayotini o'zi hal qilolmasdan boshqa birovga (hattoki u o'z ota- onasi bo'lsa ham) bosh-butun topshirib qo'ydimi, bas, uning baxtsizliklari va kulfatlari tobora oshib-toshaveradi, baayni burnidan ip o'tkazilgan tuyadek achinarli alfozlarga o'zi istamagan holda tushaveradi! Ayni shu ta'kid Abdulla Qodiriyning ikkinchi asari "Mehrobdan chayon"da o'z baxti va o'z erki uchun nisbatan dadilroq kurashuvchi Anvar va, ayniqsa, Ra'noning jasorati tasvirida nisbatan yaqqolroq uqtiriladi. Har ikki asarda xalqni mustaqillikka olib keluvchi ruhiy asos - shaxs erki ekani insoniy qismatlar misolida san'atkorona ko'rsatiladi.
       Shaxsning erksizligi qanday insoniy fojialarga olib kelishi mumkinligini "O'tkan kunlar" bilan "Mehrobdan chayon" romanlariga nisbatan yana-da kuchliroq, ta'sirchanroq ko'rsatib bergan asar, shubhasiz, "Kecha va kunduz" romanidir. Asarning bosh qahramoni Zebi(nisa) boshidan kechirgan ko'rgiliklarda hamma aybdor: bir tomonda - qahramonning o'zi, uning erksizligi, huquqsizligi, nochor-notavonligi... ikkinchi tomonda - onasi Qurvonbibi fitnaning bo'sh-bayovligi, otasi Razzoq so'fining kaltabinligi, Miryoqubning xudbinligi, Xadichaxonning makkorligi, Enaxonning nochorligi, Akbaralining noinsofligi, "Baliq boshidan chiriydi" deganlaridek, asarda ko'rsatilgan eng oliy ruhoniy zot - Hast Eshonning ham o'z manfaati shaxsiyasi yo'lida haq yo'lidan ozganligi... Qizig'i shundaki, asarda hamma o'z shaxsiy manfaatidan kelib chiqqan holda Zebining baxtsizligiga - shu go'zal gulg'unchaning ochilmay erta xazon bo'lishiga o'z hissasini qo'shadi. Lekin ulardan birontasi, hattoki el-yurtning ruhiy suyanchiq, ruhiy madadkor, ruhoniy sifatida ishongani Hast Eshon ham "Hoy, musulmonlar, nima qilyapsanlar?! Bu bechora norasida go'dakni odamga o'xshab yaxshi yashagani qo'yinglar-da endi!" deya Zebining atrofini qurshagan noinsoflarni insofga chaqirmaydi, chaqirolmaydi! Asarning "Kecha"ligi, ya'ni, unda ko'rsatilgan ruh osmonining qorong'u kechadek tim qaro, ya'ni, zimistonligi mana shunda-da!
       Nahotki Zebining eng birlamchi insoniy haqqi-huquqini ham himoya qiladigan aqalli bironta musulmoni komil bu "Musulmonobod Turkiston" deya ulug'lanuvchi qadimiy bir o'lkada topilmasa?! Asarni o'qigan o'zbekdan boshqa xalq vakili bo'lmish kitobxon shunday savollar ustida bosh qotirgan ko'yi hayrat barmog'ini tishlab, yoqasini ushlashi aniq. Lekin o'zbek kitobxoni mutlaqo ajablanmaydi. Chunki biladi: bu xalq haqiqat yo'lida o'z vaqtida eng shimarib dadil kurashishga nisbatan "Qani, ko'raylik-chi, nima qilar ekan, oxiri qaerga borib to'xtar ekan" deya "arqonni uzun tashlab" kutishni, jimgina sukut saqlashni, tomoshabinlikni xush ko'radi. Har qanday zolimning ham kunlardan bir kuni insofga kelishidan umidini uzmay sabr-toqat bilan kutadi. Lekin pichoq borib suyakka qadalganida... shunaqangi portlaydiki, natijada, deylik, Cho'lponning "Kecha"sidek jamiyatni ham, ruhiyatni ham, mohiyatni ham larzaga keltira oladigan badiiy tafakkur mo''jizasini beixtiyor yaratib qo'yadi.
       Bunday mo''jizalar ko'zlarini o'tdek kuydirgan chog'ida xalq ichidagi g'alamis kimsalar ham favqulodda jumbushga kelib, "O'zing nega xotiningga kalish obermaysan?" deya afandini aybdor qilishga uringan o'g'ridek, o'sha mo''jiza sohiblarini har bob bilan yomonotliq qilishga urinadilar. Ayniqsa, o'zbek xalqida bunday urinishlar kutilgan samaralarini beradi ham! Xususan, "Kecha va kunduz" romanidan keyin Abdulhamid Cho'lponni, deylik, bir hovuch shotut atrofida kurakka turmas bahonalar bilan yomonotliq qilishlar boshlanib ketgani bugungi kunda barchaga ma'lum! Bunday holatlarda faqat fojialar ro'y beravermaydi, gohida yangi mo''jizalar ham jamol ko'rsatadi. Masalan, Alisher Navoiyning "Navosiz ulusning navobaxshi bo'l, Navoiy yomon bo'lsa, sen yaxshi bo'l" shohbayti, Abu Ali Ibn Sinoning "Agar menki kofir ersam, Bu olamda musulmon yo'q!" shohsatri shular jumlasidandir.
       Abdulhamid Cho'lpon va Abdulla Qahhordek ulkan so'z san'atkorlari, haqgo'y adiblarimizga nohaq taqalgan ayblarning eng ommaviysi ularni xalq hayotini qora bo'yoqlarda ko'rsatish va xalq hayotidagi ijobiy hodisalarni ko'rolmaslikda ayblash bo'lgani mutlaqo bejiz emasdir. Gap hamisha mevali daraxtga tosh otilishidagina emas, balki har bir buyuk yozuvchining ijodiy faoliyatida bunday ayblovlar uchun asos hamisha etarli bo'lishidadir. "Do'st achitib aytadi, dushman kuldirib", deydi xalqimiz. Buyuk adibning kuyib-yonib aytgan har bir sidqidil gapi achitish, achintirish, kuydirish-yondirish qudratiga egadir. Binobarin, buyuk shaxsning gapirayotgan gapini to'g'ri tushunishda mazkur gapning aytilish jarayonidagi muallifning ruhiy holatini teran his qilish, dilidagi dardi va pirovard maqsadini anglab etish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, deylik, irland xalqining milliy tabiatiga xos illatlardan yuragi o'rtangan, "Bu xalq qachon odam bo'lar ekan-a!" deya iztirob chekkan, hatto uni bo'ralatib so'kishdan ham qaytmagan Jeyms Joys va yo rus xalqini yuvuqsizdan olib yalqovga solgan, o'g'ridan olib kazzobga solgan ayrim rus adiblari bizning o'z xalqimizga muhabbatimizga nisbatan ming chandon kuchliroq tuyg'u bilan o'z xalqini sevgani, azbaroyi uni yana-da komilroq ko'rishni astoydil istagani, uning ruhidagi har bir illatdan yuragi o'rtangani, shu bois "Menga nima zaril!" deya beparvo-loqayd qarayolmagani shak-shubhasizdir. Biz esa... Tabiatimiz shunaqaki, ko'p hollarda o'z xalqimizga mansub ayrim kimsalarning qorong'u kecha emas, sim-siyoh tundek qop-qora yuraklarida ruhiyat ehromi o'rnida baayni qora tuynukdek bir tubsiz o'pqon, Sahroi Kabirdek bepoyon qumlik yastanib yotgan va uni o'z ko'zlarimiz bilan ko'rib-bilib turgan bo'lsak-da, ko'rgan-boqqanlarimizni oshkora aytib, illatga bahamjihat davo qidirishning o'rniga lom-mim demay sukut saqlashni, ko'rib ko'rmag anga olishni, "Tuya ko'rdingmi - yo'q...", "Ko'rmadim dedim - qutuldim..." deyishni afzal bilamiz. Shu qadar tinchliksevar, qo'ymijozmizki, ichimizdan chiqqan balolar bizni tinchimizga qo'ysalar bas!.. Qolaversa, juda ko'p yillar millat qayg'usi, xalq dardida kuyib-yongan ne bir millatparvar-xalqparvarlar "millatchi" va "xalq dushmani" sifatida badnom, quvg'in va qatl etilavergach, bunday xizmatga tuhmatlardan yurak oldirib qo'ygan odamlar o'z tinchini o'ylaydigan bo'lib qolishi tabiiy-da! Shuning uchun hattoki xalq yozuvchilari va olimlari orasida "Xalq bilan necha pullik ishim bor! O'zim, bolam, chaqam..." deb qarovchilar bugungi kunda ham, afsuski, ko'pchilikni tashkil etadi... To'g'ri, O'zbekiston davlat mustaqilligining dastlabki yillarida, deylik, Azamat Ziyoning o'zbekchilik xususidagi turkum maqolalari, marhum adabiyotshunos olim Matyoqub Qo'shjonovning "O'zbekning o'zligi", shoir Azim Suyunning "O'zlik" kitoblari, oynai jahonda "O'zlik" va "Ochun" ko'rsatuvlari paydo bo'ldi. Lekin, afsuski, bu yo'nalishdagi ishlar izchil davom ettirilmadi. Ayniqsa, ruhshunos olimlarimiz hali-xanuz g'aflat uyqusiga g'arq bo'lib yotibdilar, desak mubolag'a qilmagan bo'lamiz... Ruhiyat, ruhoniyat va ruhshunoslik xususidagi mazkur adabiy o'ylar ham kaminai kamtarinning 1977 yilda yozib tugatilgan va 1983 yilda qoq yarmi amal-taqal chop etilgan "Osmon to'la yulduzlar (Tuyg'ular haqida suhbat)" falsafiy essesidan keyin oradan talay yillar o'tib, yorug'lik ko'rishiga bir ishonib, bir ishonmay, qalb darchasini salgina qiya ochib, o'ta ehtiyotkorlik bilan yozilgan haminqadar oshkora mushohadalaridir.Ulardan ko'zda tutilgan muddaoni to'g'ri tushunasiz degan umiddaman: hech bir inson va hech bir xalq sirti yaltiroq, ichi qaltiroq bo'lib qolmasin. Moddiy boyliklar ketidan quvishlar ma'naviy-ruhiy inqirozlarga olib kelmasin. Ruhimiz sog'lom, ruhiyatimiz boy, ruhoniy olamimiz go'zal bo'lsin!

Ruhiy holat tahlili

       Qadimiy xalqlar asotirlarida ham, o'zbek xalq og'zaki ijodida ham, mumtoz yozma adabiyotimizda ham jon qushga nisbat beriladi. Shu bois, masalan, tilimizda "jon qushi" so'z birikmasi ko'p qo'llaniladi. Alisher Navoiy Farididdin Attorga qiyoslagan qaqnusmi va yo "Lison ut tayr" dostonida tilga olgan qushlardek beozorgina, lekin burgut bilan lochindek vahshiy bo'lmagan jon qushi o'ta sezgir, ziyrak, hamma narsani biladigan qushdir. Jon tark etgan tana, jonsiz gavda tilimizda "mayit" deb ataladi va u hech nimani sezmaydi ham, tushunmaydli ham, bilmaydi ham.
       Hindlarning mashhur akteri Shohouh bosh rolni ijro etgan "Raamjaan" badiiy filmi o'zbek tiliga "Xudo biladi" deb tarjima qilingan. Hind, ya'ni qadimiy sanskrit tilidagi "raam", yahudiy, ya'ni, qadimiy ibrit tilidagi "abraham" va arab tilidagi "rahim" - ham shakldosh, ham ma'nodosh, ham o'zakdosh so'zlar bo'lib, Alloh Taolo va uning eng birlamchi sifati - rahmdillikni anglatadi. Qadimiy hind tilidagi "jaan" esa, "biladi", to'g'rirog'i, "bilgich" ma'nosidagi so'zdir.
       Ha, Xudo bilgich, lekin bandasining bilgichligi hamisha haminqadar, ya'ni, cheklangandir. Alloh Taolo bu olamdagi jamiki jonzotlarga bilishning quyi bosqichi - hissiy bilish, ya'ni, beshta sezgi a'zolari orqali ko'rish, eshitish, hid va ta'm bilish, teri sezgisi vositasidagi bilishni beminnat ato etgan. Shu bois tirik jon , jon egasi uchun sezmay qolish ulkan fojea, halokat demakdir. Farishtalar, jinlar, devlar, parilarga esa, bilishning nisbatan yuqoriroq bosqichi - aqliy bilish ato etilgan. Bilishning bu shaklida tanadagi beshta tashqi sezgilar orqali bilish oddiy jonzotlarda bo'lganidek hal qiluvchi ahamiyat kasb etmaydi. Ko'pincha jon tanadan tashqarida ham bemalol yashayveradi. Masalan, o'zbek xalq ertaklaridagi ayrim devalarning jon qushi nafas olib nafas chiqarish bilan bog'liq holda uning og'ziga kirib-chiqib turadi, g'orga yashirib qo'yilgan bo'ladi va hakozo. Devning tanasini qiymalab tashlasangiz ham o'ldirolmaysiz, chunki u, huddi zamonaviy robotlarga o'xshab, og'riq, issiq-sovuq kabilarni mutlaqo sezmaydi...
       Odam bolasining Alloh Taolo nazdida eng oliy mavjudot, mukarram va musharraf zotligi avvalo shundaki, u jamiki jonzotlarga xos hissiy va jamiki farishtalar, devlar, jinlar, parilarga xos aqliy bilish shakllarini o'zida oliy darajada birlashtirgan yuksak ong, tafakkur sohibi bo'lib, ham tirik jon sifatida JONga, ham ongli mavjudot, tafakkur sohibi sifatida RUHga egadir. Shuning uchun ham odam bolasi "Hazrati Inson" deya ulug'lanadi. U Oliy Ruh - Alloh Taoloning tajalliysi bo'lmish o'z insoniy ruhini ko'ngli (qalbi, dili, yuragi)da jon qushidek asrab-ardoqlab, parvarishlab, o'stirib-undirib, qanot baxsh etib, yuksak parvozlarga shaylab yashaydi. Imtihon dunyosidagi paymonasi to'lganidan keyin bu ruh Yaratganning dargohiga - Oliy Ruhga qaytadi. Shunday qilib, tirik jonzotlar orasida faqatgina inson ham tana sezgilari orqali hissiy bilish, ham fikr-mushohada orqali aqliy bilish, ham shu ikki bosqichga asoslangan holda o'z ruhini kamol toptira borib, qalb ko'zi orqali ko'rish-bilish, ruscha so'z va atamalar bilan aytganda, "chutyo", "yasnovideniye", "intuitsiya", o'z tilimizda keng qo'llanuvchi so'zlar bilan aytadigan bo'lsak, tiyranlik, zehn, farosat, nuktadonlik, savqi tabiiy orqali bilish qobiliyatiga egadir. Bilishning bu uch bosqichidan birinchisi barcha oddiy odamlarga, ikkinchisi olim-allomalarga, uchinchisi esa, avliyolar va buyuk mutafakkirlarga - tom ma'nodagi komil insonlarga xos xususiyatlardir. Dunyoqarashi tor, bilimsiz, aqli kalta, o'z hissiyotlariga asir odam boshqa jonzotlardan kam farq qilganidek, oddiygina insoniy his-tuyg'ulardan mahrum, o'ta aqlli, sovuqqon, maqolda aytilganidek, olim bo'lganu odam bo'lmagan "toshyurak" kimsalar yo farishtaga, yo devga, yo jinga, yo pariga o'xshaydilar. Ham his-tuyg'ularini, ham aql-idrokini tarbiyalab kamol toptirgan oliyjanob qalb va uchqur tafakkur sohibi, ham tuyg'ulari boy, ham bilimi chuqur va dunyoqarashi keng, ham ko'ngil ko'zi ochiq, boshqacha aytganda, ham jismonan, ham aqlan, ham ruhan sog'lom - har jihatdan barkamol shaxs, to'laqonli, kiroyi, risoladagi odam komil inson sifatida ulug'lanadi. Komil insonlik odam bolasining bu imtihon dunyosida intilgan, intilishi lozim bo'lgan eng nurafshon manzil, oliy maqsaddir. Bu manzil-maqsad yo'lidagi birlamchi mashg'ulotimiz esa, ko'ngilni oq, dilni sof, qalbni beg'ubor, yurakni toza tutib, ruhni muttasil baloyi nafsning kirdikorlaridan poklay borishdir. Insoniy tiriklikning asl ma'nosi va pirovard maqsadi mana shudir. Hazrat Alisher Navoiy bitgan shohbayt orqali aytganda, "Jahondin notamom o'tmak biaynih Erur hammomdin nopok chiqmoq".
       Ruhoniyat va ruhshunoslik, boshqacha aytganda, din-diyonat va ilm-fan baayni qo'sh qanotdirki, ularning juftligi va bahamjihat harakatisiz ruh qushi komil insonlikka erishish yo'lidagi yuksak parvozlarga noqobildir.
       Rivoyat qilishlaricha, ruh qushi odam bolasining tuproqdan bino bo'lgan tanasiga qarab, "Bunday zimiston g'orga kirmayman" deya tixirlik qilibdi. Ana o'shanda Alloh Taolo bir sohir kuy - qari navoni ham yaratibdiki, uning sehriga maftun-mahliyo bo'lgan jon qushi tan g'origa o'ynab-o'ynoqlab kirib ketganini o'zi ham bilmay qolibdi. San'atlar ichida ayniqsa musiqa jismi-jonimizga o'zgacha huzur-halovat baxsh etishi shundan. Nima bo'lganda ham, ruh qushi tana g'orida o'zini qanday         his qilib undan qachon qay tarzda halos bo'lishiga qarab odam bolasiga baho berib uning fe'l-atvorini o'zimizcha ta'riflaymiz: yaxshi, yomon, rasvo, ziqna, pastkash, palid... Odam bolasining ruhi, fe'l-atvori, ruhiy holati - butun siyrati uning suvrati, jismi, tashqi qiyofasida ko'zgudagidek ayon ko'rinib turadi.
       Buyuk ingliz tabiatshunosi Charlz Darvinning "Insonlar va hayvonlarda hissiyotlarning ifodalanishi" deb nomlangan antiqa bir asari bor. Avvaliga mashhur "Turlarning kelib chiqishi va tabiiy tanlanish" asariga bir bob sifatida yozib boshlangan, keyinchalik alohida kitob qilingan bu asarda alloma go'yo donishmand o'zbek xalqi yaratgan bir maqol - "Rang ko'r - hol so'r"ning naqadar purhikmat gap ekanini ilmiy jihatdan asoslab bergandek bo'ladi. Mazkur asarda aytilishicha, masalan, jahonning ko'pgina tillarida "sineva", ya'ni, "rangpar","zahil" so'zlari "ko'kimtir"dan tashqari "baxil" degan ma'noni ham anglatar ekan. Chunki baxil kimsaning ruhidagi illat jismiga o'z ta'sirini o'tkazib, uni ko'kimtir, rangpar va zahil tusga kiritib qo'yar ekan!.. "Pakana - fitna, novcha - laqma" deydi xalqimiz. Bu maqol zamirida ham buyuk tabiatshunosning yana bir tadqiqotiga tatigulik hikmat bordir. Pakana odatda o'zining jismoniy ojiz-notavonligi, pachoqqina "kichkina odam"ligini bilintirmaslik uchun ming xil fitna-fujur, makr-hiyla o'ylab topishga ustasi farang bo'ladi. Iskandar Zulqarnayndan to Lenin, Stalin va Gitlerga qadar bashariyat tarixidagi jamiki yovuz va fitnakor kimsalar mana shunday pakanagina, jikkakkina "mayda odamcha"lardir. Novcha esa, odatda shuning uchun ham laqmaki, unda o'zining novcha, norg'ul va baquvvat gavdasiga ishonch hissi kuchli bo'ladi, shu tuyg'uga asoslangan holda boshqalarga ham ishonch ko'zi bilan qaraydi. Uning Xudo bergan alpdek qaddi-qomatiga g'ayirlik nazaridagi g'alamis kimsalar esa, bu ishonchni suiste'mol qilib, har bob bilan laqillataveradilar. Shu boisdan ham ko'pincha novcha, bo'ydor, alpqomat kishilar fitnakor kimsalarning makr-hiyla tuzog'iga tushib, ko'ksidan emas, elkasidan pichoq eb o'ladilar. Necha ming yillik tariximizda Alp Er To'nga, ya'ni, Afrosiyobdan to Nomoz botirga qadar ko'pdan-ko'p bahodirlarimiz novcha-alpqomat edilar. Alisher Navoiyning padari buzrukvori G'iyosiddin kichkina ham jussasi kichkina emas, balki ikki mashhur G'iyosiddin bahodirning yoshi kichkinasi edi! O'zbek xalqining "Alpomish" dostonidagi Hakimbek va yo Alisher Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonidagi Farhod esa, tabiiyki, mubolag'aga moyil badiiy asar qahramonlari sifatida hayotiy qahramonlarga nisbatan yana-da novcharoq, bo'ydorroq, alpqomatroqdir.
       Bizning Turkistonimizda shunday qadim turkiy maqollardan biri hozirga qadar saqlanib qolgan: "Tusi kelishgandan tungilma". Uni hozirgi o'zbek adabiy tiliga so'zma-so'z o'girsak, "Chiroylidan bezor bo'lma" demakdir. Odatda chiroyli, xushbichim, yuzida farishtasi bor, jismonan sog'lom odamning ruhiy olami ham go'zal, oqko'ngil, sofdil, yuragi toza bo'ladi. "Sog' tanda sog'lom aql" maqolidagi "aql" so'zi zamirida ko'ngil, dil, qalb, ruh ham nazarda tutiladi, albatta. Va, aksincha, jismoniy biron-bir nuqsoni bor, mayib-majruh odamning ruhi ham majruh, ko'ngli siniq, shikastadil bo'ladi. Ko'zi ko'r odamning ko'zi ochiqlarga g'ayirlik va baxillik bilan munosabatda bo'lishi, "Nega men ko'rolmayapman, u ko'rayapti?" deya ich-ichdan nadomat chekishi g'oyat tabiiy ruhiy holatdir. Xullas, jismoniy sog'lomlik va tashqi go'zallik ruhiy barkamollik va ichki go'zallik bilan uzviy bog'liq hodisalar bo'lib, ular insonning har tomonlama etuk bo'lish yo'lidagi sidqidil sa'y-harakatlari, jumladan, jismoniy tarbiyasi, jismidagi har bir a'zoni jonkuyarlik-g'amxo'rlik bilan parvarishlashining qonuniy hosilasidir. Rivoyat qilishlaricha, qiyomat kunida odam bolasining jismidagi har bir a'zo o'z sohibining fe'l-atvori xususida "meni pok tutdi","meni nojo'ya ishlarga yumshamadi" deya guvohlik berar ekan. Hattoki bu foniy dunyoda ham, deylik, ko'zlari olazarak, qarashlari bejo, badbashara, quloqlari qanqaygan, burni tanqaygan, qo'li egri, oyog'i qiyshiq... kimsalarning butun turqi-tarovati va har bir a'zoyi badani uning siyrati, ruhiyati xususida bizga guvohlik berib turgandek bo'ladi... Xalqimizning eng yomon qarg'ishlaridan biri "Betingdan buzilgur" ekani bejiz emasdir. Chunki harom-harishga bo'g'zigacha botgan fohisha va yo xotinboz dastavval betidan buzilib boshlaydi, ana shundan keyingina biron teri-tanosil kasaliga giriftor bo'ladi... Xullas, har jihatdan sog'lom va go'zal insonning ruhi tushkun, g'amgin, miskin bo'lishi va yo, aksincha, o'lim to'shagida ozib-to'zib obdon hunuklashgan qariyaning ruhi ko'tarinki, kayfiyati chog', xushnud-baxtiyor bo'lishi favqulodda yasama, notabiiy, zo'rma-zo'raki holatdir.
