¡çáåê O'zbek Ðóññêèé English
Vebusta:
faruh_a@yahoo.com
farruhota@gmail.com
Muallif: Otauli

SURNAY NAVOLARI

Dunyo bir soz qo'shiqdan zavq ololsaydi,
Bir cholg'u chalolsaydi, bir tor chalsaydi,
Odamiylik shiormas, jon bo'lolsaydi.
Qaniydi...
Mirtemir

ZIYOD PODACHI AYTGAN HIKMATLI GAPLAR:

"Nega sizga ishonmasligim kerak, inim? Siz ham odamsiz, ikkovimizning palagimiz bitta, axir! Yodingizda bo'lsinki, inim, odam bolasi hech nimaga, ayniqsa bir-biriga ishonmay qo'ydimi, dunyoda naq qiyomat qo'pgani shu!"
"Hech bir elni chetdan kelgan yov engolmaydi. O'zingdan chiqqan yov yomon".

1

       - G'aflat bosib yotaverasizmi? O'rningizdan turing-da endi!
       Ozod bolalarini bog'chaga olib chiqayotgan Rayhonning gaplaridan sergak tortib, xontaxta ustidagi soatiga cho'zilib qaradi. To'qqiz! endi ishga kechikishi aniq! Kamida biror soatlik yo'l. Buyoqda hali avtobus kutish ham bor. Tezroq turish kerak!.. Shu payt kecha ishxonasida ro'y bergan mojarolar xayoliga bexos yopirilib kirdi-yu qaddini tiklagan joyidan tag'in o'rniga chuzildi. Alam bilan o'ylay boshladi: "Baribir endi behuda. Tamom! Bugundan taloto'p boshlansa kerak. Bu taloto'pdan undan kattaroqlarning ham omon chiqishi dargumon!" Biroq kecha oqshom xayrlashar ekan, sobiq rahbarlari Mirzaev aytgan gaplar ham yodiga tushdi-yu, shahd bilan o'rnidan turdi. Apil-tapil kiyinib, ishga otlana boshladi.
       Bugunga qadar Ozod ishga kechikishni tasavvur etolmasdi. Mana, o'n uch yildirki, hamisha ish vaqtidan ancha avval etib boradi. Nimagaki qo'l urmasin, astoydil, butun vujudi bilan berilib ishlardi. Ayrim hamkasblaridek, ishga kechroq borib, vaqtliroq juftak rostlashni xayoliga keltirmasdi. Hatto allamahalgacha qolib ketar: qog'ozlarini tartibga keltirar, ertangi ishini rejalashtirardi. Agar kayfiyati yaxshi bo'lib kuy bastalash yoxud maqola yozishga unnab qolsa-ku, to uni tugatmagunicha o'rnidan qo'zg'olmasdi. Konservatoriyani bitirib, san'atshunoslik institutida, maktabda, Madaniyat vazirligida ishladi. Mana, uch yildirki, Bastakorlar uyushmasida ishlayapti - hamisha shu ahvol. Hozir - butun hayot-momoti qil ustida turgan paytda-ku, ishdan kechikish... dahshat! Tong-saharda ikki soatgina mizg'ib olaman deb, dong qotib qolganini qarang! Rayhon aytganidek, g'aflat-da bu, g'aflat! Har qalay, shu bugun kechikmasligi kerak edi-da!..
       Ozod alamli o'ylar iskanjasida shoshilinch tuflisini kiyar ekan, eshik ortida kalit shiqirladi. Hayron bo'lib eshikni tortdi. Bo'sag'ada Rayhon turardi.
       - Ha, namuncha tez?..
       Xotini savolni eshitmagandek, unga tashvishli qaradi:
       - Ie, haliyam uydamisiz?!
       -  Namuncha tez qaytib kirding, deyapman? - o'shqirdi Ozod.
       Rayhon ostona hatlab, yo'lakka - uning yoniga o'tdi da, tezda eshikni berkitdi.
       - Sekinroq, qo'shnilar eshitadi, - dedi qariyb shivirlab. So'ng yig'lamsirab hasrat qila boshladi: - Farhodingizning kuydirgani etarli bo'ldi menga. Naq yarim yo'lda "bog'chaga o'zimiz chiqamiz, siz etaklab oborsangiz chiqmaymiz", deb oyoq tirab turib olsa deng! Na tushuntirganga ko'nadi, na aldaganga!
       Ozod alamdan "dod" deb yuborayozdi. Yo tavba! Muncha sodda, lallaygan bo'lmasa bu xotin?! Tabiatan sal narsaga lovullab ketadigan tajangroq odam emasmi, bu yangilikni eshitib battar jig'ibiyroni chiqdi:
       - Olti yashar bolaning gapiga laqqa ishonib yarim yo'ldan qaytib kelaverdingmi?! - dedi bo'g'ilgudek bo'lib. - Axir, bog'chaga kirmay, boshlari oqqan tarafga ketib qolsa nima qilasan?! - o'z gaplarining ma'nosini daf'atan anglab etdi-yu, beixtiyor yuragi shuvilladi. SHahd bilan buyurdi: - Chop! Tez chiqib qara! Bog'chaga kirishibdimi-yo'qmi, bil! Bu ahvolda xotirjam ishlab bo'ladimi endi!
       Rayhon bir muddat talmovsirab turdi-da, tashqariga yo'naldi. Ozod oyoq kiyimini echmay, o'zicha g'udrangancha to'ppa-to'g'ri oshxonaga - o'tgan yili gaz-suvni ayvonchaga ko'chirib, "kengaytirgan" qo'lbola kabinetiga o'tdi. Papkasini yozuv stoli ustiga tashladi-yu holsizlanib kursiga o'tirib qoldi. Tirsagiga tayangan holda boshini ushladi. Ikki chakkasi lo'qillab og'rir, ko'ngli behuzur bo'lmoqda edi. Hammasi asabdan! Ayniqsa, keyingi paytlarda sal narsaga asabiylashaveradigan bo'lib qoldi. Qiziqqonlik qilmaslik, ortiqcha ehtiroslarga berilmaslik kerak. Ko'pam qizishavermaslik, asabni asrash kerak. Biroq...
       Nimalar bo'lyapti o'zi? Keyingi uch-to'rt yil ichida ishlari binoyidek yurishib kelayotuvdi-ya! Mana bir xona bo'lsa ham boshpanamiz bor, shirin-shakar bolalarimiz bor, hazilakam gapmi. Bastakorlar uyushmasidek ulkan dargohga ishga joylashib oldim. Ana endi eng shimarib ishlayman, o'qib-yozaman deb turganida, hali majlisbozlik, hali qog'ozbozlik, hali yangi uy vasvasasi-yu, hali o'sha la'nati Poyonovning xatlari bilan bog'liq mashmashalar... Ustiga ustak, Farhodning manavinaqa xurmacha qiliqlari. Shunisi endi kamlik qilib turuvdi-da!
Yo'q, o'ylab qaralsa, ayb o'g'lida emas, xotinida ham emas, o'zida! Ha, o'zida! O'zi "arzandam, o'ttiz yoshda ko'rgan yolg'iz o'g'lim", deb uni haddan tashqari erkalatib yubordi. Aytganini xo'p deb muhayyo qilaverdi. Vaqtida mundo-oq ta'zirini berib qo'ymadi. Mana - oqibat! Na onasining aytganini qiladi, na otasining! Olti yoshidaki shunday, ertaga kim bo'ladi bu bola?!..
       Ozodning xayollari shu erda uzildi: yo'lakda Rayhon ko'ringan edi. O'rnidan turib, unga ro'para keldi:
       - Xo'sh?
       Xotinining yuzlari, ko'zlari, butun vujudida vahima aks etib turardi:
       - Yuq-ku?..
       - Nima "yo'q-ku?"
       - Bolalar... - dedi Rayhon yig'lamsirab, - bog'chaga kirishmabdi.
       - Qanaqasiga?
       - Bilmasam...
       - Nimani bilasan o'zi?! - Ozodning yana fig'onidan dud chiqdi. - Tuzukroq qidirmagandirsan-da, bir zumda er yutib ketmagandir ularni! - Shunday deya qarshisida jovdirab turgan Rayhonning ko'zlariga darg'azab tikildi. Bir xayoli: "Bor-e, hammasi menga tanmi! O'zing yo'qotdingmi, o'zing qidirib top endi! Bir boshimga ishxonadagi tashvishlar ham etarli bo'lyapti" - deya qo'l siltab chiqib ketmoqchi bo'ldi. Biroq bolalari... Ne-ne ko'rgiliklardan so'ng xudodan tilab olgan bolalari qani?! Ularni bu landovurning qidirib topishiga ishonib bo'ladimi?!. Kutilmaganda yovvosh tortib, ovozini bir parda pastlatdi: - Qani, yur-chi birgalashib qidiraylik. Bolalarni topib olaylik, ana undan keyin!..
