Muallif: Otauli
Qalpoq bozori
Kunlardan bir kuni Afandi uylanibdi. Shunaqangi olatasir to'y bo'libdiki, bunday yig'in ta'rifida xalqda bir ibora bor: "To'y to'y bo'lmadi, bola-chaqa yeb ketdi". Xullas, mana shunday yig'inda to'yboshilar ataylabmi va yo azbaroyi faromushxotirlik qilibmi, ko'z ko'rib quloq eshitmagan bir kamchilikka yo'l qo'yibdilar: chimildiqqa kirgunga qadar qo'shnining uyida uyalibgina o'tirgan Afandiga osh berishni unutibdilar. Vaqti kelganda biryo'la chimildiqqa taklif etibdilar. Ana o'shanda Afandi, bolaligidan andak arazchiroq ekanmi, mehmonnanvozligi tutib ketibdimi va yo azbaroyi achchig'i chiqqanidanmi, g'oyat purma'no, chinakamiga afandilarcha "bir so'z" debdi:
- Chimildiqqa osh eganlar kirsin!
Agar Ulug' Oktyabr inqilobini to'yga, Vatanning inon-ixtiyorini chimildiqqa, rus tilini oshga, xalqimizni Afandiga qiyoslasak, aytish mumkinki, biz ham ko'p yillardan buyon bilib-bilmay, ixtiyoriy-beixtiyor "chimildiqqa osh eganlar kirsin" deb keldik. Xudoga ming qatla shukurki, mana, qayta qurish tilimizga, demakki, fikrimizga bergan erk bois, garchi juda ham kechikib bo'lsa-da, masalani boshqacharoq tarzda qo'ymoqdamiz. Deylik, avval-boshda to'y to'y bo'lganmidi va yo?.. To'yboshilarimiz kim edi? To'y oshini kimlar eb ketishdi? Chimildiqqa kirdikmi? Va hokazo savollarga atroflicha javob qidirmoqdamiz.
Shunday savollardan bir, mening nazarimda, eng muhimi bugun butun murakkabligi, butun zalvori bilan bizning oldimizda ko'ndalang turibdi: "O'zbekiston mustaqilmi va yo qaram davlatmi?"
To'g'ri, jumhuriyat Oliy kengashining ikkinchi sessiyasida "Mustaqillik deklaraöiyasi" qabul qilindi. "Suv bo'lmasa tayammum" deganlaridek, bu ham xalqimiz uchun o'ziga xos bayram, o'ziga xos to'y bo'ldi. To'g'rirog'i, bundan etmish yilcha muqaddam to'y boshlagan xalqimiz, mana, nihoyat, endi-endi chimildiqqa kirish azmida turibdi. Lekin har qanday deklaraöiya - bu hali mustaqillikning o'zi degani emas. Ayniqsa, iqtisodiy mustaqillik, xuddi iqtisodiy qaramlik kabi, ko'p yillarga cho'ziluvchi, izchillik bilan amalga oshiriladigan siyosatning qonuniy hosilasidir. Bizning naqd oltmish olti yillik (Sharof Rashidovdek bir inson umriga teng!) siyosatimiz esa, mohiyatan olganda, har bir xalqning iqtisodiy mustaqilligini emas, aksincha, iqtisodiy qaramligini ta'minlashga "mohirona" yo'naltirilgan edi. Har bir xalqning tarixiy taqdiri ming bir iplar bilan birgina nuqtaga - markazlashgan davlat-u uning jilovini dastida mahkam ushlagan yakka shaxsning xohish-irodasiga oyoqdan ham, qo'ldan ham bog'lab qo'yilgan edi.
