¡çáåê O'zbek Ðóññêèé English
Vebusta:
faruh_a@yahoo.com
farruhota@gmail.com
Muallif: Otauli (Rahimjon Otaev)

Tabiatshunos
Hikoya
      
       Agar bu olamda ismi jismiga uzukka qo'yilgan ko'zdek munosib odam ikkita bo'lsa, bittasi Dilshod, agar bitta bo'lsa, u aynan Dilshodning o'zidir. Rahmatli otasi ellik besh yil avval bu otni unga bilib qo'ygan, yetti pushtida azaldan mavjud fe'l-atvoriga moslab qo'ygan, keyinchalik o'ziga ham qayta-qayta tayinlab qo'ygan: "Bu yolg'on dunyo jazavasidagi xomsut emgan bandalarning shunaqangi shumliklari borki, hay-hay, ularni faqatgina kulib yengish mumkin. Shuning uchun biron pastkashning biron qilvirligiga duch kelganingda "Mushuk bekorga oftobga chiqadimi?", "Bir balosi bo'lmasa shudgorda quyruq na qilur?" singari savollarni oldingga ko'ndalang qo'yib, ko'zingni kattaroq ochib qara-da, balodan ogoh bo'l, o'zingni o'zing asra, lekin hech qachon xafa bo'lma, aksincha, seni kulfatlarga giriftor qilaman deganlarga achchiqma-achchiq hamisha shod bo'l - Dilshod bo'l, uqdingmi ulim!.."
Dilshod, mana, roppa-rosa yarim asrdirki, tom ma'nodagi Dilshod bo'lib yashab, roppa-rosa o'ttiz yildirki, tabiatshunos Dilshod Xurramovich Xushvaqtov sifatida Tabiat muxofazasi markazi (qisqartirib aytilganda - TMM)da ishlab kelmoqda. Shu vaqt mobaynida o'ziyam shahar markazidagi bu antiqa qo'riqxonaning markaziy ko'rgazmasidagi terisiga somon tiqib qotirilgan ne bir sheru yo'lbars, bo'riyu tulki, burgutu lochin va hakozo darranda, parranda, gazandalarning asl tabiatini odamlarga tushuntiraverib, "tabiat qo'yniga sayr" asnosida ana o'sha odamlarning ahvol-ruhiyalarida ro'y berayotgan har bir kichik o'zgarishlarni ham diqqat bilan kuzataverib, ularning ichidagi "olasi"ni tuppa-tuzuk ko'radigan-biladigan yaxshigina odamshunos ham bo'lib qoldiyov! Lekin, ochig'ini aytish kerak, keyingi yillarda odam bolasining fe'li-xuyini ko'rgani-bilgani sayin otasi tilaganidek dili shod bo'lolmay qolyapti. Kulganida ham avvallardagidek "Yaxshi-yaxshi!" deya ko'ksini to'ldirib kulolmaydi, aksincha, yig'lagisi keladi. Kulgisi ham allanechuk yig'iga o'xshab ketyapti-da! Ayniqsa, qirq yoshdan keyingi o'n besh yil ichida yuragi tobora torayib, o'qtin-o'qtin shunaqangi bir tutam bo'ladi-qoladiki, o'zini qo'ygani joy topolmaydi. "Qo'y, hammasini o'zingga olib, ichingga yutaverma, Xudoga sol, sening ishing odam bolasining ichki tabiatini emas, tashqi tabiatni o'rganish-ku!" deya o'zini o'zi ovutmoqchi bo'ladi, lekin... bu odam bolasining fe'li!.. Hattoki jonajon uka, qadrdon do'st deb bilganlari dushmandan besh battar bo'lib chiqsalar, nima qilsin? Bu holning nimasiga suyunib, qanaqasiga Dilshod bo'lsin?!.