       Uylaridan bog'chagacha nari borsa yuz qadam. Ikki tarafida turnaqator garajlar saf tortgan yarim aylana jinko'chadan o'tiladi. Tikka yo'l bo'lsa-ku, tag'inam qisqaroq. Ikki yarim yil avval shu bir xonali kooperativ uyga ko'chib kelganlarida qanday quvonishgan edi - qanday quvonishgan edi! "Bu uyning ajoyibligi"ni, "birinchi qavatligi"ni, ayniqsa "bog'chaning yaqinligi"ni bir-birlariga maqtayverib eslari ketuvdi. Farhodni-ku, boshqa bog'chadan o'tkazishgan. Lekin o'sha paytlar ikki yoshga to'lgan Marjonni joylashda ko'p elib-yugurishga to'g'ri keldi. Kutilmaganda "eng zo'r yo'li" topildi: Rayxonning o'zi ham bog'chaga tarbiyachi bo'lib ishga kirdi. O'shanda shunaqangi suyundilarki!.. Xotini har kuni ertalab Farhodni etaklab, Marjonni ko'tarib bog'chaga chiqadi: ona ishga, bolalar tarbiyaga! Kechqurun uchovlon birga-birga qaytib kirishadi. Huzurijon! Yaqinligini aytmaysizmi!
       Endi - bugunga kelib shu qo'l uzatsa etgulik joyda birvarakayiga ikki bolasi yo'qolsa! Ishonish qiyin! Qayoqqa ham yo'qolardi! Bog'chaga kirishni istamaga bo'lsalar, oyilarini aldab, endi biron joyda o'ynab yurishgandir. Negadir keyingi paytlarda Farhodi g'alati qiliqlar chiqara boshlagan edi-da, o'zi! Tunov kuni ham...
Tunov kuni qiziq bo'ldi. Rayhonning aytishicha bolalari bog'chadan kirib, maydonchada o'ynab yurishga ekan. Kechki ovqatlarini tayyorlab chaqirgani chiqsa yo'qmish. Shu orada ishdan qaytib kelgan Ozod uyga ham kirmay, u yoqqa chopdi - bu yoqqa chopdi, qani endi topib bo'lsa-chi! Qo'shni uylardan so'rab-surishtiraverib esi ketdi. Bir payt charchab-shalvirab ortiga qaytsa, allaqaysi qo'shnisi Rayhonga g'alati gap etkazibdi: "O'g'lingiz non do'koni oldida o'tgan-ketganga qo'l cho'zib, tilanchilik qilyapti".
       Ozod g'azabdan jizg'anagi chiqib, biror chaqirim naridagi non do'koni tarafga yugurdi. Uzoqdan bolalariga ko'zi tushib, andak engil tortdi. Qiziqqonlik qursin, daraxt panasida turib kuzatdi: devor-darmiyon qo'shnisining birinchi sinfga qatnaydigan shumgina o'g'li Jamol gaz-suv oldida, Farhod bilan Marjon bo'lsa, qo'l ushlashganicha yo'lning qoq o'rtasida turishibdi. Bolalari mimit qo'lchalarini oldinga cho'zgancha duch kelgan odamga jo'r bo'lib yolborishadi: "Amaki, uch tiyin bering! Amati... uch tiyin!" Bir amallab undirishgan chaqalarni Jamolga oborib berishadi. Jamol gaz-suv ichadi. Ortgan chaqani cho'ntakka uradi. Bolalari unga mo'ltirab qarashadi. Nihoyat, Jamol ularni yana pul undirishga undaydi.
       Bu manzara o'ziga yarasha oriyatli Ozodga qattiq ta'sir qilgan edi o'shanda. Marjon-ku, atigi to'rt yashar - tushunib etmas. Biroq ishongan o'g'li?.. Bir hayoli - laqmaligi uchun Farhodning ta'zirini bermoqchi bo'ldi. Yana o'zini bosdi: laqmaroq bo'lsa ham, har qalay, yakka-yagona, arzanda o'g'il, axir! Yo'l-yo'lakay koyish, tushuntirish bilan kifoyalandi.
       Ikki haftacha avval yana bir ishkal chiqdiki, avvalgisidan chandon oshib tushdi.
O'sha kuni ertalab ham Farhod "Bog'chaga chiqmayman!" deb oyoq tirab oldi. Mojaroga Ozod aralashishga majbur bo'ldi. Xuddi keksalardek, ilk bor pand-nasihat qildi: "Bu qanaqasi, o'g'lim, - deb uni koyidi Ozod, - kim aytadi seni kap-katta, tushunadigan, aqlli yigit deb? Mana, yaqinda maktabga borasan. YAngi uyga o'tsak, senga atab to'y qilamiz, shunday katta yigit ham yosh boladek injiq bo'ladimi? Bundan ko'ra, bog'chaga chiqib, o'qish-yozish, surat chizishni yaxshiroq o'rgan. Ayniqsa, musiqa mashg'ulotlariga yaxshiroq qatnash! Axir, sen bastakorning o'g'lisan, bolam..."
Nachora, bola bola-da: sal narsadan xursand, cal narsaga xafa. Ma'lum bo'lishicha, gruppalarida Turobjon degan bola o'g'lini "Paroxod-paroxod" deb masxaralarkan. Men paroxodmas, Farhodman, desa ham mazax qilishini qo'ymas ekan. Xo'rligi kelib, bog'cha opasiga arz qilgan ekan, bog'cha opasi "O'zing Turobjonning jig'iga tekkansan" deb, Farhodni burchakka turg'azib qo'yibdi. Shugina gap ekan! Ozod: "O'zing hech kimning jig'iga tegma, odobli bola bo'l-da" deb, tag'in tanbeh berdi. Etaklab bog'chaga olib chiqdi. Bog'cha opasidan o'g'lining "beadabligi" uchun uzr so'radi. Kechqurun Rayhondan asli gap nimadaligini bildi-yu, miyasiga qon tepdi: "O'sha megajin bola tarbiyalaydigan ayol emas o'zi! Turobning boyvachcha otasidan kuniga-kunora sovg'a-salom olib turadi-da, shuning uchun tili qisiq. Sizda bo'lsa, nota bilan surnayda boshqa hech vaqo yo'q!"
       Biron kun bog'chaga chiqib, "tarbiyachining bo'shashgan tanobini tortib qo'yish"ga chog'landi. Kutilmaganda ishxonasida biri biridan ajoyib-g'aroyib mojarolar avj olib ketdi-yu, bundan zarurroq ishlari ham sabil qoldi.
       Ha, nima bo'lsa bo'ldi, natija shuki, er-xotin birgalashib uylari oldidagi maydonchani, garajlar atrofini, bog'cha tevaragini kezishga tushdilar. Rayhon "balki kechroq kirishgandir" degan xayolda yo'l-yo'lakay yana bog'chaga bosh suqib, hamkasabalaridan so'rab-surishtirdi. Non do'koni atroflariga ham borib keldilar. Na Farhoddan, na Marjondan darak bor edi! er-xotinning xavotiri kuchaygandan kuchaydi: qiziq! Kuppa-kunduz, atigi besh daqiqa-yu yuz qadamning nari-berisida birvarakayiga ikki bola yo'qolsa-da ularga nima bo'lganini hech kim ko'rmasa-bilmasa! Bunaqasi uncha-muncha sarguzasht filmlarda ham bo'lavermaydi, axir!
"Balki uyga kelishgandir?" degan umidda ortlariga qaytdilar.
       Mujmalroq bo'lsa-da, har qalay, umidbaxsh gap ikkinchi qavat derazasidan ularni kutibmi-kuzatib turgan qo'shni ayoldan chiqdi. Ayolning aytishicha, u kecha kechqurun ikki bolakayni (hoynahoy, Farhod bilan Jamolni) avtobus bekatida ko'rganmish. Ikkisi bekatdagi o'rindiqda nimanidir qizg'in maslahatlashishayotgan ekan.
       Rayhon chopqillaganicha Jamollarnikiga chikib ketdi-yu, zum o'tmay bo'shashibgina qaytib tushdi: qo'shni ayol ertalab o'g'lini o'zi maktabga qo'yib kelganmish.
       Er-xotin o'ylashib-kengashib, arazlashib-achchiqlashib, axiyri shunday to'xtamga kelishdi: Ozod maktabga boradi - Jamolga uchraydi. Balki kalavaning uchini shu bola topib berar? Bahonada ishxonasiga qo'ngiroq qiladi. "Bolalarim yo'qolib qoldi. Topilishi bilan etib boraman", deydi. Rayhon bo'lsa, uydagi chaqalog'idan birrov xabar oladi-da, qo'shnilardan so'rab-surishtiradi. Balki har kuni kechki salqinda maydonchada o'ynaydigan, bog'chaga qatnamaydigan bolalardan birontasining uyida o'tirgan bo'lib chiqar?..
       Ikkala taxminda jon bordek. Qolaversa. er-xotin uchun ayni lahzalarda eng to'g'ri tadbir shu edi, boshqa yo'l yo'qdek edi.