Xo'sh, har bir xalq, jumladan, biz o'zbeklar uchun iqtisodiy mustaqillikning birlamchi sharti nima? Xalqona ibora bilan aytganda, "o'ziga xon, o'ziga bek"likda. Atroflicha izohlaydigan bo'lsak, "o'zing uchun o'l, etim" deganlaridek, oddiygina kundalik ehtiyoj mollari, deylik, gugurtdan to zamonaviy robototexnikaga qadar jamiki ishlab chiqarish mahsulotlarini o'zing o'z qo'ling bilan ishlab chiqarishdadir. Biz oltmish olti yil badalida ana o'sha oddiygina gugurtdan tortib to eng murakkab robototexnikaga qadar jamiki mahsulotlarni ishlab chiqaruvchi bo'lishga erishishning o'rniga, aksincha, ularning iste'molchilariga aylanib qoldik. Bugina emas, bir necha ming yildan beri hamisha o'zimizni o'zimiz ta'minlab kelgan mahsulotlar uchun ham jumhuriyat sarhadlaridan chetga ko'z tikadigan bo'lib qoldik. Butun boshli bir xalqni paxta, pilla, qorako'l kabi bir necha xom-ashyoga qo'ldan-u oyoqdan bog'lab tashlab, hattoki shu xom-ashyolardan tayyorlangan mahsulotlarni olish uchun ham o'ziga qaram qilib qo'yib, ularni ming noz-firoq bilan ko'ngli tusagan narxlarda berib, ustiga ustak, "boqimanda xalq" deya tahqirlash - ochig'i, bunaqasini ko'hna tarix kamdan-kam ko'rgan!
Ba'zan mana shunday yalpi qaramlik mamlakat xalqlarining o'zaro iqtisodiy hamkorligi, chambarchas bog'liqligi, hatto soöializmning misli ko'rilmagan yutug'i, xalqlar do'stligining ramzi sifatida talqin etilib kelindi. Men bu xususda boshqacharoq fikrdaman. Masalan, Chkalov nomidagi samolyot ishlab chiqarish birlashmasini olaylik. Xo'sh, bir samolyotning qismlari ulkan mamlakatning yuzlab joylarida tayyorlansa, bu qismlar Toshkentga olib kelib qurashtirilsa, deylik, Kamchatkadan kichik bir qism kelmay qolganida butun boshli birlashma ahli uni ko'zi to'rt bo'lib kutib o'tirsa, bu (chambarchas bog'liqlik, ya'ni, qaramlik bo'lsa bordir), ko'z-ko'z qilsa arzigulik iqtisodiy hamkorlik, xalqlar do'stligining timsoli bo'la oladimi? Bu ahvolda respublikamiz iqtisodiy jihatdan mustaqillikka erishib, o'zining milliy tayyorasozlik sanoatini yo'lga qo'ya oladimi? Yo mohiyat e'tibori bilan xalqimiz uchun besamar bu ishning bahridan o'tib, hozircha RSFSRdan eng so'nggi nusxadagi "Il" yoxud AQShdan "Boing"ni sotib olish bilan kifoyalanib, diqqatni sanoatning boshqa turlarini rivojlantirishga qaratilgani ma'qulroqmi?
Og'ir sanoatni qo'ya turib, xalqimizga qadimdan bir bahya yaqinroq soha - to'qimachilik sanoatimizning bugungi ahvolini olib qaraylik.
Atlas, beqasam, qalami, banoras, shoyi, chit, bo'z, qo'ying-chi, ne-ne gazlamalar ishlab chiqarish bobida xalqimiz bir necha ming yillardan buyon jahonda dovrug' qozonib kelgani tarixdan yaxshi ma'lum. Qadimda birgina atlasning yuzga yaqin turi mavjud edi. Bu o'ta haridorgir mahsulotlar bilan o'z-o'zimizni ta'minlabgina qolmay, Ipak yo'lidan o'tgan jahon bozorida ham ulkan nufuzga ega edik. Bugunga kelib bu nufuz qo'ldan ketdi. Ustiga ustak, to'qimachilik sanoati uchun zarur hom ashyolarni keragidan ortiq darajada etishtira turib, aksariyat tayyor mahsulotlar - satin deysizmi, shtapel deysizmi, qay birini aytay - yuzlab matolarning nomini ham, o'zini ham chetdan oladigan bo'lib qoldik. Iqtisodiy qaramlik bundan ortiq bo'lmas!