       Tabiiyki, gadoning dushmani gado bo'lganidek, tabiatshunosning dushmani ham tabiatshunosdir. Siz shu dargohda o'ttiz yilcha ishlab, markazimizning antiqa nusxasiga aylanib qoldingiz-da, nima dedingiz?..", "Bir jonli eksponat sizchalik bo'ladi-da!..Yo'g'-e, "chuchela demoqchimasman-e, unchalmik emas-e!..", "Anovi kiraverishdagi Michurinning suvrati olib tashlanganidan keyin o'rni  bo'sh qolibdi-ku, qarang, shu joyga sizning haykalingizni qo'yish kerak!.."... Shunaqangi ilon po'st tashlayditgan piching, kinoya, qochirim, zaharxandalarni eshitaverganidan keyin... quloq jonivorga ham jabr, men sizga aytsam!.. Kuni kecha talabalik yillaridan qadrdon qariyb qirq yillik qismatdoshi Xo'jaqul Bekqulovning allaqanday mashvaratning boshlanishini kutib o'tirishganida butun izdihomga eshittirib aytgan bir "hazil" gapi hammasidan oshib tushdi: "Har bir tirik jon ertadir-kechdir qariydi, faqat Dilshod Xushvaqtov qarimaydi. Shu dargohda qiyomatga qadar qoqqan qoziqdek qaqqayib turaveradi, TMM tamom bo'lsa bo'ladiki, bu odam tamom bo'lmaydi, men sizlarga aytsam,.." O'shanda bu "nozik lutfu karam"dan ta'sirlanib achchiq-achchiq kulayotgan ko'pchilikka qo'shilishib kuldi, keyinchalik "hazil" nash'a qilib o'zicha o'yladi:" Yo falak! Manovi asrni qaritgan qari tulkilar, shu shashtlari bo'lsa, nafaqat meningdek asabi metin xushchaqchaqni, ne bir navqiron-navjuvonlarni ham qaritib-churitib adoyi tamom qilishlari aniq! Xudojon, o'zing insof ber bu ikki oyoqda tik turganingni ham ko'rolmaydigan baxillarga!.."
       O'sha kuniyoq uyga kelib qat'iy bir fikrda to'xtadi: tamom bo'lsa tamom-da! Shu kelayotgan shanbada aqalli bir kunga boshini olib oyog'i etgan joygacha ketmasa yoz chillasidagi bu shahri azimdagi diqqinafas muhitda yashamay erta qarimoq tugul yuragi tars yorilib ketishi ehtimoldan holi emas!..
       Shunday qilib desangiz, mana, nihoyat, u o'zining dala hovlisida! Ortidan bolalarining onasi bilan kenjatoy-erkatoy qizini ergashtirgan ko'yi ko'zlagan manziliga, xayriyat, etib keldi. Yaxshiyamki o'n besh yil avval peshonasiga shu bir parcha yer bitib qolgan ekan! Yaxshiyamki o'sha paytlarda qiziq ustida - qirchilama qirq yoshida shu qo'lbola "Tom tog'aning kulbasi"ni qurib olgan ekan! Yassaviy hazratlari nodonlardan qochib uzlatga chekinganlaridek, mana, uning ham ahvoli tang - asabi tarang bo'lganida Xudo bergan azaliy tabiatini kushandalardan muhofaza qilish umidida najot qidirib kelar manzili shu! Qani endi o'sha o'n besh yil avvalgidek butun oilasi bilan, xuddi "Farg'ona tong otguncha"dagi Matqovulning oilasiga o'xshab, jo'jabirdek jon manovi dala hovlisida yayrab-yashnab yashay olsalar ekan! Qayoqda! U kunlar qaytmas bo'lib o'tdi-ketdi. Qanday qilib ellik besh yoshga kirib qoldi - aqli bovar qilmaydi! Endi balog'at yoshiga etgan o'g'il-qizlarining ham dala hovliga kelishga na vaqtlari bor, na xushlari! Kecha kechqurun o'zi o'tkazgan "navbatdan tashqari oilaviy mashvarat" yakuni shu bo'ldiki, hozircha yana "chol-kampir" bilan o'n yashar qizchalari borib turadli. Aniqrog'i, "uchchovlon birrovgina borib, avvalo toza havo, so'ngra dam, nihoyat, pishgan meva-chevalaorni olib, agar ulgursalar, saratonda qaqrab yotgan bog'larini sug'orib qaytadilar. Qarabsizki, shu bilan o'zlari ham, bog'lari ham ta'tilga bemalol etib olajdilar. Bu kunlarga etganlar bor, etm aganlar bor, lekin etdim deganda yiqilmaslik ham kerak!.."