       Ruhiy holatdan tashqi qiyofa va hatti-harakatga nisbatan ham yaqqolroq dalolat beruvchi narsa, albatta, aytilayotgan gap-so'z va uning aytilish ohangidir. Masalan, qo'l qovushtirib, qulluq qilib, mo'mingina bo'lib turgan odamning "Faqir qulingiz" qabilidagi lutf-karamini yuzaki tushunib, andishaning otni qo'rqoq qo'yib, nopisandlik bilan quldorning qulga muomalasini qilish... kaltabinlik ham, noinsoflik ham mana shudir. Aslida "Meni xudodek ko'ryapti-ya, hurmatni qarang, kamtarlikni ko'ring!" qabilida o'ylashga, o'zgalarni ham lutf-karam nazari bilan qarashga undovchi tagdor va purma'no "bir so'z" bu! Aksincha, gerdayib turib "Bilasanmi, men kimman?" qabilidagi dag'dag'a-tahdidli savolni ko'ndalang qo'ygan odam, salomga yarasha alik deganlaridek, "Sen ham o'zimiz qatori bir bandai ojizsan-da! Har qalay, Aflotun emasliging aniq!" singari nordongina javob olishi tabiiy. Ijtimoiy hodisa sifatidagi insonning kamoli-yu zavoli avvalo mana shunday gap-so'z, muomala-munosabatning qonuniy hosilasidir. Nafaqat muayyan tashqi qiyofa, jismoniy holat, rang-ro'y, avvalo SO'Zning buyuk ta'sir qudratini chuqur his qilgan Ahmad Yassaviy va Boborahim Mashrabdek ulug' so'z san'atkorlari bo'lmish avliyoi kiromlar, garchi o'zlari o'zlarini "Qul Xo'ja Ahmad" va "Devona Mashrab" deya kamtarlik, hokisorlik, faqiru haqirlik bilan tilga olsalar-da, ular aytgan har bir so'zning qadrini yaxshi bilgan nuktadonlar, aksincha, bu zoti shariflarni "Hazrati Sulton" va "SHoh Mashrab" deya ulug'laganlar.
       Odam bolasining suvrati va so'zida ifodalanuvchi siyrati - ruhiy holatini ruhoniylik va olimlikdek qo'sh nigohi bor yozuvchining ko'zi bilan qarab atroflicha tahlil qilganingiz sayin biri biridan ajoyib-g'aroyib manzaralarni ko'raverasiz. Ayniqsa, so'zda ruhiy holatning qay tarzda aks etishiga zehn qo'yib qarasangiz, so'z ustasi - so'z san'atkori bilan oddiygina ezma-vaysaqi va yozg'uvchi-nazmboz o'rtasidagi osmon bilan ercha farqni ayon ko'rishingiz mumkin. Bu borada donishmand o'zbek xalqining har bir so'zi, iborasi, maqoli, latifasi, afsona-rivoyati..., aytish mumkinki, tilloga teng. Masalan, "Eski hammom - eski tos" iborasini olib, shu uchtagina so'zning mag'zini chaqib qarang! Yaqqol manzara ham, aniq ruhiy holat ham, tagdor ifoda ham, qo'ying-chi, olam-olam ma'no shu bir ibora - uchtagina so'z zamiriga san'atkorona singdirilgan. Eski hammom - bu dunyoning, eski tos - har bir insonga tegishli narsa, bisot, nasibaning timsolidir. Bugina emas. Birgina "tos" so'zida qo'shaloq ma'no ifodalangan. Gap shundaki, tilimizda tog'ora ham, dumg'aza ham "tos" deb ataladi. Iboradagi "tos" so'zini xohlasangiz - tog'ora, hohlasangiz - dumg'aza, boshqa so'zlar bilan aytganda, orqa, ket, chatanoq deb tushunaverasiz. Torgina hammom misolida keng dunyoni obrazli idrok qilish, shu bir obrazda butun ruhiy holatni jonli va lo'nda aks ettirish... ulkan so'z san'atkorigagina muyassar bo'ladigan ulkan mahorat, albatta. Ayni mahoratni chuqur his qilgan odam so'z san'atining yana bir mumtoz namunasi bo'lmish "Siqqanga ham bittangga, sig'maganga ham bittangga" maqoli zamiridagi teran ma'noni to'g'ri tushuna oladi. Tarix darsligida qachonlardir bir oyog'ida bazo'r tik turgan dehqonning suvrati bo'lardi, ko'rganmisiz? "Qutlug' qon" romanidagi Yo'lchiga o'xshab eridan ajragan dehqonning ham ijtimoiy, ham jismoniy, ham ruhiy holatini ayon ko'rsatuvchi suvrat u! Xuddi shunday, ikki oyog'i bir etikka tiqilib, do'ppi tor kelib, o'ta tang ahvolda qolgan va bu mushkulotni ham kulib enga olgan donishmandlikda benazir xalqning nishonga bexato urilgan o'qdek o'tkir hikmatli gapi-da bu! Maqolga asos bo'lgan rivoyat, tabiiyki, yana-da purhikmatroq.:emishki, bir poshsholikda shunday yangi soliq turi joriy qilinibdi: mamlakatning jamiki fuqarosi bir chekkadan bitta-bitta tog'oraga o'tqazilib, orqasi tog'oraga sig'sa ham, sig'masa ham bir tangadan soliq undiriladigan bo'libdi!.. "Maqsad kishi boshiga bir tangadan soliq undirish ekan, tog'oraga o'tqazib ovora bo'lishning nima keragi bor?" deya ajablanarsiz balki? Aslo-aslo ajablanmang! Axir, mazkur rivoyatning yuksak badiiyat namunasi sifatidagi qizig'i, maza-matrasi, qaymog'i ham mana shunda-da! Axir, asosiy maqsad soliq undirish emas, ko'ngli tusagan noma'qulchilikdan qaytmaydigan o'taketgan pastkash kimsaning soliq bahonasida odam bolasini "hazrati inson" sharafiga nomunosib bir tarzda ahmoq, ovora-sarson, kalaka kilish, ruhini cho'ktirib, insoniy sha'n-shavkati va g'ururi-iftixorini poymol qilib, o'zi bilan barobarlashtirib, qora ko'nglidagi eng pastarin xumorini yozish...
       Biz badiiy nasrning eng mo''jaz shakllari, qatrada quyosh aks etgandek o'zida olam-jahon ma'nolarni birlashtirgan badiiyat nuqralari - ibora, maqol va rivoyatda muayyan ruhiy, shuningdek, jismoniy va ijtimoiy holatning nechog'li teran ifodalanganini birrovgina ko'zdan kechirdik, xolos. Ko'rinib turibdiki, xalqning qudratiga taraf yo'q! Jahonning eng ulug' so'z san'atkorlari o'z mahoratlarini jamlaganlarida ham xalqning birgina kiroyi iborasi, maqoli, latifasi va yo rivoyatini yaratolmaydi. Shu ma'noda buyuk Cho'lponning "Xalq dengizdir, xalq to'lqindir, xalq kuchdir" satri xalqning go'zal shoirona ta'rifigina emas, xalq so'zi - xalqona so'zning qudratidan yaqqol dalolat hamdir.
       Xalqning har bir so'zini teran his qilgan qalamkashning, deylik, musavvir, haykaltarosh, bastakor va boshqa jamiki ijodkor ziyolilar, hattoki o'qituvchi-murabbiy va olim-allomadek so'z bilan ish ko'ruvchi malakali mutaxassislardan afzal jihati avvalo shundaki, u so'zdan ham hissiy bilish, ham aqliy bilish, ham shu ikki bilish shaklini o'zida yuksak darajada uyg'unlashtirgan ruhiy holat, ruhiy kechinma, ko'ngil ko'zi, savqi tabiiy, tahayyulni bilishning muhim vositasi va o'zining hal qiluvchi ahamiyatga ega ish quroli sifatida foydalana oladi. Ayni shu imkoniyatining sharofati bilan so'z san'atkori, ayniqsa, shoir boshqa ziyolilarga nisbatan xalqqa ruhan yaqinroq turadi, uning ko'ngliga, ko'nglidagi eng pinhoniy nuktalarga yo'l topa oladi. Ma'lumki, shoir o'zining eng botiniy kechinmalarini she'rda ro'y-rost ifoda va izhor qilar ekan, istasa-istamasa, o'zining muayyan ruhiy holatini so'zda tahlil, taftish va tadqiq qiladi. "Har ne istarsen, o'zingdin istagil" deganlaridek, shoirning so'z vositasida o'z ko'ngliga, ko'nglidagi eng botiniy tuyg'ulariga nechog'li teran nazar tashlay olish qobiliyati uning qanchalik xalq shoiri - xalqona shoirligidan yaqqol dalolat berib turgandek bo'ladi. Yangi davr o'zbek adabiyotida Abdulhamid Cho'lpon, Hamid Olimjon, G'afur G'ulom, Mirtemir, Erkin Vohidov va Abdulla Oripov she'riyatlari bunday xalqona so'z vositasida ko'ngil ummoniga cho'mish va muayyan ruhiy holatni tahlil qilishning tobora teranlashuv yo'lini muxtasar ko'rsatgandek bo'ladi. Endi she'riyatda odam va olam , xalq va bashariyat, o'tmish va zamon... xususidagi intihosiz kechinmalarni she'riyatimiz sarchashmasida turuvchi Ahmad Yassaviy hazratlari tilga olgan "uch yuz oltish tomir, to'rt yuz qirq to'rt so'ngak"dan, hozirgi atama bilan aytganda, "qalb prizmasi"dan o'tkazib ifodalash, muayyan ruhiy holatning asl she'riy tahlilini Abdulla Oripovdan, bu shoirning "O'ylarim", "Bahor", "Avlodlarga maktub", "Muhabbat" singari eng mumtoz she'rlaridan oshirish... endi hech kimga hech qachon muyassar bo'lmaydigandek.... Lekin ruhiy holat tahlili bobida badiiy nasrning, ayniqsa, zamonaviy o'zbek nasrining to'plagan tajribalari she'riyatimizga nisbatan kamroq, imkoniyatlari esa, aksincha, ko'proqdir. Bunga amin bo'lish uchun hikoya, lavha, ocherk, badia, qissa, doston kabi nisbatan ixchamroq nasriy janrlarni qo'ya turib, o'zbek romanchiligining sakson yillik tarixiga ayni nuqtai nazardan ko'z tashlash bu o'rinda kofoya qiladi deb o'ylaymiz.
       "Qisasi Rabg'uziy", "Mahbub ul qulub", "Boburnoma" kabi mumtoz badiiy nasrimizning umriboqiy obidalari yuksak mahorat bilan aytilgan badiiy so'z namunalari sifatida beqiyos ahamiyatga ega, albatta. Lekin o'zbek badiiy nasrida so'z vositasida go'yoki jonli odam qiyofasini badiiy gavdalantirish, nasrda to'laqonli adabiy qahramon siymosini yaratish Abdulla Qodiriy ijodi, xususan, "O'tkan kunlar" romanidan boshlandi. Yana shunisi ham borki, o'zbek romanchiligining asoschisi o'zining "O'tkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlarida u yoki bu adabiy qahramonning insoniy qismati, boshidan kechirganlari, sa'y-harakatlari, tashqi qiyofalarini ipga tizilgan marjondek izchil va aniq-tiniq tasvirlab ko'rsatish, ayrim hollarda esa, ta'riflash yo'lidan boradi. Garchi jahon romanchiligining yutuqlaridan yaxshigina xabardor bo'lsa-da, an'anaviy dostonlar ruhida tarbiyalangan o'zbek kitobxonining idrokini nazarda tutgan holda qahramonning muayyan ruhiy holati, o'y-kechinmalari, ruhiy olamini mutlaqo tahlil etmaydi. Mohir rassom va yo rejisserdek ichki dunyoni tashqi qiyofada va hatti-harakatlarda berishni ma'qul ko'radi. Xolbuki, deylik, "Otello" fojiasidagi Otello obrazining beqiyos ta'sir qudrati bu rolni qoyilmaqom ijro etayotgan Abror Hidoyatovning tashqi qiyofasi va hatti-harakatlarida, hattoki gapirayotgan gaplarida emas, buyuk akter har bir so'zga joylagan yoniq qalb kechinmalari, ehtiroslar quyuni, qalb qo'ri, yurak yolqini, pafos, qo'ying-chi, ruhiy holatning qoyilmaqom akterona tahlilidadir. Jumladan, "uv-v-v" va "im-m-m" singari uvvos va imolardadir. Demoqchimanki, masalan, Abdulla Qodiriyning o'rnida Fedor Dostoevskiy va yo Odil Yoqubov bo'lganida, deylik, sevimli xotini Kumushni sevmas xotini Zaynab zaharlab o'ldirganidan keyingi Otabekning ruhiy holatini - ayni shu ruhiy holatni butun boshli bir romanda atroflicha tahlil etishi ehtimol edi. Lekin Abdulla Qodiriy, yana takrorlaymiz, jahon romanchiligining bu boradagi yutuqlaridan xabardor bo'lgani holda, o'zbek kitobxonining idrokini nazarda tutib, qahramonning muayyan ruhiy holatiga chuqur kirib boishdan o'zini tiyadi, ruhiyatni tahlil etmaydi, balki uni tashqi qiyofada va hatti-harakatlarda ko'rsatadi.
       Agar o'zbek romanchiligiga Abdulla Qodiriy asos solgan bo'lsa, o'zbek romanida ruhiy holat tahliliga asos solgan yozuvchi, shak-shubhasiz, Abdulhamid Cho'lpondir. "Kecha va kunduz" romanida atigi birgina o'rinda ruhiy holat tahlili namunasini ko'ramiz. Bu Bibi Maryam (Mariya Stepanovna Astrova)ni islovatxonadan olib chiqib, jismonan tozalanish va ruhan poklanish yo'lini qidirib turgan Miryoqubning o'z-o'zini sud qilishi bilan bog'liq iztiroblari qalamga olingan sahifalardir. Asardagi boshqa biron qahramon biron joyda o'z-o'ziga aqalli birrovgina nazar tashlab, qalbiga quloq solmaydi. Deylik, Stendal qahramonlari singari ichki nutqqa, iztirobli o'ylarga berilmaydi. Aqalli biron marta "Nima qilyapman o'zi?" deya o'ylab ko'rmaydi. Faqat pichoq borib suyakka qadalganida - bor-yo'q bud-shudlari, ko'zlarining oqi-qorasi, yolg'iz zuryodlari Zebi Sibirga surgun qilinganida munis-mushtipar ota-ona beixtiyor portlaydi: Qurvonbibi fitna aqldan ozadi, Razzoq so'fi piri murshidi Hast Eshonning qotiliga aylanadi. Razzoq so'fining Eshonga qarata aytgan gaplari "Kecha va kunduz" romanidagi nasriy so'zning badiiy jihatdan eng yuksak cho'qqisi, chunki u oddiygina gap emas, dil so'zlari, yurakdan aytilgan gap, nafaqat Eshon, balki jami tinglovchilar va o'quvchilar oldiga ko'ndalang qo'yilgan jiddiy savollar, jon achchig'ida aytilgan achchiq va haq SO'Z!.. Asar so'nggida aqldan ozgan Qurvonbibi fitna tilidan Zebi ta'rifida keltirilgan she'riy satrlar esa, nafaqat munis-mushtipar onaning dil rozi, balki butun asarning avj pardasi, qahramon ruhiy holatini she'riy tahlil qilishning go'zal namunasi hamdir.
       Abdulhamid Cho'lpondan keyin o'zbek romanida ruhiy holat tahlili bobida olg'a qo'yilgan yangi bir qadamni avvalo Abdulla Qahhorning "Sarob" romanida ko'ramiz. Asarning bosh qahramoni Rahimjon Saidiy o'zbek adabiyotida voqealar tasviri asosida emas, o'y-kechinmalar ifodasi, ruhiy holat tahlili asosida badiiy gavdalantirilgan ilk adabiy qahramon sifatida biz uchun alohida qadrlidir. Shu ma'noda "Sarob" o'zbek adabiyotidagi dastlabki psixologik romandir. Saidiy muttasil o'z-o'zini taftish qiladi, o'zligini va o'zining borar manzilini anglab etishga baholi qudrat urinib yashaydi. O'zi intilgan manzil, yozuvchining so'nggi hikoyalaridan birining nomidan foydalanib aytganda, "Nurli cho'qqilar" emas, nihoyati "Sarob" bo'lib chiqqaniga uzil-kesil amin va dil-dildan iqror bo'lgach esa, yashashga nisbatan o'limni afzal ko'radi. Butun boshli roman, ayniqsa, asarning so'nggi sahifalari qahramonning ayni shu o'limini ham badiiyat, ham mantiq, ham ichki fe'l-atvor va xudbin shaxs ruhiyati nuqtai nazaridan atroflicha asoslashga mohirona yo'naltiriladi. Ayniqsa, qahramonning o'z-o'ziga da'vati, o'zini o'zi o'ldirishga chaqirishi va bu ishining to'g'riligini o'zicha asoslashi qog'ozga tushirilgan o'rinlar "Kecha va kunduz" romanidan keyin ruhiy holat tahlilining yana bir go'zal namunasini beradi.
       "Sarob"dan keyin o'zbek romanchiligi tarixida dunyoga kelgan bir necha yuzlab asarlarda, ayniqsa, "Qutlug' qon", "Ufq", "Mash'al", "Umid", "YUlduzli tunlar", "Odam bo'lish qiyin", "Girdob" asarlarida ruhiy holat tahlili bobida muayyan tajribalar to'plandi. Lekin Odil Yoqubov yaratgan olti roman, ayniqsa, adib ijodining o'ziga xos gultojlari bo'lmish "Ulug'bek xazinasi" va "Diyonat" romanlari bu borada favqulodda ibratli jihatlarga ega, aytish mumkinki, o'zbek romanchiligi tarixidagi benazir asarlardir.
       Odil Yoqubovning "Ulug'bek xazinasi" romanida adabiyotimizdagi Mirzo Ulug'bek mavzuida va, umuman, o'zbek romanchiligida amalga oshirilgan o'ziga xos inqilob avvalo shunda ko'zga tashlanadiki, mazkur asarda ilk bora muayyan qahramonning boshidan kechirganlarini xronologik tartibda bir chekkadan hikoya qilib berish, ya'ni, voqeanavislikdan butkul voz kechilib, butun diqqat-e'tibor qahramonning boshidan emas, ko'nglidan kechayotgan oqim - ruhiy holatlar tahliliga qaratildi. Buning uchun Mavorounnahr taxtida qirq yil hukmronlik qilgan Mirzo Ulug'bek hayotining so'nggi tahlikali kunlari olinib, bu kunlarga, eslash-eslatish, lirik chekinish, o'y-mushohada va boshqa ruhiy tahlil vositalari orqali oylar, yillar, hattoki asrlar, aytish mumkinki, baayni "Ziji Ko'ragoniy"dek zichlab sig'dirildi. Mazkur asar uchun muhimi Ota - Ulug'bekning toj-taxtdan mosuvo etilishi va Farzand - Abdullatifning taxtni egallashi, o'g'ilning o'z otasini o'ldirishi - padarkushlik insoniyat tarixidagi, deylik, "Shoh Edip" va "Qirol Lir" fojialarida qalamga olinganidek umumbashariy hamoqatning o'zi emas, bu ko'rgilikning har bir qahramon, har bir ko'ngilda uyg'otgan aks-sadosi, ruhiyatlarda ro'y bergan o'ziga xos to'fonlardadir. Qizig'i shundaki, Ulug'bek, Abdullatif, Ali Qushchi, Mavlono Muhiddin, Hoja Salohiddin zargar, Qalandar Qarnoqiy singari har bir qahramonning o'zigagina tegishli qalb haqiqati, jumladan, padarkushlikdek mash'um fojia va uning oqibatlariga o'zining shaxsiy munosabati bor! Bir asarda o'nlab qahramonlarning ruhiy olamlariga tiyran nazar tashlash va ularni bir nuqtaga - Mirzo Ulug'bek bunyod etgan ma'rifat xazinasiga munosabatda jamuljam qilish... o'zbek romanchiligida, hattoki jahon romanchiligida ham misli ko'rilmagan hodisa edi. "Diyonat" romanida esa, bu hodisa qariyb ikki barobar kengroq miqyoslarda sodir bo'ladi. Asarda bosh qahramon Normurod Shomurodov, yana bir etakchi qahramon Otaqo'zi Umarov, shuningdek, Jamol Bo'riboev, Vohid Mirobidov, Haydar va boshqa jami ellikka yaqin insonlarning ruhiy olamlari va ularning har birining diyonat tushunchasiga betakror shaxsiy munosabatlari, o'nga yaqin oilalar muhiti atroflicha ochib ko'rsatiladi. Ayni chog'da shu adabiy qaharmonlar va oilalar misolida o'zbek xalqi hayotining eposga xos keng panoramasi chiziladi.
       O'zbek romanchiligi va undagi ruhiy holatlar tahlili san'atining tadrijiy takomilida betakror o'rin tutuvchi bu ikki roman boshqa bir qator ibratli jihatlarga ham ega. Agar "O'tkan kunlar"da XIX asrning birinchi yarmi, "Mehrobdan chayon"da shu asrning ikkinchi yarmi, "Kecha va kunduz"da mazkur asrning so'nggi o'n yilligi, "Qutlug' qon" bilan "Sarob"da XX asr boshlari, "Navoiy"da esa, XV asrning ikkinchi yarmida yashagan o'zbek xalqining hayoti va ruhiy holati haqqoniy aks ettirilgan bo'lsa, "Ulug'bek xazinasi"da XV asr (qariyb bir asr!), "Diyonat"da esa, XX asr (asrning 10-yillaridan to 70-yillariga qadar) eslash, muqoyasa qilish, qayta idrok etish kabi ruhiy tahlil vositalari orqali lo'nda va haqqoniy tarzda badiiy gavdalantirib berildi. Agar bu har biri qariyb bir asrlik tarixni xronologik izchillikdagi tasvirda ko'rsatuvchi an'anaviy yo'lda yoritilganida bir necha o'nlab jildlik asarlar ham kamlik qilishi ehtimol edi. Lekin bizning oldimizda ko'p jildlik yilnomalar va jangnomalar, boringki, "Shohnoma" ham emas, ta'bir joiz bo'lsa, ruhnoma, inson ruhi va qismati nuqtai nazaridan qayta yaratilgan tarix, ko'hna tarixning tom ma'nodagi badiiy in'ikosi turibdi. Darhaqiat, "tarixnavis adibning ishi tarixchi olimning ishi tugagan joydan boshlanadi" degan gap teran ma'noli gap. "Ulug'bek xazinasi" va "Diyonat" romanlari buning yaqqol dalilidir
       Mazkur ikki roman va ulardan keyin dunyoga kelgan talaygina asarlarda ruhiy holat tahlili bobida to'plangan boy tajribalar kelgusida ulkan tadqiqotlarga asos bo'lib xizmat qilishi shubhasiz.
       Kamina bundan qariyb o'ttiz yil avval "Toshkent oqshomi" gazetasida atoqli adibimiz Odil Yoqubov tahriri ostida e'lon qilingan dastlabki adabiy-tanqidiy maqolam - "Ruhiyatlar birligi"dan keyingi ko'p yillik ijodiy izlanishlarim yakunlarini "Ruhiyat ehromi" deb nomlangan mazkur maqolalar turkumida bir qadar umumlashtirishga harakat qildim...Mazkur uchinchi maqolada inson ruhining tashqi qiyofa, hatti-harakat va gap-so'zda zuhur ko'rsatishi, siyratning suvratda namoyon bo'lishi va, nihoyat, eng ulkan suvrat, badiiy polotno - romandagi ruhiy holat tahliliga doir ayrim shaxsiy kuzatishlarimni muxtasar bayon qildimki, ular yoshlarimiz, ayniqsa, ijodkor yoshlarimiz uchun foydadan holi bo'lmas degan umiddaman.