2.

       Ozodning oyoqlari ham, miyasi ham favqulodda shiddat bilan ishlardi. Ayni lahzalarda u jon-jahdi bilan intilgan manzil allaqanday qo'shnining o'g'li o'qiydigan allaqaysi maktab edi. Biroq yugurib-yo'rtib maktabga, o'ylab o'yining tagiga etolmasdi. Xo'sh, aslida qay manzilga etib bormoqchi u? Manzili maktabmi? Maktab, xolosmi?
Odamzod intilishlarining nihoyasi bormikin sira? Bor bo'lsa, nega ko'pchilik toza havo, zilol suv, bepoyon kenglikni ortda qoldirib, chiroqqa talpingan parvonadek, yirik shaharlarga intilib yashaydi bugun? Nega shunday? U-ku, ota vasiyatiga ko'ra jamiki surnay kuylarini notaga ko'chiraman, milliy cholg'ularimiz, avvalo surnay haqida kattakon kitob yozaman, degan muqaddas orzu sabab shu g'ala-g'ovur, diqqinafas shaharda yashashga majbur! Boshqa hech bir kuch uni bu erda ushlab qololmasdi: etti otasi yashab o'tgan o'sha kaftdek tep-tekis, yassi-yaydoq, ehtimolki shunisi bilan o'zi uchun ardoqli yurtiga ketardi, jon-jon deb ketardi! Biroq, manavi qavat-qavat binolar o'rmonzorida sherdan hadiksiragan quyondek nochor qunishib-g'ujanak bo'lib, o'z qobig'iga mustahkam o'ralib olgan odamlarni shaharda qanday kuch ushlab turibdi ekan? Nahotki, hammalari Ozodga o'xshab hayotining birdan-bir ma'nosiga aylangan orzu yo'lida yashayotgan bo'lsalar? Yo farovon, madaniy yashash istagimikin bu kuch? U holda... bir qadoq yaxlagan go'sht yoxud kukundan qayta hosil qilingan ikki kosa sut uchun kunora soatlab navbat kutish...farovonlikmi? Shundoqqina devor-darmiyon qo'shnining xonadonida nimalar kechayotganiga loqaydlik...madaniyatmi?! "It yotish, mirza turish" deganlari bundan ortiq bo'lmas! Qiziq, mana shu bir-birlariga ustma-ust yashayotgan minglab odamlarning har biri nimalarni boshdan kechirayotgan ekan-a? Ular orasida Ozodga o'xshab tordek tarang asab bilan yashayotganlari ozmunchamikin: o'z yog'iga o'zi qovrilib, mustahkam boshpanalariga o'z ixtiyoriga ko'ra qamalib, kattakon dunyoning hayratomuz kengliklaridan bebahra... Yanayam qiziqrog'i: shu uylarda yashayotganlar kimlar, qanday odamlar ekan-a? Arslonov-u poyonovlarmi? Mo'min SHokirov, norqulovlarmi? Qurbon sultonlarmi?! Musavoy aka bilan opoqi-ku, bunday "qavat"larda yashamaydilar. Balki hammalari Mirzaev, ehsonov yoxud Jo'raboev toifasidagi odamlar bo'lib chiqar? Yoinki oqilxonovlardir? Koshkiydi shunday bo'lsa! Bu "shahar - o'zaro tutash kengliklardan iborat", degan so'z-ku, axir! Loaqal keyingilari ko'proqmikin? Bu uylarning aksariyatida arslonovlaru qurbon sultonlar yashayotgan bo'lib chiqmasmikin mabodo?!.
       Kim biladi, balki allaqanday maktabda emas, shu atrofda - ikki tomchi suvdek o'xshash manavi bahaybat uylarning qay biridadir o'tirishgandir bolalari? Biroq... qay birida, kimlarning qoshida? Ularga olib boradigan yo'l qani? SHu yo'lmikin? Uff! Beixtiyor yuragi siqiladi odamning!
       Ozod tug'ilib o'sgan qishloqdan o'n chaqirimcha berida qadimiy YAssi shahri joylashgan. Ahmad YAssaviy maqbarasi shaharning qariyb yagona faxri va ko'rki. U har gal yurtiga borganida ana shu maqbara tepasiga chiqib, chor-atrofni tomosha qiladi. Maqbara kiftida butun vujudi qushdek engil tortadi. Sababi: tep-tekis, yassi erlar emasmi, uyog'i Qoratog', buyog'i - Sirdaryoga tutashuvchi ajib bir sayhonlik ko'z oldida kaftdagidek namoyon bo'lardi. Ozod bu kengliklarni quchgisi, bag'riga singdirgisi kelardi. Beixtiyor ko'ksi to'lib, yurak-bag'ri kengayib borayotgandek, ruhan tiniqlashib, qo'ngli g'ussa-g'uborlardan forig'lashayotgandek tuyulardi.
       Rahmatli otasi Ziyod surnaychi ana o'sha kengliklarning chinakam shaydosi edi.
       Qishloqda otasining ismiga dam u, dam bu laqabini qo'shib aytishardi: yo "surnaychi, yo "podachi". Chunki, otasining o'zi hamisha faxrlanib aytganidek, u "esini tanibdiki, ikki kasbni kanda qilmagan: poda boqqan, surnay chalgan"; har kuni tong-saharda yo'rg'a eshagini minib, surnayini etigining qo'njiga tiqib, adirga otlanadi. Uzzukun poda boqadi. Podadan qaytgach, oqshom chog'i to'ylarda surnay chaladi. Hamyurtlarining aytishicha, Ziyod podachi "bir umr surnay chalib yashagan"mish: kunduzi adirda sigirlarga, kechqurun to'yda odamlarga.
       Bu gap rostmi yo lofmi, rost bo'lsa sababmi yo oqibatmi, har qalay, Ozodga shunisi kundek ravshanki, otasi o'z umrini surnaysiz tasavvur qilolmasdi. "Surnay xalqimizning eng qadimiy, eng muqaddas cholg'u asbobi,- deya astoydil uqtirardi Ozodga ko'ksi faxrga to'lib. - Boshqa cholg'u asboblari buning oldidan o'taversin! O'zing o'ylab ko'r, surnaysiz to'y to'ymi? To'ysiz umr umrmi? Bilsang, surnayning torgina bo'g'ziga butun dunyoni sig'dirish mumkin! Faqatgina bag'ring keng bo'lib, astoydil ixlos bilan puflasang bas! Axir, bir gap borki, hindilar surnay bilan ilonni avraydilar. Naq ilonni-ya! Haligi, nimaydi, "Sangam"dagi yigit aytadi-ku, "...Xudosi ham sohilda o'tirib surnay chalarmish"...
       Kunlardan bir kuni, o'shanda ettinchida o'qirdi shekilli, Ozod otasiga nihoyatda ma'qul gap topib keldi. Yozuvchi Asqad Muxtorning "Chinor" romanini o'qir ekan, g'alati rivoyatga duch keldi: emishki, tutqunlikda kuyib ado bo'layotgan asir yurtdoshlarini hayotga qaytarish maqsadida surnayni dastlab Forobiy kashf etgan! Rivoyatni o'qib bergan edi, Ziyod surnaychi sevinchdan o'zini yo'qotib qo'yayozdi. "Mana, ko'rdingmi,- dedi yosh boladek suyunib,- surnay nimalarga qodir!" So'ng ko'zlarida Ozodga mehribonlikmi, hurmatmi balqigancha termuldi. - Rost bo'lsa, shu odam bizdan qirq-ellik chaqirimcha narida Sirdaryo bo'yida yashab o'tgan ekan. Mulla Yoqubning aytishicha, musiqa to'g'risida ham kitob yozganmish. O'sha kitobni ham topib o'qisang yomon bo'lmasdi-da, o'g'lim! - Keyin Ozodning qo'lidagi kitobni olib, varaqladi-varaqladi-da, yozuvchini alqay ketdi: - Bu, baraka topgur, Asqad Muxtor deganlari o'ta bilimdon odam ekan-da, a? Shu-undoq ko'hna rivoyatlarni bilar ekan-a, qurmag'ur...