       Odatdagidek "Etkazganingga shukur!" deya kulbasiga kirib bir muddat nafas rostladi. Xayriyat, etib kelar kun bor ekan-a! Bir oy ko'klam, bir oy yoz mobaynida har hafta dam olish kunlari kelamiz deb kelolmay, nihoyat, bugun nasib qildi-ya! Qariyb uch soatlik yo'l azobi - go'r azobini-ku, eslab qarasang, kulging emas, yig'laging keladi. Saharmardonda odatdagidek ularni yon qo'shni - "jon qo'shni"si yo'lakda kutib olib, qariyb katta yo'lga qadar ortlaridan kuzatib qolar ekan, allanechuk o'smoqchiladi: "ortmoqlanib ketyapsila, uzoq yo'lgami deyman-a?..Qizchani o'zlaringa qorovul qilib olib ketyapsilami?.." So'rov-tergovlarga javoban "Nima ishing bor? Yashagani qo'yasanmi-yo'qmi?" deya pachakilashib, tong-sahardan asabni buzish kimga nima uchun kerak?.." Xuddi shunday - shaxsiy qorovulimiz!- deya kulib xayrlashdi-da, ichida o'yladi: - O'zingsan-ku o'sha mening qadamimni poylaydigan shaxsiy qorovulim!.." Koshki bunday iskovichlar bitta-ikkitagina bo'lsa! Elektrichkada ikki soatcha yo'l yurib kelgunlaricha naq o'ntasi o'rin almashindi-yov! Bu "tanish nusxalamitomon vakillari"ning ilmoqli savollari, kavlashtirishlari, barmoq o'ynatishlari, tilyog'lamaliklari...har qanday safar-sayohatni hordiq emas, azobga aylantirib, ko'zingga dunyoni toraytirib yuboradi, xudo haqqi! Hatto uchchovlon elektrichkadan tushib kirakash mashinaga o'tirganlarida notanish bir yigitcha orqalaridan ichkariga otilib kirdi-da, haydovchining hay-haylashiga qaramay  oshkora aytdiki, "Manovi akalarim qaerga borsa - o'sha ergacha boraman!" Bundan dangalroq va yuzsizroq gapni o'ylab topish ham amrimahol! Dala hovlidagi biron qo'shnisining o'g'li emasligi aniq, ustiga ustak, yuz-ko'zi, gap-so'zi, nigoh-nazari ayon ko'rsatib turibdiki, jonsiz odammi-jonli dum!.. "Birga-birga kelib tushishgach, hayt ovur dala hovlisigayam ergashib kirmadi - kimsasiz tepalikka o'rmalab ketdi. Hoynahoy shu topda pana-pastqamda durbindan qarab, ularning har bir qadamlarini kuzatib yotgan bo'lsa ajabmas. "Nima qilib yuribsan, hoy dum?!" deyolmasang!..
       Dilshod o'zini alahsitishga urindi. Dala hovliga xunob bo'lish uchun emas, bir muddat dilimni yayratib asabimni tiniqtiraman degan umidda keldi, axir! Odatdagidek kiyimini almashtirib, ketmonini qo'liga oldi-da, tashqariga chiqdi.Albatta, ishni boqqa suv ochishdan boshlash kerak!..Jaziramada qovjirab-lohaslanib, ochilgan suvni yutoqib ichayotgan jonajon bog'iga qarab ko'zlari quvnadi. Qariyb o'n besh yil er timdalab bunyod etgani! O'zi o'z qo'li bilan yaratgan bog'i!.. Yoz boshlarida kelolmay bu yil qulupnay bilan gilosdan bebahra qoldilar. Rohatini kim ko'rdi - xudo biladi. Biroq tut bilan qantak o'riklari shunaqangi etilib boshlabdiki, hay-hay, tilingda boldek tatiydi. Ota-bobolar aytgan tut pishig'i, pishiqchilik!..