Ruhiy qadriyat
      
       Odam bolasi shu qadar azizu mukarram, ulug'u muhtaram qilib yaratilganki, o'n sakkiz ming olamdagi hadsiz-xisobsiz farishtalar unga muttasil takbiru tahsin, olqishu ofarin aytadi. Tasavvur qilyapsizmi, Alloh Taolo Hazrati Odamni naqadar ulug'vor o'zligiga mos va muvofiq, cheksiz qudratiga yarashadigan mo''jizaviy hilqat qilib yaratgan! Avvalo ongli mavjudot qilib yaratgan! Boshqa mahluqotlarga ravo ko'rilmagan cheksiz imkoniyat - tafakkur baxti, fikrlash saodatini baxsh etgan. So'ngra xotira, iroda, idrok va yuksak insoniy tuyg'ular - muhabbat, do'stlik, sadoqat, mehr-muruvvat, shafqat, oqibat, insof, sha'n-shavkat, qadr-qimmat... singari ko'pdan-ko'p ganjinalar baayni anor donachalaridek o'zaro sig'ishib yashaydigan inja ko'ngil, keng yurak, sof dil, pokiza qalbni o'z bandalari orasida faqatgina odam bolasiga beminnat baxshida etgan. Xullas, o'z ruhining bir qismini Odamga bag'ishlab, uni oddiygina jonzot (jonivor, mahluq, hayvon, mol) emas, Hazrati Inson qilib yaratgan u Qodir Allohimiz.
Parvardigori Olamning chinakamiga Qodirligi avvalo shundaki, u o'zi yaratgan mo''jizaviy hilqat - Hazrati Insonning qadrini barcha mahluqotlardan, hattoki o'z huzuridagi farishtalardan ham baland tutdi. Takabburlikka berilgan sobiq farishta - Shaytoni lain insonni har bob bilan erga urib, toptab-tahqirlab, qadrsizlantirib, tuban va pastkash mahluqqa aylantirib o'zining pastarin xumorini yozishga hamisha jon-jahdi bilan urinadi, albatta. Lekin Qodir Rahmon, aksincha, insonni hamisha e'zozlaydi, yuksakliklarga chorlaydi, tubanlashish - past ketishlardan qaytaradi, har bob bilan Hazrati Inson sifatidagi qadr-qimmatini oshirib-toshiradi. Qadrning qadrini Qodir biladi-da, axir!
       Qadr bilmas qarindoshdan qadr bilar yot yaxshi, deydi xalqimiz. Bu hikmatli gap donishmandlikda benazir halqimizning ham nechog'li Qodirligini, shu bois qadrning qadrini naqadar baland tutishini ayon ko'rsatib turibdi.
               Qancha baland tutsangiz so'zingizni,
               Ondin baland tutg'aymiz o'zingizni
       Shoh va shoir Husayn Boyqaroning qadrdon do'sti Alisher Navoiyga bag'ishlab bitgan bu chinakamiga shohbayti nafaqat Hazrati Inson qadri, balki u aytayotgan har bir so'z (lutf, lafz, kalom) qadrini ham baland tutgan, o'zining "xudoning erdagi soyasi" ekanini dil-dildan teran his qilgan donishmand va bag'rikeng hukmdorning zukkoligi, oliyjanobligi, samimiyligi, xullas, tom ma'nodagi qadrdonu qodirligini qatradagi quyosh aksidek ayon ko'rsatib turibdi. Buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning benazir ijodi shu hayotbaxsh va mo''tadil iqlimda o'sib-ungandir...
       Qadrdon do'st - do'sti qodir! Kim u? Avvalo o'zining, qolaversa, boshqa insonlarning qadrini biladigan, hamisha yuksak qadrlaydigan, hattoki ashaddiy raqibi va qattol dushmanini ham o'ziga do'st tuta olgan odam. O'zining va o'zgalarning qadrini ketkazmaydigan, aksincha, qadrini oshiradigan odam. Bunday odam yana "sadoqatli do'st - do'sti sodiq", "qiyomatli do'st" deya ulug'lanadi. Bunday do'stlardan har birimizning qalbimizga eng yaqini, albatta, Haq Do'stdir, ya'ni Alloh Taoloning O'zidir. Shuning uchun ham qadimgi darvish-qalandarlar zikrida eng ko'p qo'llanuvchi xitob "Haq Do'st yo Alloh"dir. "Darvish ota", "avliyolar sarvari", "shayxulmashoyix" sifatida jahonda dovrug' qozongan Ahmad Yassaviy hikmatlarida eng ko'p qo'llangan xitob, murojaat, chaqiriq, da'vat, tabiiyki, "do'stlar" so'zidir. Bizga zamondosh shoir Azim Suyunning "Ey do'st" turkum to'rtliklari ("Yangi asr avlodi", 2005) ham Alloh Taolo va uning eng yaqin do'sti - Payg'ambari Akramdan to sinfdosh jo'ra hamda oddiygina o'quvchiga qadarlik jamiki do'stlarga baravariga murojaat, ya'ni o'ziga xos munojotdir. Kamina "Ulus (Forobiyning do'sti)" nasriy dostonimda ("Sharq yulduzi" jurnali, 2000 yil, 2-son) bir tomonda - Ulusni, bir tomonda Janobi Haqni, boshqacha aytganda, bir tomonda - Xalqni, bir tomonda - Halloqni o'ziga do'sti sodiq deb bilgan, bu har ikki do'stni yuksak qadrlovchi chin do'st izlab ota yurtiga bosh urib kelgan buyuk alloma, muallimi soniy Abu Nasr Forobiyning ruhiy olamini yoritishga baholi qudrat harakat qilgan edim.
       Kundalik muloqotlarda bir-birimizga, hattoki eng ashaddiy dushmanlarimizga ham "Ey muttahamlar!", "Hoy ablaxlar!", "O-o, pastkashlar!" qabilida emas, aynan "Aziz do'stlar!", "Muhtaram falonchi!", "Qadrli tuvlanchi!" deya murojaat etishimizda asrlar tasdig'idan o'tgan ulug' bir hikmat bordir. Bunday murojaatlarda insonni e'zozlash tajribasi, inson qadrini baland tutish ishtiyoqi, ezgulik istagi, yaxshilikka intilish mujassamdir. Zotan, o'zining insoniy qadrini anglash ishtiyoqi odam bolasining qonida bor.
       Qur'oni Karim nozil bo'la boshlagan kecha,ramozon oyining yigirma ettinchi kechasi "Laylatulqadr", ya'ni "Qadr kechasi" deb atalishini ko'pchilik yaxshi biladi. Rivoyat qilishlaricha, qadr kechasini bedoru xushyor o'tkazgan odamning hayotida shunday mo''jizaviy lahzalar sodir bo'lishi ehtimol ekanki, uning olgani - oltin, tutgani - tillo bo'lib qolarmish. Buning teran ma'nosi bor, albatta. Laylatulqadr shuning uchun ham qadr kechasi deb ataladiki, odam bolasi o'zining eng yuksak qadri, eng oliy qimmatini ayni shu kechada topdi. Chunki Qur'oni Karim Hazrati Insonning qadr-qimmatini Arshi A'loga olib chiqqan, uning qadrini osmon qadar yuksaltirgan ilohiy kalom - Kalomulloh bo'lib, Hazrati Inson sha'niga bitilgan eng buyuk va eng beqiyos qasidadir. Yana rivoyat qilishlaricha, "Injil" nozil bo'lishidan avval bu olamda tabobat ilmi shu qadar taraqqiy etgan ekanki, ikki narsa - otasiz tug'ilish va o'likni tiriltirishdek mo''jizagagina u qodir bo'lolmay turgan ekan. Ana o'shanda Iyso alayhissalom Xudo yorlaqab bu ikki mo''jizani o'zida mujassamlashtirgan holda dunyoga kelgan ekan. Xuddi shuningdek, Qur'oni Karim nozil bo'lish arafasida arab she'riyati shu qadar taraqqiy etgan ekanki, arablar orasida, masalan, "rus she'riyatining quyoshi" Pushkin vafotidan keyin aytilganidek, "she'riyatda endi yozadigan gap ham qolmadi, hammasi aytilib bo'lindi" qabilidagi fikr ustivor ekan. Ana o'shandan keyin nozil bo'lgan Qur'oni Karimning har bir oyati karimasi mag'zini chaqqan ne bir malikushshuarolar "Yo'q, bunday shohbaytlarni odam bolasi bitolmaydi! Darhaqiqat, Alloh Kalomi - Kalomulloh bu!" deya iymon keltirgan ekanlar. Mana, o'n to'rt asrdan buyon ne bir mukallimlar, mufassirlar, muallimlar Kalomullohning mag'zini chaqqani sayin iymonda sobitroq bo'lmagan deysiz! Ayniqsa, Qur'oni Karimning jamiki suralariyu oyatlarini yod bilgan quvvai hofizasi baland qori - qiroatgo'y, duogo'y zotlar!.. "Oltin olma, duo ol, Duo oltin (oldin, ortiq) emasmi!" deydi donishmandlikda benazir halqimiz. Binobarin, qadr kechasida odamning tutgani - tillo, olgani - oltin bo'lib qolishi xususidagi rivoyatni yuzaki tushunmaslik kerak bo'ladi. Chinakam Qoridek tom ma'nodagi nuroniy, ruhoniy, duogo'y, avliyo zotning olgani - oltin, tutgani - tillo bo'lishi tabiiy. Lekin u inson qadrini, o'zi va o'zgalarning insoniy sha'n-shavkatini har qanday oltinu tillolardan balandroq tutishi muqarrardir. Zero, qadrni bilgan odamga dilidagi ruhiy ganjina qo'lidagi moddiy xazinaga nisbatan chandon qadrliroqdir.
       Naql qilishlaricha, qirolicha buyuk dramaturg Bernard Shoudan "Hamma ayollar sotiladi debsiz, men hammi?.." deb so'ragan ekan, buyuk dramaturg "Sizning narxingiz o'n ming funt sterling" deya javob beribdi. Qirolicha "SHuginami?" deya ginaxonlik qilib boshlagan ekan, Bernard Shou aytibdiki, "Mana, ko'rdingizmi, janobi oliyalari, hattoki siz ham o'z narxingizni oshirish uchun savdolashib boshlayapsiz!"..
Qirolichadir va yo oddiygina oqsoch, hukmdordir va yo oddiygina cho'pon, ayniqsa, qori, eshon, mufti, shayx..., xullas, ruhoniy zot har qanday og'ir vaziyatda ham nafsga erk bermay, moddiy boyliklarga sotilmadimi, bas, u o'zining insoniy qadrini biladigan odam, tom ma'nodagi Haq Do'st - Haqning Do'sti, chinakamiga Qodirdir.
       Lekin odam bolasining baloyi nafsi ne bir ruhoniy zotlarni ham ruhan yuksalgani qo'ymay, tubanlik va pastkashlik chohiga sudrab, nochor-notavon bandai ojizga aylantirmagan deysiz! Odam bolasi, masalan, Sadriddin Ayniyning "Sudxo'rning o'limi" qissasidagi Qori Ishkambaga o'xshab o'tkinchi dunyoning qo'l kiridek omonat mol-davlatini qo'sh changalida tutamlab turishga behuda urindimi, bas, o'zining insoniy va ruhoniy sha'nini erga urgan bunday pastarin zot baayni Iskandar Zulqarnayndek bu yorug' olamdan ochiq qo'l bilan ketibgina qolmaydi. O'z qalbidagi oltin bilan tillodan ming chandon qadrliroq ganjinalardan ham mosuvo bo'ladi. Bunday notavon kimsa, albatta, hech qachon Qodir bo'lolmaydi.
       Chinakamiga Qodiriy bo'lgan buyuk ustozimiz o'zining "O'tkan kunlar" romanida yaratgan tom ma'nodagi nuroniy va ruhoniy zot Yusufbek hoji, garchi ruhoniy sifatida qori, mufti, shayx.emas, nihoyati hoji bo'lsa-da, adabiyotimizda o'z qadrini ham, o'zgalar qadrini ham, xalq va Halloq qadrini ham g'oyat baland tutgan eng oliy tabaqa, oliyjanob, qadri baland, qadrshunos, qadrdon zotdir. "Bu dargohdan hech kimning norizo bo'lib ketmog'i mumkin emas". Shu birgina gapda insonning o'zini va o'zgalarni nechog'li yuksak qadrlashi bor! O'z xonadonini oddiygina boshpana emas, Haq Taoloning dargohi deb bilish bor. Tilga ko'chgan shu kabi har bir so'zi, bosgan har bir qadamida ana o'sha Janobi Haqning yodi va andishasi bor, xullas, Qadr bor! Lekin "Mehrobdan chayon" romanidagi Solih MAHDUMda, "Kecha va kunduz" romanidagi Razzoq SO'FIda va HAZRATI ESHONda, "Ufq" trilogiyasidagi Inoyat OQSOQOLda.qadrdan urvoq ham yo'q. Binobarin, bu adabiy qahramonlar tom ma'nodagi ruhoniy zot emas, garchi ular "mahdum", "so'fi", "eshon", "oqsoqol" deb atalsalar-da Bular qarib quyulmagan, aksincha, suyulgan, o'z ko'ngillaridagi bebaho ruhiy qadriyatlardan mahrum bo'lib ruhan qashshoqlashgan tuban kimsalardir.
       Xalqning ishongani, suyangani, ruhiy tayanchi - mahdum, so'fi, eshon, oqsoqol, qori, mufti, shayxdek ruhoniy zotlarning ruhidan putur ketib, ular tubanlika yuz tutgan joyda ana o'sha xalqning holiga voy! Masalan, "Kecha va kunduz " romanidagi norasida qizaloq Zebining boshiga bexos yog'ilgan jamiki ko'rgiliklarning tub ildizi Razzoq so'fidek muridlarga to'g'ri yo'nalish bermagan va Akbarali mingboshidek haddidan oshgan amaldorlarni bir og'iz insofga chaqirolmaydigan, o'zi ham qalbidagi insof va qadr kabi bebaho ganjinalardan mahrum bo'lib tubanlashgan Hazrat Eshonga borib taqaladi. Xalqimizning "Eshonim deb eshagimdan ayrildim" degan istehzoli maqoli ham Xo'ja Nasriddin afandidek eng so'nggi bud-shudi, suyanchig'i, kundalik tirikchilik tayanchidan ajragan odamning ko'nglidan beixtiyor otilib chiqqan o'ziga xos oh-faryoddir.
       Rus bosqinchilari qo'llagan mustamlakachilik siyosatida hamisha islom dini peshvolari, dindor-ruhoniy zotlarni har bob bilan yomonotliq qilib, ularni xalqning nazarida olabo'ji ko'rsatish muhim o'rin tutganligi bugungi kunda ko'pchilikka ma'lum.Ayniqsa, o'tgan asrning 20-30-yillarida ne bir ruhoniy zotlar "dindor" sifatida mahv, quvg'in, badnom etilganidan keyin oddiy xalq ishonishi, suyanishi va ergashishi mumkin bo'lgan ruhiy tayanchlardan judo etilgach, buning qonuniy hosilalari sifatida urush-janjallar, qahatchilik-ocharchiliklar, quvg'in-qochqinlar, boshqa ko'pdan-ko'p kulfat-ko'rgiliklar xalq boshiga beto'xtov yog'ilaverdi-yog'ilaverdi. Baloga qarshi piri balogardon, yashinqaytargich, himoyachi bo'lmaganidan keyin.yalang boshga balo yog'averadi-da. Insof-diyonat, sabr-qanoat, iymon-ishonch, mehr-muruvvat singari bebaho ruhiy ganjinalar qadrsizlangan jamiyatda odam bolasining, Hazrati Inson hayotining pista po'chog'icha qadri qolmaydi. Bunday jamiyatda har bir inson kundalik tirikchilik ko'yiga tushib, oddiy bir jonzotdek qornining qayg'usi bilan yashashga mahkum etiladi. Hazrati Inson shu qadar qadrsizlanadiki, halq maqolida aytilganidek, "Non - payg'ambar, osh - Xudo"ga aylanib qoladi. Sho'ro tuzumining etmish to'rt yillik tarixini aqalli birrov xayol elagidan o'tkazsangiz, xalqimizning "Qornimga emas, qadrimga yig'layman" degan maqoliyu "Esiz odam, esiz odamlar" kabi qo'shiq satrlari naqadar teran ma'nolarga ega ekanini yaqqol ko'rishingiz mumkin. O'tgan asrning o'ttizinchi yillaridagi ocharchiliklar, qirqinchi yillaridagi Ikkinchi jahon urushi, 50-70-yillaridagi paxta yakkahokimligi kabi ko'rgiliklar odam bolasining tinka-madorini quritib, sog'ligidan putur ketkazib, millionlab begunoh jonlarning guldek umrini xazon qilibgina qolmadi. Avvalo eng oddiy insoniy qadr-qimmatini oyoqosti qildi. Har qadamda har bob bilan insoniy sha'nini toptadi. Sho'ro tuzumining bir qarashda farovon, to'kin-sochindek tuyuluvchi 70-80 yillarda ham o'z boyligidan boshqa na xudosini, na avliyosini nazar-pisand qilmaydigan bir hovuch xudosiz meshchanlar, zamonaviy Qorunlar iskanjasidagi oddiy xalq, bu xalqning har bir oddiy vakili muttasil zaharlanayotgan tuproqdek, qurib borayotgan Oroldek, bulg'anayotgan havodek mutlaqo qadrsiz - beqadr edi. Odam bolasi yashash uchun eb-ichishga emas, eb-ichish uchun yashashga mahkum etilgan edi. Esimda, 70-yillarning oxirlarida respublika xalq ta'limi vazirligida ishlar ekanman, yangi yil arafasida - 31 dekabr kuni vazirlikning yuzlab xodimlari kechqurun ishdan keyin bir necha soat kishi boshiga ikki kilogrammdan beriladigan muzlagan go'shtning olib kelinishini betoqatlanib kutganmiz. Yangi yil kirishiga sanoqligina soatlar qolganida ro'yxat bo'yicha har birimiz o'z tegishimizni olib uyimizga shoshilganmiz. Hozir aql bovar qilmaydi! Xolbuki respublikamizning etakchi vazirliklaridan birida ishlaydigan mas'ul xodimlar avtoritar va totalitar Sho'ro tuzumida yashashga mahkum etilgan insonlarning eng o'ziga to'qlari xisoblanardilar! Ularningki insoniy qadri shunday bo'lgach, oddiy dehqon, cho'pon, ishchining ahvol- ruhiyasini tasavvur qilish qiyin emas, albatta. Eng dahshatli tomoni shundaki, inson sha'nini tahqirlab qadr-qimmatini oyoqosti qiluvchi bunday holatlarga qarshi norozilik va isyon hissi qalblardan shafqatsizlik bilan sug'urib tashlangan edi. Kimdir beixtiyor "portlab", "Bu qanday qadrsizlik, bu qanday nohaqlik?!. O'g'ri bo'l, g'ar bo'l, insof bilan bo'l-da!" deya haqiqat va adolat uchun kurashib boshlasa, u albatta xalq dushmani, aksilinqilobchi, buzg'unchi, shikoyatchi, janjalkash, "yozg'uvchi" va boshqa shu xildagi o'ylab topilgan yorliqlar ostida badnom-yomonotliq, quvg'in-badarg'a, izza-sazoyi, balo-battar qilinar edi. Shu bois ne bir qadrshunoslar ham o'zlarining har bob bilan qadrsizlantirilayotganini ko'rib-bilib tursalar-da, dardi ichida edilar. Aksariyat "sovet kishilari" qadrsizgina emas, qadr xususidagi tushunchasiz ham edilar. Xolbuki har qanday erk, ozodlik, hurriyat, mustaqillik har bir insonning o'z qadrini, umuman, qadrni bilishidan boshlanadi.
       Odatda o'z qadrini bilmagan inson o'zining ota-onasi, oilasi, farzandlari, xalqi, vatanini ham munosib tarzda qadrlayolmaydi. Va, aksincha, o'zining insoniy qadrini chuqur anglagan odamgina xuddi o'zidek boshqa bir odamga qaram, tobe, boqimanda bo'lmaydi. Buni o'zi uchun isnod, insoniy sha'nining toptalishi deb biladi. Xuddi shunday, o'z qadrini bilgan xalq ham o'zidek boshqa bir xalqqa qaram bo'lmaydi. Boshqa bir xalq zo'ravonlik bilan o'ziga qaram qilib olgan taqdirdla ham, bunday o'z sha'niga nomunosib holatdan xalos bo'lishning yo'llarini qidiradi. Shu yo'lda kurashadi. Hind xalqining yo'lboshchisi Maxatma Gandi o'z xalqini ingliz mustamlakachiligi asoratlaridan xalos etishda qo'llagan usul - "zo'ravonsizlik kurash - tinch yo'l bilan kurash"ni olib, uning mohiyatini jiddiyroq o'ylab qarang: million-million hind xalqi bir yoqadan bosh chiqarib, yaktan, yakdil va yaknafas bo'lib bahamjihat ravishda o'z ishlarini shunday bilib-bilib qilganki, natijada bir hovuch ingliz mustamlakachilari bu xalqni amalda mutlaqo idora qilolmay, hokimiyatni qo'ldan boy bergan-qo'ygan. Oqibat-natijada o'zlarini mamlakatda butkul ortiqcha his qilib, yashayolmay qolgan va o'z ixtiyori bilan Hindistonni tark etishga majbur bo'lgan. Maxatma Gandi yo'lidan borgan ulkan siyosiy arboblardan biri, ozod Hindistonning birinchi prezidenti Javoharlal Neru esa, jumladan, shunday yo'l tutganki, masalan, Ollohoboddagi ingliz hukumati qamoqxonasida yotib ham tushkunlikka berilmagan. O'z joniga o'zi qasd qilmagan... Aksincha, ozodlikdagi qizi Indira Gandiga maktublar tarzida "Jahon tarixiga bir nazar" nomli  olamshumul asarini yozgan! Otaga va o'z otasi Neru qo'ygan Gandi familiyasiga munosib qiz va munosib nevara - ozod Hindistonning mashhur prezidenti Indira Gandi esa, o'z navbatida va o'z vaqtida, masalan, muxbirning "Hindiston jahonga nimadir eksport ham qiladimi o'zi?" degan qitmirona savoliga, jumladan, shunday javob bergan edi: "Besh ming yildan buyon Hindistonning jahonga eng ko'p eksport qilgan mahsuloti falsafadir. Hozir ham biz eksport qilayotgan eng oliy nav mahsulotimiz shu!" Ayni shunday falsafiy dunyoqarash, milliy g'urur, milliy sha'n, milliy qadrni qon-qoniga singdirgan buyuk hind xalqining ko'pdlan-ko'p asl farzandlaridan biri, masalan, mashhur akter Shohruh bosh rolini ijro etgan "O'g'irlanmagan kelin" badiiy filmi qahramoni Raj Yevropa qit'asining qoq markazidagi Tsyurix shahrida turib o'z hamrohiga deydiki, "Men hindman! Men hind qizi uchun or-nomus nimaligini juda yaxshi bilaman. Men hattoki tushimda ham suymaganga suykanib ojizaga zo'ravonlik qilolmayman. Xudoga shukur, men o'z qadrimni bilaman!"
       Moxandas Karamchand Gandi, Javoharlal Neru, Indira Gandi, Shohruh kabi buyuk hind xalqining munosib farzandlariga xos sa'y-harakat va gap-so'zlar ayon ko'rsatib turibdiki, har bir xalqning qismati nafaqat fe'liga yarasha, balki avvalo qanchalik bahamjihat-yakdilligi va xalq sifatidagi o'z qadrini qanchalik yaxshi bilishiga bevosita bog'liqdir.
       Agar bu jahon ayvonida o'z qadrini biladigan va yuksak qadrlaydigan xalq ikkita bo'lsa, ulardan biri o'zbek xalqidir. "Bosh egib yashagandan tik turib o'lgan yaxshi". O'z qadrini, o'zining insoniy sha'n-shavkatini osmoni-falakka ko'tarib aytilgan bunday maqol jahonda o'zbekdan boshqa biron-bir xalqda bormi ekan!
       O'z qadrini naqadar baland tutishi o'zbek xalqining nainki hikmatli gapida, shohbaytida, g'azalida, dostonida...ham ayon ko'rinib turadi. Keyingi qariyb bir asrdan buyon u, ayniqsa, uch nasriy janr - hikoya, qissa va romanda ayon ko'rinmoqda.
       Ma'lumki, birinchi o'zbek romani "O'tkan kunlar" jahon adabiyotining peshqadam janri - romanning, o'zbek tili va o'zbek adabiyotining qadrini tushiradigan emas, aksincha oshiradigan, oshirganda ham, jahonshumul dovrug'iga yangi dovrug' qo'sha oladigan asar bo'lib chiqdi. Bunday har jihatdan barkamol asarning ilk roman sifatida paydo bo'lishini favqulodda hodisa, hattoki tasodifiy hol deb qarash anchagina keng tarqalgan. Xolbuki bu o'rinda mutlaqo tasodif yo'q, balki aksincha ulkan qonuniyat bordir. Hamisha oqqan ariqdan suv oqqanidek, o'zbek xalqining xalq sifatidagi o'zligini, o'z qadr-qimmatini yana bir karra anglash va o'zining nimalarga qodirligini jahonga yana bir karra ko'r satish imkoniyati, salohiyati bunda mujassamdir. Zotan, Abdulla Qodiriy XX asr boshlaridagi jahon romanchiligini, o'ziga ruhan yaqinroq hind, arab va turk romanchiligini, ayniqsa, Jurji Zaydonning tarixiy romanlari, Rashod Nuri Guntekinning "Choliqushi", Ismoilbek Gasprinskiyning "Dorulrohat musulmonlari" romanlarini, bu asarlarning badiiyat darajasini juda yaxshi bilar edi. Binobarin, o'z oldida nafaqat birinchi o'zbek romanini yaratish, balki uni, xuddi Alisher Navoiy o'z "Hamsa"sini Nizomiy, Dehlaviy va Jomiy "Hamsa"laridan oshirganidek, Jurji Zaydon, Guntekin va Gasprinskiy romanlaridan oshirish vazifasi ham turganini, o'zbek xalqining xalq sifatidagi sha'ni ham shuni taqozo etishini, o'zi va o'z xalqi bunga munosib va qodirligini juda yaxshi tushunar edi. Qodiriy bu har ikki vazifani sharaf bilan qoyilmaqom qilib ado etdi! Bu ulug' ustozning Cho'lpon, Oybek, Abdulla Qahhor, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirovdek eng munosib shogirdlari ham, xudoga shukur, mustamlaka sharoitida aql bovar qilmas darajadagi mushkul vaziyatlarda ham o'zbek romanchiligining olamshumul qadrini baland tutib keldilar. Shuni komil ishonch bilan aytishimiz mumkinki, bugungi kunda jahon romanchilik maktablarining hech biridan qolishmaydigan, ba'zi bir jihatlardan, xususan, inson ruhiy dunyosiga chuqur kirib borish - teran ruhiy tahlil bobida anchagina o'zib chiqqan qudratli o'zbek romanchilik maktabi, buyuk Qodiriy o'ziga va o'z xalqiga munosib tarzda asos solgan maktab havas qilsa arzigulik darajada ishlab turibdi. Lekin ochig'ini aytish kerak, jahondagi boshqa halqlarga nisbatan o'zbek xalqida bu maktabning tug'ilishi, yashab ketishi va rivojlanishi beqiyos darajada og'ir kechdi. Buning tub sabablarini mustamlaka tuzumning kirdikorlaridangina emas, o'zbek xalqining xalq sifatidagi milliy mentalitetidan ham qidirish kerak bo'ladi. Gap shundaki, o'zbekning hinddan, arabdan, turk bilan tatardan, jahonning boshqa eng qadimiy va hozirda taraqqiy etgan xalqlaridan bir farqli jihati borki, deylik, butun hind xalqi yoppasiga o'z yo'lboshchisi Maxatma Gandiga yakdil, yaktan, yaknafas bo'lib birlashib ketganidek, bu xalq aksariyat hollarda bir yo'lboshchining atrofida ko'ngildagidek birlasholmaydi. O'ziga xon, o'ziga bek, har bir vakili o'zicha bir poshsho xalqqa hamisha qattiq pand beradigan eng oqsoq jihat ham shu! Bu xalq uchun, o'z maqoli bilan aytganda, ko'pincha "Oldingdan oqqan suvning qadri yo'q" Ko'p hollarda bu xalqni yangi, ulug', nurafshon yo'lga boshlash ishtiyoqida turgan chinakam ziyo sohibi, shu xalqning ro'shnoligi va farovonligi yo'lida jonini jabborga berib ishlaydigan fidoyi zahmatkash aybsiz aybdor bo'lib chiqaveradi. Masalan, o'zbek xalq eposi - "Alpomish" dostonida yurt hukmdori Boybo'ri "kitob ko'rib o'tirgan" o'g'li Hakimbekning zakot haqidagi gapidan keyin xalqni yangi qonun-qoida - zakot asosida jipslashtirmoqchi, nisbatan haqqoniyroq va adolatliroq yo'lga boshlamoqchi bo'ladi. Lekin hech kim, hattoki o'z tug'ishgan ukasi Boysari ham bu beg'araz, yaxshi niyatni to'g'ri tushunishni istamaydi. Aksincha, qildan qiyiq qidirib, bu yo'lboshchini o'tirsa - o'poq, tursa - so'poqqa chiqarishga tushadi. Mol-dunyosi mil-mil eliboylar ot bilan tuya emas, nihoyati bir tirraqi  echkini zakot sifatida berishdan butun Boysun-Qo'ng'irot elini qoq ikkiga bo'lib,  Vatanni tark etib, vatangado va boshqa xalqqa qaram bo'lishni afzal ko'radilar. Ko'rgiliklar esa, albatta, shunga yarasha bo'lib chiqadi. Qoq ikkiga ajralgan xalqni qayta birlashtirish butun eposning mazmun-mohiyati, maqsad-matlabini tashkil etadi.
Mustamlaka tuzumlar, ayniqsa, mustabid Sho'ro tuzumi jonini jabborga berib ishlayotgan fidoyi zahmatkash va xalqni yangi yo'lga boshlayotgan fidoyi yo'lboshchini har bob bilan yomonotliq qilishga tayyor Yortiboy oqsoqoldek kaltabinlardan, uzoqni ko'rolmaydigan, baxil, boshi qovushmaydigan noahil, nazari past, tuban kimsalardan ustalik bilan foydalandi. Ukani akaga, jiyanni tog'aga, bolani otaga, nevarani boboga qarshi qayrab solib, odam bolasini o'z shaxsiy manfaati yo'lida hammani va hamma muqaddas qadriyatlarni, hatto o'z vijdonini ham arzimas choychaqaga sotib yuboradigan, xullas, o'z insoniy qadrini mutlaqo bilmaydigan tuban kimsaga, ongsiz bir mahluqqa aylantirishga urindi. Tabiiyki, bunday g'ayriinsoniy holatlarga qarshi isyon ko'tarib, insof va qadr, diyonat va adolatga da'vat etgan fidoyi zotlar bu tuzumning ashaddiy dushmanlari sifatida yana-da qattiqroq yomonotliq qilindi. Qodiriy, Cho'lpon, Fitrat kabi fidoyi zotlarga otilgan malomat toshlarining qoq yarmi mustabid tuzumga, qoq yarmi ana o'sha otasini ham sotadigan palid kimsalarga tegishli edi. Xolbuki bu xalqning "o'zidan chiqqan balolar" mustamlaka sharoitidagina emas, mustaqillik sharoitida ham bir xalqqa etib ortgulik darajada edi. Mana shunday nohaq malomatlardan va xizmatga tuhmatlardan yuragi o'rtangan buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy besh yarim asr muqaddam o'zining eng purhikmat shohbaytlaridan birini ukasi Darvishaliga atab shunday bitgan edi: "Navosiz ulusning navobaxshi bo'l, Navoiy yomon bo'lsa, sen yaxshi bo'l". Qariyb to'qqiz asr muqaddam avliyolar sarvari Ahmad Yassaviy hazratlari esa, bu xalqqa xos eng manfur illatlar oldida o'zining nochor-noilojligini izhor qilib, shunday o'ta sodda, etti yoshdan etmish yoshgacha har bir o'zbek oppa-oson tushuna oladigan hikmatli satrni bitgan edilar: "Er ostiga qochib kirdim nodonlardin..." Shuning uchun ham xalqimizda yuzaki qaraganda engil kulgu uchun, aslida achchiq istehzo bilan aytilgan bir hikmatli gap borki, "Botir botir emas, yomondan qochib qutulgan botir". Xullas, shunisi aniqki, har qanday yangilik ham, buyuklik ham, qahramonlik ham boshqa halqlarga nisbatan o'zbek xalqida bir necha baravar ko'proq qarshilikka uchrab, ming mashaqqat bilan o'ziga yo'l ochadi. Tabiiyki, yo'l boshidayoq yo o'rtasiga ham etib borolmay jon taslim qilganlar yana-da ko'proq... Ahmad Yassaviy hazratlarining yana bir hikmatli satri ham shundan dalolatdir: "Bu yo'llarda jon bermasdan imkoni yo'q".
       Nima bo'lganda ham chumchuqdan qo'rqqan tariq ekmaganiday, ezgulik yo'lida sobit qadrshunos yo'lchi malomatlardan qo'rqib bu yo'ldan ozmaydi. Ulug' xalqning ulug' farzandlari har xil shamoyillardagi yomonotliq qilishlarga achchiqma-achchiq eng oliy murod-maqsad manzillari tomon intilaveradilar; ko'ngillarga yaxshilik, ezgulik, olijanoblik, sha'n-shavkat, qadr-qimmat urug'larini ekaveradilar.Ular  inson qadri, xalq qadri, Vatan qadrini pasaytirish emas, yuksaltirish, uni umuminsoniy yuksakliklarga ko'tarish yo'lida baholi qudrat xizmat qilganlar, xizmat qilmoqdalar va albatta xizmat qilaveradilar. Ayniqsa, Sho'ro tuzumi, deylik, Abdulla Qodiriydan to Mirtemirga qadar ne bir fidoyi zotlarni hamisha moddiy muhtojlikda saqlab turish, tarjima, tahrir, tanqid, taqriz va boshqa xil, chinakam so'z san'atkori uchun ikkinchi va uchinchi darajali, hattoki iste'dodsiz yozg'uvchining nochorgina qoralamasini "epaqaga keltirish" singari "qora ishlar" bilan muttasil band qilib turish, xuddi qo'yning taqdirini bo'rining qo'liga topshirgandek, iste'dodning bosh ustiga iste'dodsiz qalamkashni rahbar va qorovul qilib qo'yish singari behisob "hiylai sha'riy usul"larni qo'llashda ustasi farang edi, toki chinakam iste'dod bosh ko'tarib, o'z qadri, o'z xalqining qadri, muqaddas Vatanining qadri xususida "do'ppini boshdan olib" jiddiyroq o'ylashga  holi qolmasin. Nomlari sanalgan ulug' ustozlarimiz, ularning munosib shogirdlari bunday usullarga qaramasdan, xuddi "Qutlug' qon" romanini yozayotgan Oybek domladek, malomatlaru oh-nolalarga chalg'ib qolmaslik umidida to'nini boshiga burkab bo'lsa-da, o'zlarining eng birlamchi ishlarini baholi qudrat amalga oshirdilar. Masalan, o'zbek adabiyotida, garchi Aleksandr Sergeevich Pushkinning "Evgeniy Onegin" she'riy romani darajasida bo'lmasa-da, har qalay, she'riy roman janri talablariga nisbatan to'laroq javob bera oladigan ikki asar (Muhammad Alining "Boqiy dunyo" va Xusniddin Sharipovning "Bir savol" she'riy romanlari) yaratilgan bo'lsa, ularning ikkinchisida shunday quyma satrlar naqorat - refren sifatida qayta-qayta takrorlanib keladi:
               Aziz Vatan, iqbol Vatani,
               Qaddi baland, qadri balandim.
               Yuragimga jo etib seni ,
               Quchog'ingda nurga belandim
       O'zbekiston davlat mustaqilligi asrlar mobaynida hamisha, darhaqiqat, qaddi baland, qadri baland bo'lib kelgan, lekin mustamlaka tuzumlar sharoitida qaddi egilib-bukilib qadrsizlangan, ayrim she'riy asarlardagina yuksak qadrlangan bu Vatanni, ulug' bir halqni, qadri yuksak Hazrati Insonni azaliy o'zligiga qaytardi va qaytarmoqda. Agar mustabid Sho'ro tuzumida "davlat inson uchun" emas, aksincha, "inson davlat uchun" degan "qoida" har qadamda amal qilib, odam bolasiga daxshatli darajada ulkan davlat mashinasining kichik bir murvati sifatida qarash keng quloch yozgan bo'lsa, endi mustaqil O'zbekiston davlatida, aksincha, "Hamma narsa inson uchun, uning baxt-saodati uchun" deb qarash yildan-yilga tobora etakchi tamoyil tusini olmoqda. Muhtaram Prezidentimiz tomonidan O'zbekiston davlat mustaqilligi sharoitida o'tgan shonli o'n besh yilning har biri maxsus nomlanmoqdaki, bu qutlug' nomlar (Alisher Navoiy yili, Ahmad Yassaviy yili, Amir Temur yili, Inson manfaatlari yili, Sog'lom avlod yili, Onalar va bolalar yili, Mehr-muruvvat yili, Qariyalarni qadrlash yili...) eng muqaddas ruhiy qadriyatlarimizni, avvalo "qadr" deb ataluvchi eng bebaho ruhiy boyligimizni ulug'lashga qaratilgan nomai a'mollarimizni ayon ko'rsatib turibdi.
       Muazzam Sharq falsafasida chor darvish bilan bir qatorda eng ko'p qo'llanuvchi chor unsur (havo, suv, tuproq, olov) moddiy olamdagi eng bebaho, hech qachon pul bilan o'lchab bo'lmaydigan qadriyat xisoblanadi. Quyoshning narxini va yo O'zbekiston mamlakati tuprog'ining qimmatini kim belgilab bera olardi deysiz! Ikki buyuk daryomizdagi obi hayotni va yo bahovo tog'larimizu bog'-rog'larimizdagi insoniy nafas, insoniy tiriklik manbaini ham jahonning hech bir pul belgilari o'lchayolmaydi, albatta. Yana shunisi ham borki, bu to'rt unsurdan oqar suv, uchar havo va yonar olov o'tkinchi (arabcha atamalar bilan aytganda, foniy, omonat, muvaqqat), faqatgina tuproq turg'un, o'lmas (arabcha atamalar bilan aytganda, umriboqiy, abadiy, mangu). Shunisi bilan tuproq boshqa unsurlarga nisbatan ming karra qadrliroqdir. Shuning uchun ham odam bolasi tuproqdan bino etilgan va uning qaddi baland, qadri baland, borar manzili abadiyat. Shuning uchun ham har bir kaft tuproq "muqaddas tuproq", "tabarruk tuproq", "ona tuproq" deya ulug'lanadi va ona-Vatanga nisbat beriladi. Shuning uchun ham "Tuproq bo'lg'il, olam seni bosib o'tsin" deydilar Hazrati sultoni orifin Ahmad Yassaviy. Mazkur hikmatli satr zamiridagi bir ma'noni zamonaviy tilda shunday sharhlash mumkin: "Vatan timsoli, xalq ramziga aylan, toki olam ahli seni muqaddas sajdagoh deb bilib ziyoratga kelsin-da, hoki poyingni ko'zlariga to'tiyo va diltortarlariga "mozor bosti" qilsin".
       Ahmad Yassaviy hazratlarining she'riy hikmatlari yaqqol dalolat berib turibdiki, tuproq bo'lishning eng qudratli va sinashta vositasi so'z san'ati hisoblanadi.
       Zamonaviy so'z san'atining, xususan, badiiy nasrning o'ziga xos tuprog'ini uch janr - hikoya, qissa va roman tashkil etadi. Bu uch janr tabiati - uch bebaho ruhiy qadriyat mohiyatini har kim o'zicha tushunadi. Men, masalan, shunday tushunaman: hikoya - muayyan ruhiy holatni, qissa - insoniy qismatni, roman - milliy ruhiyatni, ya'ni butun boshli bir xalqning ahvol-ruhiyasini haqqoniy aks ettiruvchi beqiyos ko'zgular xisoblanadi. Agar san'at turini san'at turiga qiyoslab tushuntirilsa, hikoya - qo'shiqqa, qissa - katta ashulaga, roman - dostonga o'xshaydi. Qo'shiqni har bir xushovoz xonanda ijro etishi mumkin. Katta ashula uchun xonandaga xushovozlikdan tashqari chuqur nafas ham kerak bo'ladi. Doston uchun esa, xushovoz bilan chuqur nafas ham kifoya qilmaydi. Avvalo favqulodda, kamyob va noyob quvvai xofiza kerak bo'ladi. Boshqacharoq aytganda, qo'shiq kuylanadi - kuy mavjida xonish qilinadi, katta ashulada kuy ham, soz ham, xonish ham uning ichida bo'ladi. Doston esa, bo'zlab aytiladi - halqumda, ichki ovozda, butun jismu jonni ana o'sha halqumga jamlagan holda ijro etiladi. Chinakam hikoya, qissa va romanda ham qariyb shunday. Masalan, o'zbek hikoyachiligining, mening nazarimda, ikki sarbaland cho'qqisi - "O'g'ri" bilan "Mening o'g'rigina bolam" asarlarini qiyosiy tahlil qilib qarasangiz ko'rasizki, ularning har ikkisida qahramonning muayyan ruhiy holati baayni qo'shiqdek muxtasargina shaklda ko'rsatiladi. Birinchisida yagona suyanchig'i - ho'kizini o'g'riga oldirgan Qobil boboning dag'-dag' titrashi, esankirashi va boshqa shular kabi jismoniy holati, hatti-harakatlari orqali ruhiy holat xususida yaqqol tasavvur hosil qilinadi. Ikkinchisida tom boshida cho'nqayib o'tirgan o'g'ri bilan uy o'rtasida sulayib yotgan kampirning suhbati, aniqrog'i, har ikkisining arzi holi, izhori dili, dardi-hasrati... orqali muayyan ruhiy holat yana-da yorqinroq va ta'sirchanroq ko'rsatiladi. Ikkinchi hikoyada, xalqona ibora bilan aytganda, ruhiy holatning avra-astari, ichiyu tashi ag'darib ko'rsatiladi. O'zbek qissachiligining sarbaland cho'qqisi "SHum bola"ni olib qarasak, unda bir shum etimning insoniy qismati - ruhiy holatlar silsilasini yana-da batafsilroq avra-astarini ag'darib ko'rsatish orqali muayyan davrdagi misli ko'rilmagan shumliklar, "o'ninchi yillarning sargardonligi", davrda ro'y berayotgan, arabcha so'z bilan aytganda, "hamoqot", ruscha aytganda, "koshunstvo" ta'sirchan qalamga olinadi. "Otim oriq, manzilimga etolmayman-ey" singari purhikmat satrlardan iborat qo'shiq bu "katta ashula"ning ta'sir qudratini yana-da oshirib keladi. O'zbek romanchiligining ikki sarbaland cho'qqisi - "O'tkan kunlar" bilan "Kecha va kunduz" asarlarini olib qarasak, ularning birinchisida xalq taqdiriga qayg'urgan fidoyi zotlar (Ota - Yusufbek hoji va otaga munosib o'g'il - Otabek) ning insoniy qismatlari misolida, ikkinchisida esa, faqatgina o'z shaxsiy manfaatini o'ylab, qornining qayg'usini chekib, huzur-halovatini ko'zlab yashovchi xudbin kimsalar qurshovida xor-zor bo'lgan begunoh jon - Zebining ko'rgiliklari misolida butun boshli bir davrdagi butun boshli bir xalq - XIX asrning ikkinchi yarmidagi o'zbekning ahvol-ruhiyasi, milliy ruh atroflicha ochib ko'rsatiladi.
Sohir qo'shiq, mumtoz katta ashula, "epos" desa degudek ulug'vor doston kamdan-kam, bitta-ikkita bo'lgani kabi, har jihatdan barkamol hikoya, qissa va yo roman ham noyob hodisalar xisoblanadi. Ularning har biri o'z halqining betakror ruhiy qadriyati va milliy boyligidir.
       Lekin qadrda ham qadr, boylikda ham boylik, qadriyatda ham qadriyat bor! O'zining insoniy qadr-qimmatini bilmaydigan, qadrini baland tutishga intilmaydigan, aksincha, o'zini o'zi qadrsizlantiradigan nazari past adabiy qahramon, har qancha mahorat bilan badiiy gavdalantirilib, yorqin bo'yoqlarda chizib ko'satilmasin, o'quvchida muhabbat, havas, hurmat kabi ijobiy tuyg'ular emas, aksincha, nafrat, jirkanish, ijirg'anish kabi salbiy hissiyotlar uyg'otib, ko'p hollarda kitobxonning ta'bini kir, ko'nglini xira, dilini xufton qilishga yaraydi. Bunday asar nari borsa ko'ngillarda achinish tuyg'usini uyg'otadi, xolos. Diqqat qiling: "O'tkan kunlar" romanining har bir qahramonida, hattoki "Alpomish" dostonidagi Qultoyni eslatuvchi o'ziga xos qul - oilaviy xizmatkor Hasanalida ham, aytish mumkinki, ilohiy bir ulug'vorlik, otaliq salobati, viqor, o'z qadrini baland tutish, qadrni bilish bor. Menimcha, asarning eng birlamchi joziba kuchi, ohangrabosi, o'quvchini o'ziga maftun etuvchi mehrigiyosi mana shudir. Afsuski, "Kecha va kunduz" romani dastlab dunyoga kelganida ham, ellik uch yillik tanaffusdan keyin 1988 yilda qayta yorug'lik ko'rganida ham "O'tkan kunlar" romanidek xalqimiz tomonidan qo'lma-qo'l bo'lib va qo'ldan qo'ymay o'qilmadi. Buning eng birlamchi sababi ham, menimcha, shundaki, garchi asar badiiy mahorat va jahon romanchiligi tajribalaridan yana-da puxtaroq foydalanish nuqtai nazaridan "O'tkan kunlar"ga nisbatan balandroq tursa-da, qahramonlarning o'z qadrini mutlaqo bilmasliklari, yarmi iflos va faxshga botgan, yarmining xor va abgorligi... asarning jozibasi, ohangrabosi, o'ziga tortish qudratining qariyb qoq yarmini yo'qqa chiqaradi. Aksariyat qahramonlar, hattoki Qurvonbibi, Saltanat, Enaxon, O'lmasjon, Xolmat kabi ijobiy deb xisoblanuvchi qahramonlar ham ko'ngillarda xayrixohlik va mehr-muhabbat emas, nafrat, achinish, ijirg'anish singari noxush tuyg'ular uyg'otadi. Bosh qaharmon Zebining bolalarcha soddadilligi, oqko'ngilligi, qalbi beg'uborligi havas qilgulik bo'lsa-da, o'taketgan omi, g'ofil, oq-qorani tanimaydigan, o'z qadrini mutlaqo bilmaydigan nochor-notavon bir kimsaligi... o'quvchini achintiradi, afsuslantiradi, qahramonga va uni yaratgan yozuvchiga kitobxonning ixlosini susaytiradi. Chunki odam bolasining tabiati shundayki, u zamondan orqada qolgan odamga emas, aksincha, o'z zamonidan o'zib ketgan, aqalli zamonga hamqadam-hamnafas bo'lib yashayotgan odamgagina havas, ixlos, mehr-muhabbat singari yuksak insoniy tuyg'ular og'ushida qaraydi. "Zamon senga boqmasa sen zamonga boq" deydi xalqimiz. Zamonga xos etakchi xususiyatlar ifodasini hamisha ana o'sha zamondan orqada, g'aflatda "almisoqdan" qolgan kimsada emas, aksincha, eng ilg'or qarashli zamondoshda, zamondan o'zib yashayotgan o'z zamonining tom ma'nodagi qahramonlarida yaqqol ko'rishimiz tabiiydir. Zotan odam bolasining o'z qadrini teran anglashi avvalo uning dunyoqarashi nechog'li keng ekanligiga uzviy bog'liqdir. Afsuski, mustaqillik davri o'zbek romanlarida to'laqonli shaxs, buyuk bir xalqning vakili, mustaqil davlat fuqarosi sifatidagi o'zligini, o'z qadrini yaxshi biladigan dunyoqarashi keng adabiy qahramonni, ayniqsa, zamonaviy mavzudagi asarlarda qariyb uchratmaymiz. Bu davr romanchiligining eng jiddiy yutuqlari sifatida yuqori baholangan asarlar, deylik, Tog'ay Murodning "Otamdan qolgan dalalar" va yo Ulug'bek Hamdamning "Muvozanat" romanlarini olib, ayni nuqtai nazardan mazkur asarlarga qarasak, ularning bosh qahramonlari ham mutlaqo havas qilgulik emasligini yaqqol ko'rasiz. Ularga achinib-afsuslanib qaramay ilojingiz yo'q. "Otamdan qolgan dalalar"ning bosh qahramoni Dehqonqul quldorlik tuzumidagi etti pushti qul o'tgan eng "oliy nav" quldan ham besh battarroq shunday ojiz-notavon bir kimsaki, qamoqxonada o'z najasini o'ziga zo'rlab edirsalar eyaveradi. Otasi Aqrab shahid va bobosi Jaloliddin ketmondagi haqsizlikka qarshi isyon hissidan unda zig'irchayam yo'q. Shunaqangi bechorahol kimsaki, inson sifatida oilaviy xizmatkor Hasanali ("O'tkan kunlar") va yo oddiygina bir qarol Yo'lchi ("Qutlug' qon") undan beqiyos darajada yuksak turadi. "Muvozanat" da esa, bosh qahramon o'z do'stining ko'ziga cho'p solib, uning xotiniga o'ynash tutinadi, bunisi etmagandek, erga urganda sherdek na'ra tortib ko'kka sapchiydigan yoshdagi odam hozirgi dorilomon zamonda yotoqxonada yarim bo'lka qotgan nonni suvaraklar bilan "baham ko'rish"ga "majbur bo'ladi". Bunday o'quvchini achintiradigangina emas,"SHuyam odammi!" deya ijirg'antiradigan, hattoki jirkantiradigan ojiz-notavon, o'zining insoniy qadridan mutlaqo bexabar kimsalar... shonli zamonamiz qahramonlari, buyuk o'zbek xalqining yorqin timsollari emaslar, albatta. Avvalo qalamkashni oshirib maqtash va pufakdek shishintirish oqibatida, masalan, mazkur yozuvchilarimizning ikkinchi romanlari - "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi" bilan "Isyon va itoat" asarlari dastlabki romanlardan ham badiiy jihatdan zaifroq bo'lib chiqdi. Masalan, birinchi asarda "Botir" deb atalgan "qahramon", "Alpomish" dostonidagi Hakimbek tashlangan zindondan emas, albatta, nihoyati bir kavlangan ildizlar o'rnidagi handaqdan "qutulib" chiqolmaydi. Ikkinchi asarda esa, "Akbar" degan yana-da qutlug'roq ismni ko'tarib yurgan navqiron yigit... bir makkora fohishani deb xotin-bola-chaqasidan voz kechadi. Oradan yillar o'tib, o'z xatosini anglab etgandek bo'ladi-da, xotin-bola-chaqasining oldiga bosh egib qaytib boradi. Xo'sh, bunday engil-elpi hatti-harakatlarning nimasi isyonu nimasi itoat?!. Umuman, "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi", "Isyon va itoat" degan nomlar ostida qanday gaplar aytilib, qanaqangi g'oyalar o'rtaga tashlanyapti-yu ijodkorlarning qadamlari yuksakkami-pastgami qayoqqa ketyapti, yozuvchilarning ilk romanlarini oshirib-toshirib maqtagan munaqqidlarimiz nimagadir endi bular xususida mutlaqo lom-mim demayaptilar. Menimcha, yozuvchini maqtab-maqtab pastga tortishga nisbatan tanqid qilib eng oliy yuksakliklarga da'vat etish har jihatdan ma'qul ish! Adabiy tanqidning eng birlamchi vazifasi ham shu!
       Bundan etti yil muqaddam "O'tayotgan kunlar nafasi" deb nomlangan maqolamda 1998 yilda dunyoga kelgan romanlarni atroflicha tahlil qilar ekanman, kamina ham samarqandlik yosh yozuvchi Uyg'un Ro'zievning "Atirgul" romani xususida anchagina maqtov gaplar yozgan edim. Qay bir jihatlari "O'tkan kunlar" romanini, qay bir jihatlari esa, "SHum bola" qissasini yodga soluvchi bu ilk romanning ayniqsa "ham quvnoq, ham hazin ohangi, dilrabo qo'shiqdek dilkash ifoda va izhor yo'sini, tesha tegmagan kinoya-qochirimlar, tagdor imo-ishoralar" meni o'ziga mahliyo etgan, qattiq hayajonlanib o'zimcha shunday tilak bildirgan edim: "Etti pushti bulbul o'tgan Ergash Jumanbulbulning ota qishlog'i Jo'shdan jo'shib chiqqan va yigirma uch yoshida shunday go'zal asar yozgan iste'dodli ukamizga iloyo ko'z tegmasin, past-baland gaplardan esankirab qolmasin, dastlabki yaxshi asardan yana-da yaxshiroq ikkinchi asarga omon-eson o'tib olsin".
       Yaqinda bu yozuvchining yangi asari - "Qadr kechasi" qissasini o'qib chiqdim-da, ochig'i, hafsalam pir bo'ldi. Gap shundaki, o'zbek yozuvchisiga maqtov yangi ijodiy parvozlarga rag'batlantirish o'rniga "Bo'ldi, erishadigan yuksakligingga chiqib olibsan, endi ortingga qaytaver" degandek aks ta'sir qiladimi, qaydam, yo falak, bu qissaning dastlabki romandan er bilan osmoncha farqi bor edi. Tasavvur qiling, muhtojlik sabab qahramon qadr kechasida ham Zarafshondan oltin qidirib ketadi, ittifoqo ayni shu kechada naqd yombi topib oladi, quvona-quvona uyiga kelsa, ayni shu kechada yonayotgan uyida xotini o'ynashi bilan!.. Bu nimasi? Qadr kechasining qadri shumi?! Odatda o'taketgan fohisha, aroqxo'r, xotinboz, palid kimsalar ham ro'za-ramozon kunlarida, ayniqsa, qadr kechasida o'z nafsini tiyadi. Bir tomonda - yombining topilishi, yana bir tomonda - vafodor jufti halolning faxsh ishlarga ilk qadami, oxir-oqibat, yong'in-xonavayronlik... Barcha tasodiflar, tubanliklar, fojialarni ayni shu qadr kechasiga jamlashdan muddao, g'oyaviy niyat nima?!. Xullas, "Qadr kechasi" qissasi "Atirgul" romanidek ko'ngilni o'stirib, ruhni yuksaltirmaydi, aksincha, allanechuk noxush bir kayfiyat uyg'otadi, o'quvchining ko'nglini kir, ta'bini xira qiladi. "Bular qanaqangi musulmon, umuman, musulmonmi o'zi?!" degan bir ishtiboh uyg'otadi.
       Yaqinda taniqli yozuvchilarimizdan birining yangi romani qo'lyozmasini o'qib chiqishga majbur bo'ldim. Ayo do'stlar, mazkur asarga taqqoslaganda "Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi", "Isyon va itoat" romanlari bilan "Qadr kechasi" qissasini holva desa bo'ladi. Asarda aytilishicha, bir odam shunchaki anglashilmovchilik sabab o'ldiga chiqariladi (aslida uning cho'ntagida pasporti bor kiyimini kiygan boshqa birov halokatga uchrab o'lgan bo'ladi). Kattakon bir asar davomida o'sha odam o'zining o'lmagani - tirik yashab yurganini hech qaerda hech kimga isbotlayolmay uzoq-uzoq tentiraydi-da-e.. Biron odamda zig'ircha bir hayrihohlik, biron inson qalbida yilt etgan bir nur, zarracha yorug'lik ko'rinmaydi. Tentirab, yo'l qidirib, yura-yura, axiyri o'z ixtiyori bilan borib o'ziga atalgan, anglashilmovchilik sabab boshqa o'lik qo'yilgan lahadga kiradi-ketadi... Beixtiyor hayratdan yoqa ushlaysiz: yo falak! Buyog'i qandoq bo'ldi? Bir paytlar o'qiganimiz "Anti-Dyuring"ga o'xshab, "Go'ro'g'li" dostoniga raddiya sifatida bitilgan "antidoston"mi, "O'lik jonlar"ga o'zbekcha parodiyami, "Tirilgan murda"ga chapaqay tatabbumi, nima bu?! Zamonamiz qahramoni, Hazrati Inson, o'zbek xalqi vakili va, umuman, o'zbek xalqining masxarasini chiqarib, uni olamdagi eng ojiz-notavon, bo'sh-bayov, lapashang-landovur qilib ko'rsatish yo'lidagi kim o'zar poygada yana bir "misli ko'rilmagan qahramonlik"mi yo?..
       O'zbekni o'z qadrini bilmaydigan omi-g'ofil, dumbul-laqma, dunyoqarashi tor, ma'naviyati qashshoq, o'taketgan axmoq, ayanch bir jonzot sifatida ko'rsatish, shu yo'l bilan uni qadrsizlantirishga urinish nafaqat ayrim romanlarda, badiiy nasr, badiiy adabiyot va, umuman, san'atning boshqa turlari hamda janrlarida, hattoki ishlab chiqarish va kundalik turmushda ham, afsuski, uchrab turibdi. Masalan, bundan bir necha yil muqaddam "O'zbegim" deb nomlangan paxta yog'ini ko'rganimda beixtiyor taajjubdan yoqa ushlagan edim. "Voajab, kaltabinlikmi, ko'rolmaslikmi, g'alamislikmi bu?! Sho'ro tuzumida "Paxta o'zbek xalqining milliy iftixori" qabilidagi qarashlar bunday "O'zbegim" degan paxta yog'iga nisbatan holva emasmi?! Keng jahon ayvonida aqalli bironta "Hindim" degan choy, "Arabim" degan hurmo, hattoki "Habashim" degan qahva idishi bormi ekan!.." Xayriyatki, bu nomdan hozir nishon ham qolmadi; bir ko'rinish berdi-da tezda yo'q bo'ldi. Keyinroq televizorda "Otabegim, Zaynab bilan qoling, begim" qabilidagi vazni engil qo'shiqlarni tinglab, bachkana kliplarni tomosha qilsam, ochig'i, qon bosimim oshadigan bo'lib qoldi: "Buyuk adibning, uning shoh asarining, ajoyib qahramonlarining masxarasini chiqarib, ularni qadrsizlantirishmi, nima bu?!" Ayniqsa, kulgi niqobi ostida ko'rastilayotgan ayrim masxarabozliklar, chunonchi, bir shisha vinoning ortidan sarpoychan yugurgilab yurgan erkaklaru sigir sudrab ketayotgan va yo loy handaqqa ag'anayotgan ayollarning ayanchli hatti-harakatlariga qarab turib, ochig'i, fig'onim falakka o'rlaydi: "Mustaqil O'zbekiston davlatida yashab, jahonga yuz tutayotgan qaddi baland, qadri baland, buyuk bir xalqning farzandlariga yarashadigan qiliqmi shu?! Bular xalqning qadrini oshiryaptimi, tushiryaptimi? Horijdan kelgan mehmonlarimiz ko'rib, o'zbek xalqi haqida nima deb o'ylayapti ekan? "Onangni otangga bepardoz ko'rsatma" deb yashaydigan andishali bir xalqqa nainki bepardozlik, shunaqangi o'taketgan bepardalik-behayoliklar, bachkana qiliqlar yarashadimi?.."
       Kuni kecha o'zim g'oyat yuksak qadrlaydigan "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" haftaligida o'zim g'oyat hurmat qiladigan va ulkan adib sifatidagi porloq kelajagiga umid ko'zi bilan qaraydigan iste'dodli ukam Abduqayum Yo'ldoshning "Adajonimdan aylanay" hikoyasini o'qib, ochig'i, tushunmadim.Ayo do'stlar, bunisi  hammasidan oshib tushdi-ku!.
       Tasavvur qiling: zavodda beshinchi razryadli tokar, qo'li gul usta bo'lib ishlaydigan No''monjon ateleda tikuvchi bo'lib ishlaydigan xotinini uyda qoldirib, yangi yil bayrami arafasida va tug'ilgan kunida yolg'iz qizchasi Mehrinisani shahar aylantirgani olib chiqadi. Ikkovlon avval yangi zooparkka borishadi, keyin kabobxo'rlik qilishadi, shokolad eyishadi, nihoyat, shaharga chiqishdan asosiy maqsad - teatrga kirmoqchi bo'lishadi. Shunda No''monjon cho'ntaklarini qayta-qayta kavlashtirib qaraydiki, ishxonadan berilgan chiptalar yo'q! Chipta yo'qmi, demak, teatrga kirib bo'lmasligi har qanday odamga besh qo'ldek ma'lum. Lekin No'monjon nimagadir eshikbonga yalinib-yolvorib ichkariga chiptasiz kirmoqchi bo'ladi. "Semirib ketganidan qorni oldinga osilib tushgan, harsillab nafas olayotgan eshikbon", o'z vazifasi bo'lganidan keyin, tabiiyki, ota bilan qizni ichkariga qo'ymaydi. Ota tag'in nimagadir yalinib-yolvoravergach, u "deyarli bo'kirib gapirishga o'tadi". Birdan paydo bo'lgan sport kiyimidagi allaqanday yigit esa, nimagadir No''monjonni dabdurustdan tepib yiqitib, og'zi-burnini qora qon qiladi. "Qahramon" esa, xuddi shuni kutib turgan va murodi hosil bo'lgandek, qizini etaklab jimgina uyiga qaytadi. Qaytar ekan, "cho'ntagida bor pulini chiqarib sanab ko'radi". Bir ming olti yuzdan bir ming to'rt yuziga qiziga sovg'a oladi. Avtobusda uyga qaytayotib qolgan ikki yuz so'm atrofida yana bir "kutilmagan" mojaro boshlanib ketadi: "o'n olti-o'n etti yoshlar chamasidagi chiptachi"dan ilon po'st tashlaydigan dakki-dashnomlarni rosa eshitadi. Shu asno qizchasi uchun qo'shib to'lashga aslida yo'qligini yaxshigina biladigan yuz yigirma so'mni qidirib... boyagina o'zi qayta-qayta kavlashtirib topolmagan tomosha chiptalarini endi nimagadir topib oladi. Hikoyaning fabulasi shu! "Qahramon"ning antiqadan-antiqa hatti-harakatlarini o'zingizcha mushohada qilib, uning es-xushi joyidaligiga shubhalanib qolasiz. Odam bolasi ongsiz mahluq emas, ongli mavjudot bo'lganidan keyin bosayotgan qadamini zig'ircha o'ylab ko'radi-da axir! Soxtakorlik, yasamalik, o'zining o'zbegini imkon qadar olabo'ji, tasqara qilib ko'rsatishga urinish ham evi bilan-da axir! Bosh qahramon-ku, tentakka o'xshar ekan, "deyarli bo'kirib gapirishga o'tgan" eshikbon, he yo'q-be yo'q uni tepib og'zi-burnini qon qilgan allaqanday yigit, qariyb otasi tenggi odamni yangi yil arafasida ochiq-oshkor haqorat qilayotgan o'spirin chiptachi... nimagadir bularning barchasi uchun odam bolasining zig'ircha, bir pullik qadr-qimmati yo'q! Umuman, Hazrati Insonni, xususan, o'zbek xalqi vakillarini bunchalik aftodahol, xor-zabun, bo'kiradigan tuya, begunohning betiga tepadigan darajada beshafqat, kattaga hurmat va o'zbekona andishani yo'qotgan betgachopar, xullas, na o'zining, na o'zganing qadrini bilmaydigan bir nokas qilib ko'rsatish o'zbek yozuvchisiga nima uchun kerak, tushunib bo'lmaydi.. Nahotki shular o'zgalar diliga zig'ircha ozor berishdan hamisha saqlanib yashagan, Hazrati Inson ko'nglini o'stirib, qadrini oshirib yashab o'tgan ulug' ajdodlarimiz, deylik, Yusufbek hojidek yuksak ichki madaniyat, boy ma'naviyat va ma'rifat sohiblarining vorislari bo'lsalar?!.
       Hikoyaning nomi - "Adajonimdan aylanay" ham besh-olti yashar qizaloqqa mutlaqo yarashmaydigan bachkana qiliqqa, bola tilidan masxara va kalaka qilishga o'xshaydi. Odatda o'zbekning ota-onasi, bobo-momosi o'z o'g'il-qizlari va nevara-chevaralaridan aylanib-o'rgilib girgitton bo'lib yashaydi. Lekin qizaloqning o'z otasidan aylanib-o'rgilishi... o'zbek uchun erish tuyuladigan nojo'yaroq hatti-harakat xisoblanadi.
       To'g'ri, ayniqsa, mustaqillik va fikr erkinligi sharoitida yozuvchining dunyoni, insonni, muayyan xalq vakilini qay ko'z bilan ko'rib qanday ko'rsatishi o'zining ixtiyoridagi shaxsiy ishi, albatta. Qalamkashga yomonni yaxshi qilib ko'rsat, bo'yab-beja deya ko'rsatma berib bo'lmaydi. Quyushqonga sig'mas ko'rsatmalarni yozuvchilarimiz Sho'ro tuzumi davrida juda ko'p ko'rganlar. Lekin shu hol ham shak-shubhasizki, chor tarafga qora bo'yoqni o'ylamay-netmay chaplayverish g'oyat bexosiyat ishdir. Shoiri zamon yozganidek, darhaqiqat, "Illat qidirganga illatdir dunyo, Hikmat qidirganga hikmatdir dunyo". Yozuvchining ishi esa, tabiiyki, illat qidirish emas, aksincha, hikmat qidirishdir, ilohiy va insoniy nur qidirishdir, ko'ngillarni nurafshon qilib yorishtirishdir.
       Xalqimiz hayotida, ayniqsa, O'zbekiston davlat mustaqilligi sharoitida har qadamda ulug' bir hikmat, olamshumul qadr-qimmat, ko'ngilni ravshan torttiradigan fayz-tarovat, ziyo-yorug'lik borki, uni ko'rish uchun favqulodda o'tkir ko'z shart emas, oddiygina, faqat xolislik bilan qarovchi ko'zlar kifoya.
       Albatta, O'zbekiston davlat mustaqilligi yillarida o'zbek xalqidek buyuk bir xalqning olamshumul dovrug'iga yangi dovrug' qo'shadigan, xalq va Vatan qadri hamda obro'sini yana-da oshira oladigan g'oyaviy-badiiy jihatdan barkamol asarlar talaygina yaratildi. Har jihatdan havas qilsa, ibrat olsa va jahonga "Mana, O'zbek!" deya ko'z-ko'z qilsa arzigulik adabiy qahramonlar ham yaratildi va yaratilmoqda. Ayniqsa, Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari, Ahmad Yassaviy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Bobur, Jaloliddin Manguberdi, Imom Buxoriy, Ahmad Farg'oniy, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Torobiy, Boborahim Mashrab singari ko'pdan-ko'p ulug' ajdodlarimiz haqidagi yangi tarixiy-biografik asarlar bilan har qancha faxrlanishga haqlimiz. Said Ahmadning "Oftob oyim" hikoyasi, Odil Yoqubovning "Qaydasan, Moriko?" qissasi, Muhammad Alining "Men ko'rgan Amerika" va "Abadiy sog'inchlar" kitoblari, Xayriddin Sultonovning "Boburiynoma" ma'rifiy romani, Qamchibek Kenjaning "Hind sorig'a" safarnomasi kabi horijiy mamlakatlar hayoti bilan bog'lik sara asarlar ham o'zbek xalqining xalqaro hamjamiyatdagi qonuniy o'rnini yana-da muqimlashtirish va qadr-qimmatini yana-da oshirishdek xayrli ishga munosib hissalar xisoblanadi. Mustamlaka sharoitida dunyoga kelgan Abdurauf Fitratning "Hind ixtilolchilari", Oybekning "Nur qidirib" va "Pokiston taassurotlari", Shuhratning "Jannat qidirganlar", Yoqubbek Yakvalxo'jaevning "Qaytar dunyo" asarlarida qalamga olinib boshlangan bu mavzu endi, mustaqillik sharoitida yangi yuksakliklarga ko'tarilishi shubhasiz. Zamonamiz qahramonlarining ulkan bunyodkorlik ishlari, umumxalq qurilishlari, tadbirkorlar, fermerlar, siyosiy arboblar, jahon taniydigan olimlar va boshqa shular kabi ilg'or dunyoqarashli zamondoshlarimizning har qancha ibrat olsa arzigulik ishlari xususidagi kitoblar, publitsistik maqolalar va ocherklar ham talaygina yaratilmoqda. Bular yaxshi. Lekin publitsistika o'z nomi bilan publitsistika. "Ninachining ming urgani - Bosqonchining bir urgani" deganlaridek, mingta publitsistik asar bitta barkamol nasriy asar - hikoya, qissa va roman o'rnini bosolmaydi. Binobarin, zamonaviy mavzudagi barkamol nasriy asarda o'z qadrini yaxshi biladigan, o'z xalqi, vatani, mamlakati bilan astoydil faxrlanadigan, qahramon desa arziydigan, o'quvchi havas bilan qaraydigan dunyoqarashi keng, ruhiyati boy, ma'naviyati yuksak, ma'rifatli, xullas, to'laqonli adabiy qahramonlar yaratish yozuvchilarimiz oldida turgan eng muqaddas va dolzarb vazifadir.
       Xullasi kalom, gapning indallosi shuki, keling, o'zimizni o'zimiz beqadr qilmaylik, aziz do'stlar! O'z qadrimizni bilaylik, qadrli borodarlar! Qadrimizni pasaytirmaylik, aksincha, yuksaltiraylik! Endi hamisha qaddimiz ham, qadrimiz ham baland bo'lsin! Xalqimiz va Vatanimiz jahon miqyosidagi o'ziga munosib qadr va mavqega qayta ega bo'laversin! Qadrimiz hamisha bor bo'lsin, zotan u bu jahon ayvonidagi har bir inson va har bir xalqning eng bebaho, eng oliy darajadagi ruhiy qadriyati xisoblanadi.