       To'ng'ich o'g'il emasmi, otasi Ozodga qayta-qayta nasihat qilardi: sen ham, o'g'lim, hozirdan surnayga ixlos qo'y. Mayli, podamni boqmasang - boqma, lekin vaqti kelib qo'limdan surnayimni ol. Yurtning yaxshi kunlarida xizmatini qil, olqishini eshit. Hali ulg'ayganingda seni o'qishga olib boraman. Surnaychilikning eng katta maktabiga! Ana o'shanda o'qib-o'qib, surnay to'g'risida ka-atta kitob yozasan...
Esida, niyatiga ertaroq etay dedimi, yo "harna ertaroq o'qiyversin-chi" degan fikrdamidi, otasi Ozodni "kattakon o'qishlari bor kattakon shaharga" bundan yigirma ikki yil muqaddam, u sakkizinchi sinfni bitirganida, olib kelgan. Hozir aniq esida yo'q: qaysiyam musiqa bilim yurtiga. Ozodniig aniq-tiniq esida qolgani shuki, otasi bilim yurtining direktorimi - o'qituvchisimi, allakim bilan xafalashib qolgandi o'shanda.
Bilim yurtida surnay kursi yo'q ekan, buni eshitib otasi dam ajablangan, dam achchiqlangan, keyin hamsuhbatini koyigan edi: "Ie, qanaqasi bo'ldi, inim? Surnaysiz bu maktabda qaysi kuyni o'rgatasizlar? Axir, cholg'uvchi yurtning to'yida kerakmi, azasidami?.. To'yida bo'lsa, ayting-chi, surnaysiz to'y to'ymi?.."
       O'shanda qishloqqa qaytar ekanlar, otasi ikkita gap qildi. Birinchisi: "Shahar deganlari yaxshi ekan-u, biroq unda kenglik bilan surnay etishmas ekan". Ikkinchi gapi shu bo'ldiki, o'ksib, ko'ngli cho'kib qaytayotgan Ozodni ovutdi: "Ha, mayli, maktabingni bitiraver-chi, o'lmasam, hali yana olib kelarman".
       Lekin Ozodni o'qishga yana olib kelish otasiga nasib qilmadi. Kim bilsin, nima sabab bo'ldi: "birinchi tashrif"mi, yo qishloqda shu tashrif tufayli ro'y bergan mojarolarmi, xullas, oradan biror yil o'tib... otasi qazo qildi. Ozodning bilgani shu bo'ldiki, o'shanda qishloqqa qaytgan kuni otasini rais chaqirtiribdi. Borsa, rais unga o'shqira ketibdi: "Nega jamoa podasini qarovsiz tashlab ketding?", falon-pismadon! Otasi, tashlab ketmadim, ferma mudiriga aytib ketdim, desa, rais yanada qattiqroq o'shqiribdi: "Nima, oliy ma'lumotli ferma mudiri sening o'rningga poda boqadimi?!." Ferma mudiri boqsa nima qilibdi, bor bo'lsa qog'ozi bor, shox-butog'i yo'qdir, debdi otasi bu gapdan qattiq ajablanib, qolaversa, bir kun ming kun emas-ku... "Ha, mayli, ishingga boraver", andak yumshabdi rais. Biroq, otasi eshikdan chiqar-chiqmas, ortidan baralla po'ng'illabdi: "Bilmadim, hamma o'qiyversa, podani kim boqar ekan!"
Bu gapni eshitib otasi tutaqib ketibdi. Mana men boqaman, debdi raisga ro'para kelganicha ko'ksiga urib, biroq eson bo'lsam, o'g'limni albatta o'qitaman! Raisning dami baland ekan, qayoqdagi podachi betiga chopayotganidan g'ashi kelibdi-da, gapni qisqa qilibdi: "He-e, menga demasa nega podachilikni yig'ishtirib qo'yib, o'zing ham o'qimaysan. Sensizoq amallarmiz!". Otasi ham dilidagi gapni qaytarmabdi: menam bir kunimni ko'rarman. O'lib qolmasman! Bu zamonda rais-ku, topilaveradi, biroq podachi hamma joyda kerak!..
       O'sha kuni otasi uyga keldi-yu, kutilmagan ahdini ma'lum qildi: narigi qishloqqa ko'chamiz! Kenjatoy ukasiga og'iroyoq onasi zorlandi: "Qo'ying, otasi, qarindosh-urug'ni tashlab qayoqqa boramiz? Qolaversa, rais ham begona emas, har qalay, o'zimizniki". Otasi battar tutaqdi: "He-e, qarindoshchilik qolibdimi hozir! Uzoq qarindosh tugul, tug'ishgan ukam bo'lsayam, bosar-tusarini bilmay qolgan bu boyvachchaning qo'l ostida ishlamayman endi! O'zi-ku, otam Xoliq darozning ko'magida o'qigan yalangoyoq bo'lamizning bolasi edi. endi "men o'qimishliman" deb, dimoq-firog'i olamni oladi. Tekin quturtirgandirki, qo'yib bersang, naq edirgan-ichirgan egasiga qarab da'f qiladi u da'yus! Ha-a, dunyoning ishlari mana shunaqa-a! Hech bir elni chetdan kelgan yov engolmaydi, o'zingdan chiqqan yov yomon! O'zingdan chiqqan baloga qayga borarsan davoga deb bekorga aytmagan ota-bobolarimiz!" Onasi otasini yupatmoqchi bo'ladi: "Shu o'jar fe'lingiz hech qolmadi-da, otasi. Ha, endi, rais bo'lgandan keyin tergaydi-da". Otasi asabiy qo'l siltaydi: "He-e, o'shaning raisligiga... Qani, gapni chuvalatmay, ko'ch-ko'roningni yig'ishtir! Bizni shu Qorachiqqa kindigimizdan bog'lab qo'ygan bo'lsayam agar!.."
       Xullas, ertasiga sandiqdagi bor-yo'q pulni bir qiyiqchaga tugib, Ozod ikkovlari yo'lga chiqdilar. Safar oldidan otasi onasiga tasalli berdi: ko'p kuyinaverma, xotin. Yurt ayvoni sen o'ylaganchalik tor emas. U yoqdayam podachiga oshi halol qahatmasdir! - Keyin ovoz ohangini o'zgartirib, vaziyatni tushuntirdi: kecha qiziq ustida bir odam bilan kelishib, imoratini ko'rib qaytuvdim. Bugun biz borib sotib olamiz. U yoq-bu yog'ini tuzatib, biror haftalardan so'ng ko'chamiz. Gap shu!
       Yo'l-yo'lakay ota-bolaga yana bir begona kishi hamroh bo'ldi. Buni qarangki, hamrohlari bo'lajak qo'shnilari ekan. Uchovlon ikki qishloq o'rtalig'idagi qirdan oshib o'tarkanlar, ortlaridan Ozodning to'ng'ich ukasi halloslaganicha etib keldi.
       - Ha, nima gap, tinchlikmi? - so'radi otasi unga tashvishli qarab.
       - Oyimning ...mazalari qochib qoldi. O'shanga ... tez qaytarkansiz.
       - Obbo! - Otasi esankiraganicha turdi-turdi-da, nihoyat yangi tanishga yuzlandi.