Biror yil avval ozod Hindistonning birinchi prezidenti Javoharlal Neru tavalludining 100 yilligi jahon miqyosida keng nishonlandi. Shu munosabat bilan mutafakkirning "Hindistonning kashf etilishi" asaridan bir bobni tarjima qilib chop ettirgan edim. Bobda ingliz mutsamlakachilari Hindistonni qanday qilib iqtisodiy mustaqillikdan mahrum va iqtisodiy qaramlikka mahkum etganliklari yoritilgan, bu siyosiy nayrangning avra-astari ag'darib ko'rsatilgan edi. Misol tariqasida esa to'qitmachilik sanoati olingan edi. Dastlab Evropa mamilakatlarida bozori chaqqon hind to'qimachilik sanoati mahsulotlari bilan olibsotarlik qilishdan ish boshlagan Ost-Ind shirkati oradan ma'lum vaqt o'tib, aksincha, bu mamlakatni ingliz to'qimachilik sanoati ishlab chiqargan o'tmas matohlarni sotadigan ulkan bozorga aylantirgan, tamom-vassalom. Ya'ni, mamlakatdagi iqtisodiy munosabatlarning oyog'ini osmondan keltirib, uni, xalqona ibora bilan aytganda, baayni qalpoq qilib tashlagan! Mustamlakachilik zanjiri shu siyosiy o'yindan "o'sib-ungan". Shu boisdan Maxatma Gandi va Javoharlal Neru boshchiligidagi hind milliy ozodlik harakati ishni ayni munosabatni o'nglab oyoqqa qo'yishdan boshlagan edilar. Ular to'qimachilik sanoati mahsulotlarini chetdan qabul qilishga uzil-kesil chek qo'yib, o'z-o'zini ta'minlash va, aksincha, chetga sotishga o'tganlar. Natija bugungi kunda oydek ravshan: mamlakat gazlama va kiyim-kechak bilan tez orada o'zini ta'minlabgina qolmay, jahon bozoridagi avvalgi mavqeini ham qayta tiklab oldiki, bundan, deylik, Toshkentdagi "Ganga" do'koniyoq yaqqol dalolat berib turibdi. Xolbuki bir paytlar manzara boshqacharoq edi: bizda ishlab chiqargan gazlama va kiyim-kechaklar jahonning ko'pgina mamlakatlari qatori Hindistonda ham o'ta haridorgir edi. Binobarin, bugun biz ham ishni an'anaviy to'qimachilik sanoatimizni qayta tiklashdan boshlamog'imiz kerak bo'ladi. Shunga qat'iy aminmanki, agar ishlab chiqarish va tashqi savdoning inon-ixtiyori butunligicha o'z qo'limizga olinib to'g'ri yo'lga qo'yilsa, ajdodlarimiz dahosi yaratgan mo''jiza - atlasimizning o'ziyoq jumhuriyatimizning iqtisodiy mustaqilligini ta'minlashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin.
Bir tovuqqa ham suv, ham don kerak, deydilar. Odam bolasiga-chi? Butun boshli bir xalqqa-chi? Uning bir necha o'n yillar badalida mahkum etilgan iqtisodiy qaramlikdan qutulib, nisbatan qisqa vaqtda - bir necha yil ichida iqtisodiy mustaqillikka erishmog'i uchun juda ko'p omillar kerak, albatta. Shulardan biri - oila xo'jaligidir.
Xalqimizning asrlar bo'yi piri badavlat oila, to'kis-tugal ro'zg'or, qut-barakali xonadon xususidagi tasavvuri qanday edi? Odatda bunday xonadon sohibi mehmon kutar ekan, ko'ksi faxr-u g'ururga to'lib mulozimat qilar edi: "Qani, oling, mehmon! Xudoga shukur, hammasi dehqonchilik, bari o'zimizdan chiqadi. Ishqilib, birovning qo'liga ko'z tikib, bozorga qaram bo'lib qolganimiz yo'q. Qo'ldan berganga qush to'ymaydi deganlar. Hammasini o'zing o'z mehnating bilan etishtirganingga ne etsin!.."