Milliy ruh

       Biz avvalgi to'rtta  maqolamizda ruhiyat, ruhoniyat, ruhshunoslik, ruhiy asos, ruhiy tahlil, ruhiy qadriyat kabi bir qator tushunchalar tevaragida mushohada yuritdik. Endi masalaning tub mohiyatiga nazar tashlab, "ruh" o'zagi anglatuvchi ma'nolarni nisbatan teranroq idrok etishga harakat qilaylik.
       "Ruh" nima? Bu so'z ona tilimizdagi eng purhikmat so'zlardan biri bo'lib, ong oqimi, tafakkur yo'nalishi, aql, hissiyot, kayfiyat, kechinma, marom, tamoyil, tabiat, jon va boshqa yana ko'plab ma'nolarni o'zida mujassamlashtira oladi. Masalan, "Zamon ruhi" deymiz. Bundagi "ruh" so'zida zamonga xos etakchi tamoyil, xususiyatni anglaymiz. "Ko'tarinki ruh", "tushkun ruh", "ruhsiz" deyilganida u "kayfiyat" ma'nosida keladi. "Ruhshunoslik" atamasi yunoncha "psixologiya" atamasining o'zbek tiliga tarjimasi bo'lib, bunda "ruh" "psixika", ya'ni, ichki qurilish, ichki tabiat, sezim, asab tizimi ma'nolarini anglatadi. "Ruhiy xasta" so'z birikmasi rus tilidagi "dushevnobolnoy" qo'shma so'zining o'zbek tiliga, aytish kerakki, birmuncha noto'g'riroq tarjimasi hisoblanadi. Jinni, telba, aqldan ozgan ma'nolarini anglatuvchi bu so'z birikmasi aslida "joni xasta" bo'lishi kerak edi, chunki rus tilidagi "dusha" jon ma'nosini, "dux" esa, ruh ma'nosini anglatuvchi so'zdir. Ona tilimizdagi "joni qattiq", "joni sabil" kabi so'z birikmalari ham ruhga emas, jonga bog'liq holda qo'llanadi. Ruh esa, pok, boy, qashshoq, yuksak,tuban va boshqa so'zlarda sifatlanishi mumkin, biroq unga biz tushungan ma'nodagi xastalik, tanaga xos bemorlik batamom begonadir. Shuning uchun ham, masalan, "Tani-joningiz sog'mi?" deya hol-ahvol so'raymiz, lekin "Ruhingiz sog'mi?" demaymiz. Xullas, "ruhiy xasta" so'z birikmasidagi "ruh" so'zi jon va yo aql ma'nosida noto'g'ri qo'llanadi. "Ruhiy boylik" so'z birikmasidagi "ruh" so'zi ma'naviy olam, ichki dunyo ma'nolarida keladi... Ko'rinib turibdiki, "ruh" so'zi baayni olmosdek serqirra, kamalakdek serjilo, tuyg'ulardek rangin...
       Endi so'zdan bevosita ruhning o'ziga o'tsak, bu ko'zga ko'rinmas, qo'l bilan ushlab bo'lmas, faqat ko'ngil (dil, qalb, yurak) orqali his qilinib, tafakkur ko'zi bilan ko'riladigan mo''jizaviy hilqat xususida ne bir ruhoniylar va ruhshunoslar uzoq-uzoq bosh qotirmagan deysiz. Aksariyat hollarda ular ruhning mohiyatini anglashga inson aqli ojiz, tili lolligini afsus-nadomat bilan e'tirof etganlar, shu bois birmuncha umumiy mulohazalar, muqoyasalar, ta'riflar bilangina cheklanganlar. Masalan, ham tabib, ham alloma-hakim, ham ruhoniy sifatida jahonda dovrug' qozonib, "shayhurrais" unvoniga musharraf bo'lgan Abu Ali Ibn Sino o'zining "Urjuza (Tibbiy doston)" asarida "Qalb aro xush, toza narsa ruh atalur" deya ta'riflaydi. Ingliz ruhshunos olimlari zamonaviy ilm-fanning eng so'nggi yutuqlaridan unumli foydalangan holda odamning joni uzilganida tanasining og'irligi taxminan 0,02 miligrammga engillashib qolishini aniqlaganlar va shunga asoslanib xulosaga kelganlarki, tanadan ajralib chiqqan ruhning og'irligi taxminan 0,02 milligramm, ya'ni, kapalakdan engilroqdir. Shu ikki misoldanoq ayon ko'rinib turibdiki, ruhning aynan nimaligiyu uning qanday unsurlardan tarkib topgani, hatto vazni ham anchagina noaniq, o'ta taxminiydir. Bu borada ta'rif-tavsiflar tasavvurdagi kemtiklarni to'ldirolmaganida ko'pincha majoz yo'li tutilib, ruh uchar qushga, chivinga, kapalakka va yo boshqa shular kabi jonzotlarga nisbat berilgan. Bunday nisbatalar ham odam bolasining ruh xususidagi intihosiz o'y-kechinmalari, ko'ngil mulki, ruhiy bisotini aks ettirishdan ojiz qolganida... "Mana mening ruhim, ruhiy bisotim!" deya uni adabiyot va san'at asarlarida ifodalash yo'lini tutganlar. Bashariyat o'z ruhini - o'zligi, ma'naviy dunyosi, botiniy olami, siyratini baayni sep qilib yozish bobida adabiyot va san'atdan, ayniqsa, she'riyatdan qulayroq hamda go'zalroq vositani hali-xanuz yarata olgani yo'q, yaratishi ham amrimahol!
       Binobarin, bashariyat ruhining aynan nimaligini avvalo jahon adabiyoti va san'ati durdonalari orqali yaqqol his qilish mumkin. Xuddi shuningdek, har bir xalqning milliy ruhini avvalo uning milliy adabiyoti va san'atida aniq-ravshan ko'rsa bo'ladi. Buyuk mutafakkirimiz Abdulhamid Cho'lpon "Adabiyot yashasa millat yashar" der ekan, millat hayotida milliy ruh va uning eng go'zal ifodasi bo'lmish milliy adabiyot hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini alohida ta'kidlagan edi. Zotan, har qanday jism, tana, moddiy borliq o'tkinchi, arabcha istilohlar bilan aytganda, foniy va muvaqqat, ruh esa, o'lmas, abadiy, umriboqiy. Binobarin, uni o'zida in'ikos etuvchi adabiyot va san'at ham abadiyatga dahldor hodisadir. Muqoyasa orqali aytganda, tana baayni zamonaviy kompyuter, ruh esa, bashariyat zakosi boshqarayotgan ana o'sha kompyuter harakatining mahsulidir. Tafakkur ham, tasavvur ham, xotira ham - hamma-hammasi ana o'sha kompyuterdagi dasturlar tizimining ichidadir. Faqat ruhning har qanday sun'iy qurilmalardan beqiyos darajadagi bir afzalligi borki, kompyuter va dasturlashga asoslangan turfa xil robotlarda his-tuyg'udan urvoq ham yo'q. Ruh va uning go'zal ifodasi bo'lmish badiiy adabiyot esa, insoniy his-tuyg'ular, kechinmalar, kayfiyatlar, ehtiroslar, hayajonlar, xullas, turfa hil ruhiy holatlar ifodasi sifatida biz uchun g'oyat qadrlidir. Kompyuter harakatini inson zakovatisiz tasavvur etib bo'lmaganidek, inson ruhini ham Oliy Ruh - Alloh Taolosiz tasavvur etib bo'lmaydi. Modomiki Oliy Ruh - Alloh Taolo, boshqacha aytganda, Parvardigor, Tangri, Yaratgan Egamning ko'pdan-ko'p nomlaridan biri "Hoziq Halloq" ekan va u o'z bandalarinigina emas, xalqlarini, ya'ni, millatlarini ham Yaratgan ekan, insonni millatsiz, insoniy ruhni milliy ruhsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Milliy qiyofa, muayyan millatning "libosi mavzui"isiz yalang'och holdagi inson ruhi... aslida yo'q narsa! Har qanday ruhni kaltabinlarcha inkor etgan va, ayni chog'da, allaqanday "kommunistik ruh" xususida safsata sotgan xudosiz Sho'ro tuzumi siyosatdonlari o'ylab topgan uydirmalarga, sarobga o'xshaydi u! Agar milliy qiyofasiz inson ruhi bor bo'lsa, u ko'ngillarda hayrat va muhabbat emas, baayni tasqara, olabo'ji, alvasti va yo sharpadek nafrat va qo'rquv tuyg'ularini uyg'ota oladi. Zotan, inson ruhi - botini, siyrati qanchalik yorqin milliy qiyofa kasb etgani sayin shunchalik umumbashariy ahamiyat va umriboqiy qadriyat kasb eta boradi. Gomer va Sofokl - yunon xalqining, Kalidasa va Tagor - hind xalqining, Shekspir - ingliz xalqining, Dante - italyan, Gyote - nemis, Tolstoy va Dostoevskiy - rus xalqining o'lmas milliy ruhini namoyish etganidek, Navoiy va Bobur - o'zbek xalqining beqiyos ruhi poki, go'zal ma'naviy olamini jahonga ko'z-ko'z qilib turibdi.
       O'zbek xalqi ham tashqi tabiat, ham ichki tabiat - ruhiyat nuqtai nazaridan xudo yorlaqagan, kamyob xazinalar va noyob iste'dodlarga boy xalqlardan biridir. Bu xalqning kamyobligi-yu noyobligi avvalo shundaki, u jahondagi jamiki turkiy xalqlarning uch qadimiy ildizi (qarluq, o'g'iz, qipchoq)ni o'zida birlashtirgan tom ma'nodagi o'zbek - Turk Otaning O'z Begidir. Ma'lumki, hozirgi uyg'ur xalqi - qarluqlarning, turkman, ozorbayjon va usmonli turklar - o'g'izlarning, qozoq, qirg'iz, qoraqalpoq, tatar, boshqird, no'g'oy, mojor (venger)lar - qipchoqlarning avlodlari hisoblanadi. Jahondagi jamiki turkiy xalqlardan faqatgina o'zbek xalqi, tag'in takrorlaymiz, shu uchala ildizdan kuch-quvvat olib o'sib-ungandir. O'z paytida o'zbek xalqining uch xonlika parchalangani bejiz emas edi. Bu bo'linish uch tarixiy ildizning o'ziga xos tarzda zuhur ko'rsatishi edi, zotan qadim-qadimdan Farg'ona vodiysida - qarluq o'zbeklari, Xorazm vohasida - o'g'iz o'zbeklari, Zarafshon, Qashqa va Surxon vohalarida esa, qipchoq o'zbeklari yashaganlar. Tarixda bu uch o'zbek - o'zbekning, umuman, turkning bu uch ildizi birlashib, o'z tevaragida boshqa turkiy xalqlarni birlashtirib, qudratli markazlashgan davlat barpo eta olganida... O'zbekiston davlat madhiyasida go'zal va haqqoniy madh etilganidek, darhaqiqat, "Ulug' xalq qudrati jo'sh urgan mahal, Olamni mahliyo aylagan diyor..."
       O'zbek xalqi va uning atrofida markazlashgan turkiy xalqlarga jahondagi barcha xalqlar uzoq tarixda hamisha maftun-mahliyo boqavermagan, ko'p hollarda unga g'ayirlik va baxillik ko'zi bilan qaragan, albatta. Shu boisdan bu muqaddas zaminga ko'z olaytirib kelgan har bir bosqinchi ikki tarixiy atamadan - "turk" va "o'zbek" so'zlaridan o'lgudek qo'rqqan. Bu so'zlarda mujassamlashgan o'lmas milliy ruhni har bob bilan bosib-yanchib, cho'ktirib, zanjirband sherdek tutqunlikda ushlab, tuyadek burnidan ip o'tkazib, otdek jilovlab-tizginlab olishga, ilojini topsalar, oti-zotini quritishga jon-jahdlari bilan uringanlar. Buyuk "Alpomish" dostonidagi "Bo'shalsa o'zadi o'zbekning oti" satrida, jiddiyroq o'ylab qarasangiz, olam-jahon ma'nolar mujassamdir. Masalan, arab bosqinchilari avvalo "o'zbek" va "turk" atamalarini imkon qadar tilga olmaslik, milliy ruhni yuzaga chiqarmaslik maqsadida, masalan, "musulmon millati" degan sun'iy atamani o'ylab topgan edilar. O'rni kelganda aytib o'tish kerakki, xuddi bolshevizm dohiysi Vladimir Ilich Lenin o'zining "O'qi, o'qi va yana o'qi" shiorini Qur'oni Karimdan yuzsizlarcha o'zlashtirib olganidek, bu soxta dohiyning izdoshlari keyinchalik arab bosqinchilarining "musulmon millati" atamasidan o'zlaricha nusxa ko'chirib, "sovet xalqi" degan sun'iy atamani o'ylab topgan edilar. Xolbuki musulmonchilik milliy ruh emas, diniy e'tiqod ekanligi butun jahonga besh qo'ldek ayon edi. Xuddi shuningdek, "sovet xalqi" ham Xudo yaratgan yaxlit bir butun xalq emas, aslida, yuzdan ortiq millatlar va elatlarni o'zida qamragan "xalqlar qamoqxonasi"ning aholisi edi, xolos.
       Arab bosqinchilari o'ylab topgan yana bir shumlik, uzoqni ko'zlab qo'llangan makkorona tadbir - bu, shubhasiz, butun Sharqda arab tilini - fan tili, fors tilini - adabiyot tili, turkiy tilni esa, harbu zarb tili sifatida joriy etishda ayon ko'rinadi. Ayni shu sababga ko'ra jamiki turkiy xalqlar, ayniqsa, o'zbek xalqining ilm-fan bobidagi beqiyos salohiyati, masalan, Imom Buxoriy va Imom Termiziydek buyuk muhaddislar, Muhammad Xorazmiy va Ahmad Farg'oniydek buyuk allomalar, Mahmud Zamahshariydek olamshumul tilshunos va Burhoniddin Marg'inoniydek islom huquqshunosligi - fikh ilmining sardori yaratgan beqiyos meros arab tilidagi arab fanini rivojlantirishga mohirona xizmat qildirildi. Abu Nasr Muhammad ibn Muhammad ibn Tarhon ibn O'zlug' al Forobiy at Turkiy (Allomaning o'zi o'z qo'llari bilan yozib qoldirgan shajara bu!) faoliyatidan boshlab Erkin Vohidov "O'zbegim" qasidasida tilga olgan "asli nasli balki o'zlug', balki tarhon o'zbegim"ning hayratomuz salohiyati bilan bir qatorda milliy o'zligi ham yorqinroq namoyon bo'la boshladi. Bu alloma arab tili va arab fani doirasidan kengroq miqyoslarga chiqib, qadimiy yunon, hind, xitoy va boshqa ko'pgina xalqlarning tili hamda falsafasini chuqur o'zlashtirib, o'z ustozi Arastu - Aristoteldan keyingi ikkinchi muallim - "muallimi soniy" sifatida jahonda dovrug' qozondi. Turkiy xalq vakilining bunday favqulodda ilmiy muvaffaqiyati arab xalifaligi siyosatdonlariga xush kelavermagan, albatta, shuning uchun ham alloma o'z umrining so'nggi yillarini arab shaharlarida, xususan, Xalafda anchagina xor-zorlikda kechirgan, qabri ham to hozirga qadar qariyb tashlandiq ahvolda... Aftidan, arab xalifaligi siyosatdonlarining "ajamliklar"ga shunday g'arazli-noxolis munosobatlarini dil-dildan his qilganligi uchun ham Imom Buxoriy hazratlari umrining ohirlarida xalifalik markazidan o'z kindik qoni tomgan yurtga qaytishni ma'qul ko'rgandir. Nima bo'lganda ham bundan ming yil muqaddam ne bir yurtdoshlarimiz faoliyat olib borgan Ma'mun akademiyasini xalifalik markazi Bog'doddan Xorazmga ko'chirish maqsadga muvofiq ko'rilgan. Nega? Bundan ko'zda tutilgan pirovard maqsad, albatta, arab tilidagi ilm-fanni imkon qadar kengroq miqyoslarda taraqqiy ettirish, bu ishda o'zbek xalqining cheksiz imkoniyatlaridan yana-da to'laroq va xalifalikning tub manfaatlariga mosroq tarzda foydalanish, xullas, boshqa barcha xalqlarni tobora izchilroq arablashtirish edi. Har qalay, Ma'mun akademiyasida faoliyat ko'rsatgan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sinodek allomalar, ayngiqsa, keyinchalik - yurt mustaqillikka erishgach, temuriylar davrida Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug'bek, Ali Qushchidek mutafakkirlar arab tilidagi fan bilan bir qatorda qadimiy Turkiston zamini va qadim turkiy xalqning olamshumul dovrug'iga yana-da olamshumulroq dovrug' qo'shdilar. Agar bu ilm-fan xazinalari turkiy tilda - o'zbek tilida bunyod etilganida edi!.. Arab bosqinchilari deyarli uch asr mobaynida amal-taqal bosib, yuzaga chiqarmay turgan o'lmas milliy ruh qariyb ming yil avval yaratilgan uch umriboqiy asarda o'zligini jahonga ayon ko'rsatdi. Mahmud Qoshg'ariyning "Devoni lug'atit turk" asarida turkiy xalqlarning boy tili va adabiyoti baayni sep qilib yozilibgina qolmay, ilk bor "turk" atamasi butun boshli bir asar sarlavhasiga olib chiqildi. Milliy ruhni ayon ko'rsatuvchi bu muqaddas so'z - "turk" degan qutlug' nom, aytish mumkinki, qayta boshga ko'tarildi. Yusuf Xos Xojibning "Qutadg'u bilig" asari - "SHohnomai turkiy" sifatida jahonda dovrug' qozongan bu asarda turkiy xalqlar, xususan, o'zbek xalqiga xos milliy ruhning tarkibiy qismi bo'lmish keng dunyoqarash, yuksak ijtimoiy ong va ilmiy tafakkur darajasi aks etibgina qolmay, mazkur o'lmas asarda "bil", ya'ni "ilm-fan" ma'nosidagi o'zakka qurilgan "bilga", "bilim", "bilgich" kabi purhikmat so'zlardan biri "bilig", shuningdek, "Qut-baraka", "Qo'rqut", "qutlug'" kabi qadim turkiy so'zlardan yana biri - "qut-baraka tashuvchi" ma'nosidagi "qutadg'u" so'zi sarlavhaga olib chiqildi. Va nihoyat, Ahmad Yassaviyning "Devoni hikmat" kitobi - "Qur'oni turkiy" sifatida jahonda dovrug' qozongan bu tom ma'nodagi hikmatlar xazinasi turkiy tilning beqiyos qudratini jahonga qayta namoyish etdi. Mazkur devonda, masalan, jahon adabiyotida turkiy til sha'niga bitilgan eng qadimiy va purhikmat shohbayt (Pisand qilmas olimlar bizni ayg'on turkini... Ma'nisiga etganlar boshdan olar bo'rkini) tarix zarvarag'iga o'chmas harflar bilan yozib qoldirilgan bo'lsa, o'zbek sha'niga aytilgan eng birlamchi, baland va o'ynoqi shohbayt Yassaviy zuryodlaridan biri, Shayxzoda Otoyi qalamiga mansubdir: "Bu ulusta ko'pni ko'rduk, vale ey o'zbekim, Dilrabolikta o'zingdek sho'xi ra'no ko'rmaduk". O'ylab qarasangiz, buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning "O'zbegim boshida do'ppi, egnida shirdog'i bas" qabilidagi shoh satrlari, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyning "O'tkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlarida milliy ruhni yorqin aks ettirishda qo'llangan, yozuvchining o'z tashbehi bilan aytganda, "ra'no gulining suvi", Hamid Olimjonning "O'ebekiston", Erkin Vohidovning "O'zbegim", Azim Suyunning "O'zbekman" qasidalari va faxriyalari, aytish mumkinki, avval-boshda Otoyi ona xalq sha'niga aytgan eng go'zal tasanno-ofarin-olqishning mantiqiy davomi va avj pardalari bo'ldi...
       Arab bosqinchilari asrlar mobaynida g'oyat izchillik bilan amalga oshirgan arablashtirish siyosati nafaqat adabiyot, san'at va fan kabi milliy ruhni o'zida zuhur etuvchi ijtimoiy hodisalar, balki bu ruhning tarkibiy qismi bo'lmish irsiyat, pushti-palak, nasl-nasab bilan ham uzviy bog'liq edi. Gap shundaki, arab bosqinchilari Turkistonni zabt etgan dastlabki yilardan bu zaminda ikki ijtimoiy tabaqa - xo'jalar va qoralarni shakllantirib boshladilar. Xuddi "Arab va Ajam" atamalari kabi, "arab xalqi va arab bo'lmagan xalqlar" ma'nosini anglatuvchi bunday ajratish arab xalifaligi nomidan erli xalqlarni idora etuvchi arablar va ular bilan qarindoshchilik rishtalarini bog'lagan, boshqacha aytganda, sotilgan forslar va turklarga cheksiz imtiyozlar yaratib berish, shu orqali turkiy xalqning milliy ruhini cho'ktirish va izchil ravishda arablashtirishga qaratilgan edi. Agar mashhur latifada Arman radiosi "Jahondagi qaysi xalqlar buyuk?" degan savolga "Ruslar, rus bo'lmaganlar va armanlar" deya javob bergan bo'lsa, arab xalifaligi siyosatdonlari jahon xalqlarini qoq ikkiga bo'lib qo'ya qoldilar va birinchi yarim pallani ikkinchi yarim palla xisobiga tobora kengaytirishga qattiq urindilar. Bu yo'lda har qanday yovuzlikdan qaytmadilar. Bosqinchilik-tajovuzkorlik, diniy aqidaparastlik va diniy ekstremizmning tub tarixiy ildizlari o'zaro tutashligi shunda ko'rinadiki, har uchalasi Qur'oni Karim va Rasuli Akramdek butun bashariyatning ruhiy tayanchi va ruhiy madadkorini o'zlarining manfaatlariga xizmat qildirishga urindilar va hali-xanuz urinmoqdalar. Arab bosqinchilari o'z manfaatlariga eng ko'p xizmat qildirgan ijtimoiy tabaqa - xo'jalarning turlari ko'p edi: sayyidlar - payg'ambar avlodlari, shayxlar - ruhoniylar, eshonlar - dindorlar... Arab xalifaligi nomidan mahalliy "qora xalq", "avom"ni idora qiluvchi bu xo'jalar tabaqasi oddiy xalq tilida soddagina qilib "Noyib to'ra" deb yuritilar edi. Buyuk Cho'lponimiz o'zining "Kecha va kunduz" romanida "Noyib to'ra" atamasi bilan Rossiya imperiyasining Turkistondagi mas'ul vakilini nomlaydiki, bu buyuk so'z san'atkori mohirona qo'llagan va mohiyatni ayon ko'rsatuvchi teran ma'noli xalqona so'zdir. Shuningdek, Cho'lpon she'rlarida "xo'jalar" so'zi ko'pincha "bosqinchilar", "mustamlakachilar", "xo'jayinlar" ma'nosida - so'zning tub ma'nosida qo'llanadi. Xudoning qudrati-yu ona xalqimizning beqiyos salohiyatini ko'ringki, boy arab tilidagi "xo'ja" degan purhikmat so'zning dovrug'iga arab bosqinchilari, hattoki bu xalqning ziyolilari emas, Xo'ja Ahmad Yassaviy va Xo'ja Nasriddin Afandi singari asli turkiy xalqqa va o'zbek millatiga mansub, mahalliy xalq ichidan etishib chiqqan xo'jalar yangi olamshumul dovrug' qo'sha oldilar. "Madinada - Muhammad, Turkistonda - Xo'ja Ahmad" degan gap bejiz aytilmagan, albatta. Xuddi shuningdek, donishmandlik va zukkolikda benazir Xo'ja Nasriddin afandidek yorqin adabiy siymoni arab xalqi va yo jahondagi boshqa biror bir xalq emas, aynan turkiy xalq "Mana, ko'rib qo'ying, men qora emas, xo'jaman, o'z taqdirim, o'z yurtimning xo'jayiniman!" deya dunyoga keltirgani bejiz emasdir. Har ikki siymomiz turkiy xalq va uning o'zagi - o'zbekka xos milliy ruhning navbatdagi favqulodda tantanasi hamda olamshumul g'alabasi edi.
       Bunday favqulodda tantanalar va olamshumul g'alabalar arab bosqinchilarini masalaga boshqacharoq yondoshishga, vaqt o'tishi bilan arablashtirish siyosatidan umidni uzib, xalifalik ta'sirini saqlab qolish maqsadida endi, aksincha, o'zbeklashishga undaganlar. Natijada Turkistonda, ayniqsa, Buxoro, O'tror, Savron, Termiz, Nasaf singari yirik diniy markazlarda arablashgan turkiy xalqlardan ham ko'proq, aksincha, turkiylashgan, o'zlashgan, o'zbeklashgan arablar qo'nim topa boshladilar. Ular orasida, garchi arab tilini allaqachon paqqos unutib yuborgan bo'lsalar-da, xali-hanuz ruhan arabligicha qolib kelayotgan, hatto o'zining asli arabligidan faxralanadigan o'zbeklar, deylik, Buxoro viloyatining Qorako'l va Olot tumanlarida, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatining ayrim qadimiy shaharlarida hali-xanuz uchrab turadi.
       Ma'lumki, aql, ong, tafakkur va uning hosilasi bo'lmish ilm-fan o'z tabiatiga ko'ra umumbashariy, baynanmilal hodisadir. Aksincha, his-tuyg'u, kechinma, ruhiy holat va uni o'zida zuhur etuvchi adabiyot bilan san'at esa, o'zining yorqin milliy libosi, betakror milliy qiyofasi bilan azizdir. Jahondagi har bir xalq balki milliy ilm-fansiz, boshqalarning aqli bilan yashay olar, lekin o'zining milliy adabiyoti va san'atisiz bir kun, bir lahza ham yashayolmaydi. Xalqni katta Adabiyotdan mahrum qilish uni o'limga mahkum qilishdir. Ayniqsa, ona tilidagi adabiyotdan mahrum bo'lish... xalq va chinakam xalq yozuvchisi uchun bundan og'irrroq fojia yo'q!..
       Yigirma yilcha avval amerikalik mashhur olim Edvard Ollvord O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mehmon bo'lib, bir guruh o'zbek yozuvchilari bilan uchrashgan va shunday bir savolni qalamkashlar oldiga ko'ndalang qo'ygan edi: "Rus tilida ijod qiluvchi Chingiz Aytmatov, O'ljas Sulaymonov kabi yozuvchilar rus yozuvchilari hisoblanadimi yo qirg'iz bilan qozoq xalqlarining yozuvchilarimi?.." Bu, ayniqsa, Sho'ro tuzumi sharoitida har bir qalamkashni jiddiy o'ylashga undaydigan va xushyor torttiradigan o'ta nozik savol edi. O'sha suhbatda bu murakkab masalaga kamina o'z munosabatimni bildirib aytgan edimki, "To'g'ri, Chingiz Aytmatovni - qirg'iz xalqi, O'ljas Sulaymonovni - qozoq xalqi o'z yozuvchisi sifatida g'oyat yuksak qadrlaydi, lekin hayot haqiqati shundan iboratki, ular buyuk rus adabiyotini qirg'iz va qozoq mavzulari bilan boyitgan yozuvchilar sifatida tarixda qoladilar. Uzoq o'tmishda ham bunday hodisalar ko'p bo'lgan. Masalan, Nizomiy Ganjaviyni - ozorbayjon xalqi, Amir Xusrav Dehlaviyni - hind xalqi, Pahlavon Mahmud bilan Mirzo Abdulqodir Bedilni - o'zbek xalqi o'zining asl farzandi sifatida hamisha e'zozlaydi, lekin fors tilida ijod qilgan bu ulug' shoirlar jahon adabiyoti tarixida fors adabiyoti namoyandasi sifatida tilga olinadilar. Chunki yozuvchining qay adabiyotga mansubligi avvalo uning tilida ayon ko'rinib turadi..."
Mana, oradan yillar o'tib, bu oddiy hayot haqiqatini yana-da yaxshiroq his qilib turgandekman.
       Nega arab xalifaligi bosqinchilari arab tilini faqat ilm-fan tili emas, badiiy adabiyot tili sifatida ham joriy etmadilar-da, o'rtada vosita sifatida fors tilidan foydalandilar? Buning bir qator jiddiy sabablari bor edi, albatta. Birinchidan, arab tilini ham ilm-fan, ham adabiyot tili sifatida joriy qilishga so'z san'atini jondan aziz ko'ruvchi turkiy xalq, har to'rt nafaridan biri she'r yozadigan shoir xalq mutlaqo chidayolmas edi, bunday o'taketgan adolatsizlikka qarshi isyon ko'tarishi aniq edi. Ikkinchidan, qadim zamonlardan buyon qo'shni yashagan Eron va Turon xalqlari zullisonayn - ikki tilli bo'lib, bir-birining tilida bemalol o'qib-yozaverar edilar. Binobarin, fors tili va fors tildagi adabiyot turkiy xalqning milliy ruhini asoratda saqlab turishda qulay va maqsadga muvofiq vosita sifatida arab tilidan ham yaxshiroq qo'l kelishi mumkin edi. Buyog'ini so'rasangiz, har ikki tildagi adabiyot ustidan mustahkam nazorat o'rnatish, baribir, arab xalitfaligining ishonchli vakillari - noyib to'ralarning qo'llarida edi. O'zingiz jiddiyroq o'ylab qarang, buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy, darhaqiqat, o'zbek adabiy tilini jahon adabiyoti yuksakliklariga ko'targan benazir siymo. Lekin bu ulug' zot yaratgan jamiki asarlarning nomlari ("Xazoyinul maoniy", "Xamsa", "Muhokamatul lug'atayn", "Lison ut tayr", "Mahbub ul qulub"...) arab tilidadir. Tabiiyki, Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy kabi fors tilida ijod qilgan turkiy salaflar asarlari ham! Bugungi kunda "O'tkan kunlar", "Kecha va kunduz" , "Qutlug' qon" kabi o'lmas asarlarning arabcha va yo ruscha atalishini tasavvur eta olasizmi? Ochig'i, aql bovar qilmaydi. Bu, albatta, arablashtirish siyosatining jahon xalqlari tarixidagi beqiyos namunalari va yaqqol dalolatlari edi!..