       - Bugungi ishni ertaga qoldirish bexosiyat deydilar. Sizdan iltimos chiqib qoldi, inim Mavlonboy. Manavi qiyiqchada o'n ming so'm pul. Oborib qo'shningizga berasiz. O'g'lim siz bilan boradi-tanishtirasiz. Maylimi? Men erta-burskun o'tib boraman...
O'sha kuni tug'ilgan kenjatoy ukasi Yo'ldoshning chillasi chiqqach, yangi uyga ko'chib bordilar. Oradan yana ikki oylar o'tib, kunlardan bir kuni otasi bilan gurunglashib o'tirganida qo'shnilari Mavlon aka huzurlanib kuldi:
       - Ochig'ini aytsam, qiziq odam ekansiz, Ziyod og'a! - dedi otasining elkasidan quchib. - Oz emas, o'n mingni menday begonaga berib yuboraverdingiz-a, o'shanda! Yeb ketganimda nima qilardingiz?
       - Yeb ketmasligingizni bilardim-da! - dedi otasi ham yayrab kular ekan. So'ng kutilmaganda jiddiy tortdi. - Nega sizga ishonmasligim kerak, inim?! Siz ham odamsiz, ikkovimizning palagimiz bitta, axir! Yodingizda bo'lsinki, inim, odam bolasi hech nimaga, ayniqsa, bir-biriga ishonmay qo'ydimi, dunyoda naq qiyomat qo'pgani shu! Qolaversa, o'sha pullar aslida meniki emas, o'zingizga o'xshagan fuqaroniki edi. Yurtning misqollab yig'ib, to'yida botmonlab sovurgan halol pullari edi. Demak, uni eb ketgan odam o'ziga o'zi javr qiladi, inim. Hazor attangki, haromdan qo'rqmaydiganlar ham hayotda yo'q emas ekan, nachora...
       Bu gaplardagi allanechuk hazin ohang, otasiniig ich-ichiga cho'ka boshlagan ko'zlaridagi mung-iztirob, mana, yigirma bir yildirki, Ozodning xotirasiga qattiq muhrlanib qolgan.
       Yana bir manzara uning murg'ak qalbida o'chmas iz qoldirgan: olti yasharligida - maktabga borish arafasida otasi Ozod bilan to'ng'ich ukasiga atab to'y qilgan. O'shanda bir to'y bo'lgan, bir to'y bo'lgan - ta'rifga so'z ojiz: tumonat odam! O'rtada kattakon gulxan lovullaydi. "Karnaychining to'yiga karnaychi, surnaychining to'yiga surnaychi keladi" deganlari bejiz emas, shekilli, sakkizta surnaychi, o'shancha childirmakash jo'r bo'lib eru-osmonni larzaga keltiradi. O'ynamagan odam qolmaydi. Bir payt otasi Ozodni azot ko'tarib, elkasiga o'tqazadi-da, davraga tushadi. Barmoqlarini qarsillatib, shox tashlab o'ynaydi. Chunonam o'ynaydiki!.. Ozod bo'lsa, mitti qo'lchalari bilan otasining quyuq sochlarini qattiq changallaganicha vahima aralash sevinchdan qiyqiradi...
       Endi o'ylab qarasa, otasi o'shanda shunchaki to'y-tomosha emas, tantana qilgan ekan. Qismatidan minnatdor otaning dastlabki tantanasi, bayrami, namoyishi ekan o'sha to'y! endi o'ylab qarasa, odam bolasi mana shunday TANTANA chog'laridagina o'zining qumursqadek izg'imayotgani, chinakamiga insoniy umr kechirayotganini teran his qila olarkan.
       Bunday hissiyotni boshdan kechirish Ozod uchun atigi yaxshi niyat, totli orzu edi, xolos. Bu orzuning qachon ushalishi, umuman, ushalish-ushalmasligi unga butkul qorong'u edi. Zero Ozod, olti yashar yakka-yagona o'g'lining to'yida o'ynayotgani yo'q edi. Aksincha, bolalarini kutilmaganda yo'qotib, endi qidirib topish umidida allaqaysi maktab sari chopa-yo'rta ketmoqda edi. Demak, u yuqoridagi lavhalarni butun tafsilotlari bilan o'ylaydigan ahvolda emasdi. Lekin bir narsaga shak-shubha yo'q: tasavvurida bot-bot jonlanib qoluvchi bu manzaralar Ozodning ham totli, ham talx xotirasi, eng muqaddas bisoti edi...
       ...Ozod maktabga etib keldi. Jamol o'qiydigan 1"a" sinfni topish ham qiyin bo'lmadi. Lekin bu shaytonbachchaning "bilmadim" deb ko'zini lo'q qilishini ko'rib, ich-ichidan zil ketdi. Bekorga ovora bo'lganidan afsuslana-afsuslana ortiga qaytdi. "Ishqilib bolalarim topilgan bo'lsin-da, qo'shnilardan birontasinikida o'tirgan bo'lib chiqsin-da", deya ich-ichidan orziqqanicha uyga qaytib keldi. Yo'lak boshida Rayhon betoqatlik bilan kutib turganini ko'rib, tarvuzi qo'ltig'idan tushgudek bo'ldi. er-xotin bir-birlariga najot istab termulganlarlcha jim qoldilar. Zero, izohga hojat yo'q edi. Avvaliga shunchaki kulgili hangomadek tuyulgan, endi tobora jiddiylashayotgan vaziyat har birining avzoyidanoq anglashilib turardi. Shunday bo'lsada, noumid shayton, yo'lak yoqasidagi o'rindiqqa yonma-yon o'tirarkanlar, ayni lahzalarda aytilishi shart bo'lgan so'zlarni aytishga ularning tillari aylandi:
       - Yo'qmi?
       - Yo'q...
       - Bilmas ekanmi?
       - Bilmas ekan.
       "Endi nima qilamiz? - har ikkisini qiynayotgan bu savolni aytishga tillar ojiz edi.
       - Hay, adasi, bu o'sha... yalmog'izning ishimasmikin? Payt poylab yurib-yurib, shu yo'l bilan qasdini...
       Rayhonning tovushi shu qadar sirli, ayni chog'da, alamli ediki, Ozod gap kim haqida ketayotganini darrov tushundi. Tushundi-yu, daf'atan miyasida yashin chaqqandek bo'ldi: nahotki? Nahotki shuncha yildan keyin? Yo'g'-e! To'xta! Darvoqe, hov o'shanda nega qo'ng'iroq qilgan edi u ablah? Har qalay, Bastakorlar uyushmasiga a'zo bo'lgani bilan tabriklash maqsadidagina emasdir? Balki boshqa niyatimi-ilinji bo'lgandir? Bir balosi bordirki!.. ertalabdanoq shu narsaning xayoliga kelmaganini qara! Demak, vaqt g'animatida nimadir qilish kerak!
       - Militsiyaga xabar berishga to'g'ri keladi, - dedi Ozod Rayhonning sinovchan nigohlaridan ko'zlarini olib qochib, erga qaraganicha o'ychanlik bilan. - YAxshisi, bunday qilamiz: men avtobus aylanmasiga borib, telefonda militsiyaga xabar beraman. Bahonada shofyorlar bilan dispetcherlarga tayinlab kelaman. Nima deb bo'ladi, balki avtobusda sayr qilib yurishgandir. Sen bozorcha tomonga chop! Tunov kuni ergashtirib boruvding. Ajab emas, shu yoqda yurishgan bo'lsa!
       "Ajab emas" - yaxshi ilinj.
       "Ajab emas" - qariyb umid bu!
       "Ajab emas" - shunchaki yupanch bo'lsachi?

