¡çáåê O'zbek Ðóññêèé English
Vebusta:
faruh_a@yahoo.com
farruhota@gmail.com
SOHIBDIL O'YLAR

       Rahimjon Otaev so'nggi davr adabiyotimizda halol, ter to'kib mehnat qilayotgan yozuvchilarimizdan biridir. Uning qahramoni Nosir Xo'janazarovni atoqli adibimiz, O'zbekiston Qahramoni To'lapbergan Qaipberganov "butun Turkiston elining umriboqiy ruhini ifodalab turgandek" deb baholagan va yana, shunday qo'shimcha qilgan edi: bu qahramon "menimcha, keyingi yillarda turkiy xalqlar adabiyotida yaratilgan jozibali xarakterlardan biridir..."
       Turkiston xalqlari hayotini, uning o'tmishi va bugunini, shuningdek, turkiy xaqlar adabiyotini chuqur va nozik biladigan, asarlari xalqaro miqyosda keng tanilgan bu mashhur adib hamma yozuvchilarimizning barcha asarlari-yu har bir qahramoniga bu tarzda baho beravermaydi, albatta. Zero, yuqoridagi qisqagina, mo''jazgina bahoda T. Qaipberganov yozuvchi va ijodkor Rahimjon Otaevga xos bo'lgan xarakterli xususiyatni belgilashga muvaffaq bo'ladi.
       Yurtboshimiz "Elim deb, yurtim deb yonib yashash kerak" degan otashin shiorni o'rtaga tashlaganida, bu da'vatga baholi qudrat javob berishga intilgan ijodkorlar oz bo'lmadi, albatta. Biroq, ularning ba'zilarida bu mo''tabar chorlovga haybarakallachilik kayfiyati bilan yondoshuv hollari ham ro'y berdi. Ana shunday holatda ayrim korxona va dargohlarda "yonish tugul tutashga ham holi yo'q" odamlar ishlayotganini, bamisoli hazil tarzida, lekin dadil ayta olgan yozuvchilarimizdan biri "Afandi o'lmaydigan bo'ldi" nomli qissaning muallifi shu - Rahimjon Otaev bo'ldi va bozor munosabatlariga o'tilayotgan davr O'zbekiston sharoitida qizg'in murakkabliklarni boshidan kechirayotgan, murakkab sharoitlarda shakllanib, o'zining azamat RUHIYATini yo'qotmaslikka intilayotgan qahramon qiyofasini aks ettirishga harakat qildi.
       Bu o'rinda "ruhiyat" so'ziga alohida urg'u berishimning sababi bor. Gap shundaki, mana, deyarli o'ttiz yildan buyon hikoya, qissa, publitsistika, esse, adabiy tanqid, tarjima janrlarida faol va, hatto, ayrim hollarda, o'ktam ijod qilib kelayotgan, qator asarlarini Otauli taxallusi bilan nashr etayotgan Rahimjon Otaev barcha izlanishlari mehvarini ruhiyat muammolari tashkil etadi. Bu fikrni o'qib tugatmayoq, darhol: "ruhiyat masalasiga dahlsiz qarovchi yozuvchi bo'ladimi?" deguvchi savol tug'ilishi tabiiy ekanini sezib turibman. Bu savol egasining haq ekanini e'tirof etgan holda, Rahimjon Otaevning ruhiyat masalalariga qiziqishi ham yozuvchi, ham publitsist, ham tanqidchi, ham faylasuf sifatida alohida ekanini yana bir marta ta'kidlamoqchiman.
       Universitetning filologiya fakulteti kechki bo'limida o'qib, kunduzi Toshkent qurilishlarida betonchi-armaturachi bo'lib ishlab yurgan kezlaridan tortib, harbiy xizmat-u Akademiyaning Til va adabiyot institutida laborantlik vaqtlarida falsafa bilan jiddiy qiziqdi, inson ruhiyati masalalariga doir adabiyotlarni sinchiklab o'rgandi.
       Talabalik yillari "Ravshan" dostoni, Mashrab she'riyati, Tagor dunyoqarashi haqida kurs ishlari yozar ekan, qo'yilgan masalalar zamiridagi falsafiy muammolarni aniqlashga intilish asnosida yana diqqatini ruhiyatning sir-sinoatlari chulg'ab oldi. Universitetda o'qir ekan, izlanishlaridan birining mavzui ergash Jumanbulbul ijodi bo'ldi. Yana e'tiborini folklor asarida inson ruhiyati muammolarining aks ettirilishiga qaratdi. Sho'ro mafkurasi barq urib turgan bir paytda diplom ishi sifatida soxta sho'raviy mavzular-u zo'rma-zo'raki dohiylar obrazi talqinini emas, "Romantizmning estetik mohiyati" degan mavzuni tanladi.