"Mamlakatning paxta mustaqilligini ta'minlash yo'lidagi kurash" xalqimizni shunday bir nochor ahvolga olib keldiki, endilikda jumhuriyatimizdagi aksariyat xonadon sohiblari bunday faxr-u g'urur tuyg'usidan mahrumdirlar. Hatto qishloqlarimizda ham ne-ne qo'li gul sohibkorlarimiz oddiygina sabzi-piyozdan tortib to go'shtgacha harid qilish uchun do'konga ko'z tikib, bozorga qaram bo'lib yashamoqdalar. Bunday xonadonlarda siyosiy mustaqillik, ya'ni, mavjud ahvoldan norozilikni oshkoro aytish huquqi bo'lsa bordir, biroq iqtisodiy mustaqillikdan asar ham yo'q. Shu jihatdan jumhuriyatimizdagi ko'plab oilalarga tomorqa uchun er berilishi va uni kelgusida chorak gektarga etkazishning rejalashtirilishini mustaqillikning alifbosi, iqtisodiy mustaqillikka erishish yo'lidagi buyuk qadam desa bo'ladi. Zero, Oktyabr inqilobidan keyin bolsheviklar ham ishni avvalo er-suvsiz har bir dehqonga chorak gektar er berishdan boshlagani tarixdan ma'lum. Sho'ro hukumatining dastlabki dekretlaridan biri er xususida edi. Afsuski, stalinizm siyosati, xususan, "kollektivlashtirish-kolxozlashtirish kompaniyasi" deb atalmish mash'um balo bu qutlug' ishni yo'qqa chiqardi, aslini olganda, erni egasiz qoldirdi, ustiga ustak, dehqonni zvenovoyga, zvenovoyni brigadirga, brigadirni raisga... butunisicha qaram qilib, oyoq-qo'lini ham, o'y-fikrini ham, xohish-irodasini ham ipsiz bog'lab tashladi. Endi bunday iqtisodiy qaramliklar zanjirini parchalab boshi berk ko'chadan chiqishning birlamchi sharti - o'zligimizga qaytish, ya'ni, dehqonni erga chinakam va birdan-bir ega qilib, ikki qo'lini bo'sh, o'zini erkin qo'yish kerak, tamom-vassalom! Ana o'shanda donishmand shoirimiz G'afur G'ulom dostonining nomi bilan aytadigan bo'lsak, "Egalari egallaganda", tez orada o'zini ham, respublikamizni ham iqtisodiy mustaqillikka olib chiqishni qo'li gul dehqondan ko'raverasiz.
Iqtisodiy mustaqilligimizni amalda ta'minlash nafaqat har bir dehqon xo'jaligini, balki nisbatan yirikroq ijtimoiy qurilma - qishloqni ham iqtisodiy mustaqillikka esh qilish bilan uzviy bog'liq.
Shu o'rinda bir naql aytay.
Mening ona qishlog'im - Qorachiq ahlini butun turkistonliklar "tuz ekkan qorachiqliklar" deya ta'riflaydilar. Turkiy she'riyatning sarchashmalaridan biri, "Hibat ul haqoyiq" dostonining muallifi Ahmad YUgnakiy - Adib Ahmadning vatani bo'lmish bu qadim qishloq (e'tiboringiz uchun yaqin-yaqinlargacha ham qishloq sho'rosining nomi "Yugnak", qozoqchasiga aytganda, "Juynek" edi. Qaysidir aqli noqis arbobning "tashabbusi" tufayli u qishloq biqinidagi soyning nomi bilan "Qorachiq" deb atala boshlandi. Bunday "qayta qurish"ga nima deysiz? Hay, bu o'zi alohida bir mavzu, to'g'rirog'i, dildagi og'riq!), xullas, shu qishloq ahli, naql qilishlaricha, ming yillardan buyon tuz (osh tuzi)dan boshqa hech nimani sotib olmas ekan. Sababi - qishloq ahli "yigit kishiga qirq hunar oz" degan qoidaga qat'iy amal qilib yashar ekan. Ya'ni, dehqonchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kosiblik, qo'ying-chi, insoniy tirikchilikning jamiki vositalarini qoyilmaqom qilib uddalayverarkanlar. Kunlardan bir kuni allaqanday kelgindi qishloq ahlini laqillatmoqchi bo'libdi: "Qachongacha chetdan tuz sotib olasanlar? Yaxshisi, shu tuzniyam o'zlaring ekib qo'ya qolmaysanlarmi?" O'shanda sohibkor, mirishkor, chevar, qo'li gul, lekin o'ta oqko'ngil, soddadil, ishonuvchan qishloq ahli bu g'alamislarcha qutquga laqqa ishonibdi. "Rostdan