       U bir tovoq tut bilan bir tovoq o'rikni ikki qo'lida ko'tarib kelganida so'riga xontaxta tuzalgan, samovar shig'illab boshlagan, bahuzur yonboshlaydigan ko'rpacha-bolishlar ham tashlangan edi. Bor ekansan-ku, rohat-farog'at, huzur-halovat! Ming qo'ylik boydek bahuzur yonboshlab o'rik tanovul qilar ekan, tranzistor murvatini burab, hoynahoy maza qilib eshitsa bo'ladigan qo'shiq qidirayotgan xotiniga qarab hayratda qoldi. Yo falak. Quloqlari aldamayaptimi?.. Muhammadjon Xo'jaevning tanish ovozi...uning so'nggi yozgan asarini o'qib boshlayapti-ku! Keyingi o'n besh yil mobaynida tabiatshungos sifatida xachir-eshak, it-qush, mushuk-sichqon, bo'ri-tulki, ohu bilan ot, qo'ying-chi, tuyadan boshqa talaygina jonivorlar haqida yozdi. Yozganlari, xudoga shukur, ko'pam kuttirmay yorug'lik ko'rdi. Shu "Hayvonloar haqida hikoyalar"ining aksariyatini shu radioda shu Mukhammadjon Xo'jaev o'qidi. Lekin biror yil avval turkumni yakunlagan Tuya haqidagi "Sarhisob" degan narsasi...naqd o'n ikki oydan beri nimagadir tuya go'shti eb yotgan edi. So'ray-so'ray, eslata-eslata, kuta-kuta qo'lini yuvib qo'ltig'iga urganida... kutilmaganda... buni qarang! Qumursqa bilan sichqon, it bilan qushdek mayda-chuyda jonivorlar emas, ko'zga ko'ringulik qo'sh o'rkachli Tuyaning tabiati haqida yozganini shunday so'lim go'shada, o'z bog'ida - tabiat qo'ynida eshitishi... bu, albatta, qo'shaloq shodlik, ikki karra baxt, bir yilda bir marta qonib suv ichayotgan tuyaning rohat-farog'ati, huzur-halovati!..
       Dilshod keyingi oylar mobaynidla birinchi marotaba yayrab kuldi: Chunki o'zi suygan latifalardan birini beixtiyor esladi: kunlardan bir kuni Afandidan so'rashibdi: "Mana, musobaqada hammani dog'da qoldirdingiz, Afandi aka, g'olib sifatida o'zingiz ayting-chi, mukofotga ot beraylikmi, gilammi?.." O'shanda Afandi savolga savol bilan javob qaytaribdi: "Gilamni otning ustiga tashlab berishning iloji yo'qmi?".. "Insof sari baraka, tuyaning tabiatidagi eng birlamchi fazilat - sabr-toqat!" deya o'z haddini bilib, tishini tishiga qo'yib, allakimlarga ham xudodan insof tilab, sabr qilib yurgan edi, buni qarang-a, buni qarang, kutilmaganda ham zangori gilam, ham uchar ot!..
       Uni osmondan erga o'z oti olib tushdi:
- Dilshodboy, hoy Dilshodboy!..
       Ovoz egasini ko'rmasa ham darrov tanidi. Ayniqsa, yoz oylarida hamisha kunda-shunda nafaqaxo'r akaxoni! Ko'pincha dala hovlida nafas rostlab ulgurmasidan bosh ustiga kelib, "Juda sog'intirdingiz-ku! Kutaverib ko'zlarim to'rt bo'ldi-ya!" deya undan aylanib-o'rgiladi. Iltifot ko'rsatadi. Gapni aylantiradi. Xullas, gap xaltasi shunaqangi ochilib ketadiki, natijada atigi uch-to'rt soatga mo'ljallagan bir olam ishlari savil qoladi. Nahotki bugun ham hisobligina vaqti-soati xunobbozlik bilan o'tsa?!. O'rnidan sapchib turib akaxoniga peshvoz yurdi. O'ttiz qadamlik yo'lakchadan o'tdi hamki, haligina ovozi yaqinginadan jaranglagan akaxonining qorasi nimagadir ko'rinavermadi. Tosh yo'lga chiqib qarasa, etmish yashar chol o'ttiz qadamcha narida nimagadir etti yashar bolakaydek o'z dala hovlisi tomonga pildirab ketyapti. Ie, bunisi qiziq bo'ldi-yu!.. Nachora, zorimiz bor, zo'rimiz yo'q! O'zi kelar Laylixon, O'zi ketar Laylixon! O'rik tanovul qilgancha bahuzur yostiqqa yonboshlab Muhammadjon Xo'jaevni tinglashda davom etaylik qani!..