       Gapni birmuncha uzoqdan boshlashimizning sababi, qo'lingizdagi "Ruhiyat ehromi" kitobining shunchaki o'z-o'zidan yaratilmagani yoki uning so'nggi bir-ikki yil ichidagina yozilmaganiga e'tiboringizni qaratishgina emas, balki yozuvchi faylasufning bu adabiy o'ylari uning deyarli butun umri davomida yig'ilib, shakllanib, tartib topib, sayqallanib, jiddiy hayotiy va ijodiy tajribalar asosida yuzaga kelganini, undagi har bir fikr, g'oya, ilmiy xulosa, badiiy-estetik qarashning o'ziga xos xujayralari-yu o'ziga xos tomir yo'llari bor ekanini ta'kidlashdir.
       Agar Rahimjon Otaevning bir qator qissalar, o'nlab ajoyib hikoyalar, tanqidiy-publitsistik maqolalar muallifi, qator romanlarning tarjimoni ekanini inobatga olsak, qo'lingizdagi "Ruhiyat ehromi" kitobi katta ijodiy izlanishlar samarasining o'ziga xos nazariy-amaliy natijalaridan ham iborat ekani ma'lum bo'ladi.
       Odamning taqdiridagi, hayot yo'lidagi ayrim hodisalar, saboqlar ichida qalbga o'qdek sanchilib qoladiganlari ham bo'lar ekan. Odil Yoqubovning "Er boshiga ish tushsa", "Qaydasan, Moriko?" asarlari bunga yorqin dalil emasmi?
Agar Rahimjon Otaevning ham adabiy o'ylarida, esselarida badiiy adabiyot va inson ruhiyatiga doir go'zal va nozik kuzatishlarni va bu kuzatishlar ichida Yaponiyadan tortib, Rossiya kengliklarigacha bo'lgan masofalardagi ruhiy va adabiy iqlimlar tarovatini payqaydigan bo'lsangiz, buning sabablarini uning tinimsiz kitobxon sifatidagi abjirligidangina izlamang. Bilimdagi bu kenglikning hayotiy asoslari bor. Uning bir uchi ilmiy-adabiy izlanishlardan boshlansa, ikkinchi uchi Rahimjon Otaevning harbiy xizmatdagi Yapon dengizi qirg'og'ida qad ko'targan Naxodka portidagi xizmati-yu bu xizmatning Vladivostokdan to Volgogradgacha yoyilgan kengliklarda, uning o'z tili bilan aytganda, deyarli "qadam-baqadam kezib" chiqishiga ham borib bog'lanadi. Demoqchimizki, Otauli - Rahimjon Otaev yozuvchi, tanqidchi, estet sifatida deyarli chorak asrdan buyon mehnat qilib kelayotgani, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, ustozlari, birodarlaridan iborat yozuvchilar muhitidan tashqari, hayot deb atalmish mo''tabar doshqozonda obdon pishgan, zahmatkash, so'z va uning oqibat-natijasiga shuhrat emas, balki eng avvalo ilohiy qismat deb qaraydigan, ilk duoni ota-onasidan Turkistonning muqaddas havolarida olib, ularga ijodning muqaddas ostonalarida tavob qilarli darajada amal qilishga bel bog'lagan ota uli ijodkorlarimizdan biridir.