       Mo'g'ul bosqinchilarining qo'lida na Qur'oni karimdek muqaddas kitob bor edi, na payg'ambari akram Muhammad alayhissalomdek orqasuyar tog', na jahonda eng boy tillardan biriyu zamonda peshqadam adabiyot, na ilm-fan, na san'at... Ular oddiygina nayza, qilich, o'q-yoy singari ibtidoiy jang qurollarigagina ega edilar. Shunday bo'la turib yarim jahonda, xususan, Turkistonda qanday qilib o'z hukmronligini o'rnatdilar va uzoq vaqt saqlab qoldilar? Bir qarashda aql bovar qilmaydi. Xolbuki buning asosiy sabablari anchagina oddiy. Avvalo Chingizxon yasoqlari, qolaversa, shu yasoqlarga asoslangan holda g'oyat ustomonlik bilan o'rgimchak to'ridek to'qilgan, lekin undan beqiyos darajada pishiq-puxta to'r bunga sababdir. "Tog' Muhammadga kelmasa Muhammad toqqa boradi" deydilar. Mo'g'ul bosqinchilari makkorona qo'llagan tadbir shuki, ular Turkistonda - turkning, Arabistonda -arabning, Hindistonda - hindning, Rossiyada - rusning qiyofasiga ustalik bilan kira olganlar. Ya'ni, bu xalqlarning tili, adabiyoti, fani, madaniyati, urf-odatlari, diniy e'tiqodi, xullas, butun milliy ruhini shu qadar pishiq-puxta o'zlashtirganlarki, tarixan nisbatan qisqa vaqt ichida go'yo turkdan turkroq, arabdan arabroq, hinddan hindroq, rusdan rusroq bo'lib chiqqanlar. Bu yo'lda har qanday yovuzlikdan qaytmaganlar. Masalan, butun boshli bir qishloqning yigitlari qirib tashlanib, qizlari mo'g'ul yigitlariga berilgan. Yohud, aksincha, qizlari butkul qirib tashlanib, yigitlari mo'g'ul qizlariga qo'shib qo'yilgan. Ikki o'rtada hosil bo'lgan duragay nasl zohiran o'zbek, botinan mo'g'ul, zohiran musulmon, botinan kofir, xullas, o'taketgan munofiq, ustomon, shum qilib tarbiyalangan. Ko'p hollarda sog'lom o'zbek yigitidan iloji boricha ko'proq nasl orttirgan mo'g'ul qizi, hali o'g'il-qizlari balog'at yoshiga etmay turib, ota o'ldirib yuborilgach, ularni o'z ajdodlariga sadoqat va o'zbekka nafrat ruhida tarbiyalagan. Shu tarzda bir necha nasl aylanganidan keyin qarabsizki, mo'g'ul bosqinchilarining ishonchli kishilari o'zbekning ichidan etishib chiqib, mahalliy sharoitga boplab moslashgan Chingizxon avlodlari arab xalifaligining ishonchli vakillaridan ming karra shumroq, ustomonroq, tadbirkorroq bo'lib turibdi-da! Masalaning mohiyatini yaxshi anglab etavermaydigan shoirlar balki "Nega sen o'lmaysan, Mahmud Yalavoch?" deya ajablanishga haqli, albatta. Hattoki tarixchi olimlar "Bobur ham, Shayboniy ham o'zbek, o'zbekning shoirlari bo'lsalar, ikkalalari ham musulmon bo'lsalar-da, nega bu ikki hukmdor o'zaro murosasiz, ulkan mamlakatga sig'ishmaydilar?" deya ajablansalar ehtimol. Holbuki har ikki holning jiddiy sabablari bordir. Mo'g'ul bosqinchilari sotqin Mahmud Yalavochga "Sen qanchalik uzoq yashasang, o'zingga ham, bizga ham shunchalik yaxshi!" deya uzoq yashash uchun qulay shart-sharoitni muhayyo qilib qo'yganidan keyin... o'zining o'zbegini qirchillama yoshida qirchinidan qiyaveradi, lekin o'zi... saksondan, to'qsondan oshsa ham o'lmay yashayveradi-da! Bobur bilan Shayboniy o'rtasidagi murosasizlikning tub sababi shundaki, biri bobokaloni sohibqiron Amir Temur boshlagan ishni izchil davom ettirib, o'zbek ruhi, turkiy xalqlar qonini mo'g'ul bosqinchilari asoratlaridan tozalash yo'lida jon kuydiruvchi hukmdor. Ikkinchisi - Muhammad Shayboniy esa, aksincha, o'zbek qiyofasi, musulmon mazhabi va shoir niqobiga mohirona kirib olib, o'zini naq "Halifai Rahmon" deya e'lon qilgan payg'ambarlik da'vosidagi ashaddiy kofir, ustasi farang mo'g'ul hukmdori! Mana shunday o'zbekning "ichidagi olasi" va "o'zidan chiqqan balo"larda hamma gap! Shayboniy tomonidan Turkiston tuprog'idan quvib chiqarilgan, turkiy ulus va o'zbek xalqining ruhiy pokligi yo'lida muttasil kurashgan temuriy hukmdor Zahiriddin Bobur Hindistonda asos solgan ulug' saltanat keyinchalik "Buyuk o'zbeklar imperiyasi" emas, aksincha, "Buyuk mo'g'ullar imperiyasi" deb ataldi. Charxpalak dunyoning g'aroyib o'yinini ko'ring! Xolbuki boshqa bir olamshumul o'yinga taqqoslaganda bunisini holva desa bo'ladi. Gap shundaki, qadimiy Farg'onadagi qarluq o'zbeklari, qadimiy Xorazmdagi o'g'uz o'zbeklari, aqalli qadimiy Zarafshon, Qashqa va Surhon vohalaridagi qipchoq o'zbeklari emas, bor-yo'g'i Dashti Qipchoq o'zbeklari, shuningdek, tatarlari va qozoqlarini idora qilgan mo'g'ul hukmdori, Chingizxon avlodlaridan biri, azbaroyi o'zbek ulusining bir qismiga hukmdor bo'lgani sabab, "O'zbekxon", ya'ni, "o'zbekning xoni" degan yangi nom oldi-da, ustomonlarcha sharoitga moslashdi. Oradan etti asrcha vaqt o'tib, 1924 yilda O'zbekiston Respublikasi tashkil topganidan keyin, Sho'ro tuzumi siyosatdonlari Yakubovskiy, Bertels, Bartold kabi Rossiya imperiyasi missionerlari ishlab chiqqan, siyosiy manfaatar ko'zda tutilgan "ilmiy qarashlar"ga asoslangan holda o'zbek xalqining paydo bo'lishini ana o'sha mo'g'ul hukmdori O'zbekxon bilan bog'lab tushuntirishga urindilar. Go'yo hukmdor xalqning nomini emas, aksincha, xalq hukmdorning nomini olib, "o'zbek ulusi" bo'lgan emish! Ustomonlikni qarang! Ular hattoki "Chig'atoy ulusi", "Chig'atoy adabiyoti" singari sun'iy atamalarni ham o'ylab topib, go'yo butun boshli millat va milliy adabiyotni yana bir bosqinchi mo'g'ul hukmdori Chig'atoy bilan bog'lashga zo'r berib urindilar.
       Mo'g'ul bosqinchilarining ustomonliklari, yovuzliklari, pastkashliklari, ashaddiy qonxo'rlikdan ham tap tortmasliklari va har qanday tubanlikdan qaytmasliklari xususidagi ma'lumotlar ko'pgina tarixiy manbalarda yozib qoldirilgan, qo'shiqlar va rivoyatlarda bizgacha etib kelgan. Shunday rivoyatlardan biri, masalan, buyuk zamondoshimiz Chingiz Aytmatovning "Chingizxonning oq buluti" qissasida (bir paytlar Sho'ro siyosatining birinchi ideologi Suslov tomonidan adibning "Bo'ronli bekat (Asrga tatigulik kun)" romanidan olib qolingan va keyinchalik e'lon qilingan boblarda) mohirona aks ettirilgan.
       Mo'g'ul bosqinchilarining irsiyat va nasl-nasabga, hattoki butun boshli xalqlar, masalan, tatar xalqining genofondiga o'tkazgan zug'um-zo'ravonliklari, darhaqiqat, dahshatlidir.
       Tarixiy manbalarda ko'pincha "mongolsko-tatarskaya iga", "mo'g'ul-tatar asorati", "mo'g'ul-tatar zulmi" singari so'z birikmalari ko'p qo'llaniladi. Gap shundaki, mo'g'ullar qadim-qadim zamonlardan buyon Dashti Qipchoqda, xususan, Yoyiq (Ural) tog'i va Edil (Volga) daryosi atroflarida, Qrimda va Qora dengiz sohillarida makon tutgan qadim turkiy xalqlardan biri bo'lmish tatarlar (boshqirdlar, no'g'oylar)ni jahondagi boshqa halqlardan ham ko'proq va og'irroq asoratlarga giriftor qildilar. Bu xalqning milliy ruhiyati yuksak va boy, dovyurak va asl farzandlari ayovsiz qirib tashlandi. Qolganlarini boshqa turkiy hamda slavyan xalqlarini boshqarishda qulay vosita sifatida tarbiyalab, ulardan g'oyat ustomonlik bilan foydalandilar. Natijada tatar xalqi nafaqat asoratda, naq arosatda - ikki o't orasida qoldi. "Uyoqqa qarasa otasi o'ladi, buyoqqa qarasa bo'tasi" deganlaridek, bosh ko'tarsa - mo'g'ul boshini oladi. Mo'g'ulning buyrug'iga bo'yinsunib, boshqa turkiy hamda slavyan xalqlariga zug'um o'tkazsa, bu xalqlar o'z navbatida mo'g'ulning qo'lidagi qo'g'richoqlikda, sotqinlikda, munofiqlikda ayblab jazolaydi. Shunday ikki o't orasida bir necha asr yashashni, yashaganda ham, o'zining milliy ruhini saqlab yashashni tasavvur etishning o'zi dahshat! Rus xalqining "Neproshenniy gost xuje tatarina", o'zbek xalqining "Tatar bor joyda xatar bor" maqollari shunchaki ermak uchun yaratilmagan, albatta.
       Tarixiy manbalarda "mo'g'ul" bilan "tatar" so'zlarini qo'shib, "mo'g'ul-tatar" tarzida aytishdan tashqari, "tatar" atamasining oldiga "to'qqiz qaytgan" degan aniqlovchi ham ko'pincha qo'shib qo'llaniladi. Bir marta-ikki marta emas, naq to'qqiz marta majburan dindan qaytarilib cho'qintirilgan, shunda ham qayta-qayta dini islomga qaytib, o'zining diniy e'tiqodi va milliy ruhini qayta mustahkamlab, yuksaltirib, boyitib, o'zligini himoya qilib muttasil hayot-momot kurashlarida yashash... bunaqasini turkiy xalqlar orasida va, umuman, bashariyat tarixida tatardan boshqa biron-bir xalq boshdan kechirmagandir-ov! Bu ko'rgilik aytishgagina oson! Mo'g'ulning zo'rligi, zo'ravonligi, jabr-zulmini boshqa xalqlar orasida eng ko'p ko'rgani uchun ham turkiy xalqlar ichida tatarlar, ayniqsa, keyingi etti asr mobaynida, deylik, o'zbeklar, usmonlilar (ya'ni, saljuqlar),uyg'urlar, ozorbayjonlar va mojor (venger)lar singari aqalli biron-bir qudratli davlat barpo eta olmadilar. Buning ustiga , agar boshqa turkiy xalqlar arab bosqinchilari zulmi ostida bir yarim asrcha, mo'g'ul bosqinchilari zulmi ostida bir yarim asrcha, Rossiya imperiyasi bosqinchilari zulmi ostida ham bir yarim asrcha yashagan bo'lsalar, tatar xalqi mo'g'ul bosqinchilari zulmini qariyb uch asr, Rossiya imperiyasi zulmini qariyb uch asr boshidan, qonidan, jonidan kechirdi. Va nihoyat, stalinizm siyosatining eng dahshatli jazo choralari tatar xalqiga nisbatan qo'llanib, qatag'onning eng qattiq tayoqlari tatar xalqining boshida sindirildi. Jahon xalqlari tarixida hech bir xalq, xoh u Qrim tatarlari bo'lsin, xoh Qozon tatarlari yoxud Ufa tatarlari, xullas, tatar xalqidek yoppasiga deportatsiya, ya'ni o'zining tarixiy vatanidan quvg'in etilmagan! Aynan shuning uchun ham Rossiya imperiyasi qaramligidan halos bo'lish yo'lidagi asriy kurashlar tarixida tatar xalqi ziyolilarining o'rni alohidadir. Bu xalqning boshidan kechirgan ko'rgiliklari xususida shuning uchun ham nisbatan batafsilroq mushohada yuritmoqdamizki, o'tgan asrning boshlaridagi milliy uyg'onish davrida o'zbek xalqining Alpomish tushgan zindondan ham chuqurroq er qa'riga cho'ktirilgan milliy ruhi yangi yuksakliklarga ko'tarilishida Ismoilbek Gasprinskiy, Bakir Cho'bonzoda, Ahmad Zaki Validiy To'g'on va boshqa tatar ziyolilarining baayni Alpomishga sadoqatli do'st Qorajondek beminnat cho'zgan yordam qo'li beqiyos ahamiyatga ega bo'ldi. Mahmudxo'ja Behbudiy, Minavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho'lpon kabi istiqlolimiz fidoyilari avvalo shu qutlug' nomlari sanalgan tatar ma'rifatparvarlarini o'z ustozlari deb bilishlari mutlaqo bejiz emasdir.
       Rossiya imperiyasi Turkistonni bosib olishdan avval bu o'lka xalqlari, ayniqsa, ular orasida o'z ruhiyati, nufuzi va tarixiy ildizlariga ko'ra hamisha etakchi o'rinda turgan o'zbek xalqining milliy ruhini, kerak bo'lsa, mikroskop va lupa singari zamonaviy ilm-fan yutuqlari ko'magida yaxshigina o'rgangan edi, albatta. Roppa-rosa yuz o'ttiz yil o'zbek xalqini idora qilar ekan, bu xalqning qonidagi arab va mo'g'ul, hattoki xitoy, yunon va fors bosqinchilari qoldirgan mudhish asoratlarga, jumladan o'zbekning ichida asrlar mobaynida zohiran o'zbeklashgan bo'lsa-da, ichida "Xap, san o'zbaknimi, hali bizning ko'chada ham bayram bo'lib qolar!.." deya tish qayrab yashagan "o'zingdan chiqqan balolar"ga tayandi. Bugina emas. Rossiya imperiyasi o'zbek xalqini boshqarishda yunon, xitoy, arab va mo'g'ul bosqinchilarining bu xalqni boshqarish tajribalaridan unumli foydalanish va "sopini o'zidan chiqarish" bilangina kifoyalanib qolmadi. Bir yuz o'ttiz yil mobaynida bu yo'ldagi yangidan-yangi tadbirlarni o'ta izchillik bilan muttasil va to'xtovsiz "ishlab chiqarib" hamda hayotga og'ishmay joriy etib turdi. Ularning qay birini aytaverasiz! Masalan, birinchi jahon urushi yillarida ishga yaroqli o'zbeklarni yoppasiga front ortidagi qurilishlar uchun mardikorlikka olish. Keyinchalik Ukrainada paxtachilikni yo'lga qo'yishga urinish. Noqoratuproqni o'zlashtirish. Baykal-Amur magistrali qurilishi. Boshqa ko'pdan- ko'p "butunittifoq qurilishlari"! Bularda avvalo o'zbeklarning "qora kuchlari"dan unumli foydalanildi. Shu bahonada ham anchagina o'zbeklar o'z vatanlari - O'zbekistondan chiqarib yuborildi. Ayniqsa, Sho'ro tuzumi bunday "tadbir"larni "ishlab chiqish"da ustasi farang edi. "SSSR" deb atalgan mamlakat nafaqat zulm va zo'ravonlik saltanati, qo'rquv saltanati, ulardan ham ko'proq shumlik, makr, ustomonlik, xullas, birgina so'z bilan aytganda, shaytonlik saltanati edi. Bu saltanatning shaytonona makrlaridan biri, masalan, shu ediki, 1924 yilda bir tomonda - qadimdan o'zbeklar yashagan Chimkent, O'sh, Xo'jand, Toshhovuz va Ellikqal'a hududlari Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qoraqalpog'istonga go'yo " ma senga, ma senga" qabilida "taqsimlab berildi". Ikkinchi tomonda - O'zbekiston hududida yashovchi anchagina qozoqlar, tojiklar, qirg'izlar, turkmanlar va qoraqalpoqlar ba'zida aldov, bazida zo'rlik yo'li bilan o'zbeklashtirildi. Yuzaki qaraganda ajablanarli hol. Butun sobiq SSSR, shu jumladan, O'zbekiston hududida ruslashtirish siyosati jadal ravishda amal qilayotgan bo'lsa-da, ayni chog'da respublikada yana-da jadalroq o'zbeklashtirish siyosati ham olib borilsa! Bu qanaqasi? Nahotki o'zbek xalqining nufuzini, milliy kuch-qudrati va ruhiy quvvatini oshirish uchun qilindi bu ish?! Yo'q, aslo! Sababi - o'zbek xalqini idora qilish uchun bu xalqning o'zidan etishtirib chiqarilgan, masalan, deylik, "Kecha va kunduz" romanidagi Miryoqub epaqa yurt tepasiga ko'targan ahmoq Akbarali mingboshi va Noyib to'raning sobiq oshpazi va xotinining o'ynashi Zunnunga o'xshash qo'lbola kuchlar etishmay qolayotgani sababli qo'shimcha - yordamchi kuchlar kerak bo'lib qoldi. Bunday kuchlarni rus xutorlaridan olib kelaverish o'zini oqlayvermadi. Tabiiyki, AQSh va yo oydan olib kelib bo'lmaydi. Binobarin, O'zbekiston hududida yashovchi mayda millatlarni o'zbeklashtirib, ulardan foydalanish har jihatdan ma'qulroq edi. Rivoyat qilishlaricha, bir paytlar Charli Chaplinga taqlid qiluvchi muqallidlarning xalqaro tanlovi o'tkazilgan, unga buyuk akterning o'zi ham yashirincha qatnashgan ekan. Qizig'i shunda ekanki, o'sha tanlovda Charli Chaplinning o'zi oxirgi o'rinlardan birini bazo'r egallagan ekan! Xuddi shunday, respublika hududida yashovchi boshqa millat vakillarini o'zbeklashtirish, ularni asl o'zbeklardan "o'zbekroq" qilib tarbiyalash va ayni shu "qo'shimcha kuchlar" ko'magida asl o'zbeklarni idora qilish... ustasi faranglikning kattasi mana shudir. Bunday, aytish mumkinki, bashariyat tarixida misli ko'rilmagan tadbir natijasida ham eng ko'p jabr-jafo va zahmat-mashaqqat chekib, milliy o'zligidan judo bo'lishga mahkum etilgan xalq yana o'sha tatarlar bo'lib chiqdi. Bir asrdan ko'proq vaqt mobaynida ozmuncha tatar xalqi vakillari o'zlarining Tatariston, Boshqirdiston, Qrim, Volgabo'yi va Ural tog'laridagi qadimiy vatanlaridan zo'ravonlik bilan judo etilib, gohida majburiy, gohida aldov bilan ixtiyoriy ravishda o'zbeklashtirildimi ekan? Hisobini kim olibdi deysiz! Bu xalqning ne bir asl farzandlari, azbaroyi o'zbek xalqi ham o'zlaridek bir kun kelib tarixiy vatanlaridan judo bo'lmasligi va arosatda qolmasligi uchun, naq ikki o't orasida turib bo'lsa-da, o'zlarining butun borlig'i, qalb qo'ri, aql-zakovati va kuch-quvvatini tarjimon-tilmoch, tabib-shifokor, o'qituvchi-murabbiy sifatida o'zbek xalqi farzandlarining ko'zlarini ochish, o'zlarini jismonan sog'lom va ruhan bardam his qilishlari yo'lida beminnat xizmat va fidoyilik namunalarini amalda ko'rsatdilar. Masalan, kamina ham hozirgi O'zbekiston Milliy universitetida mantiq fani asoslaridan saboq bergan va yo "Marksizm-leninizm universiteti" deb yuritiluvchi o'quv dargohida jahon xalqlari falsafasi tarixi bilan yaqindan tanishtirgan tatar millatiga mansub muhtaram domlalarimni, ayniqsa, o'tgan asrning 70-yillari o'rtalarida ruhiyat dunyosi xususidagi "Sirli olam" deb nomlangan ilk maqolamni, hali o'zimni tanimay-bilmay turib shaxsan o'zlari tahrirdan chiqarib mashhur "Guliston" jurnalida e'lon qilgan mashhur muharrir, muhtaram ustozlarimdan biri, qozonlik tatar xalqining asl farzandi va O'zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtorni alohida hurmat-ehtirom va minnatdorlik hislari bilan bot-bot eslab turaman. Iloyo bu tatar qardoshlarimning qabrlari nurga to'lib, oxiratlari obod, ruhi poklari hamisha shod bo'lg'ay! To'g'ri, ayniqsa, o'zbeklashgan tatarlar orasida o'z qardoshlarini qon qaqshatish xisobiga davr-davron surib yashagan, pasportiga "o'zbek" deya yozilgani holda o'zbekning tub milliy manfaatlariga zid hatti-harakatlar qilib, ularning urug'ini quritishda "xizmat ko'rsatgan san'at arbobi" bo'lgan munofiq shaxslar, ayg'oqchilik, chaqimchilik, o'zbekcha xalqona ta'rif bilan aytganda, "jonsiz", ruscha aytganda, "stukach" sifatida "faoliyat ko'rsatgan" pastarin kimsalar ham yo'q emas edi.
       Muayyan siyosiy maqsadlarda o'zbeklashtirilgan boshqa millatlar vakillari orasida maxsus tarbiyalangan tatar va tojik ayollaridan, ayniqsa, qo'rqqulik edi. Bundan o'n yilcha avval Markaziy Osiyo xalqlari madaniyat assambleyasining ta'sis qurultoyida zamonamizning ulkan adibi Chingiz Aytmatov shunday lutf qilgan edi: "Tojik birodarlarimiz, ayniqsa, bir holdan faxrlanishga haqdilirlarki, tarixda ko'pincha turk botirlarining sevimli xotinlari husnda tengsiz, ko'hlik tojik ayollari bo'lganlar". Bu lutfning tarixiy ildizi g'oyat chuqurdir. Buyuk Cho'lponning "Kecha va kunduz" romanida o'zi yashab turgan mustamlaka tuzumining ichki qurilishi va mustamlakachi Noyib to'raning fe'l-atvori xususida jiddiy o'ylarga tolar ekan, Miryoqub epaqa, yodingizda bo'lsa, jumladan, shunday xulosaga keladi: "Imperiyasi tag'in ham botmasinmi! Necha ming, necha lak fuqaroning joni manavilarning qo'lida, manavilarning joni esa, anavinaqa manjalaqilar qo'lida... Demak, imperiyasi botishga tomon boradi". Miryoqub nazarda tutgan manjalaqilar har bir xalq, har bir tuzumda o'ziga etarli, albatta. Ulardan, ayniqsa, mustamlaka tuzumlarda qaram xalqlarni idora qilishda hamisha ustalik bilan foydalanilgan. Masalan, arab bosqinchilari Chingiz Aytmatov aytgan turk botirlari va, umuman, turkiy xalqlarni asoratda ushlab turishda fors va tojik millatlariga mansub ayollardan mohirona foydalangan bo'lsalar, mo'g'ul bosqinchilari, iloji bo'lsa, har bir o'zbek yigitining qo'yniga maxsus tarbiyalangan mo'g'ul yoxud tatar qizini solib qo'yishga uringanlar. Bunday "tadbir"larni rus mustamlakachilari ham chetlab o'tmadilar, albatta. Masalan, chorizm davrida yurt tepasida turgan aksariyat o'zbek amaldorlari va boylarining ikkinchi-uchinchi xotinlari va yo o'ynashlari, Sho'ro tuzumi davrida esa, ko'pgina davlat va jamoat arboblarining bittayu bitta qonuniy xotinlari tatar va yo tojik millatiga mansub ayollar bo'lganlar. Bevosita adabiyot sohasiga birrovgina ko'z tashlasak, deylik, Abdulla Qodiriyning Qozondan olib kelgan (hoynahoy muayyan siyosiy maqsadlarda atayin qo'shib yuborilgan) ikkinchi xotini, Hamza va yo Cho'lponning bir necha xotinlaridan aksariyati, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga rahbarlik qilgan qariyb barcha o'zbek adiblarining bittayu bitta xotinlari o'zbeklashgan tatar va yo tojik ayollari edi. Lekin bu ayollarning aksariyati hukmron tuzumga xizmat qilmadilar va buning uchun tegishli tazyiqlarga ham uchradilar. Ular o'ziga qon-qardosh umr yo'ldoshiga sadoqat va fidoyilik namunalarini amalda ko'rsatib, o'z qismatdoshlari va butun o'zbek xalqining mehr-muhabbatini qozondilar. Buyuk o'zbek adibining sadoqatli umr yo'ldoshi, atoqli o'zbek biolog olimi va "Oybegim mening" deb nomlangan noyob kitob muallifi Zarifa Saidnosirova, yana bir buyuk adibimiz Abdulla Qahhorning sadoqatli umr yo'ldoshi, taniqli o'zbek tarjimoni, "CHorak asr hamnafas" deb nomlangan kamyob kitob muallifi Kibriyo Qahhorova faoliyati buning yorqin misollaridir. Bu ayollarning o'z umr yo'ldoshlariga munosabati ham, o'zbek fani va madaniyatiga qo'shgan hissalari ham havas qilsa arzigulik ibratli jihatlarga boydir.
       Tarixda arab tilidagi fan va fors tilidagi adabiyot taraqqiyotiga turkiy xalqlar, ayniqsa, o'zbeklar qo'shgan beqiyos hissani ko'rsatuvchi misollar juda ko'p. Lekin turkiy xalq, xususan, o'zbek fani va adabiyotini yuksaltirishga hissa qo'shgan biron-bir arab, mo'g'ul, fors, yunon va yo xitoy xalqi vakilini kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz. Rossiya imperiyasining O'zbekistondagi ruslashtirish siyosati qanday natijalarni berdi - bu alohida mavzu, albatta, lekin o'zbeklashtirish siyosati, alal-oqibat, hamisha "Elga el qo'shilsa - davlat" deb qarab kelgan bag'rikeng va odamshavanda o'zbek xalqining zarariga emas, aksincha, foydasiga bo'ldi. Masalan, asli arman qizi va atoqli o'zbek san'atkori Tamaraxonim, asli yahudiy qizi va o'zbek mumtoz qo'shiqlarining betakror ijrochisi Berta Davidova, asli qozoq millatiga mansub mashhur o'zbek rassomi O'rol Tansiqboev, asli ozorbayjon va atoqli o'zbek shoiri Maqsud Shayhzoda, asli tatar millatiga mansub, Farg'onada tug'ilib o'sib, o'zbekning atoqli adibiga aylangan O'zbekiston xalq yozuvchisi Asqad Muxtor... Bu azizlarning o'zbek milliy madaniyati, o'zbek xalqining milliy ruhini yangi yuksakliklarga olib chiqishda qo'shgan betakror hissalari har qancha havas qilsa, faxrlansa va ibrat olsa arzigulikdir. Endi O'zbekiston mustaqilligi sharoitida o'zbeklashgan boshqa millat vakillarining bunday qutlug' an'analarni munosib tarzda davom ettirib, o'zbek xalqining milliy ruhini yana-da boyitish va yo o'zligiga qaytib, o'z milliy madaniyati va milliy ruhini yuksaltirish - shu ikki yo'lning qay biridan yurish ixtiyori o'z qo'llaridadir.
       Qariyb bir yarim asr jumla jahonni zir titratib, million-million begunoh kishilarning umrlariga zomin bo'lgan marksizm ta'limotining bosh kitobi "Kommunistik partiya manifesti" shunday bir jumla bilan boshlangan edi: "Evropa bo'ylab bir sharpa oralab yuribdi, u ham bo'lsa kommunizm sharpasidir".
       Allaqanday kommunizm xususidagi xomxayollar bilan ne bir aqlli boshlarni qotirgan va begunoh jonlarning yostig'ini quritgan marksizm-leninizm ta'limoti, darhaqiqat, nihoyati bir sharpa, sarob, buyuk Mixail Bulgakovning "Usta va Margarita" asarida mohirona ko'rsatilganidek, Volandning qilmishlari, xullas, shayton vasvasasi edi. Ne baxtki, mana, o'n besh yildan buyon mustaqil O'zbekiston davlatining sharofati bilan o'zbek xalqi shaytoniy vasvasalardan forig' bo'lib, o'zining milliy ruhini poklamoqda. Endi bu yurt osmonida sharpalar izg'ib ufqida saroblar o'ynamaydi, aksincha, Yassaviy ruhi, Sohibqiron Amir Temur ruhi, Mirzo Ulug'bek va Alisher Navoiy ruhi, boshqa ne bir ulug' ajdodlarimizning o'lmas ruhi poklari kezib yuribdi. Ular o'zbek xalqining milliy ruhini yangi yuksakliklarga ko'tarishda bizga hamisha madadkordirlar.

