¡çáåê O'zbek Ðóññêèé English
Vebusta:
faruh_a@yahoo.com
farruhota@gmail.com
Muallif: Rahimjon Otaev (Otauli)

Adabiy jarayon ko'zgusi

       Bundan qariyb o'ttiz yil muqaddam ruhiyat dunyosi xususidagi "Sirli olam" deb nomlangan ilk publitsistik maqolamni mashhur "Guliston" jurnalining mashhur Bosh muharriri Asqad Muxtor, hali o'zimni tanimay-bilmay turib, o'z qo'llari bilan tahrirdan chiqarib jurnalda e'lon qilgan edilar. Shu sabab bo'ldimi qaydam, Xudoning qudrati va falakning gardishi bilan oradan to'rt-besh yil o'tib, 1982-yilda qayta tashkil etilgan "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" haftaligining Bosh muharriri sifatida endigina ish boshlagan Asqad Muxtor "She'r qadri" degan qariyb bir sahifalik dastlabki adabiy-tanqidiy maqolamni ham endi bu gazetada e'lon qildilar. Avvalo shu maqola, qolaversa rus tilida yozgan turkum adabiy sharhlarimning sharofati bilan biror yildan keyin - 1983-yilda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga, a uyushma a'zosi, na fan nomzodi, na aqalli bironta kitob muallifi bo'lmaganim holda - istisno tariqasida tanqid va adabiyotshunoslik bo'yicha adabiy maslahatchi sifatida ishga chaqirildim... Shundan buyon ko'z ochib yumguncha bo'lmay yigirma uch yil zuvillab o'tib ketibdi-ya, buni qarang! Yigirma uch yil mobaynida avvalo adabiy tanqidning anchagina qattiq nonini eb, bu yo'nalishda nimaiki yozib-chizgan bo'lsam, to keyingi biror oyda bosilib chiqqan "Ilohiy ne'matga shukrona", "Ruhiyat ehromi" va "Tilsimning tillo kaliti" maqolalarimga qadar, askariyati shu sevimli haftaligimiz sahifalarida e'lon qilindi. Oyma-oy, yilma-yil bosgan qadamimning izlari shu gazetada muhrlanib turibdi. Ijodiy tashkilotimiz ikki xazinaning qoq o'rtasida joylashgan emasmi, gohida ko'nglim o'ng qo'ldagi qo'shni binoga - Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasiga etaklaydi-da, shiddat bilan o'tgan yillar sahifalarini "O'zAS" tahlamlariga qo'shib bir-bir varaqlayman. O'zingniki o'z jigarbanding ekan, yil sayin, hattoki oy sayin dam maqola, dam taqriz, dam hikoya, dam romandan parcha... ko'zlarimga o'tdek bosiladi. "Har qalay, umrim behuda-besamar o'tmadi-ku, mana, muhrlar turibdi-ku, yaxshiyamki, shu haftalik gazetamiz bor ekan!.." deya o'zimga taskin-tasalli va Yaratganga shukrona aytaman. O'ylaymanki, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasining jami etti yuzdan ko'proq a'zolari, ularning har biri shunga yaqin ruhiy holatni aqalli bir marta bo'lsa-da boshidan kechirgan.
       Jami ellik yillik tarixning dastlabki yigirma etti yili mening tengdoshlarim va uka-singillarim uchun balki jonli ko'zgu emas, jonsiz, ustiga-ustak, anchagina sarg'aygan suratga o'xshasa ehtimol. Lekin o'zim shaxsan guvoh bo'lgan keyingi yigirma uch yil - haftalik "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" degan hozirgi nom ostida chop etilgan yillar, komil ishonch bilan aytaolamanki, tom ma'nodagi adabiy jarayonning tiniq ko'zgusi bo'lib keldi. "Sharq yulduzi", "Zvezda Vostoka", "Yoshlik", "Jahon adabiyoti" jurnallari oyda, hattoki faslda bir chiqadi. Boshqa gazeta-jurnallarda adabiyotning, ayniqsa, jonli adabiy jarayonning  jo'shqin nafasini etarli his qilolmaysiz. Lekin "O'zbekiston adabiyoti va san'ati"!.. Adabiy jarayonning ko'zgusigina emas, uning qon bosimini o'lchovchi o'ziga xos barometri hamdir. Nachora, qismat ekan, xoh ishoning, xoh ishonmang, yigirma uch yildan buyon har haftada jumani intiqlik bilan kutaman. Juma kuni tong-saharda ham xizmat taqozosi, ham qalb amri bilan avvalo shu haftalik mutolaasidan ish boshlayman. Adabiy hayotimizni, adabiyotimizning qiyofasi va darajasini ayon ko'rsatuvchi ne bir davra suhbatlari, ikki fikrlar, oylab, hattoki yillab davom etgan qizg'in adabiy bahs-munozaralar, muammoli va yo tahliliy maqolalar, o'tkir tanqidiy taqrizlar!.. Ularning qay birini eslayverasiz! Mana, 1988 yilda Cho'lpon va Fitrat merosini o'rganish bo'yicha O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida o'tkazilgan chinakamiga tarixiy Konferentsiya ma'ruzalarining "Abadaiy zamondoshlarimiz" deb nomlangan bir sahifalik muxtasar bayoni. Mana, dongdor zamondoshimiz Chingiz Aytmatovning 1989 yilda O'zbek xalqi sha'niga bitgan o'lmas publitsistik qasidasi! Mana, joylari jannatda bo'lgur buyuk ustozlarimiz Matyoqub Qo'shjonov va Ozod Sharafuddinovning har biri ulkan shov-shuvlar qo'zg'ab, adabiy jarayonni junbushga keltirgan tanqidiy maqolalari! Mana, yana bir buyuk zamondoshimiz Odil Yoqubovning "Literaturnaya gazeta"dan tarjima qilib bosilgan "Qishloqdagi fojea" maqolasi! Mana, Orol fojiasi, Bo'stonliq muammolari, O'sh voqealari, boshqa ko'pdan-ko'p ijtimoiy hodisalar xususidagi o'tkir publistitstik chiqishlar! Mana, O'zbekiston Davlat tili haqidagi qonun matni va Mustaqillik dekloratsiyasi e'lon qilingan, astoyidil xalqim degan har bir qalamkash ko'zlariga to'tiyo qilib, sevinch yoshlarini to'kib o'qigan chinakamiga tarixiy sahifalar!.. Xullas, O'zbekiston Davlat Mustaqilligini qo'lga kiritishda "O'zAS" haftaligi, ayniqsa, uning "Ijtimoiy hayot" va "Tanqid, adabiyotshunoslik" sahifalari muhim ahamiyat kasb etgani ko'pchilikning yodida. O'zbekiston Davlat Mustaqilligining o'tgan o'n to'rt yillik shonli tarixi, mamlakatimiz ijtimoiy hayotida va adabiy jarayonida ro'y bergan sharafli voqealar xususida ham kelgusi avlodlar avvalo haftalik sahifalari orqali yaqqol, aniq-ravshan va jonli tasavvur hosil qilishlariga qat'iy ishonaman.
       Ellik etti yosh ustida turgan bir qalamkash sifatida o'ylaymanki, ellik yosh tajriba, malaka, bilim, uquv va boshqa zaruriy jihatlar keragicha jamlanib, o'lmas Xo'ja Nasriddin afadimiz lutf qilganidek, "Janobi oliylari, bu sizning otishingiz", "Bunisi vazir janoblarining otishi" qabilidagi tayyorgarlik jarayonidan so'ng, "Mana bunisi akang qarag'ayning otishi!" deya oladigan va nishonga bexato urib boshlanadigan ayni etuklik pallasidir.
       Sevimli haftaligimizga yigirma etti yillik "O'zbekiston madaniyati", yigirma uch yillik "O'zbekiston adabiyoti va san'ati" sifatidagi boy va sermazmun tarix nihoyasida, nihoyat, erishilgan ayni etuklik pallasi muborak bo'lg'ay.
Sahifa yaratilish sanasi - 2006 yil yanvar. Oxirgi yangilanish sanasi - 2010 yil avgust
© All rights reserved. Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2010
 
 
 
 
 
bosh sahifa
oila
rasmlar
devorqog'oz
tashrifkitob
 
 
 
 
 
adabiyot
matematika
tahlil
foydali saytlar
har xil