       Rahimjon tabiatida o'zi ixlos qo'ygan ishga, masalaga ijobiy ma'nodagi darveshona fidoyilik, darveshona sodiqlik bor. Uning kuchli jihatlari ham, kuchsiz tomonlari ham shu nuqtada tutashadi. O'z fikrlariga qat'iy, komil ishonchlari shu buloqdan suv ichadi. O'z qarashlariga o'ta berilib ketish natijasidagi ayrim cheklanishlar va biryoqlamalikning ildizi ham, nazarimda, fe'lidagi ana shu xususiyatlar bilan bog'lanib ketadi. Ayrim fikrlarini qaysarlik bilan himoya qilishda davom etsa-da, ayrim fikrlarining kemtikligi bor ekanini bo'yniga qo'ysangiz va ishontira olsangiz, nihoyatda yoqimli, halol, olovnok jilmayishi va xo-xolagancha kulib yuborishi bilan bu yetishmovchilikni bo'yniga olib, tan berishi zamirida ham men ana shu darveshona pokizalik va to'g'rilikni ko'rgandek bo'laman. Uning na yozganlarida, na o'zida birorta bir egrilik yo'q, lekin shu egrilikni o'zgalarda ko'rib, sezib qolsa bormi, olovdek yonadi. Lekin, iloj qanchaki, bu olov taftini doim ham tashqariga chiqaraverish mumkin emas ekan hayotda. Ana shunday hollarda bu olovning tafti Rahimjon Otaev - Otaulining asarlarida bo'y ko'rsatadi. Hayot shunday ekanki, nainki egriliklar, hatto, yaxshiliklar, go'zalliklar ta'sirigacha tuyg'u-hayajonlarning olov-otashini ham doimo istaganingdek o'zingda namoyon eta olmay qolish mumkin ekan. Ana shunday hollarda ham Rahimjon Otaevning bunday nurbaxsh tuyg'u-tushunchalari asarlari bag'ridan guldek tovlanib turadi. Qo'lingizdagi "Ruhiyat ehromi" ham ana shunday ijod maxsullaridan biridir.
       U 1970 yilning o'rtalarida qadimgi hind va yunon faylasuflari, Freyd va SHopengauer, Darvin va Mechnikovlar ijodiga shu qadar sho'ng'ib ketdiki, bu izlanishlar natijasi o'laroq salkam 300 betlik qo'lyozma paydo bo'lganini o'zi sezmay qoldi. Uni birov nashr etadimi, yo'qmi, buning bilan ishi yo'q. Izlanishning kichkinagina bir qismi Asqad Muxtorga ma'qul keldi. Uning shaxsan o'zi tahrir etgan maqola "Guliston"da "Sirli olam" nomi bilan bosilib chiqdi. "Ruhiyatlar birligi" nomli jiddiy maqolalaridan biri ham xuddi shu yo'sinda Odil Yoqubov tahriri ostida chop etildi. Dastlab muallifning o'zi "Tuyg'ular estetikasi" deb atagan ajabtovur salmoqli asar ustidagi ish, harqalay beiz ketmadi, u qator o'zgartirishlar bilan "Osmon to'la yulduzlar" degan nom ostida alohida kitob holida chop etildi.
       Shunga ham, mana, deyarli yarim asr bo'libdi. Shu vaqt mobaynida kitob bo'lg'usi filolog, faylasuf, pedagoglar tomonidan faol foydalanib kelindi. To'g'ri, u haqda turli fikrlar bo'ldi, lekin, eng asosiysi, qo'liga tushgan hech bir o'quvchini bu kitob bee'tibor qoldirmadi. Zotan, "Osmon to'la yulduzlar" kitobi tuyg'ular estetikasi, ruhiyat estetikasi masalalariga bag'ishlangan jumhuriyatimizdagi dastlabki salmoqli ishlardan biri bo'lib qoldi. U davrning ayrim mafkuraviy muhrlarini e'tiborga olmaganda, o'zining maqsadli yo'nalishidagi ilmiy kuzatuvlari jihatidan hozirgacha o'z qadrini yo'qotgan emas. Muayyan bir avlod estetik tarbiyasida uning kamtarona, lekin o'z o'rni bor.
Qo'lingizdagi "Ruhiyat ehromi" nima haqda? U badiiy asar emas. Ilmiy asar ham emas. Lekin badiiy asardek hissiy rohat va ilmiy asardek shuuriy qoniqish bilan o'qiladi. Beshala maqolaning har birini o'qishni boshlab poyoniga yetganingizni sezmay qolasiz. Bu maqolalarda siz bir necha marta o'qigan badiiy asaringiz, bu badiiy asar haqida mutolaa qilganingiz qanchadan-qancha ilmiy asarlardan topmagan kuzatishlarni topasiz. Tahlil va tadqiq etilayotgan hissiy holatlarni birgalashib tuyasiz va his etasiz. Natijada o'sha asarlarning o'zini o'qiganda tushmagan holatlarga tushganingizni sezmay qolasiz. Badiiy tafakkuringiz, tuyg'ularingiz boyib borayotganini birdan payqab qolasiz. Bu nainki hayot va adabiyotdagi u yoki bu holatlarni, balki, ayni vaqtda, o'z-o'zingizdagi shoyista tuyg'ularni kashf etish holatiga olib keladiki, bu jarayon o'zining nafosati, go'zalligi bilan sizni ruhan yoshartiradi, bardam qiladi.