       ILOVA
TARJIMAI HOL YOHUD RUHIYATNING YANA BIR EHROMI

       Jahon adabiyoti va fanida tarjimai hol yozish bobida ko'pdan-ko'p ibratli tajribalar to'plangan. Chunonchi, "Turkiston elining shayhulmashoyihi" Ahmad Yassaviyning o'z umr yo'lini yilma-yil bayon qilib yozgan hikmatli satrlari va yo o'zbek xalqining chinakamiga bulbuligo'yo baxshisi Ergash Jumanbulbul o'g'lining "Tarjimai hol (Kunlarim)" dostonini ko'pchilik yaxshi biladi. Buyuk ingliz tabiatshunosi Ch. Darvin va buyuk hind mutafakkiri J. Neruning "Tarjimai hol" asarlari oddiygina tarjimai holni ham betakror asar, qo'lga ilinadigan salmoqli kitobga aylantirish san'atining ajoyib namunalaridir.
       Mazkur tarjimai hol she'ru doston, ulkan asaru salmoqli kitob emas, allaqanday iddaoli bayonot ham emas, ixcham bayonnomami-izhornomagina, xolos. Har qalay u, Sizda bir zahmatkash yozuvchining ijodiy yo'li xususida aniq-ravshan tasavvur hosil qila oladi, degan umiddamiz...
       Rahimjon Otaev (Otauli) O'zbekiston davlat mustaqilligi yillarida nosir-yozuvchi, publitsist-esseist, munaqqid va tarjimon sifatida faol ijod qilayotgan adiblarimizdan biridir. Uning anchagina mashaqqatli hayot yo'li va serqirra ijodiy faoliyati ayrim ibrat bo'larli jihatlarga egadir..
       Toshkentdan Chimkent orqali qadimiy Turkiston shahriga borar bo'lsangiz, ming yillik o'zbek she'riyatining bir sarchashmasi bo'lmish mashhur "Devoni hikmat" kitobining muallifi, avliyolar sarvari, "shayxulmashoyix" va "Hazrati Sultoni orifin" deya ulug'lanuvchi Ahmad Yassaviy hazratlari abadiy qo'nim topgan bu qadimiy shaharga kiraverishda "Iqon" degan bir qadimiy qishloqdan o'tasiz. E'tiboringiz uchun, bu qishloqda XX asr o'zbek she'riyatining eng yorqin siymolaridan biri Mirtemir domla tavallud topganlar. Ahmad Yassaviy qabri ustiga Sohibqiron bobomiz Amir Temur hazratlari qurdirgan muhtasham maqbarani tomosha qilib, tegishli ziyorat va tilovatdan so'ng ruhingiz allanechuk tiniqlashib, ko'nglingiz ravshan tortib, Qoratovga olib boruvchi qirq chaqirimlik yo'lga chiqsangiz, yo'l boshidagi "Koriz" deb ataluvchi mo''jaz bir qishloqcha - bugungi kunda Turkiston shahrining tarkibiy qismiga aylanib ketgan bu zaminda hozirgi o'zbek bolalar adabiyotining yorqin namoyandasi, qardosh qozoq va qoraqalpoq adabiyotlarining ulkan tarjimoni Nosir Fozilov tug'ilib o'sgan, agar bilmasangiz bilib qo'ying! Qoratovga boruvchi qirq chaqirimlik yo'lning qoq belida yana bir qadimiy qishloq bo'lib, u qadimda Qarnoq, bugungi kunda esa, Otaboy deb ataladi. Bu qishloqda, bilasiz, albatta, ayniqsa, o'zining "Ulug'bek xazinasi" va "Diyonat" romanlari bilan o'zbek adabiyotining olamshumul dovrug'iga yangi dovrug' qo'sha olgan atoqli adibimiz, XX asr Turkiston adabiyotining bir faxri-iftixori Odil Yoqubov tug'ilib o'sgan! Bugina emas. Xudo beraman desa qo'sha-qo'sha beraverar ekan, "Yassaviyning so'nggi safari" tarixiy romani bilan millionlab kitobxonlarimiz mehrini  qozongan yozuvchi Sa'dulla Siyoev bilan bir paytlar "Oqsoy" romani, ko'pgina qissa, hikoya va ocherklari bilan mashhur bo'lgan yozuvchi Sunnatulla Anorboev ham ayni shu qishloqda tug'ilgan!
       Hozirda Turkiston shahriga qo'shilib ketgan Koriz qishlog'i bilan Otaboy qishlog'i o'rtasidagi yigirma chaqirimlik yo'lda qadimiylikda ulardan mutlaqo qolishmaydigan tag'in uchta qishloq bor. Qorachiq qishlog'ida 1924 yilda Manzura Abdujabborova degan bir qizaloq, Yugnak qishlog'ida esa, 1920 yilda Egamberdi Otaev degan bir o'g'il, shu ikki qishloqning qoq o'rtasidagi Chipon deb ataluvchi qishloqda esa, 1949 yilning 3 aprelida shu ona va shu otadan bir farzand tug'ilgan bo'lib, uning ismi Rahimjon, familiyasi Otaev, adabiy taxallusi esa, Otaulidir. U bolajon o'zbekning bir oilasidagi to'qqiz farzandning uchinchisi bo'lib dunyoga keldi: 1945 yilda Hakimjon akasi, 1947 yilda Anvara opasi, 1955 yilda Dilbar singlisi, 1953-1964 yillar miyonasida Karimjon, Murod, Maqsud, Ma'ruf va Orif ukalari tug'ilganlar.
       Rahimjon Otaev (Otauli) 1965 yilda - o'n olti yoshida otasidan judo bo'ldi. Ko'p yillar boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lib ishlagan otasi, qolaversa, o'zining ham savodini chiqargan birinchi muallimidan ayrilish o'spirin ruhida muayyan burilish hosil qildi. O'shanga qadar matematika olimpiadalariga qatnashgan, musiqa va tasviriy san'atga alohida ishtiyoq bildirgan, hatto 1964 yilda otasi bilan Toshkentdagi Benkov nomli rassomchilik bilim yurtini "birrov ziyorat qilib qaytgan" Rahimjon o'zi ham kutmagan holda "Turkistonda mashhur shoir" sifatida tuman ro'znomasida dastlabki she'rlarini peshma-pesh e'lon qila boshladi. Shulardan biri "Yig'lagan ota", yana biri "Yassaviy maqbarasi" deb ataladi. O'tgan asrning oltmishinchi yillari o'rtalarida Turkiston tuman ro'znomasida bosilib chiqqan bu she'rlar shahdi quyoshga etgulik, lekin o'zi erga kirgudek o'n etti yashar etimning qattiq jumbushga kelgan qalb tug'yonlari ifodasi edi...
Lekin matematikaga bo'lgan ishtiyoq aksariyat qarindoshlari matematika fani o'qituvchilari bo'lgan o'spirinning qonida bor va u boshqa ishtiyoqlardan kuchliroq ekan, 1966 yilgi mash'um zilziladan keyingi Toshkentga o'qigani kelgan Rahimjon Otaev hozirgi O'zbekiston milliy universitetining filologiya fakultetiga emas, matematika fakultetiga hujjat topshirdi. Forobiy ko'chasidagi bir xonadonda ijarada turar ekan, kutilmagan bir tarzda 1966 yilning 10 iyulida atoqli shoir G'afur G'ulomning dafn marosimida qatnashib, unda tilsiz-zabonsiz Oybekni va tili biyron ne bir yozuvchiyu shoirlarni qadamlar bilan o'lchanuvchi masofada turib tirik holda ilk bora ko'rdi... Hoynahoy ayni shu kutilmagan "zilzila" sabab shoirlikdan ham, matematika fakultetining kechki bo'limida o'qishdan ham butkul voz kechib, Turkistonga qaytdi. Bir yillik yo'l qidirish, ikkillanish, izlanishlar nihoyasida tag'in Toshkentga kelib, 1967-1973 yillarda universitetning filologiya fakultetida, kechki bo'limda o'qidi, ayni chog'da, zilziladan keyingi Toshkent qurilishlarida betonchi-armaturachi bo'lib ishladi, 1968-1973 yillarda esa, Til va adabiyot ilmiy tekshirish instituti folklor bo'limining laboranti sifatida adabiyotshunoslik fani, Xodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Ergash Rustamov va boshqa atoqli adabiyotshunos olimlar hamda ularning ilmiy ishlari bilan yaqindan tanishdi. Ikkinchi kursda "Ravshan" dostoni, uchinchi kursda Mashrab ijodi, to'rtinchi kursda Rabindranat Tagor falsafasi haqida kurs ishi yozdi. "Murodxon" dostoni to'g'risidagi dastlabki ilmiy maqolasi birinchi ustozi To'ra Mirzaev tahriri ostida 1971 yilda taniqli olimlarning nufuzli bir jamoa to'plamida bosilib chiqqanida u yigirma ikki yoshda edi! 1973 yilda universitetning filologiya fakultetini bitirar ekan, etika va estetika kafedrasida atoqli xalq baxshisi Ergash Jumanbulbuldan yozib olingan dostonlardan iborat besh jildlik "Bulbul taronalari" majmuasi asosida "Romantizmning estetik mohiyati" degan mavzuda diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qildi. Mazkur ilmiy ishning rahbari ahloqshunos faylasuf Anvar Abdusamatov, rasmiy opponenti taniqli faylasuf olim Haydar Aliqulov, norasmiy opponent sifatida muhokamada qatnashgan olimlardan biri akademik Baxtiyor Nazarov edi...
       Yigirma to'rt yoshida shunday murakkab mavzudagi diplom ishini muvaffaqiyatli himoya qilgan, ilmiy maqolalari etarlicha e'lon qilingan, Til va adabiyot institutidek ulkan ilmiy dargohda ishlab, minimumlarni topshirib, nomzodlik ishini yozishga ruhan shay bo'lib turgan yigit, agar faqatgina o'zini va ilmiy ishini o'ylaganida, uzog'i uch yilda nomzodlikni himoya qilishi muqarrar edi. Birinchi ustozi To'ra Mirzaev "Shunday ilmiy dargohni tashlab Iqoniga ketib qolgan birinchi shogirdim Farhod Rahimovning o'rniga seni menga xudo etkazdi" deya qanchalik suyunar edi. Lekin u, To'ra Mirzaev ta'tilga ketgan chog'ida universitet diplomini qo'lga olgan zahoti o'zining kelajagini emas, qishloqdagi oyisi, akasi, opa-ukalarini o'ylab, imi-jimida ishdan bo'shab, Turkistonga qaytdi. Bir necha oy Turkiston tuman ro'znomasida adabiy xodim va tarjimon bo'lib ishladi. Yilchi sifatida Turkistondan harbiy xizmatga chaqirilgan yigirma nafar tengdoshlari qatorida poezdda to'qqiz kecha-kunduz yo'l yurib, Yapon dengizi sohilida joylashgan Naxodka porti yaqinidagi bir polkka borib tushdi. "Rus tilini suv qilib ichib yuborgan olim" sifatida polk shtabida pisar (o'zbekcha - mirzo, arabcha - munshiy) qilib olib qolishmoqchi edilar, o'zicha isyon ko'tardi: "Olti yil universitet bilan institutda rosa pisarlik qildim, meni shunday bir joyga jo'natingki, toki xizmat xizmatdek bo'lsin!" "Talablarga muvofiq" shunday bir chakalakzorga jo'natildiki, doimiy harbiy tayyorlikda turgan divizionning yadro zarrasi bor raketani uchirish uskunasiga joylashtirish murvatini bilak kuchi bilan burovchi "birinchi raqam" sifatida jami yuzdan ortiq urishqoqlar,.o'zidan besh-olti yosh kichkina "oqsoqollar" iskanjasida yolg'iz qoldi. Kaltaklarning alam-achchig'ini murvat burashdan oldi. Tutqichni tutamlab turib shunaqanggi aylantirdiki... nizomda belgilangan vaqt ko'rsatkichini qariyb yarmiga qisqartirib, namunaviy raqam sifatida Vladivostokdan Volgogradga qadar jamiki sinov maydonlarini qadam-baqadam kezib chiqdi! Atigi bir yilning qoq yarmida dam poezdda, dam samoletda, dam avtobusda qariyb qirq ming chaqirim yo'l bosdi... "Yurgan - daryo, o'tirgan - bo'yra" deya bilib aytgan mashoyixlar. O'tirganida yo polk shtabida, yo institut bo'limida mudrab o'tiravergan bo'larmidi. Axir bo'yradan ham, po'stakdan ham hech qachon jiddiy yozuvchi chiqmagan, chiqmaydi ham! Jiddiy yozuvchi erga urganlari sayin baayni sherdek na'ra tortib ko'kka sapchiydigan, tinib-tinchimaydigan, mashaqqatlardan qo'rqmaydigan, ko'pni ko'rgan - ko'pgina vaziyatlardagi ko'pdan-ko'p ruhiy holatlarni yuragidan, jonidan va qonidan kechirgan odamdan chiqadi. Tabib tabib emas, boshidan o'tkazgan tabib deydilar. Yozuvchi esa, ta'bir joiz bo'lsa, inson ruhining tabibidir.
       Ha, chinakam yozuvchi ko'p yurishi, ko'pni ko'rishi, ko'p narsani bilishi kerak. Lekin R. Otaev bir yillik harbiy xizmatdan qaytib, Turkiston shahri bilan Chipon qishlog'i o'rtasidagi o'n ikki chaqirimlik yo'lda uzzukun zuv qatnar ekan, tez orada dil-dildan amin bo'ldiki, bunday sarsonlik-sargardonliklardan tuzukroq bir ish chiqishi amrimahol! Garchi tuman ro'znomasining bir sonini - oshiqona she'rlari, bir sonini - hikoyasi, yana bir sonini - maqolasi tuppa-tuzuk "obod qilayotgan" bo'lsa-da, uning samarasi... Namoz o'qib topgan savobing isrof qilgan tahorat suvingga arzimaydi deganlaridek... Bir necha oylik qatnovdan so'ng samarasi kam ishdan voz kechib, otasi qilgan ishni qilishni har jihatdan ma'qul ko'rdi: otasi ishlagan Chipon sakkiz yillik maktabida o'zbek tili-adabiyoti va rus tilidan dars berishga o'tdi. Biror yildan keyin o'qituvchi Hakimjon akasi uylanib, injener Karimjon ukasi politexnika institutidagi o'qishini bitirib kelgach, nihoyat, oilaviy sharoiti unga ko'ngli tusagan ishni qilish imkonini berdi. 1975 yilda Toshkentga qaytib keldi, lekin ikki yilcha avval o'zi namoyishkorona voz kechib ketgan Til va adabiyot institutiga qaytib ishga kirolmadi. Boshqa "yana-da kengroq maydonlar"ga ham talpinib etolmadi. Tag'in otasi qilgan ishni qilishga to'g'ri keldi. Chilonzor tumanidagi 200-o'rta maktabga o'qituvchi bo'lib ishga joylashdi. O'sha paytda Lenin nomi bilan ataluvchi bu maktab O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining tayanch maktablaridan biri bo'lib, unda estetika fani bo'yicha fakultativ mashg'ulotlar endigina joriy etilgan, lekin estetika fani bo'yicha respublikada etakchi mutaxassis bo'lmish vazir Said Shermuhammedovning bu tashabbusini qo'llab-quvvatlay oladigan o'qituvchi maktabda topilmay turgan ekan! Har ikki tomon uchun ham baayni tabib buyurgandek bir ish bo'ldi. Ikki mingdan ziyod o'quvchi ta'lim oladigan bu ulkan dargohning o'ziga yarasha kattagina qozonida qaynashdan tashqari "Turmush, hulq-atvor va mehnat estetikasi" degan bir o'quv qo'llanmasi, aniqrog'i, ilmiy- pedagogik risola, xullas, dastlabki ilmiy risolasini yozdi. Maktabda to'plangan bir yillik tajriba, estetika fani bo'yicha yoqlangan diplom ishi va bu risola qo'lyozmasini qo'sh kaftida tutib, 1976 yilning yozida Falsafa va huquq institutining o'sha paytdagi direktori, o'zi alohida ixlos qo'ygan Abu Nasr Forobiy falsafasi bo'yicha mamlakatimizdagi qariyb yagona yuksak malakali mutaxassis Muzaffar Xayrulllaevga yuzma-yuz keldi. O'sha vaqtda Shayxova mudiralik qiladigan etika va estetika bo'limiga laborant sifatida ishga olar bo'ldilar. Uch kunda maktabdan bo'shab, hujjatlarini saranjomlab kelsa, voajab, institutda ob-havo butunlay o'zgargan, nimagadir allaqanday tutun... Laborantlik o'rni ham nimagadir birdaniga yo'q bo'lib qolibdi. "YOtib qolguncha otib qol, urushda turish yo'q" deganlar. To'ppa-to'g'ri vazir Said Shermuhamedovning qabuliga kirib, dardini dasturxon qildi-da, Moskva va yo Sankt-Peterburgga maqsadli aspiranturaga yo'llanma so'radi. Vazir aytdiki, "Aspiranturaga imkoniyatimiz bo'lmayroq turibdi, lekin sizni estetik tarbiya masalalari bo'yicha uslubchi sifatida ishga olishimiz, ilmiy ishingizga shaxsan o'zim rahbarlik qilishim mumkin!"
       Buni qarangki, tag'in tabib buyurgandek bir ish bo'ldi. Vazirlikka qarashli Pedagogika ilmiy tekshirish instituti, qisqagina nomi bilan aytganda, "Pednauk"-"Pedakademiya" 30-yillarda dastlab tashkil etilganida Qozon universiteti kutubxonasining qoq yarmi shu dargohga ko'chirib keltirilgan ekan deng! Vazirlikning rus tilidagi "pisarlik" yozishmalaridan vaqt orttira olgan paytlarida shu boy kutubxonaga baayni tanda qo'yib yotib oldi. Uch yil mobaynida qadimiy yunon faylasuflaridan boshlab to hindi Radxakrishnan bilan Deshpande, nemis Freyd bilan Shopengauer, ingliz Darvin bilan rus Mechnikovga qadar yuzlab faylasuflarning insoniy tuyg'ular haqidagi ilmiy qarashlarini qoniga singdirishdan tashqari uch yuz sahifa hajmidagi "Tuyg'ular estetikasi" degan ilmiy tadqiqotini yozib tamomladi. Mazkur ishning kichik bir tarkibiy qismi, masalan, 1976 yila mashhur "Guliston" jurnalining mashhur bosh muharriri Asqad Muxtorning shaxsan tahriri ostida "Sirli olam" degan ilmiy-publitsistik maqola sifatida chop etildi. Yana bir qismi - "Ruhiyatlar birligi" maqolasi shaxsan Odil Yoqubov tahriri ostida "Toshkent oqshomi" gazetasida bosilib chiqdi. Bular R. Otaevning ilk ilmiy-publitsistik, ilmiy-ommabop maqolalari, birgina ruscha atama va arabcha istiloh bilan aytganda, "esse"-"badia" janridagi dastlabki ijod namunalari edi. Uch yuz sahifalik ilmiy ishini o'zi rus tiliga tarjima qilish taraddudida yurganida, kutilmaganda O'zbekistonda estetika fani bo'yicha maxsus ilmiy kengash  nimagadir birdaniga yo'q qilindi-qo'yildi... Men qilaman o'ttiz, egam qiladi to'qqiz! Buyoqda vazirlikdagi pisarlik ishlariga ko'milib ketayotgandek... Bechoraga ne chora bor?.. O'ylay-o'ylay tag'in bilganini qilishga majbur bo'ldi. "Tuyg'ular estetikasi" nomining o'rniga o'zi ixlos qo'ygan G'afur G'ulom she'rining yarim satri ("Osmon to'la yulduzlar")ni qo'yib, tagiga qo'shimcha nom ("Tuyg'ular haqida suhbat")ni qo'shib, ilmiy jumlalarga badiiy tus berib, ilmiy ishni essega aylantirdi-qo'ydi. Uni dastlab G'afur G'ulom nashriyotida bosh muharrir o'rinbosari bo'lib ishlab turgan yurtdoshi Odil Yoqubovga ko'rsatdi. Atoqli adib o'zicha jon kuydirdi: "Bunday cheki-chegarasi yo'q mavzuning ichida cho'kib ketadi-ku odam! Nima, joningiz po'latdanmi! O'z boshingizni o'ylasangiz-chi!.."
       Qo'lyozmani universitetdagi diltortar domlalaridan biri Norboy Xudoyberganovning uyiga olib borib berdi-da, o'zi Turkistonga bordi.U erda biror yil avval tanishib, tahririyatda birga ishlab, ko'ngil qo'ygani Dilbar degan bir qizga uylanib qaytdi. Buni qarangki, qizning otasi Turkistonning qadimiy Boboy qishlog'idan, onasi Savron qishlog'idan ekan...Toshkentga "boshi ikkita" bo'lib qaytgach, Norboy Xudoyberganovga sim qoqqan edi, yuraklarni allanechuk orziqtiruvchi javob qaytdi: "Asaringizga taqriz yozib, nashriyotga topshirib qo'ydim. Borib oling, ko'ring..."
       Bordi, oldi, ko'rdi. Taqrizmisan taqriz! "Ilmiy kashfiyot darajasidagi asar" mazmunidagi eng baland baho! Norboy Xudoyberganovdek o'ta talabchan munaqqiddan chiqqanmi bu baho? Endi ishlar yurishib ketsa kerag-ov!..
       1978-1981 yillar mobaynida R. Otaev o'z boshi, oilasi - ikkinchi boshi, naqd o'ttiz yoshida ko'rgani yolg'iz o'g'li, uning uy-joyi, Vatanini ancha jiddiy o'yladi, o'ylaganini o'ylaganiga qo'shdi, ko'paytirdi... Lekin qo'lyozma jonivor... shu to'rt yil mobaynida Norboy Xudoyberganovning avj pardadagi maqtovi bilan birga qimir etmay yotaverdi. Azbaroyi shu qo'lyozmani qimirlatish maqsadida, nashriyotning o'ziga ishga kirolmagani, buyog'i rus tilidagi yozishmalarga ustasi farang bo'lib ketgani sababli, 1979 yilda "Goskomizdat" degan tashkilot (Hozirgi Matbuot va axborot agentligi)ga ishga kirishga hujjat topshirdi. Endi ish boshlayman deb turganida... rahmatli Erkin Boysinov bosh muharrir sifatida allanechuk zorlanib tushuntirdiki, TSKadan O'ktam Usmonov qo'ng'iroq qilibdi, Murod Muhammad Do'st degan bir yosh yozuvchi Moskvadek joydan ayni shu joyga ko'z tikib kelayotgan ekan! Keyinchalik ma'lum bo'ldiki, o'sha yosh yozuvchi aslida boshqa balandroq joylarga ko'z tikkan ekan, bu joyni esa, R. Otaev har gal kechikibroq xabar topaverdiki, Azim Suyun, Muhammad Rahmon va boshqa tengdoshlari obod qildilar. R.Otaev ham o'ziga etgulik qaysargina emasmi, to'rt yilcha kutib, 1981 yilda axiyri shu joyga etib keldi. Keldiyu eng shimarib biryo'la "sakkiz frontda" ish boshladi: avvalo "O'qituvchi" nashriyotidagi risolasi bilan G'afur G'ulom nashriyotidagi essesini baravariga harakatga keltirdi. So'ngra o'nlab nashriyotlarda peshma-pesh bosilib chiqayotgan yuzlab badiiy asarlarni bir chekkadan o'qib tushirib, taqriz qilib, shu asosda rus tilida o'zbek adabiyoti xususida bir necha turkum obzorlar tayyorladi. Ayni chog'da sirtqi aspiranturaga o'qishga kirib, Norboy Xudoyberganov rahbarligida "Hozirgi o'zbek qissalari tipologiyasi" mavzuidagi ikkinchi ilmiy ishini boshlab yubordi. Va nihoyat, besh-olti yillik tanaffusdan keyin o'zi ham favqulodda bir shiddat bilan hikoyalar, qissalar, badialar yozishga tushdi. Bor-yo'g'i ikki-uch yilning ichida "Qaytar dunyo" (keyinchalik bu asar nomini "Falakning gardishi" deb o'zgartirishga to'g'ri keldi) qissasi, "Qalb darchasi" kichik qissasi, "Shafqat", "Munojot", "Oltin olmalar", "Bo'lajak Pushkinning akasi" va boshqa anchagina hikoyalarni yozib tashladi. To'g'ri, ularning barchasi keyichalik, to'rt-besh yilcha o'tibgina bosilib chiqdi. R. Otaevning hech bir nasriy asari bunday "tanaffus"siz chiqqan emas - "chig'iriqdan o'tkazish" uchun vaqt kerak edi-da, axir. Lekin ularning yozilish, tanqidiy maqolalarining esa, ham yozilish, ham bosilib chiqish shiddati havas qilgulik edi!.. Birgina 1982 yilda sanalgan va sanalmagan anchagina ishlardan tashqari "O'zAS" haftaligida "She'r qadri" degan qariyb bir sahifalik ilk tanqidiy maqolasi, "Toshkent haqiqati" gazetasida "Hayot chorrahasidagi yoshlar" degan ilk taqrizi (G'affor Xotamning "Qaytish" degan ilk qissasi haqida) va hakozo jami o'n ikkita adabiy -tanqidiy maqolalari yozilib peshma-pesh e'lon qilindi. Shu qadarki, sirtqi aspiranturaga birga hujjat va imtihon topshirgan Abdulla Ulug'ov astoydil ajablandi: "Bir yilda o'n ikkita tanqidiy maqola?.. Aspiranturada o'qib nima qilasiz?.."
       Nima qiladi, estetika bo'yicha qilgan ilmiy ishining dumi xurjunda bo'lganidan keyin... aqalli adabiyotshunoslik bo'yicha ilmiy ish qilib, fan nomzodi bo'ladi-da, shuniyam bilmaydimi bu yigitcha!..
       Oradan yigirma to'rt yil (!) o'tganidan keyin endi jiddiyroq o'ylab qarasa, Abdulla Ulug'ovning bilgani bilgan ekan! 1983 yilning 25 avgustida Sarvar Olimjonovich Azimovning shaxsan taklifi va "Goskomizdat"dagi bevosita rahbari Ruben Akopovich Safarovdan shaxsan iltimosi bilan O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga tanqid va adabiyotshunoslik bo'yicha adabiy maslahatchi sifatida ishga chaqirildi. Ikki kundan keyin G'afur G'ulom nashriyotida marhum Vohid Zohidov raisligida tanqid va adabiyotshunoslik kengashining navbatdagi yig'ilishi bo'ldi. Yig'ilishdan chiqib surishtirsa, yarim hajmigina nashr rejasiga amal-taqal kiritilgan, erta-indin chiqadigan bo'lib turgan "Osmon to'la yulduzlar" essesining ikkinchi korrekturasidan "Eng jumboq tuyg'u" degan kattagina bir bob nashriyotga sezilarli moddiy zarar keltirilgan holda olib qolinibdi! So'rab-surishtirgan edi, ma'lum bo'ldiki, bu ishni bosh muharrir o'rinbosari bo'lib endigina ish boshlagan O'tkir Hoshimov qilibdi! Nega, nima maqsadda, endi shunisi etmay turuvdi... Kulishini ham, yig'lashini ham bilmadi. Xayolida Abdulla Oripovning bir quyma to'rtligi aylandi:
               Kulma, kulma, nega kulasan
               Hijolat chekkanning holiga?
               Nega qo'l uzatding kambag'alning
               O'g'rilardan qolgan moliga?..
       Ana o'shanda "Esse degan "barrikada"ning Afandi taklif qilgan ikki tomonidan birini uzil-kesil tanlash kerak, shekilli?." - degan xayolga bordi..
Bobning korrekturasini olib borib "Sharq yulduzi" jurnali publitsistika bo'limining mudiri        Murod Xidirning qo'liga topshirdi. U "Sevgi, nikoh, oila va ajralish muammolari" degan qo'shimcha nom bilan jurnalning 1983 yil 12 sonida , "Osmon to'la yulduzlar" essesi bilan baravar bosilib chiqdi. Jurnalning yillik mukofoti bilan taqdirlandi. Shu orada Tanqid va adabiyotshunoslik kengashiga yangi rais sifatida tayinlangan Salohiddin Mamajonov maqolasini maqtay-maqtay bir orziqdi - bir orziqdi! "Qani endi olim yiliga bitta shunday zo'r maqola yozsa!" Bu gapdan R. Otaev, tabiiyki, qattiq ajablandi: "Nega endi yiliga bittagina?! Axir, u bu maqolasini etti yilcha avval bir kecha-kunduzda yozib bitirgan edi-ku!.."
       "Sharq yulduzi" jurnali bosh muharriri Pirmat Shermuhamedov ham o'z nomidan, ham Sarvar Azimov nomidan, hattoki Zulfiyaxonim nomidan maqtay-maqtay yangi maqolaga buyurtma berdi: "Xuddi shu maqolangizday "Nikoh" degan yana bir maqola yozib berasiz, uka!" "Yozish bo'lsa yozish-da!" deya ikki-uch kunda "Nikoh yohud baxt falsafasi" degan yangi maqolani yozib, oqqa ko'chirib topshirgan edi, bosh muharrir o'rinbosari Xudoyberdi To'xtaboev andak shashtidan tushirdi: jurnalda bu asarning qoq yarmi e'lon qilindi. Har qalay, siyohi qurimay peshma-pesh e'lon qilingan  birinchi badiasi edi bu! Tanqid va adabiyotshunoslik bo'limida vaqtincha ishlab turgan Ikrom Otamurod ham "Erkin A'zamov portretiga chizgilar" yozib berishni buyurtma qiluvdi, "Dilrabo qo'shiqlar aytilaversin" degan bu "chizgilar" naq yashin tezligida, "Nikoh yoxud baxt falsafasi"ni ham ortda qoldirib, jurnalning 1984 yilgi 2-sonda bosilib chiqdi. Ilk ko'klam kunlarida respublika yosh yozuvchilar seminari bo'lib, undagi adabiy tanqid mashg'ulotlariga nafaqat ishtirok etdi, yakunlovchi mashvaratda kengash raisi Salohiddin Mamajonovning o'rniga axborot berdi. Roppa-rosa yigirma birinchi martda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga a'zo sifatida qabul qilindi. May oyida Moskvada bo'lib o'tgan sobiq ittifoq yosh yozuvchilarining USH seminar-kengashiga O'zbekistondan Xayriddin Sultonov, Sharof Boshbekov, Qutlibeka Rahimboeva, Hamza Imonberdievlar qatorida yagona munaqqid sifatida qatnashib qaytdi. Vitaliy Ozerov, Leonid Ter-Akopyan, Kazbek Sultonovlar boshqargan tanqid mashg'ulotlarida qirg'izistonlik Kalik Ibraimov, qozog'istonlik Shuga Nurpeisova, ozarbayjonlik Samir Tagizoda va boshqa jami qirqqa yaqin yosh munaqqidlar qatorida qatnashib, Erkin A'zam, Tog'ay Murod, Murod Muhammad Do'st, Xayriddin Sultonov, Anvar Obidjon va G'affor Xotam ijodi tahlil etilgan rus tilidagi maqolasi ("Gorizonti poiska: problematika i xarakter") "Drujba Narodov" jurnaliga tavsiya etildi. Bundan tashqari, o'zi apil-tapil rus tiliga tarjima qilib Moskvaga jo'natgan "Osmon to'la yulduzlar" essesi qo'lyozmasiga ajoyib rus olimi, "Tri vlecheniya" degan noyob esse muallifi Yuriy Ryurikovning yozgan batafsil taqrizini qo'liga olib (yana bir erishgani shu bo'lib) Toshkentga qaytdi. O'sha yilning ikkinchi yarmida yana ikkita adabiy-tanqidiy maqolasi, chunonchi, so'z san'atining uch mezoni xususidagi "Teranlik, Kenglik, Yuksaklik" va yoshlar qissachiligi xususidagi "Qahramonning qismati - kurash" maqolalari oldinma-ketin "O'zAS" haftaligida e'lon qilindi. Maqtalib-maqtalib "Adabiyot va zamon", "Haqiqat - ijod bayrog'i" jamoa to'plamlariga kiritildi. Nihoyat, o'sha 1984 yilning so'nggida qariyb uch yilcha harakatsiz yotgan ilk qissasi, nihoyat, harakatga kelib, "Yoshlik" jurnalida e'lon qilindi. Verter bo'lmasa-da, har qalay, shunga yaqinroq Hakimbek degan bir yosh faylasufning iztiroblari qalamga olingan bu qissa R. Otaevning respublika matbuotida yorug'lik ko'rgan birinchi nasriy asari edi!.. Shunday qilib, hisob-kitob qilamizki, R.Otaevning birinchi ilmiy maqolasi 22 yoshida, birinchi ilmiy-ommabop, ilmiy - publitsistik maqolasi 27 yoshida, dastlabki tanqidiy maqolasi 33 yoshida, ilk nasriy asari 35 yoshida bosilib chiqdi. Demoqchimizki, R. Otaev badiiy nasrga bir yozuvchi uchun etarli darajadagi jiddiy tayyorgarliklar bilan keldi va, tabiiyki, keyingi yigirma ikki yil mobaynida yozganlari ham shunga yarashadir.