hami o'tiramizmi anovi muttaham savdogarning yo'liga-yu qo'liga ko'z tikib, padarqusurga qaram bo'lib?! Shu tuz deganlariniyam o'zimiz ekib qo'ya qolaylik-da", degan to'xtamga kelishibdi... Naql qilishlaricha, shu boisdan Qorachiq atroflaridagi qirlarni oppoq sho'r bosib ketgan ekan! Bilmadim, rostdan ham shunday bo'lganmi va yo bu qorachiqliklarning uddaburroligi va mirishkorligini ko'rolmaydigan qaysidir qitmir o'ylab topgan uydirmami, har qalay, shu narsa aniqki, men esimni taniy boshlagan paytimda - 50-yillarning oxirlarida ham qishloqda qo'sh tegirmon, bir necha objuvoz, har biri yigirma-o'ttiz gektarlik bir necha bog', har bir xonadonda o'ziga etgulik qo'y-echki, sigir-buzoq, hattoki ot bilan tuya, qo'yingki, farovon va mustaqil turmush uchun nimaiki zarur bo'lsa, barcha-barchasi muhayyo edi. Qishloqda meva-cheva yo sutni sotish yoki sotib olish kechirib bo'lmas uyat ish hisoblanar edi. Hamqishloqlarim o'sha tuzni o'z peshonalariga ekkanlarmi, qaydam, hozir ularning aksariyati nainki sut-qatiq, hattoki o'zlari etishtirgan paxtadan yumaloq-yostiq qilib tikilgan ko'rpa-to'shak bilan guppi-choponni, to'g'rirog'i, fufaykani sotib olish uchun tuman markazi Turkistondagi ship-shiydon do'konlarga ko'z tikib yashamoqdalar. O'z navbatida turistonliklar viloyat markazi Chimkentga, chimkentliklar esa, Olma ota va yo "yon qo'shni-jon qo'shni"lari Toshkentga tikilib turibdilar. Qozog'iston va O'zbekistondagi, umuman, qadim Turkistondagi aksariyat qishloq va shaharlarda ham manzara qariyb mana shunday. Bu ahvolda iqtisodiy mustaqillik xususida gap bo'lishi mumkinmi? Binobarin, endi qishloqlarni iqtisodiy qaramlikdan holos etish uchun tegirmon va juvozlarni qayta tiklash, xalq amaliy san'ati, mayda hunarmandchilikning barcha turlarini keng yo'lga qo'yish shart. Ming yillar tasdig'idan o'tgan qadimiy uskunalardan foydalanish mumkin va kerak, lekin mamlakatimizning sanoat markazlari aldab-suldab tiqishtiradigan o'tmas matohlarni tobora qimmatiga olavermay, buning o'rniga Yaponiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston kabi yashash tarzi tarixan o'zimizga yaqin SHarq mamlakatlaridagi jahon standarti darajasida yaratilgan mo''jaz dastgohlar, kichik korxonalarni ko'plab harid va ayribosh qilish yo'liga o'tgan ma'qul. "Sanoat gigantlari" deb atalmish baloyi azim, aslini olganda, iqtisodimiz oyog'ini shunaqangi osmondan keltirdiki, hali vaqti kelib bu ortiqcha yuklardan xolos bo'lishning o'zi ham bir olam tashvishga aylanishi aniq. Binobarin, endi butun e'tibor oila va qishloq xo'jaligini iqtisodiy qaramlikdan qutqarishga qaratilmog'i kerak. Shu ikki ish amalga oshirilsa, aminmanki, respublikamizni iqtisodiy mustaqillikning keng-darhon yo'liga olib chiqishning tagzamini yaratilgan bo'lur edi. Ana shunda bozor iqtisodiyotiga o'tishning real asoslaridan biri ham vujudga kelgan bo'lar edi. Aks holda "bozor iqtisodiyoti" deganlari yarmidan ko'pi qashshoq umr kechirayogan xalqimizni yana-da qashshoqlashtiruvchi navbatdagi siyosiy nayrang bo'lib qolaveradi.
Modomiki biz to'la iqtisodiy mutsaqillikka erishmay turib bozor iqtisodiyotiga o'tishga majbur bo'lib turgan ekanmiz, endi bevosita shu bozor iqtisodiyoti bilan bog'liq muammolarga o'taylik. Zero, iqtisodiy mustaqillik bozor iqtisodiyotiga nechog'li samarali ta'sir ko'rsatsa, bozorning ahvoli ham iqtisodiy mustaqillik yo'lidagi qadamlarimizni shunchalik tezlashtirish va yo susaytirishi aniq.