       O'zini qushdek engil his qilgan holda bog' eshigini ochib ichkariga kirmoqchi edi, nimadir "shalop" etib shundoqqina oyoqlari ostiga tushdi. Qarab baqa bo'lib qoldi. Naq ikki qulochcha keladigan bir ko'lbor ilon! Qochmaydi ham! U ham baqrayib qarab, bosh ko'tarib turibdi! Qayoqdan keldi bu gazanda?!. Katta yo'l tomonda aytilgan bir so'z qulog'iga aniq-tiniq eshitildi: "Bo'ldi!" Ham ilondan qochib, ham nima "bo'lgani"ni bilish niyatida ovoz kelgan tomonga lo'killadi. Darvozadan chiqib ko'rdiki, to'rt-besh dala hovli nariroqdagi bir qo'shnisining o'g'li bilan kelini... nimagadir zulukdek qop-qora horijiy rusumdagi mashinalarini bog' sug'oriladigan ariqchaning loyqa suvida yuvyapti! Nega? Sabab?!. Salomlariga alik olib, hol-ahvol so'rashgan bo'ldi-da, ortiga qaytdi. Taajjubiga taajjub qo'shildi. Xo'sh, nima "bo'ldi" o'zi?! "Murod hosil"mi? Atrof-javonibda butun boshli suv ombori, daryo, tiniq soylar, jilg'alar, buloqlar qolib, shugina loyqa suvda mashinalarini yuvib bo'lishdimi, yo gap boshqa yoqdami? Tag'in erning tagida ilon qimirlab boshladimi, nima balo?.. Kutilmaganda qizchasining jon holatda qichqirgani eshitildi:
- Ada-a, buyoqqa keling, te-ez!
- Ichkariga o'qdek otildi. Ko'zlariga ilon ko'rinmadi:
- Tinchlikmi, Quvonch? Nima bo'ldi, qizim?!.
- Yugurib kirib qarasa, xotini bilan qizi so'ri ustida bir-birini quchib engashgancha nokning tagiga tikilib turishibdi. Qizining hai ichiga sig'maydi:
- Qarang, ikki boshli ilonni ko'ring, ada, ikki boshli ilon!..
- Qaradiyu hayratdan dong qotib qoldi. Yo'q, ikki boshli ilon emas, juft ilon! Kuyikkan ilonlar! Bir-birlariga chirmashgan kuyi eshilib-buralib, hovli uzra baayni raqs tushayotgandek charh ura ketdilar. Tabiatshunos sifatida jonli va jonsiz tabiatning turfa holatlarini ko'p kuzatgan bo'lsa-da, bunday g'aroyib manzarani birinchi ko'rib turishi edi. Ikkita o'qilonning birgalashib raqs tushishi!.. Bunisini ashaddiy ilon o'ynatuvchi - morbozlar ham ko'rmagandirov! Kuyikkanmi yo kindigi birmi? Ilonda kindik bo'ladimi o'zi?.. Haligina ko'rgani ko'lbor ilon, bu ko'rib turgani juft o'qilon!.. O'n besh yildan buyon atrof-javonibda qorasini ko'rsatmagan antiqa gazandalar!.. Qayoqdan qaynab chiqayapti?.. Ko'ngli bir shumlikni sezgandek bo'ldi. Kiyim-kechaklari bilan to'rva-haltalarini olib chiqish niyatida tag'in uyga kirdilar. Kirdi-yu eshik oldida dong qotdi. Yo rab! Nimalar bo'lyapti o'zi?! Yanada antiqroq bir qop-qora ilon... shundoqqina ko'z o'nggida shiftdan erga osilib tushib, xona bo'ylab beshiktebratardek tebrangan ko'yi allanechuk tarvaqaylab borib ochiq derazaga o'rmaladi. Ilon - derazadan, Dilshod - eshikdan baravariga otilib chiqdilar. Qizchasini hayratiga hayrat qo'shildi..
- Vu-uy, ana, yana bittasi! Qop-qoraligani-i! Kattaligini-i!..
       Kulba eshigiga qulf urar ekan, xotiniga buyurdi:
- Qochdik, Hursanoy! Quvonchni etaklab ortimdan chop! Qochib qutulmasak bo'lmaydiganga o'xshaydi!..
       Uchchovlon katta ko'chaga - suvda olachalpoq tusga kirgan zulukdek mashina qoshiga chiqib bordilar. Hali nafas rostlab ulgurmagan edilar, katta yo'l bo'ylab yugurib-yo'rtib halloslagancha qo'shnilari etib keldi. Dam Dilshodga, dam xotini bilan qiziga sinovchan tikilib hol so'ray ketdi:
- Nima bo'ldi, tinchlikmi? Kimdir qattiq chinqirganini eshitib... "Ilon chaqdimi, nima bo'ldiykin!" deb...