       1985 yilning boshlarida "Nima qilmoq kerak" degan mashhur savol uning oldida jiddiy ravishda ko'ndalang bo'ldi. Birinchi ilmiy ishini-ku, qoq yarmini bo'lsa-da, esse tarzida chiqarib bir qadar eplashtirib oldi. Endi tag'in tuya go'shti eb ketayotgan ikkinchi ilmiy ishi - "Hozirgi o'zbek qissalari tipologiyasi"ni tezroq nihoyasiga etkazish kerakmi, yo aqalli endi asosiy muddao, pirovard maqsad - badiiy nasr bilan astoydilroq shug'ullangani ma'qulmi? Shu yilning ko'klamida ilmiy ishiga so'nggi nuqtani qo'yish niyatitda Toshkent ma'danli suvlar shifoxonasiga yotib, yigirma to'rt kunda ilmiy ish o'rniga "Surnay navolari" degan kattagina bir qissa yozib qaytdi. Unda o'sha ko'klam yozuvchilar uyushmasida ro'y bergan jarayonlar "qiziq ustida" bastakorlar uyushmasiga ko'chirib o'tqazilgan, demakki, yosh bastakor va musiqashunos Ozod Ziyodovich Holiqovning bir insoniy qismati anchagina ma'joziy, tagdorgina  qalamga olingan edi. Asarda ozodlik nafasi shundoqqina ufurib turgan edi. Qo'lyozmani "Yoshlik" jurnalining bosh muharrir o'rinbosari Murod Mansur o'qib qizg'in ma'qulladi, xuddi "Osmon to'la yulduzlar" kabi, buyuk G'afur G'ulom ijodidan, xususan, "Surnay" she'ridan olingan "Surnay navolari" nomiga nisbatan bevosita "Ozod" degan nom ostida e'lon qilishni ma'qulroq ko'rdi. R. Otaev, tabiiyki, bu jo'yali taklifga bajonidil rozi bo'ldi. Shu orada nasr bo'limining mudiri Erkin A'zam ta'tildan qaytib, qo'lyozmani Shuhrat Rizaevga taqriz qildiribdi-da, asarning yo'liga yaxshigina chim bosibdi. "Mohirona tadbir"dan xabar topib isyon ko'targan R.Otaevni tinchitishmi-tinchlantirish uchun yangi bosh muharrir Omon Matjon qo'lyozmani Tohir Malikka yana bir taqrizga berdi. Tohir Malik, aftidan, sixniyam, kabobniyam kuydirmaslik yoxud bo'ri ham to'q, qo'zichoq ham tirik bo'lishi uchun taqrizda yosh bastakor Ozod Holiqovning Farhod va Marjon degan o'g'il-qizlarini bexos yo'qotib qidirishiga bog'liq oilaviy mojarolardan butkul voz kechib, bastakorlar uyushmasidagi voqealarnigina qalamga olish tavsiya qilingan edi. Bu muallifga ma'qul kelmadi, albatta. Zotan, Farhodi bilan Marjonini qidirayotgan Ozodning ruhiy holati, ko'ngil mulki, ko'ngil bisoti - mana shu surnay navolari edi-da! Qissa qo'lyozmasi nasr bo'limining yangi mudiri G'affor Xotamning qo'lida uch yilcha avaylab saqlandi. To'rtinchi yilda Tohir Malik "Obbo, shu birgina qissani haliyam e'lon qilolmay sarsonmisiz? Mana, qanday hohlasangiz shunday chiqaring!" deya himmat ko'rsatdi. Asar 1989 yil 2 sonda, nihoyat, e'lon qilindi.
       1985-1989 yilarda roppa-rorsa to'rt yil R. Otaev nima qildi? Avvalo kimlardir insofga kelishini sabr-toqat bilan kutdi. Lekin qo'l qovushtirib, mudrab o'tiravermadi,albatta.. Tag'in nasrni qo'ya turib, avvalo badiiy tarjimaga, keyin tanqid bilan publitsistikaga zo'r berdi. To'lepbergen Qaipbergenovning "Qoraqalpoqnoma" roman-essesi va "Bobomga xatlar" badiasini - qoraqalpoq tilidan, eron adibi Muhammad Ali Jamolzodaning "Sho'robod" asarini - rus tilidan, qozoq adibi Muxtor Mag'avinning "Tiriklik qo'shig'i" qissasini - qozoq tilidan tarjima qildi. Ularning aksariyati jurnallarda peshma-pesh bosilib chiqdi ham. Zo'r asar vaqtincha dimiqsa dimiqadi, lekin o'lmaydi ekan, ulardan bittasi - "Tiriklik qo'shig'i" roppa-rosa o'n yildan keyingina 1998 yilda rahmatli Ozod Sharafiddinovning qizg'in qo'llab-quvvatlashi bilan "Jahon adabiyoti" jurnalida bosilib chiqdi.
       Ikkinchi nomzodlik ishidan ham uzil-kesil qo'lni yuvib qo'ltig'iga urganidan keyin, nazarida, qissadan kengroq maydonlarga yo'l ochilgandek bo'ldi. "Yoshlik" jurnalining 1986 yil 3-sonadi Odil Yoqubovning "Ko'hna dunyo" romani atroflicha estetik tahlil qilingan "Hikmatlar karvoni", "Guliston" jurnalida 1986 yil "Yangilikning tug'ilishi", "Zvezda Vostoka" jurnalining 1986 yil 6-sonida "Drujba Narodov" jurnali paysalga solgan "Gorizonti poiska: problematika i xarakter", 1987 yilda "Adabiyot va san'at" jamoa to'plamida Odil Yoqubovning "Oqqushlar, oppoq qushlar" romani tahliliga bag'ishlangan "Epik tasvir va tahlil" maqolalari, yana boshqa ancha-muncha maqolalari va taqrizlari e'lon qilindi. Hatto G'affor Xotam va Abbos Saidning ijodiy izlanishlari, bolalar adabiyoti muammolari xususidagi rus tilida yozilgan "Za vse v otvete", "Nachni s sebya" va boshqa maqolalari "Pravda Vostoka", "Komsomolets Uzbekistana" kabi gazetalarda ham bosilib chiqdi. Endi o'ylab qarab gohida afsuslanasan kishi! Xayf ketgan vaqt-soat, kuch-g'ayrat, orzu-umidlar!.. Baxtiyor Nazarov Til va adabiyot institutining direktorligidan to Fanlar Akademiyasining vitse-prezidentligiga qadar qariyb yigirma yillik arboblik ishlarining o'rniga "G'afur G'ulom olami"dek tadqiqotlarning to'rtta-beshtasini qatorlashtirib qo'yganida-ku, naqadar go'zal ish bo'lar edi! Xuddi shunday, R. Otaev ham o'tkinchi dunyolarga alahsimay, yiliga aqalli bitta "Surnay navolari"dek qissa yozib turganida!..
       Yo'q, chinakam tanqid ham abadiyatga dahldor chinakam san'atdir. U hamisha umriboqiy asarlarga suyanibgina umriboqiylikka erishadi. Bu yillarda yozilgan behisob adabiy-tanqidiy maqolalar va taqrizlar orasida Odil Yoqubovning ikki o'lmas asari yangicha tahlil etilgan ikki maqolasining kelajagiga umid bilan qarasa bo'ladi. "Sharq yulduzi" jurnalining 1989 yil 1 sonida e'lon qilingan, Cho'lponning "Kecha va kunduz" romani tahliliga bag'ishlangan "Tong yulduzi shu'lalari" va o'sha yili "O'zAS" haftaligida e'lon qilingan, "Yorqinoy" dramasi tahlil qilingan "Tasavvur ziyosi" maqolalari, albatta, ularning yoniga qo'shila oladi. Ayniqsa, shu ikkita maqolani o'z vaqtida Umarali Normatov bilan Begali Qosimov, keyinchalik Dilmurod Quronov bilan Bahodir Karim kabi olimlar maqtab tilga oldilar, muallifning tanqidiy qarashlarini o'z vaqtida ham, o'n besh yildan keyin ham pisand qilgan olimlarga qulluq!
       Buyuk Cho'lpon asarlari, garchi Isrofilning suri bo'lmasa-da, har qalay, ne bir mudroq qalblarni ham uyg'otishga qodir ruhiy quvvatga ega ekan! 1989-1991 yillarda favqulodda bir shiddat bilan yozib tashlangan ko'pgina publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalari, hikoyalari hamda badialarining qanchalik pishiq-puxtaligiga qarab turib muallif ham gohida "Yopiray, shularni o'zim yozdimmi?" qabilidagi xayollarga boradi.Nachora, Navoiy bilan Pushkindan meros, har bir qalamkashning ko'nglida ozdir-ko'pdir muqarrar bo'ladigan tuyg'u bu!.. Masalan, "Gap bilguncha ish bil" ("O'zbekiston ovozi", 1989, 25 fevral), "Qalpoq bozori" ("Xalq so'zi", 1990, yanvar), "Til va El Uli yoxud qaqragan tilga tiriklik suvi" ("Guliston", 1990), "Qaldirg'ochning qayrilgan qanotlari" ("Yosh leninchi", 1990), "Mantiq qani?" ("Muloqot", 1992) publitsistik maqolalarini badiiy publitsistikani chinakam badiiy adabiyotga aylantirish yo'lidagi jiddiy tajribalar deyish mumkin. Bu davrda yozilgan yoxud avvalroq yozilib, nihoyat, e'lon qilingan "Shafqat" (O'zAS, 1989), "Munojot" ("Yosh leninchi", 1990), "Otajon" ("Yoshlik", 1991), "Otabosh" ("Guliston", 1991) hikoyalari, "Tagor bilan suhbat" fantastik qissasi ("San'at", 1990), "Qalbning etti iqlimi" turkumidagi "Hayrat", "Muhabbat", "Hurmat", "Malomat", "Nafrat", "Da'vat", "Hasrat" badialari ham kichik hajmdagi badiiy nasrning beshafqat vaqt hukmiga ro'yxushlik beravermaydigan anchagina pishiq-puxta namunalaridir. Bu asarlarning aksariyati "Otauli" taxallusi bilan e'lon qilingan. "Ota", "Otaturk", "Otaliq", "Otabek", "Otajon" emas, "Otauli"gina...
       Qirq yoshida "Otauli" bo'lgach, etti-sakkiz yillik quruqqo'llikdan bir qadar qutulib, tez orada ikki kitobni birin-ketin qo'li ko'rdi. 1990 yilda G'afur G'ulom nashriyotida atoqli qoraqalpoq adibi T. Qaipbergenovning "Qoraqalpoqnoma" roman-essesi R. Otaev tarjimasida kitob bo'lib bosilib chiqdi. 1991 yilning yozida - O'zbekiston davlat mustaqilligini qo'lga kiritgan tarixiy kun arafasida "Surnay navolari" qissalar va "Qalbning etti iqlimi" turkum badialar to'plami ("Yosh gvardiya", Taqrizchilar: olim Mahmudjon Nurmatov va yozuvchi Shodmon Otabek) nashr etildi. To'g'ri, rahmatli olim G'ulom G'afurov bilan birga G'afur G'ulom nashriyotida 10 bosma toboq hajmidagi "Fikr va so'z imkoniyati" degan bir adabiy-tanqidiy maqolalar to'plami chiqadigan bo'lib turuvdi. Hatto qalam haqi ham olinib, kitobning yorug'likka chiqishiga ruxsat ham beriluvdi. Qoraqalpoq tilidan tarjimami, qo'shni nashriyotdagi kitobimi, mazkur kitobdagi "yon qo'shnisi"mi, tub ildizini bilib bo'lmaydigan sabablarga ko'ra o'sha to'plam kitob bo'lib chiqmay qolib ketdi. O'sha-o'sha Otauli yigirma uch yildan buyon O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida xizmat qilib, avvalo munaqqid sifatida eng shimarib ishlab, yuzlab tanqidiy maqolalar, obzorlar, taqrizlar, badialar yozib, o'zining adabiy-tanqidiy to'plamini ko'zi ko'rmadi. O'lmas Xo'ja Nasriddin afandimiz "Nasib qilsa eringman" deganidek, nasib qilsa, "Ruhiyat ehromi" deb nomlangan adabiy o'ylar kitobchasini shoyadki ko'rsa!
       Darvoqe, qo'llari bu masalada judayam quruqqina emas ekan! 1990 yilning boshida O'zbekiston yozuvchilarining navbatdagi qurultoyiga tayyorgarlik ko'rilar ekan, o'sha vaqtdagi uyushma raisi Odil YOqubov Do'rmondagi yozuvchilarning Ijod uyiga taniqli bolalar shoiri va tarjimon Miraziz A'zam bilan R. Otaevni olib ketdi. Ikkovlon biror oyda "O'zbek adabiyoti 1985-1990 yillarda" degan bir kitobcha tayyorladilar. U ming nusxada nashr etildi va jamiki qurultoy qatnashchilariga tarqatildi. Kitobcha hajmining uchdan bir qismiga R. Otaevning o'zbek nasri, publitsistikasi, dramaturgiyasi va adabiy tanqidchiligi xususidagi nainki shaxsiy kuzatishlari, balki "Majolis un nafois"ga tatabbu tarzida yozilgan "Dag'al majlislari" va, umuman, qalb qo'ri yaxshigina to'kilgan. Garchi ratoprint usulida bosib chiqarilgan bo'lsa-da, o'n olti yilda muallifning o'zidek u qadar sarg'ayib-siniqib ketmagan, qiziqqonlar hozir ham bemalol qiziqib o'qishlari mumkin...
       Bu o'rinda aytsa bo'ladigan va aytmasa bo'lmaydigan tag'in qanday gap qoldi? "Otauli degan zahmatkashning zahmatkashi yozuvchi, munaqqid, publitsist va tarjimon sifatida 1991 yildan keyingi o'n besh yil mobaynida nima karomat ko'rsatdi, xo'sh?" degan savolga javobgina qoldi, xolos.
       Otauli 1989 yilda - qirq yoshida boshlab, 1993 yilda - qirq to'rt yoshida (tasavvur ravshanroq bo'lishi uchun aytish mumkinki, Cho'lpon yoshida boshlab, Qodiriy yoshida) uch qism, besh yuz sahifadan iborat "Tilsim (Turkiston dostoni)" degan bir salmoqli asarini, nihoyat, yozib bitirdi. Odatda har bir qalamkashning bosh asari bo'ladi. Otaulining qirchillama qirq to'rt yoshida yozib bitirgan bu bosh asarida oddiy dehqon - Sobir qovunchi, hunarmand usta - Qodir uchar va ziyoli (tilshunos olim) Kenja Botir (Botir Zokirov) - shu uch og'a-ini botirlarning O'zbekiston davlat mustaqilligiga, aniqrog'i, davlat tili haqidagi qonunga kelish yo'li o'ziga xos tarzda yoritildi. Asarning 150 betlik bir qismi ("Qodir uchar qissasi") 1994 yilda "Sharq yulduzi" jurnalining 12 sonida bosilib chiqdi va shu bir qismi 1995 yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan "Alp Jamol" korporatsiyasi ta'sis etgan Alp Jamol mukofoti bilan taqdirlandi. Yana bir yuz betlik qismi ("Sobir qovunchi qissasi") 1995 yilda "Yoshlik" jurnalining 3-4-sonlarida e'lon qilindi. Asosiy qism (Ikki yuz ellik bet hajmidagi "Kenja Botir qissasi")dan ayrim parchalar "O'zbekiston ovozi", "Qishloq hayoti", "Muloqot", "Toshkent oqshomi", "Yosh kuch", "Tong yulduzi"..., qo'ying-chi, qariyb barcha etakchi gazeta-jurnallarda bosilib chiqdi. Qo'lyozma to'la holda G'afur G'ulom nashriyotida naqd o'n uch yildan buyon qimirlamay turibdi. O'n uch yil badalida nashriyotga to'rttami-beshta direktor kelib ketdi. Alp Jamol mukofotini olgan qariyb barcha asarlar kitob bo'lib chiqdi. Ne bir suvlar oqib, ne bir daraxtlar kesildi. Odamzod Oyni qo'yib, Zuhro, Mushtariy, boshqa sayyoralarga chiqaman deb turibdi. Ne bir nashriyotlarda ne bir kitoblar jild-jild bo'lib chiqib yotibdi. Lekin bu keng dunyoga bittagina "Tilsim (Turkiston dostoni)" degan kitob hali-xanuz sig'may turibdi... "Kengga keng dunyo" deganlari shumi?!.
       O'shanda - 1994-1995 yillarda Otauli "Nachora, hajmi kattaroq ekan, bilmasdan qulochni kattaroq otib yuborganman shekilli, balki keyinroq sig'ib qolar" degan xayolda, albatta, yaxshi niyat va umid bilan bilganini qilaverdi. "Zora sig'ishiga yordam bersa" degan umidda qadim turkiy so'z-o'zaklarning tub lug'aviy ma'nolarini  sharhlab, "So'z haqida so'z" degan jajji maqolachalar turkumini yozdi. Jami qirqtacha bu maqolachalarini gazeta-jurnallarda birin-ketin e'lon qildi. Ayni chog'da, "Xudo xohlasa, endi shunisi bemalol sig'adi" deya, tag'in buyuk G'afur G'ulomdan nom-nishon olib, ikki yuz ellik bet hajmidagi "Afandi o'lmaydigan bo'ldi" degan yangi nasriy doston yozdi va  uni 1997 yilda tamomladi. Ora-churada Odil Yoqubovning "Ulug'bek xazinasi" va "Diyonat" romanlarini o'zicha tahlil qilib, "Ma'rifat va ma'naviyat mash'ali" degan ellik betlik bir tanqidiy risola yozdi. Bu ikki shoh asar haqida aytilmagan gap qolmadi xisob, aytish ishtiyoqidagilar esa behisob, binobarin, risolani hozircha zahirada ushlab turish mumkin, raqobatchini ko'paytirishning keragi yo'q!. Lekin zamonamizning Xo'ja Nasriddin afandisi - Nasriddin Latifiddinovich Xo'janazarov degan bir elshunos olimning ajoyib - g'aroyib sarguzashtlari anchagina maroqli va o'ynoqi qalamga olingan "Elchi (Afandi o'lmaydigan bo'ldi)" dostonini qaerga butun holda sig'dirish mumkin?.. Atoqli qoraqalpoq adibi T. Qaipbergenov asarga uch jumla "fatvo" yozib berib, uning qoq yarmini 1998 yilda "Yoshlik" jurnaliga sig'dirishga katta yordam va qiyomatga qadar unutilmas himmat ko'rsatdi. Qaytmasning qaysarligidan qo'rqqulik ekan, 1998 yilda bir tomonda "Endi shunisi aniq-tiniq va bus-butun sig'adi!" deya atigi ellik betlik "Ulus (Forobiyning do'sti)" degan, hoynahoy, olamdagi eng qisqa nasriy dostonni yozdi. Bu ulug' faylasuf haqida qachonlardir nimadir yozish o'ttiz yilik orzusi edi, har kimning o'z suyanar tog'i va topinar mozori bor, bir g'arib faylasuf yozuvchiga bir suyanar tog' Forobiycha bo'ladi-da, axir! Asarda payg'ambar yoshida suyukli shogirdi Said Ali va yolg'iz o'g'li Nasriddinni ota yurtiga ziyoratga olib kelayotgan buyuk allomaning Toshkent shahridagi bir ko'cha, bir kechada ko'rgan-kechirganlari va qoraxoniylar saltanatining asoschisi Bug'roxon bilan suhbati qalamga olingan edi... Yana bir tomonda butun Turkiston Elining fe'l-atvoriga eng go'zal timsol badiiy gavdalantirilgan "Elchi" ga sig'may qolgan fikrlarini jamlab, "Elning fe'li" degan tag'in bir jajji maqolachalar turkumini yozdi va ularni peshma-pesh e'lon qilishga tushdi. Asosiy niyat va pirovard maqsad har qanday odamga tushunarli edi, albatta: "Tilsim (Turkiston dostoni)"-ku, baayni kalla-pocha bo'lib turibdi, nachora, shoyadki shu O'lmas Afandi o'n bosma toboq hajmidagi bir kitob bo'lib chiqsa!" Hoh ishoning, hoh ishonmang, avvalo shu niyatda bir paytlar boshlagan ishini ham so'nggi nuqtaga etkazib, "Tengdoshlar tengdoshlar haqida" ruknida "Elning fe'li Erkin A'zam nasrida" degan ellik betlik bir tanqidiy risola ham tayyorladi. Hatto har ikki turkumdagi maqolachalarini shu risolaga qo'shib,"Ko'zlarga to'tiyo so'zlar" degan yana bir rosmana kitob qo'lyozmasiga  ham tartib berdi. Xo'sh, bunisini qay bir azamat himmat ko'rsatib nashr qiladi endi?..
       To'g'ri, 1997 yilda - olti yil deganda qo'li , nihoyat, tag'in bir kitob ko'rmadi emas, ko'rdi. T. Qaipbergenovning "Qoraqalpoqnoma" roman-essesi, "SHarq" kontsernida qayta nashr etildi. Bu kitob sifati  qaragan odamning suqi kiradigan kitobmisan kitob edi! Lekin tarjima ming qayta nashr etilmasin, baribir, tarjima, aslida birovning mulki-da! 1998-1999-yillarda "Jahon adabiyoti" jurnalida yana ikkita asar qozoq tilidan tarjima sifatida e'lon qilindi. Avval, yuqorida aytilganidek, Muxtor Mag'avinning "Tiriklik qo'shig'i" qissasi o'n yil deganda, nihoyat, yorug'lik ko'rdi. So'ngra Abish Kekilboevning "Poygato'riq" qissasi jurnal buyurtmasiga binoan to'xtovsiz tarjima va e'lon qilindi. Bular ham bizga zamondosh peshqadam qozoq adiblarining havas qilsa arzigulik kiroyi asarlari, albatta... Lekin ularning ham muallifi R.Otaev emas-da!
       O'zining "Elchi" va "Ulus" asarlarini butun holda, bir kitobcha sifatida qachon qaerda qanday chiqarish mumkin? Yo'l qidirib, 1999 yilning boshlarida 1998 yil mobaynida bosilib chiqqan jami sakkizta romanni batafsil tahlil qilib, "O'tayotgan kunlar nafasi" degan bir obzor yozdi. Unda, jumladan, "Nega O'zbekiston davlat mustaqilligining o'tgan etti yilida zamonaviy mavzuda aqalli bironta roman yo'q?" degan savolni avvalo yozuvchilarning umumiy bir mashvaratida, keyin matbuotda jiddiy tarzda o'rtaga qo'ydi. Ayni shu ko'ndalang savol hal qiluvchi turtki bo'ldimi, qaydam, oradan salgina o'tib, "Elchi (Afandi o'lmaydigan bo'ldi)" asari axiyri bir butun holda kitob bo'lib chiqdi! Kitobning namuna nusxasini qo'liga olib turib, "Sharq" NMAKning o'sha paytdagi bosh muharriri Bobur Alimov Otaulini koyidi: "Rassomga aytsangiz bo'lmaydimi, Rahim aka, ismingiz-familiyangizni ko'zga ko'rinadiganroq qilib yozmaydimi, muncha mayda!" Otaulining yuragi to'liqdi: "Afandi bilan Qaipbergenovning haqqi-hurmati shu kitobning shunday chiqqaniga shukur, sizlarga rahmat!"
       Afandidan ko'ngli to'lib, o'sha yili ming yillik to'yi keng nishonlanayotgan "Alpomish" dostonining birinchi marta to'la holda nashr etilgan nusxasini go'zal bir kitob va bebaho bir sovg'a sifatida birinchi ustozi To'ra Mirzaevning shaxsan o'z qo'lidan oldi. Shunday kitob!.. Bu shoh asarning ilk nashriga Hamid Olimjon yozgan mashhur so'zboshidan keyin, aytish mumkinki, birinchi marotaba uni batafsil estetik tahlil qilib, "Xalqning o'lmas dahosi" degan 90 betlik bir esse - badia yozdi. Badiani respubilka radiosida besh-olti qismga bo'lib o'zi o'qidi. Lekin bu asar ham aqalli bironta jurnalga sig'may va yo alohida bir kitobcha sifatida nashr etilmay qolib ketdi. "Alpomish"ni ham qo'ya turib, tag'in "Forobiy"ga qaytdi: "Shu atigi ellik betlik "Ulus"ni qanday yorug'likka olib chiqish mumkin?.. Yo'l qidirib diltortari T. Qaipbergenovga yuragini yordi. Katta adib o'qib chiqib, tabriklab, fe'liga yarashadigan himmat ko'rsatdi: "Kel, inichak, bu asaringga ham bir nima yozib beray, "qoraxoniy" bilan "qoraqalpoq" so'zlarining o'zagi bitta, axir!.". Otaulining tag'in yuragi to'liqdi: "Siz "Afandi..."ga fatvo berib hech bir o'zbek qilmagan ishni qildingiz, og'a! Shu yaxshiligingizni ham, manovi tantiligingizni ham to qiyomatgacha unutmayman. Endi Forobiyning qadriga etadigan biron o'zbek adibi topilib qolar!.." "Unda sen maydalashib o'tirmay, bu asaringga So'zni Abdulladan ol, inichak! Bo'shashma, tortinma!"
       Otauli - jur'at, Oripov - himmat ko'rsatib, "Ulus (Forobiyning do'sti)" "SHarq yulduzi" jurnalining 2000 yil 2-sonida bosilib chiqdi! Qisqarmay, bo'linmay! Bu Otauli uchun qo'shaloq bayram bo'ldi. Birinchidan, "Ulus" o'zbek adabiyotining 1050 yillik tarixida Abu Nasr Forobiy haqida yozilgan yagona badiiy asar! Ikkinchidan, Abdulla Oripovning bu asarga yozgan So'zi Otauli ijodi haqida o'zbek tilida alohida aytilgan yagona So'z!..
       Lekin Otaulining quvonchi ko'pga cho'zilmadi. "Elchi" kitobi xususida biror yil mobaynida biron yozuvchi va yo olimning matbuotda lom-mim demagani, aqalli haftalikda "SHunday bir kitob chiqdi" deya "Doimiy hamroh" ruknida ne bir kitoblarga berilgan xabar ravo ko'rilmagani ham mayli. (Aytish kerak, atoqli adibimiz Pirimqul Qodirovning respublika matbuot agentligida o'tkazilgan ulkan bir mashvaratda "Elchi" kitobini qo'lida ushlab turib, "Prezidentimiz talab qilayotgan zamonaviy mavzudagi asar yo'q emas, bor, mana!" deya hayajonlanib aytgan gaplari oradan ikki yilcha o'tib, 2001 yilda aytildi, lekin matbuotda o'z ifodasini avval ham, keyin ham topmadi). Eng taajjublanarli joyi shunda ediki, "Ulus" asari xususida o'sha 2000 yilda "O'zAS" haftaligida professor Sanjar Sodiqning "Dostonmi yoki bashorat?" degan feletonnamo maqolasi hech bir moneliklarsiz  lopillab chiqib qolsa bo'ladimi! Mazkur maqolaning nomiyoq mantiqdan batamom holi edi. ("Dostonmi yoki hikoya?" yoxud "Bashoratmi yoki xomxayol?" deyilsa, balki mantiqli savol bo'larmidi!) Maqolaning o'zi esa, "Doston nasrda ham yoziladimi, ajab-ajab" qabilidagi bilib turib atayin anqovsirashga o'xshaydi... Endi nima qilsa bo'ladi? Avvaliga dostonning nimaligiyu uning qanday turlari borligini tushuntirishga o'zicha urinib, "Sharq eposi" degan bir raddiya tarzidagi maqola yozdi. Uni yorug'likka olib chiqolmagach, o'ylab qoldi: filologiya fanlari doktori, professorga nasriy doston ham borligini isbotlash kerakmi? Umuman, bilib turib suvga haliginday qilayotgan "oxirzamon olimlari"ga nimani qay tarzda isbotlay olasiz? Xudodan ularga insof so'rashdan boshqa ne chora bor!.. Yuragini o'rtab yuborayotgan minglab savollardan bittaginasini Abdulla Oripovning oldiga ko'ndalang qo'yishdan o'zini to'xtatib qololmadi: "Mayli, roppa-rosa bir ming ellik yil avval o'lib ketgan Forobiy bilan meni yuz-xotir qilishmasin, aqalli Sizning So'zingizni yuz-xotir qilishmaydimi, tushunmadim?.." Daho shoir ko'ndalang savolga javoban shiddat bilan guvranib shunday bir yuz ifodasini zohir qildiki, uni sharhlashga jahondagi jamiki tillar ham, qalamlar ham ojizdek... Har qalay, bu ifodada "Parvo qilmang, lekin beparvoyam bo'lmang" qabilidagi ko'pni ko'rgan donishmandning unsiz taskin-tasallisi, daldasi, ogohlikka undashini tuygandek bo'ldi...
       Otauli zahmatkash bo'lganidan keyin odatdagidek asosiy ishidan qolmadi, albatta. Avvaliga buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiyning "Saddi Iskandariy" dostoniga o'ziga xos tatabbu tarzidagi bor-yo'g'i besh sahifadan iborat "Haddi Iskandariy" degan bir tarixiy hikoya yozdi. U o'sha 2000 yilning oxirida "Yozuvchi" gazetasida bosilib chiqdi. Asar zamiridan tushungan odamga avvalo ikkita gapning uchi chiqib turar edi: "Mana, ko'rib qo'ying, doston emas, tarixiy hikoya bu!", "Agar Iskandar bo'lsangiz ham haddingizdan oshmang, iltimos, jon aka, insof qiling!"..
       So'ngra biror yil ichida favqulodda bir shiddat bilan qalam tebratib, "Zamona zayli" degan yangi bir dostonini 2001 yilning ohirida, nihoyat, yozib bitirdi. Asar ikki yildan keyin - 2003 yila "SHarq yulduzi" jurnalida (O'zbekiston matbuoti tarixidagi eng mayda harflarda!) bosilib chiqdi. Shu ikki yil va, umuman, keyingi besh yil mobaynida, tabiiyki, Otauli yozmasa bo'lmaydigan vaziyatlarda ancha-muncha yangi asarlar yozdi. Masalan, "Hisobot","Tabiatshunos", "Tomosha" hikoyalari, "Ruhiyat ehromi" turkumidagi beshta maqola... Ayni chog'da, "Mana, o'zbek Freydi!" desa degudek bir ruhshunos olim, fidoyi zamondoshimiz haqidagi yangi, beshinchi nasriy dostonini yozib bitirish arafasida....
       Otauli bundan uch yilcha avval "Zamona zayli" va "Ulus" asarlariga turli yillarda yozilgan eng sara hikoyalari va badialarini qo'shib, o'z ijodi xususida nisbatan yaqqolroq tasavvur hosil qila oladigan, qo'lga ilinguli bir kitob qo'lyozmasini tayyorlab, "Sharq" nashriyotiga topshirgan edi. Uch yildan buyon shu kitobni chiqarish umidida butun shahri azim, butun mamlakatda xolis yordam qo'lini cho'zadigan bir sherimard qidirib izilladi, ne bir sovuqqon kimsalardan yordam so'rab, himmat so'rab, insof so'rab yalinib-yolvormadi!..Ochig'i, bunisi qisqagina tarjimai holga emas, "Turkiston dostoni"dan kattaroq dostongayam sig'maydi!
       Rivoyat qilishlaricha, rahmatli Mirtemir domla XX asr o'zbek she'riyatining eng go'zal namunalaridan biri - "Onaginam" she'rini oltmish yosh ostonasida yozuvchilar uyushmasidagi ne bir shoirlar qatnashayotgan katta bir mashvaratda o'qib berib, "Aytingizlar-chi, shu she'rni e'lon qilish mumkinmi?.." deya hokisorlik bilan elangan ekan. Otauli Mirtemir domlaning shu bir holatiga havas va taqlid qilmaydi, albatta. Faqat O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining ijodiy xodimi sifatida Mirtemir domladan qariyb ikki baravar ko'proq - yigirma uch yildan buyon ishlab kelayotgan va shu kecha-kunduzda "Insof" dagan beshinchi dostonini yozayotgan bir qalamkash sifatida insof so'ramoqchi, xolos: "Qariyb qirq yildan buyon to'rt-besh yo'nalishda astoydil mehnat qilib kelayotgan bir qalam zahmatkashi o'zgalardek jild-jild saylanmalar emas, atigi bittagina qalin muqovali qo'lga ilingudek  sifatli kitobini oltmish yosh ostonasida ko'zi ko'rib, qo'liga ushlay oladimi?! Qaylardasan, jannatiy insof?!"
       IZOH (Ohning izidan oh): Mazkur tarjimai hol "Ruhiyat ehromi" turkumini yakunlovchi maqola bo'lib, turkumdagi dastlabki uchta maqola "O'zAS" va "Mohiyat" haftaliklari bilan "Yoshlik" jurnalida e'lon qilingan. Yana ikkitasi "Guliston" va "Muloqot" jurnallarida e'lon qilishga tayyorlanmoqda.
       Xalqimizda "O'zing uchun o'l, etim" degan hikmatli gap bor. Jahondagi eng achchiq zaharxandali maqol bu! "Shum bola"dek shoh asar yaqqol dalolat berib turibdiki, etim aslida o'zi uchun o'lmaydi, balki aksincha jon-jahdi bilan yashash uchun kurashadi. Bunday kurash usullaridan biri, ma'lumki, o'z-o'ziga xizmat hisoblanadi..
Hozirgi adabiyotimizda o'z-o'ziga xizmatning turlari tobora ko'payib bormoqda... Shulardan bittaginasini Sizning e'tiborin-gizga havola qilib, yozuvchi Otaulining tarjimai holini oq qog'ozga ko'chiruvchi tarjimon, publitsist va munaqqid

Rahimjon OTAEV
Sahifa yaratilish sanasi - 2006 yil yanvar. Oxirgi yangilanish sanasi - 2010 yil avgust
© All rights reserved. Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2010
 
 
 
 
 
bosh sahifa
oila
rasmlar
devorqog'oz
tashrifkitob
 
 
 
 
 
adabiyot
matematika
tahlil
foydali saytlar
har xil