Shu o'rinda avvalo ochiq-oshkor iqror bo'lgim kelib turibdiki, mening iqtisodiy atamalar mohiyatini bir iqtisodchi-miutaxassis qadar anglab etolmaydigan ojiz aqlim ayniqsa bir narsada qattiq oqsaydi. "Bozor iqtisodiyoti" atamasini va shunday iqtisodiyotga o'tishning zaruratini, ozdir-ko'pdir, har qalay, tushunaman. Lekin, ochig'i, shu atama oldidagi "boshqariladigan" degan aniqlovchining ma'nosini paqqos tushunmayman. Bu qanaqasi?! Qanday "boshqariladigan"? Insoniyat tarixi shunday dalolat berib turibdiki, agar bozor boshqarilsa, demak, u bozor emas, balki davlat do'konidir. Agar chinakam bozor bo'lsa, u har qanday boshqaruv, tashqi ta'sirni yoqtiravermaydi. Axir, bozor o'z nomi bilan bozor-da! Unda narx-navoni, deylik, Narx-navo qo'mitasining hokimona dasti emas, kundalik ehtiyoj belgilaydi, tamom-vassalom. Shu ehtiyojga qarab bozordagi narx-navo, xuddi kapitalistik mamlakatlardagi savdo-sotiq birjalaridagidek, dam ko'tarilib, dam tushib, baayni tarozi shayinidek erkin harakat qilib turmaydimi? Axir, bozor iqtisodini boshqara-boshqara shu ahvolga kelmadikmi? Tag'in qanday boshqarilmoqchi?
Bundan to'rt-besh yil muqaddam jumhuriyatimizning sobiq rahbari Oloy bozoridagi narx-navoni qanday boshqarmoqchi bo'lgani yodingizdami? U kishi bozor aylanib yurib, "Kilosini sakkiz so'mdan sotishga uyalmaysizmi, oqsoqol?" deya mayiz sotayotgan dehqonni koyiy ketibdilar. Ustiga ustak, qistalang qilibdilar: "Hozirdan e'tiboran kilosini ikki so'mdan sotasiz!" Etmish yil itoatkorlikda saqlangan dehqon qo'l qovushtirib qulluq qilibdi: "Xo'p bo'ladi, xo'jayin, siz nima desangiz shu!" Aytishlaricha, o'shanda payt poylab turgan allaqanday uchar qulay fursatdan foydalanib haligi rahbarning ko'z oldida dehqonning naq bir qop mayizini kilosiga ikki so'mdan to'lab ko'tarasiga sotib olmoqchi bo'libdi. Bechora dehqon sotmay desa rahbarning vajohatidan qo'rqadi. Sotay desa... bu ish kuppa-kunduz yuzingda ko'zing bormi demay talonchilik qilishga o'xshab ketadi. Demoqchimanki, "boshqariladigan bozor iqtisodiyoti"ga o'tish mana shunday talonchilikka keng yo'l ochib berib, usiz ham kamayib borayotgan sohibkorlarimiz-u meva-chevaning barakasini battar o'chirmasa edi. Axir, bozorni boshqarish emas, uning gurkirab o'sishi uchun tegishli shart-sharoit, qulay iqlim yaratish xususida bosh qotirish lozim emasmi? Bu borada bosh qotirsa arziydigan muammolar esa bexisob.
Yaqinda nimadir harid qilish uchun Chorsu bozoriga tushdim-u, yangi gumbaz oldidagi kenglikda bamaylixotir uzum sotib o'tirgan bir kampirga gap qotdim:
- Anovi yangi bozorga kirmay bu erda o'tiribsiz, onaxon?
Kutilmaganda kampir dilidagisini tiliga chiqardi:
- U ochiq mozorga kirishga kimning toqati bor deysan, bolam!