       Biz ko'pincha moddiy dunyodagi moddiy ehromlarni alqab kelamiz. Lekin dunyodagi eng buyuk ehrom har birimizning o'zimizdadir, u ruhiyat ehromidir, demoqchi bo'ladi muallif. Har bir inson o'z ruhiyat ehromini bunyod etmog'i, uni asrab-avaylamog'i, o'rni kelganda unga, hatto, sig'inmog'i lozim. Biroq u o'z-o'zidan bunyod bo'ladigan ehrom emas. Bu ehromni tashkil etuvchi nurning bir uchi olis-olisdagi ajdodlarimiz ruhiga borib bog'lanadi. Bu ruhiyat ehromini bunyod etishda adabiyot va san'atning o'rni beqiyosdir. Rahimjon Otaev ushbu kitobda shular haqida fikr yuritadi, o'rni kelganda bahslashadi.
Beqiyos darajada siru sinoatlarga to'la bu ehromni o'z qalbida insonning o'zi yaratadi.
       Muallif asarini bizga adabiy o'ylar tarzida taqdim etadi. Nazarimda, buni ham shartli ravishda tushunmoq lozim. Zero, inson ruhiyatining, insoniyat ruhiyatining sir-asrorlarini tushunishda, ularni talqin etish va bizga taqdim etishda badiiy asarlar, asar qahramonlari faylasuf-yozuvchiga, ruhiyatshunosga bir vositachilik qiladi, xalos. Shu ma'noda kitob adabiy o'ylardan ko'ra kengroq va chuqurroqdir. U, ma'lum ma'noda, g'arbda ruhiy dunyo tahlili (psixoanaliz) bilan shug'ullangan olimlarning asarlari bilan kamtarona bo'y o'lchashadigan bo'lmagan taqdirda ham, ularga yondoshadigan asarlar sirasida tura oladi.
Albatta, inson ruhiyatining cheki-chegarasi yo'q, qirralari bexisob.
       Rahimjon Otaev esa, masalaning, asosan besh jihatiga e'tiborini qaratadi va izlanishlarini, kuzatuvlarini shular atrofida mujassam etadi. Ayni vaqtda ularni bir-biridan uzib, ajratib qarash ham qiyin.
       Kitobning ichki dastlabki varag'idagi nom atrofida masalalarning yoritilishi o'z ifodasini topgan holat tasvirining o'ziniyoq muayyan topildiq deyish mumkin. Bu grafik tasvir asar ruhi, mohiyati, yaxlitligi va garmoniyasiga juda aniq va tiniq mos keladi.
       Ruhiy asos muammosi - uning ham hayotdagi, ham badiiy adabiyotdagi o'rnini yoritish - kitobda muallif e'tibori qaratilgan asosiy masalalardan biridir. "Jiddiyroq o'ylab qarasangiz, - deb yozadi muallif, - Sho'ro tuzumi davrida xalq boshiga yog'ilgan jamiki fojialar odam bolasining fe'l-atvori va ruhiyatida avj oldirilgan illatlarning qonuniy hosilalari edi" (8-bet).
       Badiiy asar, umuman, san'at asari mohiyatidagi ruhiyat muammolari ichida qay biri muhimroq: milliy ruhning o'zimi yoki ruhiy qadriyatlarning namoyon bo'lishimi; ruhiy holatlarning inja tahlil etilishimi yoxud ruhiy asoslar talqinidagi o'ziga xosliklarmi?
       Rahimjon Otaev ularning birini ikkinchisidan ustun qo'ymaydi. Badiiy asar uchun ularning har biri o'ziga xos yo'sinda muhim va o'rniga, badiiy mantiqdagi zaruratiga qarab ahamiyati kuchayishi tabiiydir. Lekin bir narsa aniqki, ularga e'tiborsizlik, bu masalalarga beparvolik yoki ularni yetarli darajada asar hujayralari va tomirlarida ifodalay bilmaslik, asar ta'sirchanligi, hayotiyligi va haqqoniyligiga, shubhasiz, putur yetkazadi.