Dilshod qo'shnisining jonsiz yuziga, bejo ko'zlariga qattiq tikildi. Ana endi anchagina oydinlashdi! Gapining ilondek sovuqligini-chi! Yordam qo'lini cho'zib, mehr-muruvvat ko'rsatgani keldimi, yo "Zora bittasi bo'lmasa bittasini chaqqan bo'lsa!" degan ilinjda tekin tomosha qidirib-mi? Keyingi paytlarda odamning olasini ko'rganida beixtiyor shaytonligi qo'zib, Afandidan besh battar anqovsiraydigan bo'ldi:
- Ilon? Qanaqa ilon? Qani ilon? Oyog'i nechta? Qirqtami, ikkita?..
Haligina mushukdek muloyim bo'lib turgan qo'shnisi sherdek vajohat bilan hurpaydi:
- Men odamga o'xshab hol-ahvol so'rasam, bu odam kalaka qiladi-ya! He-e sadqai yaxshilik!..
       Shunday deya qo'shnisi o'zini mashinaning ochiq eshigiga urdi. Dilshod o'rnidan shitob bilan qo'zg'olgan mashinaga engashib allanechuk zorlandi:
- Siz ham to'g'ri tushuning-da, opajon! Ko'rmagan tuyaniyam ko'rmaydi-yu, siz "ilon", "chayon"  degan mayda jonivorlarni aytasiz-a...
Mashinaning ortidan tashi kulib, ichi yig'lab tikilar ekan nima gap - gap nimadaligini o'zicha tasavvur qildi. Uh-h, ilonlar! Uchib osmonga chiqib ketganida ham baayni ilondek sudralib umrguzaronlik qiladigan, shu bois azot bosh ko'tarib, qad rostlab, ikki oyoqda tik yurganingni ko'rolmaydigan, ilojini topsa, ilondek chaqaman deb, ta'bingni xira, ko'nglingni kir qilish yo'llarini qidirib, har qadamda senga balo sog'inib turgan ikki oyoqli gazandalar!.. O'zi yaxshi ko'radigan yozuvchilardan biri Fozil Iskandarning "Quyonlar va bo'g'ma ilonlar" falsafiy ertagini eslab, kulgisi qistadi. Odam bolasini ongli mavjudot - ilohiy zot emas, tajribaxonadagi quyon deb tasavvur qiluvchi bo'g'ma ilonlar! Nechta ular? Son-sanog'i bormi bu ilonning ortida turgan ilonlarning?!. 
       Ochig'ini aytish kerak, Dilshod o'ziga ancha yillardan buyon tajribaxonadagi quyonga mengzab qarashlarni o'qtin-o'qtin his qiladigan bo'lib qoldi. Odatda gap tagida gap, uning tagida esa, o'sha gapni aytayotgan odam bolasining tabiati, fe'l-atvori, ahvol-ruhiyasi, murod-maqsadi "mana men" deb ko'rinib turadi. Ishxonasiga serqatnov ayrim akaxonlari u bilan "quyuq" ko'rishib yoniga o'tirgach, xuddi odam ko'rmagandek sinchkovlik bilan qarab, dab-durustdan maqtab qoladi desangiz: "Ko'rinishingiz yaxshi, tfu-tfu, ko'z tegmasin!" Bunday maqtovlarni eshitganida ham, huzurlanib bo'lmasa-da, har qalay, kuladi. Go'yo u allaqachon o'lishi kerag-u qandaydir mo''jiza tufayli hali-hanuz tirik yuribdi, ustiga-ustak, rangi sarg'ayib emas, tiniqlashib boryapti, taajjub degan ma'no bu maqtovning tagida ilonning ko'zidekkina bo'lib ko'rinib turadi. Sirasini aytganda, ilonning yog'ini yalagan sakson yashar chollar o'ynab-o'ynoqlb yurgan bir paytda... ellik besh yosh ustidagi odamning ko'rinishi yaxshi bo'lsa, xo'sh, buning nimasiga ajablanib qarash kerak? "Boy kiysa - qulluq bo'lsin, kambag'al kiysa - qayoqdan olding" deganlaridek, saksonboyga "Nega o'lmayapti?" deb qaramaganlarning ellikboyga "Nega yashayapti?" deb qarashi... insofdanmi?! Nahotki bulardek o'zi sovuq, o'zidan so'zi sovuq bo'g'ma ilonlar iskanjasidan qutulishning yo'li bo'lmasa?!. Garchi ko'nglida to'fon qo'zg'olayotgan bo'lsa-da, o'zini o'taketgan boqibeg'amdek tutib "sho'x" kulganicha xotiniga xitob qildi:
- Ketdik! Dala hovlimizga safarimizni qaritdik, Hursandoy! Endi shu erda bir muddat nafas rostlab, keyin Toshkentga qarab quyonning suratini chizamiz!