Beixtiyor ro'paramdagi bahaybat "o'tov" tepasidagi o'ziga yarasha "tuynuk"ka qaradim va... tilimizning naqadar bo'yoqdorligiga yana bir karra qoyil qoldim. Yangi bozorning xalqona ta'rifini qarang-a! Nazarimda bu zaharxandali ta'rif har birimizni jiddiyroq o'ylashga unday oladi: ko'hna SHarq bozori hech qachon o'tov ichida bo'lganmi? Me'morlarimiz shu bahaybat o'tovni o'ylab topish bilan qosh qo'yaman deb ko'z chiqarmadilarmi ekan? Bozorni yopiq binoga ko'chiramiz deb, sharqona bozorning uzviy qismlari bo'lmish tim va rastalarga xos fayz-tarovatdan bizni mahrum qilib qo'ymadilarmi? Anovi gumbaz, kampirning istehzoli tashbehi bilan aytganda, "ochiq mozor" nimaga ko'proq o'xshaydi: o'tovgami? To'nkarilgan teshik tog'oragami? Va yo bir paytlar Yusufbek hoji kabi nuroniy qariyalarimiz kiygan guldor duxoba qalpoq, ya'ni, taqiyagami?.. Ayniqsa, shunaqa qalpoqqa juda-juda o'xshab ketadi, biroq... nega uning o'zagi o'yilgan?..
O'shanda bozordan o'zim uchun jondek aziz nimadandir ajralganday bo'lib, ko'nglim cho'kib uyga qaytdim. O'sha-o'sha injiq ko'nglim nimagadir Chorsuga emas, Oloy bozoriga chopadi-turadi. Keng-darhon rastalar oralab kezar ekanman, shoir Omon Muxtorning bundan qariyb o'ttiz yil avval yozilgan she'riy satrlarini eslab dilim yayraydi:
Oloy bozor, Oloy bozor,
Bunda o'zbek bog'larining shira va sharbati bor!..
Zum o'tmay tag'in mahzun xayollarga cho'ma boshlayman: xo'p, o'zbekning qolgan-qutgan bog'laridan siqib olingan shira va sharbatni-ku, oltin bahosida bo'lsa-da, har qalay, topa olasiz. Lekin bu bozorda ham ko'hna SHarq bozorida bo'lgan o'zgacha bir fayz-tarovatdan urvoq qoldimikan? Bu bozordan, deylik, hasip, dumba yog'i, qazi-qarta, boringki, Namangandagidek hil-hil pishgan kalla go'shtini topib bo'ladimi? Beshikni-chi? Muzeylar-u raqqosalarimizninggina mulki bo'lib qolgan turfa xil milliy kiyim-kechaklarimizni-chi?.. Notavon ko'nglim bularga ham qanoat qilmaydi. Buyuk baxshimiz Ergash Jumanbulbul o'g'li tomonidan "Ravshan" dostonida qahramon tilidan qo'yilgan ko'ndalang savollarni xayolimda takrorlayman:
...Anov turgan un bozori,
To'zg'ib ketgan jun bozori,
Qalpoq bozori qaydadur?..
Darvoqe, qalpoq bozori qaerda? "Sharqda mash'al" Toshkentimizda qalpoq bozori bormi o'zi? Qalpoq bozorini ko'rganlar bormi? Axir, yaqin-yaqinlarga qadar "Sharq bozori" deb atalmish mo''jizaviy olamda odamning jonidan boshqa hamma narsa topilmasmidi? Mayli, yapon olimlari kashf etgan kompyuterlarning beshinchi avlodini aytmay qo'ya qolaylik, oddiygina turkana qalpog'i va yo o'zbekona nozikli do'ppisi yo'q bozorning nimasi "Sharq bozori"? Yo o'sha Ravshan qidirgan qalpoqning o'rtasi o'yilib, qachonlardir olamga mashhur bo'lgan Chorsu bozorining qoq o'rtasiga to'ntarib qo'yilgani etarlimi? Yo o'sha o'rtasi o'pqondek qalpoq bozorning ichidami dostondagi Ravshan qidirgan qaloq bozori?..
Ha, "mustaqil respublika" deya rasmiy ravishda e'lon qilingan davlatimizning endi iqtisodiy va siyosiy mustaqillikka amalda erishmog'i, demakki, Nasriddin Afandining chimildiqqa Kumush vasliga talpingan Otabekdek yorug' yuz bilan dadil kirib bormog'i uchun avvalo shu xildagi savollarga to'g'ri javob, ya'ni, to'yona qalpoq topib olishimiz kerak bo'ladi.
"Xalq so'zi" gazetasi, 1991 yil 8 yanvar