3.

       Ro'para kelgan odamning har qanday gap-so'zlariga laqqa ishonaverish bolalarcha go'llik ekanini Ozod juda yaxshi biladi. To'g'ri, ancha-muncha odamdan pand eb, ko'zi moshdek ochilib, endi sal-pal anglab etgandek. Lekin hali ham "sal-pal", xolos. Nachora, ota o'g'li ekan, "palagi bitta" odam bolasining astoydil kuyib-yonib aytgan gapiga qanday ishonmansan kishi?!
       Ozodga ilk bor qattik pand bergan, pand ne, yuragiga bitmas-tuganmas jarohat muhrini bosgan, uning qariyb uch yillik qaynoq umriga zomin bo'lgan odam birinchi xotini Gulsin edi. Mana, roppa-rosa o'n yildirki, Ozod bu odam shamoyilidagi iblisga o'zini ro'para qilgan shum qismatga mingdan-ming la'natlar aytadi. Hali yana ko'p yillar la'natlashiga ham imon keltiradi. Ammo, bari bir gardanidagi isnod yukidan batamom xalos bo'lolmasligiga hali ko'p marta iqror bo'ladi. Nachora, so'nggi pushaymon - o'zingta dushman, xolos. Pushaymondan xatolar tuzalsa ekanki! Tuzalgan taqdirda ham, yurakdagi dog'-chi, dog'? Uni yo'qotish mumkinmi sira?!.
endi o'ylab qarasa, hamma balo o'shandayoq - konservatoriyani bitirib, yo'llanmaga ko'ra san'atshunoslik ilmiy tekshirish institutiga ishga kelgan dastlabki kundanoq boshlangan ekan.
       Ba'zan shunaqa bo'ladi: bir odamni uchratasiz-da, tashqi qiyofasiga qarab, unga astoydil achinasiz. Qalbingizda rahm-shafqat hissi uyg'onadi. 0, notanti tabiat, deya o'ylay boshlaysiz, shu farzandingga ham bag'rikenglik bilan qarasang, uni o'zing uchun oppa-oson, arzimas fazilatdan bebahra qilmasang netardi, dsya afsus-nadomatlar chekasiz. Xolbuki o'sha odam sizning mehru shafqatingizga, afsus-nadomatlaringizga muhtoj emas. Muhtojlik ne, bunday ezgu hislar o'sha odam uchun hayf. Hayfgina emas, tappa-tayyor o'lja, mo'may luqma!..
       ...Qabulxonada tiqmachoqdek to'la, baq-baqaloq bir... qiz o'tirardi. Qizning ikki lunji, hatto, ikki qovog'i, xuddi yarim palla bosvoldi qovundek qavarib-salqigan, faqatgina timqora, g'oyat nafis kamondek qoshlar "husn"ni buzib, to'g'rirog'i, unda adashib turganga o'xshardi. Qiz Ozodni ko'rgan zahoti beso'naqay gavdasiga yarashmagan abjirlik bilan o'rnidan turdi, favqulodda baobro' mehmondek uni tavoze bilan kutib oldi. Direktorning suhbatidan o'tib chiqqach, hujjatlarinn rasmiylashtirdi: buyruq yozdi, direktorga qo'l qo'ydirdi, kadrlar bo'limiga etaklab olib kirdi... Xullas, keyinchalik o'zi nim hazil, nim pisanda bilan ko'p bora aytganidek, Ozodni "san'atshunoslik institutiga ishga qabul qildi".
       O'sha qiz - Gulsun edi!
       Oradan biror hafta o'tar-o'tmas paxtaga jo'nab ketdilar. Avtobusda yura-yura, nihoyat, manzilga etib keldilar: shundoqqina katta yo'l yoqasidagi bir barakka joylashdilar. Institutning katta-kichik ilmiy xodimlari ikki qavatli so'ri ustida uzoq kuymalanib-timirskilanishib, axiyri qo'nim topdilar; oqshomga qadar bamaylixotir gurunglashdilar, bir-birlarini mehmon qildilar, "paxta sayri"ning boshlanishini nishonladilar. Ozod esa, hali institutda yangi - hech kimni tanimaydi, qolaversa, tabiatan andak kamgap - odamoviroq, hech bir davraga qo'shilmadi. Ustki so'rining eng chekkasidan - shundoqqina eshik oldidan o'ziga tekkan joyga cho'zilganicha engil-elpi tamaddi qilgan ko'yi gazeta-jurnal varaqlab, xayol surib yotaverdi.
Paxtazorda o'sib-ulg'aygan qishloq bolasi emasmi, ertasiga allanechuk sog'inch-u ishtiyoq ila terimga tushib ketdi. Oradan biror soat o'tgach, andak nafas rostlash uchun "xirmoni" ustiga o'tirdi. Tevaragiga birrov ko'z tashladi: chor taraf sarg'ish-jigarrangdagi cheksizlik! Odamlar gulzorga qo'ngan qushlar galasiga o'xshaydi. Kutilmaganda qo'ng'iroqdek jarangdor, biroq favqulodda ingichka ovoz eshitildi:
       - Hormang endi, yigit!
       Qarasa, ikki egatcha narida Gulsun turibdi.
       - O'zingiz hormang!
       Qiz andak taraddudlangach, ma'noli jilmaydi:
       - Shunday qilib, surnaychiman deng, Ozod aka?
       - Surnaychi, - Ozod ham beixtiyor kulimsiradi, - o'zingiz-chi?
       - Men pianistkaman. Ismim Gulsun, Gulya, Gulochka! Ayrim hazilkashlarimga o'xshab, Durkun desangizam mayli, - jismiga yarashiqsiz bir shaddodlik, o'yinqaroqlik bilan bidirladi qiz. So'ng "yana savol bormi?" degandek, miyig'ida kulimsiraganicha Ozodga tikildi.
       - Bundan chiqdi, bitta bo'limdan ekanmiz-da? Men bo'lsam, kotibasiz deb yuribman.
       - O'shanda kotibaning o'rnida vaqtincha ishlab turuvdim-da!
       - E-e, shunaqa deng!- Ozod o'rnidan turib, etagini bog'ladi. Ular yonma-yon yurib paxta tera boshladilar. Bir payt Ozod beixtiyor "ih!" deb chap qo'lini siltaladi. Gulsunning qarab turganini sezib, izoh bergan bo'ldi:
       - Jo'ngarakning uchi kirib ketdi, shekilli-da. Jismoniy ish qilmay, faqat surnay chalavergandan keyin barmoqlaram noziklashib ketarkan.
       - Qarang, qonayapti, - Gulsun shunday deya yigitning qoshiga keldi-yu unga yap-yangi, guldor ro'molcha uzatdi. - Manov bilan bog'lab oling, tag'in gazaklab ketmasin.
       - Qo'ying-e! - Ozod bepisand qo'l siltadi. Beixtiyor ma'noli kulimsiradi. - Bunaqada battar noziklashib ketaman-ku!.,
Kechqurun o'rniga cho'zilgancha kitob varaqlab yotgan edi, kimdir chaqirgandek bo'ldi. Qarasa, eshik oldida Gulsun turibdi: bir qo'lida dori-yu doka, ikkinchisida - tranzistor. Ozod ikki hatlab qizning oldiga chiqdi.
       - Keling, qo'lingizni bog'lab qo'yay, - dedi Gulsun tranzistorni yigitga uzatar ekan. Ozod avvaliga "E, qo'ying, boshimni qotirmang!" deya orani ochiq qilmoqchi bo'ldi. Biroq, yakkayu-yagona tanishi, o'ta kuyunchak, "durkun" qizni xafa qilishni o'ziga ep ko'rmadi - tranzistorni olib, chap qo'lini qiz tomonga cho'zdi. Gulsun "yarador" barmoqni o'zgacha qunt-u hafsala bilan bog'lab qo'ydi. So'ng Ozodga yuzlandi:
       - Yuring, qo'shiq eshitmaysizmi?
Qimmatbaho xorijiy tranzistorni tomosha qilib turgan Ozod qizning bu taklifiga bajonidil rozi bo'ldi. Balki har birida albatta surnay ham ishtirok etishi uchundir, u hindcha kuylarga astoydil mehr qo'ygan edi. Odatda horijiy kuylarni oddiy radiolada tutib olish qiyin. Ammo manovi noyob tranzistorda, bunday to'siqsiz kenglikda...
       - Tranzistorni qo'ymaysizmi! - dedi Gulsun, ikkovlon yotoqxona yoqalab o'tgan asfalt yo'lga chiqib asta odimlar ekanlar. O'zicha bunga jur'at qilolmayotgan Ozod tranzitor murvatini tez-tez buradi-da, ko'plab yo'g'on-ingichka tovushlar orasidan keraklisini topdi, ovozini andak ko'tardi.
       - Hind kuylarini yoqtiraman, - dedi xuddi qizdan uzr so'rayotgandek. - Siz-chi?
       - Menga bari bir, - bepisandlik bilan javob berdi qiz.
       Sutdek oydin oqshom, billurdek tiniq havo va ayniqsa, alladek dilrabo kuy sehridan sarxushlanganicha jimgina keta boshladilar. Oldinda tasmadek yaltillab yotgan oxir-adoqsiz yo'l, ikki tomonda bepoyon paxtazor. Tepada son-sanoqsiz yulduzlar g'ujg'on o'ynagan tubsiz osmon! Yuraklarda yoshlikning betakror sururi, odamning qonini gupirtirib, naq ettinchi osmonga olib chiqib ketuvchi balog'at nashidasi! Xullasi kalom, kengliklar saltanati... Nazarida Ozod o'z tasavvurida yaratgan, ko'p yillar qalbida ardoqlagan ilohiy farog'at olamida kezinmoqda edi shu topda. To'g'ri, yonida baravar odimlayotgan qiz tasavvuridagi go'zalga o'xshayvermasdi. Ammo... yigit Gulsunga zimdan ko'z qirini tashlar ekan, endi unda nuqsonlarmas, (nuqson qayoqda!), talay fazilatlar ko'rgandek bo'ldi. Oyning kumushrang sehrli-jozib nur selida qizning qaddi-qomati unga kunduzgidek yoxud ilk bor qabulxonada uchratganidek beso'naqay tuyulmadi. O'rtadan sal to'laroq, durkungina qiz! Qachonlardir allaqaysi yozuvchining kitobida o'qigan ("Qizning yaxshi-yomoni, go'zal-hunugi bo'lmaydi, hammasi ham yaxshi. Axir qiz o'z nomi bilan qiz-da!") gaplar beixtiyor yodiga tushdi-yu, yigit o'sha yozuvchining haqligiga imon keltirdi. Qolaversa, talabalik yillarini nota-yu kitoblar qurshovida o'tkazgan uyatchan, yovvoyitabiatroq bu yigit qiz zoti bilan ilk bor, kitoblarda yozilgandek "oshiqona" sayr qilmoqda edi.