       Undagi sohta ko'tarinkilikni xotini ko'tarolmadi:
- Voy, nega endi?..
       Dilshod qariyb o'ttiz yillik sirdoshi - qismatdoshidan ko'nglidagi asl niyatini yashirmadi. G'azabu nafratini ham! Beixtiyor tishlari g'ichirlab ketdi:
- Ko'rgan boqqanimiz ilon bozori haqida bemalolroq yozgani! O'zing ko'rib turibsan, boshqa choramiz yo'q!
       Xotinining fig'oni falakka o'rlab yig'lashga tushdi:
-        E-e, xudojon-e, ikki oy deganda etib kelgan bog'imizga kirolmay shu erda o'tiramizmi endi! Biz birovga nima yomonlik qilgan edik-ki!..
- Oh-nola yonib turgan olovga yog' sepgandek bo'ldi. Nima qilsin? Majnuntol tagiga o'tirib o'zi ham yig'lasinmi?!. Achchiq kuldi: yo'q! "Men yig'lamasligim kerak, shuning uchun kulaman". E'tiboringiz uchun, bu gapni AQSh prezidenti Avraam Linkolun aytgan! AQShdek peshqadam davlatning kimsan prezidenti-ki shunday deganidan keyin... biz nima qilamiz? Kulamiz-da! Kulmay bo'ladimi!
- Voy, nega kulasiz?
- Negaligini aytaymi, Hursandoy? - dedi yuragi to'liqib. - Negaki shu topda bog'imiz bog' emas, ilon bozori bo'lib turibdi. Hoynahoy kimdir pitomnikdan bir quti zaharli ilonni olib kelib, bog'imizga sochib tashlagan. Shulardan ikkitasini senlar, ikkitasini men, yana bittasini anovi qo'rqib qochgan akaxonimiz ko'rdik. Xudo biladi, ichkarida yana nechtasi o'rmalab yuribdi!..
       Kutilmaganda pastdan chiqib kelayotgan bir "Neksiya"  shundoqqina yonlariga kelib taqqa to'xtadi. Voajab, mashinaning bir eshigidan - ammavachchasi, bir eshigidan - kennoyisi chiqib keldilar! Ammavachasi bilan quchoqlashib ko'rishar ekan, aqli bovar qilmadi. Qo'y so'yib chaqirsa o'ylashib keladigan kazo-kazolardan biri... qanday shamol uchirdi? Qayoqdan oftob - oftob qayoqdan chiqdi? Dala hovlisiga o'n yilcha avval bir marotabagina qadam ranjida qilgan ammavachchasi... uning yuz ifodasini yaxshigina uqdi, shekilli, tushuntirish berdi:
- Kennoying bilan manovi nevaralarni o'ynatib yuruvdik. Shu erda bo'lsalaring birrovgina ko'rib o'taylik deb, Bog'istondan qaytayotib burila qoldik!
       Dilshod sir boy bermadi. Nazarida boshqa iloji ham yo'qdek edi:
- Qadamlariga hasonot, amakijon, kennoyijon, qani, ichkariga marhamat qilsinlar, hush ko'rdik!..
       Kutilmaganda qizchasi ularning yo'llariga ko'ndalang bo'ldi:
- Ilonlar-chi, ada, ilonlar? O'zingiz hozirgina "Bog'imiz g'ij-g'ij ilon" deb turuvdingiz-ku!..
       Achchiq kuldi:
- Qo'yaver, qizim, sen aralashma! Ilon nima qiladi? Odamni ko'rgandan keyin qochadida!
- Qanaqa ilon? Nima gap o'zi, tinchlikmi?..
       Dilshod savolga javoban nima deyishni bilmay jim qoldi. Xotinlardek hasrat qilish!.. Dodini aytsa bo'ladigan odamlar topila qolganidan suyungan xotini "voqea"ni batafsil tushuntira ketdi. Ammavachchasi bilan kennoyisi kuyinib tushuntirshlarni tinglash asnosida ortlariga burilib, o'rinlariga qayta o'tirdilar. Ammavachchasi mashinasini shaxd bilan qayirib to'xtatdi-da, Dilshodga sinovchan tikildi:
- Mayli, mana, ko'rdik, omon bo'llaring!