       Muallif ruhiy asos muammolari xususida mulohaza yuritar ekan, imon, vijdon, insof, halollik singari azaliy ahloq normalariga diqqatimizni tortadi. Bu masalalarga e'tibor yangilik emas, albatta. Ularning inson uchun nihoyatda muhim zaruratlar ekani haqida qadimdan gapirib kelinadi. Lekin shunisi e'tiborliki, R. Otaevni bu masalalarning ruhiyat bilan aloqadorlikdagi qirralari va ularning badiiy transformatsiyasi ko'proq qiziqtiradi. U o'z qarashlarini asoslashda, maqsadini ochishda xalq maqollaridan, qo'shiq va dostonlaridan, udumlarni, odat va an'analarni talqin etishdan unumli foydalanadi. "O'g'ri bo'l, g'ar bo'l, insof bilan bo'l", "Insof sari baraka"... Qarang-a! Noinsoflik o'g'rilik bilan g'arlikdan besh battarroq ruhiy illat ekani ta'kidlanmoqda! Agar insof yo'lini tutgan bo'lsa, o'g'ri bilan g'arni ham kechirish mumkin, lekin haddidan oshib noinsoflik qilgan nokasni kechirib bo'lmaydi". (9-bet) "Ey o'g'il, haddingda tur otang seni sotganda ham" deyiladi o'zbek xalq qo'shig'ida. Qay bir ota o'z o'g'lini bozorda quldek sotishni istaydi, deysiz! Basharti shunday qilgan taqdirda ham farzandning haddidan oshib, padari buzrukvoriga andishasizlik, dilozorlik, oqpadarlik, padarkushlik qilishi mutlaqo insofdan emasdir. Ana o'sha o'g'il turishi lozim bo'lgan had insof chegarasidir, ya'ni insoniylik chegarasidir. Zotan, otaning uli o'g'il bo'lganidek, insoniylikning uli insofdir"(10-bet).
       Qo'lingizdagi "Ruhiyat ehromi" kitobidagi har bir maqolada shu va shunga o'xshash dadil, masalani tub ildizigacha borib tahlil etishga intilish mo'ldir. Ular bilan kimlardir kelishar, kimlardir kelishmas, kimlar bahsga kirishar, lekin hech kim bunday fikrlarni o'qib, befarq qolmaydi. Ular sizni o'ylashga, inson ruhiyati haqida chuqurroq mushohada yuritishga undaydi. Hayotda har qadamda uchrashimiz mumkin bo'lgan ruhiy talatumlarning sabablarini ilg'ash, idrok etishga yordam beradi. Nafsilamirini aytganda, yuqorida keltirilgan ikki misoldagi yo'sinda fikr yurita olish imkoniyati ham aslida mustaqilligimiz tufayli erishilgan hur fikr yuritish imkoni sharofati bilan paydo bo'ldi. Bunday fikrlash Sho'ro davrida xurofotga, badbinlikka yon bosishning g'irt o'zi-ku, deb, ularning oldi olinishi shubhasiz edi.
       Ruhiyat masalalarini tahlil eta borib, qator muammolarga mustaqil munosabat bildirar ekan, Rahimjon Otaev ba'zan halqi, eli tabiatidagi ayrim qirralar, ruhiyatidagi an'analar xususida nihoyatda dadil, alamnok fikrlarni aytishga ham jur'at etadi. Abdulla Oripov "Qachon xalq bo'lasan, ey, sen olomon" deb yozgan edi bir vaqtlar. Yoki Dostoevskiy "Rossiya men uchun aziz, lekin haqiqat undan ham azizroqdir" deganini eslaylik. Mana, R. Otaevning ana shu ruhdagi mulohazalari: "Bor bo'lsang - ko'rolmaydi, yo'q bo'lsang - berolmaydi" degan hikmatli gap faqatgina o'zbek xalqi yarata oladigan, o'zbekning o'z ichidan chiqqan balolar - bahil va ziqna kimsalardan yonib-o'rtanib, oh-faryod chekib yaratgan tom ma'nodagi milliy maqolidir". To'g'ri, bu kabi mulohazalarda R. Otaev ba'zan keragidan ortiq his-hayajonga berilib ketadi, shu sabab uning ayrim fikrlari bahstalab bo'lib qoladi, o'quvchi ularga qo'shilmaslikka o'zini haqli deb biladi. Chunonchi, "Alpomish" dostonidagi Boybo'ri bilan Boysarining arzimas bir bahona bois , arazlashib, yuz ko'rmas bo'lib ketishining R. Otaev tomonidan "jahonda o'zbekdan boshqa hech bir xalq bunday holatni aqligayam sig'dirolmaydi" deb talqin qilinishi haqida shu fikrni aytish mumkin. Jahon og'zaki va yozma adabiyoti va hatto diniy manbalarda bunga o'xshash motiv oz emas. Buning uchun birgina Qobil va Hobil haqidagi qissani eslashning o'ziyoq kifoya, deb o'ylaymiz.