       Bir payt Gulsun shahdam qadamlar bilan yurib Ozodga yaqinlashdi:
       - Keling, sizga bundan ham zo'rrog'ini topib beraman! - Shunday deya Ozod ikki qo'li bilan ko'ksida qiya tutib turgan tranzistor tomonga cho'zildi. Xuddi yigitning ko'ksiga bosh qo'ymoqchidek, tranzistor osha raqamlarga qadalganicha murvatini buray boshladi. Ozodning a'zoyi badaniga titroq kirdi: naq nigohlari ostida bir durkun vujud qad ko'targan, timqora sochlar shokila-shokila bo'lib nafis to'lg'anar, ulardan taralayotgan ajib bir muattar hid dimog'iga kelib urilar, jismi bo'ylab oqayotgan qaynoq qon mastona gupirardi...
       Keyinchalik qancha o'ylamasin, naryog'iga nima bo'lganini Ozod tasavvurida qayta tiklayolmadi. Oradan bor-yo'g'i bir lahza o'tdimi, yo butun boshli abadiyatmi, shu alfozda qancha turdilar - bilmaydi, bilolmaydi! Faqat shunisi aniqqi, sergak tortganida qo'llari Gulsunning bo'liq qomatini ombirday siqib turar edi! Noyob tranzistor, evoh, noyob tranzistor oyoqlar ostida unsiz yotardi...
       Shu kecha yigit allamahalgacha uxlayolmadi, barakning ochiq eshigidan mo'ralagan to'lin oy va yakka-yagona yulduzga tikilganicha iztirobdan yonib to'lg'onib yotaverdi-yotaverdi! Nima qilib qo'ydi u? Negayam taklifiga rozi bo'la qoldi? Bundan ortiq o'sallik bo'lmas! Qoq ikkiga bo'lingan tranzistorni "yamagan" ko'yi dovdirab turganlari! Gulsunning oldida xijolatdan o'tdek yonib HAMMA QILMISHLARI uchun qayta-qayta uzr so'raganlari! "Siz ishonavering, tranzistoringizni o'zim tuzattirib yo yangisini olib beraman" emish! Qanday tuzattiradi? Tuzatadigan siyoqi ham qolmagan-ku. Qayoqdan topadi? Mayli, tranzistorni-ku, bir amallab topar. Lekin, bari bir, nima qilib qo'ydi u?! Gulsunning o'zi orzu qilgan qiz emasligi aniq-ravshan ko'rinib turuvdi-ku! To ko'nglimdagi qizni uchratmaguncha o'tkinchi mayllarga bo'ysunmayman deb, yurib-yurib topgani shu bo'ldimi?! Shu tasqara bo'ldimi? Onasi, ukalari, do'st-birodarlari, hattoki duch kelgan begona, ham "Shu baqalokdan boshqasi qurib ketibdi-mi?!" demaydimi. Demagan taqdirda ham, ko'nglidan kechirmaydimi? Istehzoli qarashlarni his qilib hamisha allanechuk hadik-xavotirda yashash... oson bo'larmikin? Mumkinmikin? endi nima qiladi? endi nima bo'ladi?! Qolaversa, hali tuzukroq tanimay-bilmay turib...
       Ertasiga nimadandir xavotirda bezovta-besaranjom bo'laverdi. Odamlarga, ayniqsa, Gulsunga ko'rinishdan qo'rqib yurdi. O'ylab o'yi, ishlab ishi yurishmadi. Bir etak paxtani zo'r-bazo'r terdi-da, ovloqroq joyga to'shab, ustiga muk tushganicha yotib oldi. Kuni bo'yi xayolida ikki savol quyundek charx urib turdi: "Nimalar bo'lyapti o'zi?! endi nima qiladi?"
       Tushlikdan so'ng o'zi bilan bir necha oq qog'oz olib chiqdi-da, xilvat go'shasida yotib... Gulsunga xat yozdi. Siyqasi chiqqan usul! Ammo, nachora, Ozod uchun o'sha topda bundan to'g'riroq, bundan qulayroq yo'l yo'q edi. Keyinchalik bu mash'um xatni yozganiga ko'p bor pushaymonlar edi. Xatdagi har bir jumla xotirasiga mustahkam o'rnashib qolgan. Shunday o'rnashib qolganki, uning ta'qibidan qochib qutulish amrimahol. Zero vaqt o'tgan sari tobora teranroq anglab etdiki, o'shanda u begona bir kimsaga o'zining hali hech kimga noma'lum - dahlsiz dunyosi eshigini lang ochib qo'ygan edi. endi ochiq eshikdan kirib borish, bu dunyoni ostin-ustin qilish bir qadar tadbirkor odam uchun mushkul emas edi. eng achinarlisi - bunday soddadillarcha xatni bugungi kunda maktab o'quvchisi ham yozavermasligi aniq!
       "...Xullas, Gulsun, singlim! (Sizni "singlim" deyish to'g'ri bo'larmikan?) Iltimos, o'tinib so'rayman, kechagi qilmishlarim uchun iloji bo'lsa meni kechiring. Ochigi, qattiq pushaymondaman. Menga ishoning; shaharga borgach, yangi tranzistor olib beraman. Lekin o'ylab-o'ylab shunga amin bo'ldimki, biz tamomila boshqa-boshqa odamlarmiz. Men oddiy podachining to'ng'ich o'g'liman. Yoshgina-yoshgina ukalarim bor... Xullas, bir-birimizni yaqinrokdan tanimay turiboq unutaylik.
OZOD".
       Xatni yozishda chekilgan iztiroblar. Gulsunga holiroq joyda topshirish rejasini "ishlab chiqish"-u bu rejani amalga oshirish yo'lidagi tahlikalar... esiz tuyg'ular! Naqadar go'llik, laqmalik, g'alchalik!..
Ertasiga ertalab Gulsun gul-gul yonib Ozodning qoshiga keldi.
       - Meni bemalol "singlim" deyavering! - dedi yonidagi egatga egilar ekan, sho'x-xandon. - Bir oyga bo'lsa ham, har qalay, sizdan kichikroqman.
Anchagacha jimgina paxta terdilar. Boshqalardan andak uzoqlashgach, Gulsun etagini shahd bilan echib erga otdi-da, ustiga o'tirar ekan, achchiq kuldi:
       - Voy, Ozod aka-ey. Shunday qilib, "Yangi tranzistor olib beraman", deng-a! "Unutaylik" deng-a! - Zum o'tmay jiddiy tortib, xuddi o'ziga o'zi gapirayotgandek, alam bilan so'zlandi: - Xotirjam bo'lavering, sizning etagingizga yopishib olmoqchi emasman. Boshqa-boshqa odamlar ekanimizni o'zim ham yaxshi bilaman. Lekin mening o'z istagimcha yo'l tutishimni ta'qiqlamassiz axir! Ochig'i, sizni sevaman, sizga mehribonlik qilishni istayman, tamom-vassalom! Biroq, qurqmang, evaziga xech nima talab qilmoqchimasman.
       Ajabo, ou gaplarni eshitib, Ozodning ko'ngli taskin topgandek bo'ldi. Qalbida Gulsunga allanechuk rahm-shafqatmi moyillik uyg'ondi: "Ha, mayli, nima qipti, shuni istar ekan, senga mehribonlik qilsa qilibdi-da, sevsa sevibdi-da! "Sevma" deb bo'lmaydi-ku. "Evaziga hech nima talab qilmayman" deb turibdi-ku..." Ozoddagi bu tuyg'uni (aslida - xudbinlikni, ojizlikni!) faqatgina ayollarga xos savqi tabiiy ila Gulsun ham sezdi. Aftidan, qizga ayni shu kerak edi.
       O'shandan keyin Gulsun Ozodga mehribonlikni chandon orttirib, bahor payti yomg'irdan keyin gurkirab chiqqan qo'ziqorindek avj oldirib yubordi; hali kirlamagan ko'ylaklarini yuvib bergan, hali shaharga borib, oliy navli sigaretlar-u, qimmatbaho sovg'a-salomlar olib kelgan... Shaharga qaytishgach, bir bo'limda ishlamaydilarmi, dam uyidan tansiq taom olib kelib mehmon qilgan, dam maqolasini oqqa ko'chirib bergan, dam qandaydir kinofilmga "bir juftgina" bilet olib kelgan. "Xohlang - men bilan boring, xohlang - o'zingiz, xohlang - boshqa birov bilan", deya uning "erkiga keng yo'l ochib" qo'ygan!.. Avvaliga asov otdek yulqinib, o'zini begona qizga boqimanda his qilib, Gulsunning turfa taklif-u tavsiyalarini rad etib, rozi bo'lgan taqdirda ruhan qiynalib, ko'ngilchanligidan g'ijinib yurdi. Lekin keyinchalik bunday iztiroblar, hatto, istihola-yu andishalar barham topdi: Gulsunning navbatdagi mehribonligini mushtoqlik bilan kutadigan bo'lib qoldi. Zero u har qancha hamiyatli, fahm-farosatli bo'lmasin, dunyodagi jamiki erkaklardan biri edi - ayol mehriga tashna, mehrga zor edi.