       Dilshod hijolatomuz manzirat qildi:
- Kirmadingizlar-da, amaki, kennoyi, bir piyola choyimiz bor edi, ko'rmaysizlarmi, kutilmaganda bog'imizni ilon bosib!..
- Mayli, boshqa payt kelarmiz...
       Uzoqlashib borayotgan "Neksiya" ortidan qarab turib o'ylanib qoldi. Qiziq, "voqea"ni bilib keldimi bu jigarlari, yo bilmasdan?.. Endi nima qilsa bo'ladi?..
       Badgumonlik gunoh, albatta, lekin... Keyingi yillarda avvalo o'zi, qolaversa, bolalarning onasi, nihoyat, o'g'il-qizlariga qurilgan tuzoqlarni ko'raverib, bu tuzoqlarga chap beraverib, o'ziyam, shoiri zamon yozganidek, "tuzoqlarni taniydirgan tulki" bo'lib ketdi-yov! Hattoki erning tagida ilon qimirlasa biladigan bo'lib qoldi. Shu topda kutilmagan bir tuzoqdan Xudoning O'zi asradi. Xudoga shukur, o'z vaqtida ko'zi ochildi. Hayriyat-ki, g'aflatda qolmadi. Lekin... Endi nima qilsin?..
       Aftidan, yagona chora shuki, yolg'iz o'zi jonini jabborga topshirgan holda bog'iga birrovgina kiradi-da, qo'lga ilingan meva-cheva bilan hali yo'lakda tashlab qochgani to'rva-haltalarini olib, bog' eshigini tambalab chiqadi. Baxtash tavakkal! Xudo ham asralganni asraydi, ammo... chumchuqdan qo'rqqan tariq ekmaydi-da! Ko'rgan ko'zlar va eshitgan quloqlar ishonadigan "o'z ajali bilan" o'ldirish harakatidan bittasi - bittaginasiga shuncha vahima-mi? "Mardona bo'l, g'arib bosh..."
       ... Tasavvur qilingki, qahramonimizni o'z bog'ida ilon chaqdi-da, u o'ldi-ketdi. Bu "g'oyat tabiiy, bo'lishi mumkin bo'lgan baxtsiz hodisa"ga atrofdagi mardumning necha foizi dil-dildan kuyinadi-yu, necha foizi suyunadi? Tabiatshunos, xususan, odam bolasining tabiatini yaxshigina biladigan insonshunos sifatida Dilshod o'ttiz yildan buyon qanchadan-qancha savollarga javob topdi, lekin shu bir jumboqni hali-hanuz echolmadi. Tabiiyki, biz ham...
       Bizning zarimiz ham, zo'rimiz ham yo'q, zorimizgina bor, xolos: birovga o'lim tilab, balo sog'inib, o'zgalarning kulfatidan suyunib yashovchi g'alamislarga nisbatan o'ziga umr tilab, har bir tirik jonga yaxshilik istab, o'zgalarning baxtidan suyunib, kulfatidan kuyunib yashovchi yaxshilar shoyadki ko'proq bo'lsalar! Zotan, aynan ana o'sha yaxshilarning sharofati bilan hech qachon zamona oxir bo'lmaydi. Basharti zamon oxir emas, og'ir bo'lsa, keling, uni og'irlashtirayotgan g'alamis yomonlar - yomon g'alamislarga "Senga ham boqqan balo bordir", "Bu kunlar o'tar-ketar, orting kuygani qolar" deya har qanday og'ir kunlarni engil kulgu bilan engib o'taylik va o'z hayotimizni o'zimiz engillashtiraylik, toki har birimiz o'zimizni qushdek engil his qilib, tom ma'noda DILSHOD bo'laylik!   
Sahifa yaratilish sanasi - 2006 yil yanvar. Oxirgi yangilanish sanasi - 2010 yil avgust
© All rights reserved. Barcha huquqlar himoyalangan. 2006-2010
 
 
 
 
 
bosh sahifa
oila
rasmlar
devorqog'oz
tashrifkitob
 
 
 
 
 
adabiyot
matematika
tahlil
foydali saytlar
har xil