Lekin, ayni vaqtda, Rahimjon Otaev o'zbek adabiyotining "O'tkan kunlar", "Mehrobdan chayon", "Kecha va kunduz", "Qutlug' qon" singari o'nlab shoh asarlari misolida va ulardagi qahramonlarning ruhiyati tasvirlanishini nihoyatda aniq, qisqa va lo'nda yangicha talqin eta oladiki, natijada bu asarlar qimmati va mohiyatini yana-da teranroq anglay boramiz. "SHaxsning erksizligi qanday insoniy fojialarga olib kelishi mumkinligini "O'tkan kunlar" va "Mehrobdan chayon" romanlariga nisbatan yana-da kuchliroq, ta'sirchanroq ko'rsatib bergan asar, shubhasiz, "Kecha va kunduz" romanidir. Asarning bosh qahramoni Zebi boshidan kechirgan ko'rgiliklarda hamma aybdor: bir tomonda qahramonning o'zi, uning erksizligi, huquqsizligi, nochor-notavonligi... ikkinchi tomonda - onasi Qurvonbibi fitnaning bo'sh-bayovligi, otasi Razzoq so'fining kaltabinligi, Miryoqubning xudbinligi, Xadichaxonning makkorligi, enaxonning nochorligi, Akbaralining noinsofligi, "baliq boshidan sasiydi" deganlaridek, asarda ko'rsatilgan eng oliy ruhoniy zot - Xast eshonning ham o'z manfaati shaxsiyasi yo'lida haq yo'lidan ozganligi..." Muallif xulosasiga ko'ra, bunday muhit esa Zebi va Zebiga o'xshaganlar umrini, baxtini poymol qilmasligi mumkin emas. Zebining atrofidagilar uni himoya qilish uchun kurashish u yoqda tursin, noinsoflarni, hatto "insofga chaqirmaydi, chaqirolmaydi". "Asarning "Kecha"ligi, ya'ni unda ko'rsatilgan ruh osmonining qorong'u kechadek tim qaro, ya'ni, zimistonligi mana shunda" deb xulosa chiqaradi R. Otaev.
Muallif shu tariqa ruhiyatimizdagi ko'rib turib ko'rmaslikka, bilib turib bilmaslikka olish holatlarini, nomardlarcha "sukut saqlash" falsafasini keskin fosh etadi. Bu dard muallifning ham ko'ngliga shunchalik alamlar, olovlar soladiki, ba'zi o'rinlarga kelib, "shu qadar tinchliksevar, qo'ymijozmizki, ichimizdan chiqqan balolar bizni tinchimizga qo'ysalar bas!.." deyishgacha borib yetadi. Bunday kezlarda muallifning bu kabi fikr-mulohazalari ilmiy yohud publitsistik yo'nalishdan badiiylashish, umumlashish tomon yuz buradi, mulohazalardagi adabiy o'ylar shaklida badiha  unsurlari kuchayadi.
Umuman, mazkur kitobga kirgan maqolalarning tili, ayniqsa, go'zal, chechan, yengil xalqona va badiiy ekanligini ta'kidlamoq kerak. Muallif nihoyatda hur, emin-erkin mushohada yuritadi, bir zamondan ikkinchi zamonga, bir makondan ikkinchisiga, bir asardan boshqasiga, avvalgi masaladan yangisiga shu qadar jonli va tabiiy ravishda o'tadiki, go'yo xuddi shunday bo'lishi kerakdek. Natijada, siz ham yozuvchining sehrli yetagida ana shu keskin, o'zgaruvchan, yangi olamlarga kirib ketganingizni sezmay qolasiz. Sizga bu olamlarda taqdim etilayotgan fikrlarning barchasini beistisno qabul qilasiz, ularni qo'llab-quvvatlaysiz, deyish noto'g'ri bo'lur edi. Zotan, muallifning o'zi ham bizga faqat ma'qul keladigan gap aytish yo'lini tutmaydi. U doimo, kitobning boshidan oxirigacha, o'zining mustaqil fikrlarini aytishga intiladi. U yoki bu asar, qahramon yoki muammo, tarixiy shaxs va to'qima obraz haqidagi o'zining qalbi-tafakkurida evrilgan fikrlarini o'rtaga tashlaydi va satrlar ostidan: xohlaganingizni qabul qiling, istamaganingiz qolsin, deyayotgandek bo'ladi..