Xullas, Ozod tag'in biror yil turfa mehribonliklar to'lqinida po'kakdek qalqidi. Garchi ahyon-ahyonda bo'lsa ham "Nimalar bo'lyapti o'zi? endi nima qilaman?" qabilidagi savollar bezovta qilib, allaqaylarga yulqintirib tursa-da, u ikkilana-ikkilana, oxir-oqibat qat'iy qarorga kelib to'xtadi: "Bir xotin Gulsunchalik bo'lar-da! Nima, husniga non botirib ermidim?! Menga keragi - mehr, unga keragi - baxt ekan, kel, shu qizni baxtli qilganim bo'lsin!".
       Bu ahdini Gulsunga aytgan edi, qiz avvaliga keskin rad etdi. "Yo'q, menga o'zimning baxtim emas, sizning baxtingiz kerak!"
       Ozodning: "SHuni tushunib etdimki, siz bilangina baxtli bo'la olar ekanman" deganini eshitib, "Voy, gapingiz rostmi?!" deya sevinchdan yal-yal yonganicha unga tikilib qoldi. Zum o'tmay ko'ksiga erkalanib bosh qo'ygan ko'yi hayajondan yonib shivirladi: "Ishonamanki, biz ajoyib oilaviy akkord bo'lamiz: siz surnaychi, men pianistka, bolalarimiz bo'lsa, biri naychi, boshqasi dutorchi, yana biri g'ijjakchi... Shunday bo'lishiga siz ham ishonasizmi, Ozod aka?!."
       Ha, hamma balo shunda ediki, Ozod bu gaplarga ishondi, astoydil ishondi. Qolgan ishlar xamirdan qil sug'urgandek silliqqina yurishib ketdi: Gulsun Ozodni bo'lg'usi qaynonasi bilan tanishtirdi. Ozod esa, qishloqqa borib, oyisi bilan ukalariga ahvolni tushuntirdi, ahdining to'g'riligini isbotladi, xullas, ularni ham ishontirdi. Oyisini olib kelib, bo'lajak qudasi bilan tanishtirdi. "O'zing uchun o'l etim", deganlaridek, otasiz kelin-kuyovlar taraddudlarini o'zlari ko'rdilar: Gulsun shaharning naq markazidan ijaraga uy topdi. Ozod uni gullatib-yashnatib, yarqiratib ta'mirladi. Gulsun to'yni shahardagi kattakon restoranlardan birida o'tkazishni ma'qul ko'rdi. Ozod uning chiqimini ko'tardi...
       To'g'ri, oyisi Gulsunni ko'rib dastlab ikkilandi: "Zuvalasi xomroq ekanmi, bolam?.." Ozod Gulsunni maqtashga, to'g'rirog'i, o'zini oqlashga tutindi: "Sal to'laroq, lekin juda aqlli qiz!" Oyisi taraddudlandi: "Har qalay, shoshilmaganing ma'qulroqmidi, o'g'lim. Munosibrog'i o'zimizdan ham topilarmidi?.." Ozod astoydil (endi o'ylab qarasa, go'llarcha) ajablandi: "Nimasi sizga yoqmadi, oyi? Qarang, qanday aqlli, mehribon, tag'in sohamiz ham bir bo'lsa?" O'g'lining rayini qaytarib o'rganmagan oyisi noiloj(likdan bo'lsa kerak), rozilik bildirdi: "Ha, mayli, o'zing bilasan. Yashaydigan sen, senga yoqsa basdir-da, bolam..." Bunday juz'iy dilg'ashliklardan qat'i nazar, to'y ko'ngildagidek o'tdi. Hatto Ozodning nazarida juda zo'r o'tdi: kazo-kazo san'atshunoslar kelin-kuyov sha'niga olqish aytdilar... Qolaversa shaharning naq markazida qo'shxona uy, xorijiy jihozlar, mehribon umr yo'ldoshi... endi buyog'i manzil yaqin. Atigi bir qadam! SHundoqqina ko'zga ko'rinib turibdi: uch yil badalida to'plagan xulosalarni umumlashtirib, yuz ellik sahifani qoralaydi, tamom-vassalom!
Biroq... Xayol boshqa, hayot boshqa ekan! Hamisha ham uydagi gap ko'chaga to'g'ri kelavermas ekan.
       To'ydan keyin Gulsun birdaniga o'zgarib qoldimi, yo o'zgarish asta-sekinlik bilan ro'y berdimi - bunisini Ozod hali-hanuz bilolmaydi. Har qalay, uning o'zgara boshlagani "asal oyi" tugab, ikkovlon "Ertadan ishga tushamiz" deya taraddudlangan kuniyoq aniq bo'ldi-qoldi.
Hammasiga Ozodning bir og'iz gapi sabab (yo bahona) bo'ldi shekilli. O'sha oqshom televizor ko'rib o'tirganlarida Ozod qo'llarini musht qilib tukkanicha Gulsungami, o'zigami qat'iyat bilan uqtirdi:
       - Ana endi, ertadan ishga tushaman-u, surnay haqidagi kitobni yozishga kirishaman.
Avvallari bu xil gaplarni maroqlanib tinglaydigan, zo'r berib qo'llab-quvvatlaydngan Gulsun kutilmaganda:
       - Qo'ysangiz-chi, o'sha almisoqdan qolgan surnay-purnayingizni!- dedi Ozodning gapiga javoban andak ensasi qotibroq. - Yaxshisi, manovi ro'zg'orning tashvishini qilmaysizmi endi!
       - Qanaqa tashvish? - Ozod qattiq zarb egan bokschidek esankiradi. Nochor kulimsiradi: - eng zarur jihozlarimiz bor. Qolgani asta-sekin butlanaveradi-da!
       - Bu "eng zarur jihozlar" osmondan tushmagandir, axir?!
Ma'lum bo'lishicha, Gulsun onasi bilan maslahatlashib, qimmatbaho horijiy jihozning asosiy qismini kreditga, ya'niki, qarzga olgan ekan.
Bu yangilikni eshitib, Ozod ilk bor taajjubga tushdi, dovdiradi, esankiradi, lol qotdi. Ilk bor asabi chatnagandek bo'ldi:
       - Ie, bular hali... qarzmi?! Shunaqa ekan, men bilan maslahatlashish yo ko'rpaga qarab oyoq uzatish kerak edi-da! Axir, shunga kelishgai edik-ku?!
       - Endi-i kelinning to'rt devor o'rtasiga kirib kelaverishi qishlog'ingizda mo'mkin bo'lsa mumkindir, bu erda uyat! - dedi Gulsun ochiq-oshkor zaharxanda bilan.
O'sha oqshom kelin-kuyov ancha-muncha bahslashishdi, arazlashishdi, oxir-oqibat murosa-yu madoraga kelishdi. Uzoq davom etgan "muzokaralar"dan so'ng yagona fikrga kelib to'xtashdi: rostdan ham, endi surnayni qo'yaturib, qarz tashvishini qilish kerakka o'xshaydi!
       Shu kuniyoq Ozod nomusdan kuyib-yonib, bu dunyodan qochib-yitib ketgudek bo'ldi: ana senga surnay! O'ylay-o'ylay, o'ylay-o'ylay, bir qarorda to'xtadi: yagona yo'l - ishdan bo'shaydi! Laborantmasmi, institutda oyligi nochorgina. Bu oylik bilan qarzdan qutulmoq tugul ikki kishilik ro'zg'orni tebratishi ham amrimahol. Demak, biron maktabdanmi - boshqa joydanmi qulayroq ish topadi. Konservatoriyaga abiturientlar tayyorlaydi. Xullas, mo'mayroq, lekin minba'd halol pul topish, shunday qilib, qarzdan tezroq qutulish harakatida bo'ladi. Non kuysa kuysin, nag'ma kuymasin! O'zga chora yo'q!
       Shunaqa bo'ldi ham! Roppa-rosa o'n oyda (muddatidan ikki oy avval) zil-qoratosh yuk yanglig' elkalaridan bosib turgan bir necha mingni itqitib tashladi-da, andak tin olgandek, engil tortgandek, balo-qazodan, nihoyat, qutulgandek bo'ldi...
       ...Ozod ayqash-uyqash qurib tashlangan yirik panelli uylar oralab yura-yura ikki chaqirimcha naridagi avtobus aylanmasiga etib keldi. Dispetcherlar xonasidagi ikkita rus ayolga vaziyatni tushuntirdi. Basharti biron quvonchli xabar bo'lsa, ma'lum qilishlarini so'rab, har ehtimolga qarshi uy manzilini qoldirdi. Biror soatlarni o'tkazib, tag'in kelishini aytdi. Shahar militsiyasiga xabar berdi. Ishxonasiga ham qo'ngiroq qilib, ehsonovni yana bir karra ogohlantirib qo'ydi. Chiqib, bekatda turgan avtobus haydovchilaridan so'rab-surishtirdi. O'zini umidvor qilguli darak eshitolmagach, ehtiyoti shart, ularga ham tayinladi. Ko'ngli taskin topgandek bo'ldi. "Bolalarni Rayhon bozorchadan topib kelib, uchovlon uni kutib o'tirishgan bo'lsa-ya", degan umidda orziqa-orziqa tag'in uyga qaytdi...

davomi bor...

1985 yilda yozilgan. 1989 yilda "Yoshlik" jurnalining 2-sonida e'lon qilingan. 1991 yilda "Yosh gvardiya" (hozirgi "Yangi asr avlodi") nashriyotida "Surnay navolari" qissalar va turkum badialar to'plami - sifatsiz qog'oz va yumshoq muqovali kitobda chop etilgan.


 
 
 
 
 
bosh sahifa
oila
rasmlar
devorqog'oz
tashrifkitob
 
 
 
 
 
adabiyot
matematika
tahlil
foydali saytlar
har xil
Sahifa yaratilish sanasi - 2006 yil yanvar. Oxirgi yangilanish sanasi - 2010 yil avgust
© All rights reserved. Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2010