Bu uslub asarga bo'lgan o'quvchining qiziqishini yana-da kuchaytiradi. Ochig'i, muallifning dadil, ba'zan qiziqqon, lekin masalaga mustaqil qarashlari sizni o'z domiga tortib borayotganini sezmay qolasiz. To'g'ri, ba'zan asosiy maqsad va masaladan chetlashish, uzoqlashish, o'quvchini zerikishga olib keladigan o'rinlar ham yo'q emas. Lekin masala yana ruhiyat muammolariga qaytishi bilan siz yo'qotayozgan narsangizni topib olgandek bo'lasiz va endigina boshlangan diqqinafaslik o'rnini yana toza havo epkinlari tabiiy ravishda egallab oladi.
Ana shu toza havo epkinlari sizning dilingizga ham toza havolar olib kira oladi.
Ma'lumki, xalq doimo o'zining ruhiy madadkorlariga ishonib, suyanib yashagan. Qori, oqsoqol, mufti, shayx, eshon, so'fi va hakozolar xalqning ana shunday ruhiy tayanchlari edi. Tarixdan bilamizki, chorizm bosqinchiligining yeng shimarib boshlagan dastlabki siyosatidan biri keng xalq ommasini ana shu ruhiy tayanchga qarshi gij-gijlashdan iborat bo'ldi. Ruhoniy zotlarni yomonotliq qilish chorizm va sho'ro siyosatining doimiy diqqat markazida bo'ldi. "Ruhiy tayanchlardan judo etilgach" xalqni g'orat qilish o'z-o'zidan oson kechadi, zotan, "baloga qarshi piri balogardon, yashinqaytargich, himoyachi bo'lmaganidan keyin, yalang boshga balo yog'averadi-da", deb xulosa chiqaradi R. Otaev. Bu - nihoyatda to'g'ri fikr. Agar Dukchi eshon va uning hammaslaklaridan iborat qasoskorlar tarix maydoniga otilib chiqmaganlari taqdirda ham, bosqinchilar bu kabi diniy ulug' zotni qoralab, badnom etishning yo'lini o'zlari baribir o'ylab topgan bo'lur edilar. Ulug' Behbudiyning taqdiri bunga misol emasmi?
Rahimjon Otaevning ruhiy qadriyat haqidagi mulohazalari, xulosalari, qaysi davr adabiy asarlari, qahramonlari haqida fikr yuritmasin, ayniqsa, xuddi shu kunimizga dahldorligi, istiqlolimizning ma'naviy-ruhiy asoslarini mustahkamlashga qaratilganligi bilan qimmatlidir. Qadr, qadriyatdek tarixiy, abadiy muammoning zamonaviy mohiyati, uning, ayniqsa, mustaqillik davri uchun yana-da dolzarb mohiyat kasb etadigan qirralari haqida yonib-kuyib bildirilgan mushohadalar, bu masalaning  barcha xalqlar uchun umumiy va har bir xalq, xususan, o'zbek  xalqi uchun ham tarixan, ham hozirda daxldor bo'lgan xususiyatlari haqidagi fikrlar , bu masalaning milliy ruhiyat bilan chambarchas aloqadorlikdagi jihatlari va ularning talqini birorta kitobxonni befarq qoldirmaydi. "Ruhiyat ehromi"ning bunday sahifalari, shubhasiz, nainki yoshlar, balki barchamiz istiqlol g'oyalari ruhida tarbiya topishimizda muhim ahamiyatga egadir.
       Shunisi e'tiborliki, muallif qadr va uning ruhoniy hislatlari qimmati va mohiyati haqida fikr yuritar ekan, masalaning nainki shaxs, Inson, balki Vatan bilan aloqador fazilatlarini ham yoritadi. Xossatan, o'z qarashlarini nafaqat shu kunning san'at, adabiyotga doir asarlari, balki hazrat Yassaviy she'riy hikmatlari misolida dalillashga harakat qiladi. Kezi kelganda Maxatma Gandi, Neru, Indira Gandilar shaxsiyati, g'oyalari, ularning qadriyatga munosabatlari xususida to'xtalib o'tadi. Muayyan masalalarda ular bilan o'zimizni muqoyasa qiladi.
SHu bilan birga men Rahimjon Otaevning mazkur kitobdagi ayrim fikrlariga qo'shilmaslik mumkin deb bilaman. Uning "Kecha va kunduz", "Otamdan qolgan dalalar", "Muvozanat" haqidagi ba'zi fikrlari ana shunday taassurot qoldirdi.Xususan, Cho'lpon romanidagi qahramonlar "o'z qadrini mutlaqo bilmasligi", Tog'ay Murod va Ulug'bek Hamdam romanlarining bosh qahramonlari "mutlaqo havas qilgulik emasligi" jihatidan tanqid qilinadi. Bu bilan biz mazkur asarlarda kamchilik yo'q demoqchi emasmiz. Gap shundaki, R. Otaev aytayotgan fikrlar yetarli darajada o'zini oqlamaydi. Chunki, romandagi Cho'lponning qahramonlari o'z qadrini bilmasliklari asarning kamchiligi emas. Yozuvchi ularning xuddi shunday ekanliklarini tasvirlashni maqsad qilib olganini unutmaylik. Adib ularning shunday ekanini ko'rsatib, bu darajada bo'lish, bu darajada qolish mumkin emasligini ta'kidlab, qadr-qimmatni bilishga, uning uchun kurashish lozimligiga chaqiryapti, axir.
       Tog'ay Murod va Ulug'bek Hamdamning bosh qahramonlari mutlaq havas qilgulik emasligi haqidagi  fikrga kelganda shuni ta'kidlash joizki,  yozuvchilar ularni bizga havas qiling deb yaratayotgani yo'q. Ularning hayot haqiqatiga nechog'lik mos ekanini badiiy jihatdan tasvirlayapti, xalos. Barcha bosh qahramonlar o'quvchi havas qiladigan yo'sinda yoki darajada tasvirlanishi shart emas. Bunga jahon adabiyotining o'nlab nodir asarlaridan misol keltirish mumkin.
       Shunisi ham borki, Rahimjon Otaev muvaffaqiyatli  asarlar haqida, ulardagi ruhiy dunyoning tiniq tasviri haqida nechog'lik suyunib fikr yuritsa, bu masalada muvaffaqiyatsiz chiqqan qator asarlar va qahramonlar haqida, qadriyat masalasidagi ayrim e'tiborsizliklar haqida shu darajada kuyunib gapiradi. Lekin bu ruhga, bu yo'nalishga "Ruhiyat ehromi"da ahyon-ahyondagina duch kelamiz. Agar butun kitob davomida bu yo'nalish izchillik bilan davom etib borganida u shubhasiz yana-da yutgan bo'lar edi.
       Sho'ro davrida milliy ruh, milliylik, milliy qiyofa haqida ko'p yozildi. Biroq ularning aksari safsatabozlikdan boshqa narsa emas edi.
Shu jihatdan "Ruhiyat ehromi" muallifining milliy ruh haqidagi qarashlarini kuzatar ekanmiz, bu qismda ko'proq milliylik va tarixiylik masalalariga e'tibor berilganligi ayon bo'ladi. Muallifni nazarimizda masalaning ko'proq tarixiy jihatlari qiziqtiradi.
       Bu qism, kitobning boshqa qismlari, bo'limlariga nisbatan olib qaralganda, birmuncha chalaroq, noto'kisroqdek taassurot qoldiradi. To'g'ri, kitobdagi maqolalarning esse, badiha uslubida yozilganini inobatga olsak va bu janrning o'ziga xos qonuniyatlari mavjud ekanini nazarda tutsak, undan ilmiy maqolaga yoki ilmiy ishga xos bo'lgan muxtasarlikni  talab etish noo'rindek ko'rinadi, albatta. Lekin, bundan qat'i nazar, esse janri doirasida ham  aytilmoqchi bo'lgan fikrlar va maqsadga doir muammolar aniqlanib, mushohada-mulohaza tarzi shunga mos yo'sinda bo'lsa, asarning kompozitsion yaxlitligi ta'minlangan bo'lur edi.
       Kim bilsin, ehtimol muallif  so'nggi maqolani ongli ravishda shunday tuzilishda qurgandir. Ya'ni, uning notugaldek ekani bejiz emasdir. U balki hali to'liq tugallanmagandir, yana davomi bordir, ehtimol.
       Agar shunday bo'lsa, biz, aziz kitobxon, siz bilan birgalikda "Ruhiyat ehromi"ning davomini, uning yangi sahifalarini kutib qolamiz.

Baxtiyor NAZAROV,
Akademik, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi
Tanqid va adabiyotshunoslik kengashi raisi.
Sahifa yaratilish sanasi - 2006 yil yanvar. Oxirgi yangilanish sanasi - 2010 yil avgust
© All rights reserved. Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2010
 
 
 
 
 
bosh sahifa
oila
rasmlar
devorqog'oz
tashrifkitob
 
 
 
 
 
adabiyot
matematika
tahlil
foydali saytlar
har xil